Mamlakatda ekologik xavfsizlikni taʼminlash, ekologik vaziyatni yaxshilash, qulay ekologik holatni barqaror saqlash, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi samaradorligini taʼminlash hamda sohada sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish maqsadida:
(1 va 2-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PF-81-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.06.2023-y., 06/23/81/0320-son)
3. Belgilab qoʻyilsinki:
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi aʼzosi hisoblanadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi bilan kelishilgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi;
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalarining boshliqlari Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri tomonidan bevosita lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi;
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof-muhit dasturi, Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi va Global ekologik jamgʻarmasi, Moslashish jamgʻarmasi hamda Yashil iqlim jamgʻarmasi bilan oʻzaro hamkorlik qilish va muvofiqlashtirish boʻyicha vakolatli organ hisoblanadi;
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari, taqdimnoma hamda koʻrsatmalari davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiydir;
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining, Oʻrmon xoʻjaligi agentligi — Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasining, Gidrometeorologiya xizmati agentligi — Gidrometeorologiya xizmati markazining vazifa va funksiyalarini bajarishga oid huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tomonidan qayta tashkil etilayotgan, tugatilayotgan, oʻzgartirilayotgan va boshqa tashkilotlar tizimiga oʻtkazilayotgan tashkilotlarga biriktirilgan koʻchmas mulk obyektlariga va boshqa mol-mulkka boʻlgan huquqlar tegishli yigʻimlar va boshqa toʻlovlar undirilmagan holda qayta rasmiylashtiriladi.
4. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziriga:
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi tarkibiga kiruvchi idoraviy mansub tashkilotlarni (agentliklar bundan mustasno) hamda ularning tarkibidagi tashkilotlarni qayta tashkil etish va tugatish;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va davlat oʻrmon xoʻjaliklari tuzilmalarini (namunaviy tuzilmalarini) tasdiqlash;
Ekologiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ilmiy va taʼlim tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali mutaxassislari hamda ekspertlarini maslahatchi sifatida jalb qilish huquqi berilsin.
(4-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)
(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-sonli qaroriga asosan 4-band beshinchi xatboshisining chiqarilish sanasi 2025-yil 1-yanvar — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son)
5. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash sohasini hamda ekologik nazorat tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasi va ularga qarshi kurashish tizimini yangi darajaga koʻtarish maqsadida Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya va Davlat ekologiya qoʻmitasining quyidagilarni nazarda tutuvchi “Ekologik patrul” ishlash tizimini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi qoʻllab-quvvatlansin:
ichki ishlar organlari jamoat xavfsizligi xizmati va Milliy gvardiyaning patrullikka jalb etilgan boʻlinmalarining ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish boʻyicha vakolatlarini kengaytirish;
ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi qonunchilik talablari ijrosi soʻzsiz taʼminlanishini nazorat qilishda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish organlarining ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya boʻlinmalari bilan yaqindan hamkorligini oʻrnatish hamda qoʻshma profilaktik tadbirlarni oʻtkazish amaliyotini yoʻlga qoʻyish.
7. Ichki ishlar vazirligi Milliy gvardiya va Davlat ekologiya qoʻmitasi bilan birgalikda:
uch oy muddatda ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya boʻlinmalarining ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish boʻyicha vakolatlarini kengaytirish yuzasidan tegishli qonun loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
doimiy ravishda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi qonunchilik talablari ijrosi soʻzsiz taʼminlanishini nazorat qilishda oʻzaro yaqindan hamkorlikni oʻrnatsin hamda qoʻshma profilaktik tadbirlarni oʻtkazish amaliyotini yoʻlga qoʻysin.
8. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish va jarima solish huquqiga ega xodimlari Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 285-moddasiga asosan huquqbuzarni maʼmuriy yoʻl bilan ushlab turish, shaxsan koʻrikdan oʻtkazish, uning ashyolari va transport vositalarini koʻzdan kechirish hamda ashyolar va hujjatlarni olib qoʻyish vakolatlariga ega.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PF-81-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.06.2023-y., 06/23/81/0320-son)
9. 2022-yil 1-martdan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) davlat organlari, muassasalari va korxonalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va koʻp kvartirali uy-joylar mulkdorlariga ular egaligidagi bino va inshootlarga tutash (chegaradosh) boʻlgan yer uchastkalari quyidagi shart va majburiyatlar bilan ularga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib beriladi:
yer uchastkalarini obod holda saqlash;
daraxtlar, butalar, boshqa oʻsimliklar va nihollarni parvarish qilish va sugʻorish;
yigʻishtirish-tozalash ishlarini amalga oshirish va chiqindi qutilarini oʻrnatish;
bolalar maydonchalari, oʻtirish joylari (skameykalar), tungi yoritish tizimini oʻrnatish, taʼmirlash va saqlash;
aholi uchun piyoda yoʻlaklarini barpo etish, taʼmirlash va lozim darajada saqlash;
b) mazkur bandga asosan doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib beriladigan yer uchastkalarida bino, inshoot, ishlab chiqarish va noishlab chiqarish hamda yengil konstruksiyali obyektlarni oʻrnatish va qurish taqiqlanadi;
v) davlat organlari, muassasalari va korxonalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda koʻp kvartirali uy-joylar mulkdorlariga tegishli yer uchastkalarini doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib berish ushbu bandning “a” va “b” kichik bandlarida nazarda tutilgan talablar asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi;
g) mazkur bandga asosan doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib beriladigan yer uchastkalarida davlat organlari, muassasalari va korxonalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va koʻp kvartirali uy-joylar mulkdorlari tomonidan belgilangan shart va majburiyatlar bajarilishi ustidan nazorat ichki ishlar organlari jamoat xavfsizligi xizmati, Milliy gvardiyaning patrullikka jalb etilgan boʻlinmalari hamda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlari tomonidan amalga oshiriladi.
(9-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PF-81-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.06.2023-y., 06/23/81/0320-son)
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
2023-yil 1-yanvarga qadar shaharlar va boshqa aholi punktlarida joylashgan hamda boʻsh turgan obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirishga moʻljallangan yer uchastkalari tegishli davlat organlari, muassasalari va korxonalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va koʻp kvartirali uy-joylar mulkdorlariga ajratilishini;
doimiy ravishda shaharsozlik faoliyati natijasida shakllangan yangi obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirishga moʻljallangan yer uchastkalari belgilangan tartibda tegishli davlat organlari, muassasalari va korxonalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va koʻp kvartirali uy-joylar mulkdorlariga ajratilib borilishini taʼminlasin.
11. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi organlariga quyidagi bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalarni kiritish huquqi berilsin:
davlat organlari, muassasalari va korxonalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va koʻp kvartirali uy-joylar mulkdorlari tomonidan mazkur qarorning 9-10-bandlariga asosan ularga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib berilgan yer uchastkalarida tegishli shart va majburiyatlar bajarilishini taʼminlash;
2023-yil 1-yanvardan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan shaharlar va boshqa aholi punktlarida joylashgan hamda boʻsh turgan yer uchastkalari tegishli davlat organlari, muassasalari va korxonalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va koʻp kvartirali uy-joylar mulkdorlariga ajratilib borilishini taʼminlash;
yangi quriladigan, balandligi yer yuzasidan 12 metrdan baland va (yoki) umumiy maydoni 500 kvadrat metrdan ortiq boʻlgan bino va inshootlarga tutash hududlardagi yerlarning kamida 25 foizi koʻkalamzorlashtirish maydonlariga ajratilishini va ularda koʻkalamzorlashtirish tadbirlari amalga oshirilishini taʼminlash;
atrof-muhitga taʼsir koʻrsatishning I va II toifalariga mansub sanoat korxonalari loyiha hujjatlari boʻyicha beriladigan davlat ekologik ekspertizasi xulosalarida oʻz hududi va tutash hududlarda “yashil belbogʻ”lar barpo etish va koʻkalamzorlashtirish tadbirlari amalga oshirilishini taʼminlash;
koʻchatlar ekish va ularni parvarishlash hamda sugʻorish tadbirlarini moliyalashtirish masalalari vazirlik, idora va xoʻjalik birlashmalarining yillik xarajatlar smetasida hamda atrof-muhitga taʼsir koʻrsatishning I va II toifalariga mansub sanoat korxonalari, maxsus iqtisodiy zonalar hududlarida joylashgan sanoat korxonalarining yillik biznes rejalarida koʻzda tutilishini taʼminlash.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 26-sentabrdagi PF-149-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.10.2024-y., 06/24/149/0772-son)
12. 2022-yil 1-fevraldan boshlab:
viloyatlar va tumanlar (shaharlar) hokimlarining kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjalik masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimi tugatilib, qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimi kiritilsin;
Toshkent shahri va uning tumanlari hokimlarining arxitektura, kapital qurilish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari lavozimi tugatilib, qurilish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari lavozimi kiritilsin.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-oktabrdagi PF-186-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
14. Davlat ekologiya qoʻmitasi keng jamoatchilik, ilmiy tadqiqot institutlari, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillarini jalb etgan holda 2022-yil 1-dekabrga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi Ekologik kodeks loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
ekologiyaga oid qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish va ixchamlashtirish;
atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida jamoatchilik nazoratining roli va taʼsirini oshirish;
bioxilmaxillikni asrash, tiklash va koʻpaytirishning aniq mexanizmlari va ragʻbatlantirish tizimini joriy etish;
atrof-muhitni muhofaza qilishda davlat tashkilotlari va fuqarolarning huquq va majburiyatlari;
ekologik nazorat va monitoring turlarini amalga oshirish tartibi, shu jumladan “yashil iqtisodiyotni” ragʻbatlantirish choralari;
ekologik ekspertizani amalga oshirish tartibi.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-oktabrdagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3956-son qarori 3-bandining ikkinchi — toʻrtinchi xatboshilari va 4-bandi, shuningdek, unga 1 — 5 ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
16. Davlat ekologiya qoʻmitasi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 30-dekabr,
PQ-76-son
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PF-81-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.06.2023-y., 06/23/81/0320-son)
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PF-81-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.06.2023-y., 06/23/81/0320-son)
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PF-81-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.06.2023-y., 06/23/81/0320-son)
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PF-81-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.06.2023-y., 06/23/81/0320-son)
(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PF-81-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.06.2023-y., 06/23/81/0320-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PQ-76-son qaroriga6-ILOVA
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ularni qayta tiklash sohasini hamda ekologik nazorat tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha
(6-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 24-martdagi PF-56-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2025-y., 06/25/56/0274-son)