PQ-284-son Qaror · 16.06.2022

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi boshqaruvi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-284
  • Qabul qilingan sana:16.06.2022
  • Kuchga kirgan sana:17.06.2022
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/284/0536

Oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tizimida davlat boshqaruvini takomillashtirish, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi rahbariyatining shaxsiy masʼuliyati va javobgarligini oshirish hamda professional taʼlim tizimini ilgʻor xorijiy tajribalar asosida rivojlantirish maqsadida:

1. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining (keyingi oʻrinlarda — Vazirlik) markaziy apparati tuzilmasida:

oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining professional taʼlimni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimi kiritilsin;

Professional taʼlim-oʻquv metodik muvofiqlashtirish bosh boshqarmasi negizida Professional taʼlim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish departamenti tashkil etilsin.

2. Belgilansinki:

a) oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining professional taʼlimni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari bir vaqtning oʻzida Professional taʼlim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish departamenti direktori hisoblanadi;

b) oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining professional taʼlimni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari:

vazirlik tizimidagi professional taʼlim muassasalari faoliyatiga rahbarlik qiladi, ularda ish samarali tashkil etilishini taʼminlaydi, yuklatilgan vazifalar va funksiyalar toʻliq bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;

professional taʼlim muassasalarida mutaxassislar tayyorlash sifatini, taʼlim dasturlari mazmuni va darajasini Taʼlimning xalqaro standart tasniflagichi va milliy malaka ramkalari talablariga mosligini taʼminlaydi;

ish beruvchilarning ehtiyojlari va takliflari, ilgʻor xorijiy tajriba, iqtisodiyotning real sektoridagi tarkibiy oʻzgarishlarni hisobga olgan holda professional taʼlim muassasalarida mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha ishlarni tashkil etadi;

professional taʼlim muassasalari uchun oʻquv adabiyotlari, elektron taʼlim resurslari va metodik qoʻllanmalarni tayyorlash hamda taʼlim jarayoniga joriy etish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;

professional taʼlim muassasalarida oʻquv jarayoni xalqaro amaliyotga muvofiq tashkil etilishi, sohada yangi pedagogik texnologiyalar va oʻqitish uslublari joriy qilinishini taʼminlaydi;

professional taʼlim muassasalarining ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish korxonalari bilan integratsiyasini taʼminlash, sohada dual taʼlim shaklini rivojlantirish, oʻquvchilar amaliyotini yuqori saviyada tashkil etish va kelgusida ularni ish bilan band qilish choralarini koʻradi;

professional taʼlim tizimi uchun yuqori malakali oʻqituvchilar va ishlab chiqarish taʼlimi ustalari tayyorlanishini taʼminlaydi, soha xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlarini tashkil etadi;

professional taʼlim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, investitsiyalar, shu jumladan xalqaro moliya institutlari mablagʻlarini jalb etish choralarini koʻradi, ularning samarali ishlatilishini nazorat qiladi;

Vazirlik tasarrufidagi professional taʼlim muassasalari bino va inshootlarini joriy saqlash va jihozlash, shuningdek, ularni zarur xomashyo bilan taʼminlash ishlarini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;

v) oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining professional taʼlimni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari lavozimini kiritish hamda Professional taʼlim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish departamentini tashkil etish uchun talab etiladigan 30 nafar shtat birligi Vazirlikning amaldagi shtat birliklari doirasida hamda 1-ilovaga muvofiq tasarrufida tugatilayotgan professional taʼlim muassasalari mavjud boʻlgan vazirlik va davlat qoʻmitalarining 16 nafar shtat birliklarini maqbullashtirish hisobiga shakllantiriladi.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-iyuldagi “Oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4391-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

4. Vazirlik uch oy muddatda quyidagilarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi toʻgʻrisida yangilangan nizom loyihasini;

qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni.

5. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 16-iyun,

PQ-284-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 16-iyundagi PQ-284-son qaroriga 1-ILOVA

Shtat birliklari Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga oʻtkazilayotgan vazirlik va davlat qoʻmitalari roʻyxati

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 16-iyundagi PQ-284-son qaroriga 2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-iyuldagi “Oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4391-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar

1. 1-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining

2. 2-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi markaziy apparatining tuzilmasi

Izoh:

Boshqaruv xodimlari umumiy soni — 134 nafar.

Xizmat koʻrsatuvchi va texnik xodimlar soni oʻrnatilgan meʼyorlarga muvofiq belgilanadi.

*Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining professional taʼlimni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari bir vaqtning oʻzida Professional taʼlim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish departamenti direktori hisoblanadi.

**Oliy taʼlim muassasalarining rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi”.

3. 3-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi

Jami — 15 — 20 nafar, shundan boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 10 — 12 nafar, ishlab chiqarish xodimlari — 4 — 6 nafar.

Kasbiy taʼlimni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 204 nafar, shundan boshqaruv xodimlari soni — 140 nafar.”

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.