PQ-81-son Qaror · 12.01.2022

Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-81
  • Qabul qilingan sana:12.01.2022
  • Kuchga kirgan sana:13.01.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/81/0017

Mamlakatimizda davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish, uni keltirib chiqarayotgan sabab va shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish borasida tizimli choralar koʻrilmoqda.

Xususan, bir qator vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida ISO 37001:2016 xalqaro standartiga asosan korrupsiyaga qarshi menejment tizimi joriy etilib, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha ichki idoraviy hujjatlar qabul qilindi.

Shu bilan birga, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholash mexanizmlari mavjud emasligi sohada amalga oshirilayotgan tadbirlarga yagona mezon asosida xolisona baho berish va ularning natijadorligini yanada oshirishga toʻsqinlik qilmoqda.

Davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatiga oid samaradorlik koʻrsatkichlarini belgilash va ularni ilgʻor xalqaro standartlar asosida baholash tizimini joriy etish maqsadida:

1. Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengash, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Bosh prokuratura va Adliya vazirligining davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlari, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarida (keyingi oʻrinlarda — davlat tashkilotlari) korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha chora-tadbirlarning samaradorligini tahlil qilish, baholash va kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 06/25/270/1252-son)

Belgilansinki, korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash (keyingi oʻrinlarda — reyting baholash) quyidagi beshta yoʻnalish boʻyicha belgilangan indikatorlar asosida amalga oshiriladi:

davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha mexanizm va huquqiy asoslarning yaratilganligi hamda amaliyotga tatbiq etilganligi;

korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va ularni kamaytirish boʻyicha chora-tadbirlarning amalga oshirilganligi;

davlat tashkilotlari rahbarlarining korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni koʻrsatuvchi xatti-harakatlarining mavjudligi;

xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashishga oid ichki tartib-taomillardan xabardorligi hamda ushbu sohada bilim va koʻnikmalarini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarning amalga oshirilganligi;

korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha tegishli soha yoki tarmoq kesimida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan targʻibot tadbirlarining samaradorligi.

2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

2022-yil 1-fevraldan boshlab reyting baholash tizimi, eksperiment tariqasida, 1-ilovada koʻrsatilgan va oʻz faoliyatida korrupsiyaga qarshi menejment tizimini joriy etayotgan davlat tashkilotlari faoliyatiga;

2022-yil 1-iyuldan boshlab eksperiment natijalarini inobatga olgan holda reyting baholash tizimi barcha davlat tashkilotlari faoliyatiga joriy etiladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengash (T. Narbayeva) Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (A. Burxanov) va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda eksperiment natijalarini chuqur tahlil qilish va muhokama qilish hamda reyting baholash tizimining samarali va toʻliq joriy etilishini taʼminlash boʻyicha choralarni koʻrsin.

3. Belgilansinki:

reyting baholash Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan “E-Anticor.uz” elektron platformasi (keyingi oʻrinlarda — elektron platforma) orqali tashkil etiladi;

korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholanib, faoliyat samaradorligi “yaxshi”, “qoniqarli” va “qoniqarsiz” toifalarga ajratiladi;

reyting baholash natijalari elektron platformada hisoblab chiqiladi va har yili 1-martga qadar keng jamoatchilik uchun ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilib boriladi;

har yili oldingi yilning 1-yanvaridan baholanish oʻtkazilayotgan yilning 1-yanvariga qadar boʻlgan davr reyting baholash tizimi bilan qamrab olinadi;

reyting baholash natijalarining xolisligini tekshirish maqsadida kamida 30 foizi fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan iborat boʻlgan Reyting baholashni mustaqil amalga oshiruvchi ekspertlar guruhi shakllantiriladi.

4. Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengash (T. Narbayeva) Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (A. Burxanov) bilan birgalikda reyting baholash yakunlariga koʻra quyidagi choralarni koʻrsin:

“yaxshi” deb baholangan davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ijobiy tajribasini ommalashtirish boʻyicha chora-tadbirlarni belgilash va amalga oshirish;

“qoniqarli” deb baholangan davlat tashkilotlariga ularning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini yanada yaxshilash boʻyicha tavsiyalar kiritish va ularni amalga oshirishda koʻmaklashish;

“qoniqarsiz” deb baholangan davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ularning ushbu yoʻnalishdagi faoliyatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilishini taʼminlab, uning ijrosi yuzasidan tegishli rahbarlarning hisobotlarini har chorakda Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengashning yigʻilishlarida eshitish.

5. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (A. Burxanov) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh. Shermatov) bilan birgalikda:

ikki oy muddatda elektron platforma orqali zarur hujjatlarni onlayn rejimida olish va reyting baholash natijalarini hisoblash imkonini yaratgan holda, uning toʻliq ishga tushirilishini taʼminlasin;

eksperiment yakuniga koʻra elektron platformani takomillashtirish va modernizatsiya qilish hamda uning samarali va uzluksiz ishlashini taʼminlash choralarini koʻrib borsin.

Belgilab qoʻyilsinki, elektron platformani takomillashtirish va modernizatsiya qilish, uni texnik va dasturiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq xarajatlar har yili Agentlikka Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

6. Agentlik (A. Burxanov) xalqaro tashkilotlar va xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda:

ikki oy muddatda Reyting baholashni mustaqil amalga oshiruvchi ekspertlar guruhi tarkibini shakllantirish va uning faoliyatini tashkil etishning tartibi ishlab chiqilib, tasdiqlanishini taʼminlasin;

uch oy muddatda reyting baholash, elektron platformadan foydalanish tartibi boʻyicha qoʻllanmalarni tayyorlasin, shuningdek, davlat tashkilotlari xodimlari uchun reyting baholash, shu jumladan elektron platformadan foydalanish tartibini tushuntirish boʻyicha muntazam ravishda seminarlarni tashkil etib borsin;

2022-yil 1-iyulga qadar har bir indikator boʻyicha koʻrsatkichlarni tahlil qilish usullari va aniq mezonlarini belgilovchi reyting baholash uslubiyotini tasdiqlasin;

muntazam ravishda davlat tashkilotlariga korrupsiyaga qarshi kurashishga oid tegishli ichki idoraviy hujjatlarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish boʻyicha amaliy yordam koʻrsatib borsin.

7. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Xadjayev) va Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A. Koʻchimov) mazkur qaror hamda reyting baholash natijalari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Agentlik direktori A.E. Burxanov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengashi raisi T.K. Narbayeva va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 12-yanvar,

PQ-81-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-yanvardagi PQ-81-son qaroriga 1-ILOVA

Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash eksperiment tariqasida oʻtkaziladigan davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan mahalliy davlat hokimiyati organlari

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-fevraldagi PF-27-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.03.2025-y., 06/25/27/0196-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 12-yanvardagi PQ-81-son qaroriga 2-ILOVA

Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tartibi toʻgʻrisida

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Mazkur Nizom barcha davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlari, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlarida (keyingi oʻrinlarda — davlat tashkilotlari) korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash (keyingi oʻrinlarda — reyting baholash) tartibini belgilaydi.

Davlat muassasalari faoliyatiga oid maʼlumotlar ushbu bandning birinchi xatboshisida keltirilgan davlat tashkilotlari tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.

(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 06/25/270/1252-son)

2. Reyting baholash davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha olib borayotgan faoliyati samaradorligini puxta tahlil qilish, baholash va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun taklif va tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida oʻtkaziladi.

3. Davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat tizimi va korrupsiyaning oldini olish boʻyicha boshqa xalqaro standartlarning samarali joriy etilganligi hamda amaliyotga tatbiq qilinganligi reyting baholashning obyekti hisoblanadi.

4. Reyting baholash Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan tashkil etiladi.

2-bob. Reyting baholash yoʻnalishlari va indikatorlari

5. Reyting baholash alohida indikatorlardan tashkil topgan quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha amalga oshiriladi:

birinchi yoʻnalish — davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha mexanizm va huquqiy asoslarning yaratilganligi hamda amaliyotga tatbiq etilganligi;

ikkinchi yoʻnalish — korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va ularni kamaytirish boʻyicha tadbirlarning amalga oshirilganligi;

uchinchi yoʻnalish — davlat tashkilotlari rahbarlarining korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni koʻrsatuvchi xatti-harakatlarining mavjudligi;

toʻrtinchi yoʻnalish — xodimlarning korrupsiyaga qarshi kurashishga oid ichki tartib-taomillardan xabardorligi hamda ushbu sohada bilim va koʻnikmalarini oshirish boʻyicha tadbirlarning amalga oshirilganligi;

beshinchi yoʻnalish — korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha tegishli soha yoki tarmoq kesimida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan targʻibot tadbirlarining samaradorligi.

6. Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholanib, faoliyat samaradorligi “yaxshi”, “qoniqarli” va “qoniqarsiz” toifalarga ajratiladi.

Bunda, indikatorlarni bajarish orqali:

81 balldan 100 ballgacha toʻplagan davlat tashkiloti faoliyat samaradorligi — “yaxshi”;

55 balldan 81 ballgacha toʻplagan davlat tashkiloti faoliyat samaradorligi — “qoniqarli”;

55 dan past ball toʻplagan davlat tashkiloti faoliyat samaradorligi — “qoniqarsiz” deb topiladi.

7. Reyting baholash yoʻnalishlari boʻyicha ballar quyidagicha taqsimlanadi:

birinchi yoʻnalish — maksimal 42 ball;

ikkinchi yoʻnalish — maksimal 25 ball;

uchinchi yoʻnalish — maksimal 10 ball;

toʻrtinchi yoʻnalish — maksimal 15 ball;

beshinchi yoʻnalish — maksimal 8 ball.

(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 06/25/270/1252-son)

8. Yakuniy ballar mazkur Nizomga 1-ilovada keltirilgan Reyting baholash yoʻnalishlari va indikator koʻrsatkichlaridagi ballarni bir-biriga qoʻshib chiqish orqali aniqlanadi.

3-bob. Reyting baholashni amalga oshirish tartibi

9. Reyting baholash mazkur Nizomga 2-ilovadagi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.

10. Agentlik har yili 5-yanvarga qadar “E-Anticor.uz” elektron platformasi (keyingi oʻrinlarda — elektron platforma) orqali reyting baholashdan oʻtkaziladigan davlat tashkilotlari roʻyxatini tuzadi hamda bu haqda ularni yozma ravishda xabardor qiladi.

11. Davlat tashkilotlari tomonidan har yarim yilda (birinchi yarim yillikda 10-iyulga qadar) yarim yillik maʼlumotlar, har reyting baholash yili yakunida (10-yanvardan kechiktirmay) esa yillik maʼlumotlar elektron platforma orqali Reyting baholash yoʻnalishlari va indikator koʻrsatkichlari jadvalini toʻldirish yoʻli bilan kiritib boriladi.

(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 06/25/270/1252-son)

Bunda, ushbu jadval savollarga “toʻliq bajarilgan”, “asosan bajarilgan”, “qisman bajarilgan” yoki “bajarilmagan” ustunlariga tegishli belgini kiritish hamda tasdiqlovchi hujjatlarni biriktirish orqali toʻldiriladi.

12. Agentlik muntazam ravishda davlat tashkilotlari tomonidan elektron platformaga kiritilgan maʼlumotlarni tahlil qilib boradi, korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi “qoniqarsiz” deb topilishi mumkin boʻlgan davlat tashkilotlariga uslubiy yordam koʻrsatadi.

13. Davlat tashkilotlari har yili Agentlikning xatini olgandan soʻng, ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq muddatlarda elektron platforma orqali zarur maʼlumotlarni kiritadi.

Bunda, tizimga davlat tomonidan qoʻriqlanadigan va maxsus roʻyxatlar bilan chegaralab qoʻyiladigan alohida ahamiyatli, mutlaqo maxfiy va maxfiy harbiy, siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va oʻzga xil maʼlumotlarni kiritish taqiqlanadi.

14. Yillik maʼlumotlar kiritilgandan soʻng Agentlik har yili:

1-fevralga qadar tanlov asosida tegishli davlat tashkiloti tomonidan kiritilgan maʼlumotlarning haqqoniyligini zamonaviy-axborot kommunikatsiya vositalarini (videokonferensaloqa, onlayn soʻrovnoma va shu kabilar) qoʻllagan holda masofaviy oʻrganadi. Bunda:

maʼlumotlarning haqqoniyligi zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari orqali masofaviy oʻrganiladigan davlat tashkilotlari soni faoliyati baholanayotgan davlat tashkilotlarining kamida 15 foizini tashkil etishi lozim;

maʼlumotlarning haqqoniyligi zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari orqali masofaviy oʻrganiladigan davlat tashkilotlari roʻyxati Agentlik tomonidan, kiritgan maʼlumotlari shubhali, notoʻgʻri boʻlgan davlat tashkilotlari orasidan, mustaqil ravishda shakllantiriladi.

15. Maʼlumotlarning haqqoniyligini zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari orqali masofaviy oʻrganish jarayonida notoʻgʻri yoki soxta maʼlumotlar kiritilganligi aniqlangan taqdirda, Agentlikning oʻzi elektron tizimga kiritilgan maʼlumotlarni mustaqil ravishda oʻzgartiradi va bu haqida Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengashiga maʼlumot beradi.

16. Reyting baholash natijalari elektron platforma orqali hisoblab chiqiladi. Avtomatik ravishda hisoblab chiqilishi nazarda tutilmagan indikatorlar boʻyicha ballar Agentlik tomonidan hisoblanadi.

4-bob. Reyting baholashni mustaqil amalga oshiruvchi ekspertlar guruhi faoliyatini tashkil etish tartibi

17. Reyting baholash natijalarining xolisligini taʼminlash maqsadida har yili 9 kishidan kam boʻlmagan toq sondan iborat tarkibda Reyting baholashni mustaqil amalga oshiruvchi ekspertlar guruhi (keyingi oʻrinlarda — Ekspertlar guruhi) shakllantiriladi.

(17-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 06/25/270/1252-son)

Ekspertlar guruhi tarkibini shakllantirish va uning faoliyatini tashkil etish, shu jumladan ekspertlarni tanlab olish mezonlari, ularning majburiyatlari va manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish mexanizmlarini nazarda tutuvchi tartib Agentlik tomonidan belgilanadi.

18. Ekspertlar guruhi tarkibi Agentlik tomonidan davlat tashkilotlari takliflariga asosan shakllantiriladi.

Ekspertlar guruhi tarkibiga, qoida tariqasida, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha ekspertlar, shu jumladan amaliy tajriba va jamiyatda yuqori obroʻga ega boʻlgan boshqa shaxslar kiritiladi.

Bunda, Ekspertlar guruhi tarkibida kamida uchdan bir qismi fuqarolik jamiyati institutlari vakillaridan boʻlishi lozim.

(18-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 06/25/270/1252-son)

19. Ekspertlar guruhi Agentlik tomonidan shakllantirilgan dastlabki reyting baholash natijalarini koʻrib chiqadi.

Bunda, Agentlik tomonidan ushbu guruhga dastlabki reyting baholash natijalari va tegishli xulosalar taqdim etiladi. Ekspertlar guruhi soʻroviga koʻra, boshqa qoʻshimcha materiallar taqdim etilishi, elektron platformaga ulanish imkoniyati yaratilishi mumkin.

20. Ekspertlar guruhi har yili 15-fevralga qadar dastlabki reyting baholash natijalarini koʻrib chiqish boʻyicha quyidagilardan birini Agentlikka taqdim etadi:

dastlabki reyting baholash natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish yoki qisman oʻzgartirish haqida xulosa;

muqobil reyting baholash natijalari.

Bunda, xulosa va muqobil reyting baholash natijasi Ekspertlar guruhida ovoz berish natijalariga koʻra shakllantiriladigan fikr sifatida taqdim etiladi. Ovozlar teng boʻlib qolganda guruh rahbarining fikri hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻladi.

21. Ekspertlar guruhida qabul qilingan qarorga qoʻshilmagan guruh aʼzosi oʻz fikrini alohida bildirish huquqiga ega.

22. Agentlik Ekspertlar guruhi tomonidan taqdim etilgan xulosa yoki muqobil reyting baholash natijalarini har yili 20-fevralga qadar puxta tahlil qiladi, unga koʻra yakuniy baholash natijalarini shakllantiradi va baholanayotgan davlat tashkilotlariga taqdim qiladi.

23. Davlat tashkilotlari har yili 25-fevralga qadar Agentlik tomonidan yuborilgan yakuniy reyting baholash natijalarini koʻrib chiqadi hamda zarurat boʻlganda oʻz taklif va eʼtirozlarini Agentlikka taqdim qiladi.

24. Agentlik davlat tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan taklif va eʼtirozlarni puxta tahlil qiladi va har yili 1-martga qadar reyting baholashni oʻzgartirish yoki oʻzgartirmaslik haqida qaror qabul qiladi.

25. Agentlik reyting baholash yakunlariga koʻra korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi “yaxshi”, “qoniqarli” va “qoniqarsiz” boʻlgan davlat tashkilotlari roʻyxatini har yili 1-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy kengashga kiritadi hamda oʻz rasmiy-veb saytida va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qiladi.

5-bob. Reyting baholash yakunlari boʻyicha amalga oshiriladigan tadbirlar

26. Agentlik tomonidan reyting baholash yakunlari boʻyicha korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi “yaxshi” deb topilgan davlat tashkilotlarining ijobiy ish tajribasini boshqa davlat tashkilotlarida ommalashtirish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Agentlik tomonidan “yaxshi” deb baholangan davlat tashkilotlariga ularning korrupsiyaga qarshi kurashishga masʼul tarkibiy boʻlinmalari xodimlarini ragʻbatlantirish boʻyicha takliflar kiritib boriladi.

27. Reyting baholash natijalariga koʻra korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi “qoniqarli” deb topilgan davlat tashkilotlariga samaradorlikni yanada oshirish boʻyicha Agentlik tomonidan har yili 15-martga qadar tavsiyalar kiritiladi.

Davlat tashkilotlari kiritilgan tavsiyalarning bajarilish holati toʻgʻrisidagi axborotni Agentlik belgilagan muddatlarda elektron platformaga kiritib borishi lozim.

28. Korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi “qoniqarsiz” deb topilgan davlat tashkilotlari har yili 20-martga qadar korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqishi va uni Agentlik bilan kelishilgan holda tasdiqlashi lozim.

29. Ketma-ket ikki yil davomida korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligi “qoniqarsiz” deb topilgan davlat tashkilotlari rahbarlariga belgilangan tartibda intizomiy javobgarlik choralarini qoʻllash masalasi koʻrib chiqiladi.

6-bob. Yakunlovchi qoida

30. Ushbu Nizom talablarini buzgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

31. Agentlik, zarurat boʻlganda, reyting baholashning qoʻshimcha yoʻnalishlari va indikator koʻrsatkichlarini kiritishi mumkin.

Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga1-ILOVA

Davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini

Izoh:

1. Tizimga davlat tomonidan qoʻriqlanadigan va maxsus roʻyxatlar bilan chegaralab qoʻyiladigan alohida ahamiyatli, mutlaqo maxfiy va maxfiy harbiy, siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va oʻzga xil maʼlumotlarni kiritish taqiqlanadi.

Davlat tashkiloti tomonidan mazkur maʼlumotlar reyting baholashga taʼsir oʻtkazadi deb hisoblansa, tegishli indikator koʻrsatkichlarini baholash Agentlikning belgilangan ruxsatnomaga ega boʻlgan xodimi tomonidan oʻsha tashkilotga borib amalga oshiriladi.

2. Davlat tashkilotlari tegishli ustunlarga “x” belgisini qoʻygandan keyin uni tasdiqlovchi hujjatlar va boshqa materiallarni “E-Anticor.uz” elektron platformasiga biriktirishi lozim. Tegishli maʼlumotlar biriktirilmagan taqdirda, platformada avtomatik ravishda eng past ball qoʻyiladi.

* Agentlik talabiga koʻra tegishli hujjat yoki materiallar qoʻshimcha biriktiriladi va havolalar koʻrsatiladi.

** Agentlik tanlov asosida xodimlarning korrupsiyaga qarshi ichki hujjatlardan xabardorligi boʻyicha zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalaridan foydalangan holda suhbat oʻtkazishi mumkin.

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 06/25/270/1252-son)

Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga2-ILOVA

Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholashni amalga oshirish

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-dekabrdagi PF-270-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2025-y., 06/25/270/1252-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.