Milliy hunarmandchilik, xalq badiiy va amaliy sanʼatini rivojlantirish, soha vakillarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar natijasida soʻnggi besh yilda mamlakatimizdagi usta hunarmandlar soni 7 barobarga, shogirdlar 9 barobarga koʻpayib, sohada band boʻlganlar soni 230 ming nafarga yetdi.
Hunarmandlarning xalq amaliy sanʼati milliy katalogi yaratilib, faxriy va xalqaro koʻrgazma hamda tanlovlarda gʻolib boʻlgan 340 nafar ustalar ushbu katalogdan oʻrin oldi. Shuningdek, 1,5 mingga yaqin hunarmandlar turizm reyestriga kiritilib, ushbu soha rivojiga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.
Shu bilan birga, mahallabay ishlash orqali foydalanilmayotgan imkoniyatlarni toʻla ishga solish, hunarmandlar oʻrtasida oʻzaro tajriba almashish tizimini yanada kengaytirish, hunarmandchilik mahsulotlari uchun yangi bozorlarni topish borasida qoʻshimcha choralar koʻrish talab etilmoqda.
Aholini hunarmandchilikka jalb qilish tizimini takomillashtirish, “usta-shogird” anʼanalari asosida mahallalarda yoshlarga hunar oʻrgatish va bandligini taʼminlash, shuningdek, kambagʻallikni qisqartirish hamda hunarmandchilikni rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 20-dekabrdagi “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining daromad manbaini kengaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-55-son qaroriga asosan, 2022-yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida:
loyihalarni moliyalashtirish uchun 10 trillion soʻm mablagʻ ajratilganligi;
imtiyozli kreditlar yillik 14 foiz stavkada “Hunarmand” uyushmasi aʼzolariga ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun asbob-uskuna, ehtiyot qismlar va xom ashyo materiallarini xarid qilish, hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari, “usta-shogird” maktablarini tashkil etish, uy-muzeylar va ustaxonalar qurish yoki shu maqsadlarda bino va inshootlar sotib olish uchun — 3 yilgacha muddatga hamda aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun 18 oygacha muddatga ajratilishi nazarda tutilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
2022-yilda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ajratilayotgan mablagʻlarning 500 milliard soʻmi hunarmandchilik loyihalarini moliyalashtirish uchun yoʻnaltiriladi;
imtiyozli kreditlar hunarmandchilik loyihalarini amalga oshirish uchun 6 oygacha imtiyozli davr bilan 225 million soʻmgacha oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida koʻzda tutilgan shartlarda ajratiladi;
imtiyozli kreditlar hunarmandning talabi boʻyicha naqd pul olish imkoniyati bilan taqdim etiladi;
oldingi yillarda hunarmandlarga ajratilgan imtiyozli kreditlarning soʻndirilgan qismidan hosil boʻlgan mablagʻlar aynan hunarmandchilik loyihalarini moliyalashtirish uchun qayta yoʻnaltirib boriladi;
hunarmandlarga oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ajratilgan imtiyozli kreditlardan samarali foydalanilishi va ularning tijorat banklariga oʻz vaqtida qaytarilishi yuzasidan “Hunarmand” uyushmasi tijorat banklari bilan birgalikda doimiy monitoring va nazorat tizimini oʻrnatadi.
Bunda, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida imtiyozli kredit ajratish boʻyicha “oilakredit.uz” elektron platformasida hunarmandlarni onlayn navbatga qoʻyish va ularning loyihalarini kreditlash uchun alohida boʻlim ishga tushiriladi.
3. 2022-yildan boshlab Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamgʻarmasi hisobidan:
“usta-shogird” anʼanalari asosida yoshlarga hunar oʻrgatayotgan hunarmandlarga — shogirdlar tayyorlashi, zarur xom ashyo sotib olishi va shogirdlarni ish haqi bilan taʼminlashi uchun 6 oy davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan kam boʻlmagan miqdorda;
shogirdlarga — mustaqil faoliyatini boshlashi uchun zarur asbob-uskuna va jihozlarni sotib olishi, shuningdek, ustalarga — internet saytlarini tashkil etish, oʻz mahsulotlarini jahon elektron savdo maydonchalariga chiqarish va reklama xarajatlarining 50 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari miqdoridan oshmaydigan qismiga subsidiyalar ajratish tartibi joriy etilsin.
Bunda, subsidiya ajratiladigan hunarmandlar va shogirdlar hisobi “Hunarmand” uyushmasi tomonidan yuritilib, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining “Onlayn mahalla” elektron platformasi bilan integratsiya qilinadi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi Moliya vazirligi va “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan subsidiyalarni ajratish tartibini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
4. 2022-yildan boshlab “Hunarmand” uyushmasi aʼzolari uchun:
ijtimoiy soliq stavkasi yiliga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin;
faoliyat yuritish joyidan qatʼi nazar, kommunal infratuzilma xizmatlari (elektr energiyasi, suv taʼminoti, kanalizatsiya, gaz taʼminoti va issiqlik taʼminoti) haqini toʻlash aholi uchun belgilangan tariflar boʻyicha va shartlar asosida amalga oshirilishi belgilab qoʻyilsin.
5. Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan ishlab chiqilgan 2022-yilda hunarmandchilikni rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “Yoʻl xaritasi”) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
“Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga shaxsiy javobgarlik yuklansin.
Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan har chorakda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2023-yil 1-oktabrga qadar Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazlarida hunarmandlar ishlab chiqargan mahsulotlar savdosiga ixtisoslashgan hunarmandchilik mahsulotlari savdo pavilyonlarini (keyingi oʻrinlarda — savdo pavilyonlari) tashkil etsin.
(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-91-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.06.2023-y., 06/23/91/0357-son)
Belgilansinki:
savdo pavilyonlari 150 kvadrat metrdan kam boʻlmagan maydonda, Qurilish vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan namunaviy loyiha asosida tashkil etiladi;
savdo pavilyonlarini tashkil qilish (qurish) mahalliy budjet mablagʻlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
foydalanishga topshirilgan savdo pavilyonlari “Hunarmand” uyushmasining hududiy boshqarmalariga tekin foydalanish huquqi bilan beriladi;
(6-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-91-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.06.2023-y., 06/23/91/0357-son)
“Hunarmand” uyushmasi savdo pavilyonlari orqali hunarmandchilik mahsulotlarini sotib olish hamda realizatsiya va eksport qilish ishlarini tizimli tashkil etishga masʼul boʻladi;
(6-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-91-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.06.2023-y., 06/23/91/0357-son)
savdo pavilyonlari xorijiy va mahalliy turistlar uchun moʻljallangan turistik marshrutlarga kiritiladi.
7. Qurilish vazirligi Turizm va sport vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda savdo pavilyonlarining namunaviy loyihalarini har bir hududning oʻziga xos hunarmandchilik anʼanalari asosida ishlab chiqsin.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Adliya vazirligi, “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda 2022-yil 1-aprelga qadar Toshkent shahri tumanlari, Nukus shahri, viloyatlar markazlari hamda hunarmandchilik rivojlangan tuman va shaharlardagi davlat xizmatlari markazlari binolarida doimiy faoliyat koʻrsatuvchi milliy hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgazmalari va savdo rastalari faoliyatini yoʻlga qoʻysin.
9. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2022-yildan boshlab, har yili “Oʻzekspomarkaz” pavilyonlarida “Craft fair Uzbekistan” xalqaro hunarmandchilik mahsulotlari va texnologiyalari yarmarkasini tashkil etib borsin.
Belgilansinki, yarmarkani tashkil etish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligiga Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan qoplanadi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4539-son qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari hunarmandchilikni rivojlantirish boʻyicha hududlarga biriktirilib, milliy hunarmandchilik va xalq amaliy sanʼati mahsulotlarini tashqi bozorlarga olib chiqish boʻyicha masʼul etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi elchixonalari va vakolatxonalarining turizm faoliyatiga koʻmaklashish, jumladan hunarmandchilik mahsulotlarini tashqi bozorlarga olib chiqish va targʻib qilish borasidagi faoliyati yuzasidan hisobotlarini har olti oyda bir marotaba Oliy Majlis Senatida eshitish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin.
11. Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi “Hunarmand” uyushmasi, Badiiy akademiya, Fanlar akademiyasi Sanʼatshunoslik instituti bilan birgalikda 2022-yil 1-mayga qadar har bir hududning milliy urf-odatlari, xalq amaliy sanʼati va milliy davlatchilik tarixini oʻzida aks ettirgan, shuningdek, xorijiy sayyohlarda katta qiziqish uygʻotadigan muzeylardagi noyob eksponatlar replikatsiyalari asosida yangi hunarmandchilik mahsulotlari namunalarini tayyorlab, hunarmandlar tomonidan ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha targʻibot va tashviqot ishlarini amalga oshirsin.
12. Turizm va sport vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va “Hunarmand” uyushmasi “Hunarmandchilik markazlari” va “Usta-shogird” maktablarini turistik marshrutlarga kiritish choralarini koʻrib borsin.
13. Moliya vazirligi uch oy muddatda Toshkent shahri, Chilonzor tumani, “Katta Doʻmbirobod” mahallasida “Hunarmandchilik markazi” va “Usta-shogird maktabi” binosini qurish ishlarini yakunlash hamda zarur asbob-uskuna va inventarlar bilan jihozlash uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi hisobidan 5 milliard soʻmgacha mablagʻ ajratsin.
Bunda, mablagʻlar haqiqatda bajarilgan ishlar boʻyicha “Hunarmand” uyushmasi tomonidan taqdim etiladigan asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq ajratiladi.
14. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
mahallalarda hunarmandchilikni rivojlantirish boʻyicha hokim yordamchilari va “Hunarmand” uyushmasi quyi tuzilmalarining oʻzaro samarali hamkorligini yoʻlga qoʻyish;
hokim yordamchilari va “Hunarmand” uyushmasining hududlardagi masʼul xodimlari bilan birgalikda mahallalarda hunarmandchilik loyihalarini shakllantirish va amalga oshirish choralarini koʻrsin.
15. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, “Hunarmand” uyushmasi ushbu qarorning mazmun-mohiyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritishni taʼminlasin.
16. Savdo-sanoat palatasi Adliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Savdo-sanoat palatasi raisi A.I. Ikramov, “Hunarmand” uyushmasi raisi U.T. Abdullayev hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov va S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 30-dekabr,
PQ-77-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PQ-77-son qarorigaILOVA
2022-yilda hunarmandchilikni rivojlantirish boʻyicha