Paxta hosildorligini oshirish boʻyicha yangi tizimni joriy qilish, paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarga asoslangan urugʻchilik, nav tanlash, yerga ishlov berish, oʻgʻitlash, sugʻorish ishlarini yoʻlga qoʻyish orqali paxta-toʻqimachilik sohasida eksport hajmlari va daromadni oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Paxtachilik kengashi (keyingi oʻrinlarda — Paxtachilik kengashi) tashkil etilsin hamda uning tarkibi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Quyidagilar Paxtachilik kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:
har yili hududlarda mahalliy sharoitlarda yaxshi hosil berayotgan navlarni tahlil qilib, ularning super elita va elita urugʻlarini koʻpaytirish boʻyicha ilmiy tashkilot va urugʻchilik korxonasini belgilash;
hududlarning tuproq-iqlim sharoitlariga mos eng maqbul navlarni hududlarda koʻpaytirish va ekish boʻyicha klasterlarga topshiriqlar (koʻrsatmalar, buyurtmalar) berish;
tuproq unumdorligi, uning kimyoviy va biologik xususiyatlarining ilmiy tahlili asosida hududlarda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan kimyoviy va organik oʻgʻitlar boʻyicha tavsiyalar berish;
gʻoʻza kasalliklari va hasharotlarga qarshi kurashish boʻyicha samarador preparatlarni qoʻllash yuzasidan koʻrsatmalar ishlab chiqish va tatbiq etish;
klasterlarga hududlar tuproq-iqlim sharoitlariga mos gʻoʻza navlarini ekish va urugʻlarini koʻpaytirish, tuproq unumdorligini oshirish, mineral va organik oʻgʻitlardan foydalanish hamda paxtachilikda suv va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish boʻyicha koʻrsatmalar berish;
xususiy sektorni jalb qilgan holda davlat-xususiy hamda xususiy urugʻchilik klasterlarini tashkil etish va bu orqali raqobat muhitini yaratish;
paxtachilik yoʻnalishidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashining Reglamenti 2-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashining boshqaruv guruhi tarkibi 3-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi faoliyati yoʻlga qoʻyiladigan 13 ta tumanlarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi 4-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi faoliyati yoʻlga qoʻyiladigan 13 ta tumanlarda amalga oshiriladigan paxtachilik yoʻnalishidagi loyihalar roʻyxati 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-martdagi “Paxta maydonlarida tuproq unumdorligini va hosildorlikni oshirish, sugʻorishning yangi texnologiyalarini joriy etishni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-179-son qaroriga asosan:
2022-2023-yillarda paxta maydonlarida tuproq unumdorligini oshirish va ekologik holatni yaxshilash uchun subsidiya ajratish tajribasi sinovdan oʻtkaziladigan 13 ta tumanlar roʻyxati tasdiqlanganligi;
2022-2023-yillarda sinov tariqasida tuproq unumdorligi va paxta hosildorligini oshirish, ilmiy asoslangan almashlab ekishni va sugʻorishning yangi texnologiyalarini joriy etish uchun Davlat budjeti hisobidan har bir gektar maydonga bir million soʻmdan subsidiya ajratilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Belgilansinki, Paxtachilik kengashi oʻziga yuklatilgan vazifalarni dastlab sinov tariqasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-martdagi “Paxta maydonlarida tuproq unumdorligini va hosildorlikni oshirish, sugʻorishning yangi texnologiyalarini joriy etishni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-179-son qaroriga 1-ilovada nazarda tutilgan 13 ta tumanlarda amalga oshiradi.
4. Paxtachilik kengashi bir hafta muddatda paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarga asoslangan urugʻchilik, nav tanlash, yerga ishlov berish, oʻgʻitlash, sugʻorish ishlari tashkil etiladigan 13 ta tumanlarning har biri boʻyicha ishchi guruhlari tarkiblarini tasdiqlasin.
Belgilansinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi hamda viloyat hokimlari 13 ta tumanlar ishchi guruhlari faoliyatining samarali tashkil etilishiga shaxsan javobgar hisoblanadi.
5. Paxta hosildorligini oshirishning quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi tartibi joriy qilinsin:
a) tuman ishchi guruhlari paxta ekilgan maydonlarda joyiga chiqqan holda tahlillar asosida urugʻchilik, nav tanlash, yerga ishlov berish, biostimulyatorlarni qoʻllash, oʻgʻitlash, gʻoʻza kasalliklari va zararkunandalariga qarshi kurashish hamda samarali sugʻorish boʻyicha hududning tuproq-iqlim sharoitiga mos takliflarni Paxtachilik kengashi boshqaruv guruhiga taqdim qiladi;
b) Paxtachilik kengashi boshqaruv guruhi taqdim etilgan takliflarni tahlil qilib umumlashtirgan holda Paxtachilik kengashiga taqdim qiladi;
v) Paxtachilik kengashi:
hududda ekilgan paxta navlarining hududning tuproq-iqlim sharoitlariga mos maqbulini tanlash, shuningdek agrotexnik tadbirlarning toʻgʻri amalga oshirilishini taʼminlash;
paxta ekilgan maydonlardagi tuproqning unumdorligini oshirish va samarali yer tayyorlashni tashkil qilish;
paxta ekilgan maydonlarda organik va mineral oʻgʻitlarning qoʻllanilishini yaxshilash;
paxta ekilgan maydonlarda gʻoʻza kasalliklari va zararkunandalariga qarshi kurashish boʻyicha zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish;
paxta ekilgan maydonlarda zamonaviy biostimulyatorlarni qoʻllash;
paxta yetishtirish jarayonida samarali sugʻorish tizimini va tejamkor texnologiyalarni joriy qilish boʻyicha qarorlar qabul qiladi;
g) Paxtachilik kengashining unga yuklatilgan vazifalarga asosan oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari majburiy hisoblanadi;
d) Paxtachilik kengashi faoliyatini tashkil etish boʻyicha:
Paxtachilik kengashi raisi (I.Yu. Abduraxmonov) kengashga yuklatilgan vazifalar ijrosi yuzasidan har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot beradi;
Paxtachilik kengashi raisiga mahalliy va xorijiy malakali mutaxassislarni jalb etish vakolati beriladi;
Paxtachilik kengashi va uning boshqaruv guruhi aʼzolariga hamda Paxtachilik kengashi faoliyati yoʻlga qoʻyiladigan 13 ta tumanlar ishchi guruhlari aʼzolariga 6-ilovaga muvofiq miqdorlarda ish haqi toʻlanadi. Bunda, toʻlovlar Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan tuziladigan mehnat shartnomalari asosida amalga oshiriladi;
mahalliy va xorijiy malakali mutaxassislar mehnatiga haq toʻlash muayyan ishni bajarish uchun tuziladigan mehnat shartnomalariga asosan mutaxassislar bilan kelishilgan miqdorlarda amalga oshiriladi.
6. Innovatsion rivojlanish vazirligiga joriy yil yakuniga qadar “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi (I. Haydarov) Uyushmaning toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sohasini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan 10 milliard soʻm hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J. Xodjayev) Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va oziq-ovqat taʼminoti jamgʻarmasi hisobidan 10 milliard soʻm ajratsin.
2023-yildan boshlab Paxtachilik kengashi faoliyati bilan bogʻliq xarajatlarni Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini amalga oshirish uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi orqali moliyalashtirish tartibi joriy etilsin.
(6-band Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi PQ-471-son qaroriga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2023-y., 07/23/471/0001-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
Bunda, mazkur bandda nazarda tutilgan mablagʻlar Paxtachilik kengashi va uning boshqaruv guruhi aʼzolari hamda 13 ta tumanlar ishchi guruhlari aʼzolariga ish haqi toʻlash, Paxtachilik kengashiga mahalliy va xorijiy malakali mutaxassislarni jalb etish, shuningdek, 13 ta tumanlarga yangi ilmiy ishlanmalar va innovatsion texnologiyalarni (shu jumladan, dronlar va raqamli texnologiyalar asosidagi) joriy etish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplashga yoʻnaltiriladi.
(6-bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi PQ-471-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2023-y., 07/23/471/0001-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
7. Ushbu qarorda belgilangan chora-tadbirlarning samarali va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida:
a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi hamda viloyatlar hokimlari 13 ta tumanlar ishchi guruhlari faoliyatining samarali tashkil etilishiga koʻmaklashsin;
b) “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi (I. Haydarov) Uyushmaning toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sohasini rivojlantirish jamgʻarmasi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi (J. Xodjayev) Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va oziq-ovqat taʼminoti jamgʻarmasi hisobidan mazkur qarorga asosan Innovatsion rivojlanish vazirligiga mablagʻlar oʻtkazib berilishini taʼminlasin;
v) Paxtachilik kengashi raisi I.Yu. Abduraxmonov:
Paxtachilik kengashi va uning boshqaruv guruhi aʼzolari hamda 13 ta tumanlar ishchi guruhlari aʼzolariga ish haqi oʻz vaqtida va toʻliq miqdorda toʻlanishini taʼminlasin;
13 ta tumanlarda amalga oshirilgan ijobiy natijalar asosida mazkur tajribani respublikaning boshqa hududlarida joriy qilish choralarini koʻrsin.
8. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasining “Paxtasanoat ilmiy markazi” aksiyadorlik jamiyati (keyingi oʻrinlarda — Markaz) faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
Markazni Paxtachilik kengashining ilmiy-tadqiqot organi etib belgilash;
Paxtachilik kengashining sohaga doir koʻrsatma va tavsiyalariga asosan Markaz faoliyatini takomillashtirib borish;
Paxtachilik kengashi raisini Markaz Kuzatuv kengashi tarkibiga kiritish.
Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Markaz faoliyatini tashkil etish va moliyalashtirish yuzasidan tegishli qaror qabul qilsin.
9. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A. Xodjayev), Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Xadjayev), Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A. Koʻchimov) Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Abduraxmonov) bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
10. Innovatsion rivojlanish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib innovatsion rivojlanish vaziri I.Yu. Abduraxmonov, qishloq xoʻjaligi vaziri J.A. Xodjayev belgilansin.
Mazkur qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari S.Oʻ. Umurzakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 7-iyul,
PQ-308-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-iyuldagi PQ-308-son qaroriga1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi
Izoh. Kengash aʼzoligiga qoʻshimcha ravishda xorijiy ekspertlar jalb qilinishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-iyuldagi PQ-308-son qaroriga2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Reglament Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Paxtachilik kengashining (keyingi oʻrinlarda — Kengash) faoliyatini tashkil etish hamda yuritish tartibini belgilaydi.
2. Kengash oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari, boshqa qonunchilik hujjatlari va mazkur Reglamentga amal qiladi.
3. Kengashning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
har yili hududlarda mahalliy sharoitlarda yaxshi hosil berayotgan navlarni tahlil qilib, ularning super elita va elita urugʻlarini koʻpaytirish boʻyicha ilmiy tashkilot va urugʻchilik korxonasini belgilash;
hududlarning tuproq-iqlim sharoitlariga mos eng maqbul navlarni hududlarda koʻpaytirish va ekish boʻyicha klasterlarga topshiriqlar (koʻrsatmalar, buyurtmalar) berish;
tuproq unumdorligi, uning kimyoviy va biologik xususiyatlarining ilmiy tahlili asosida hududlarda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan kimyoviy va organik oʻgʻitlar roʻyxatini tasdiqlash;
gʻoʻza kasalliklari va hasharotlarga qarshi kurashish boʻyicha samarador preparatlarni qoʻllash yuzasidan koʻrsatmalar ishlab chiqish va tatbiq etish;
klasterlarga hududlar tuproq-iqlim sharoitlariga mos gʻoʻza navlarini ekish va urugʻlarini koʻpaytirish, tuproq unumdorligini oshirish, mineral va organik oʻgʻitlardan foydalanish hamda paxtachilikda suv va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish boʻyicha koʻrsatmalar berish;
xususiy sektorni jalb qilgan holda davlat-xususiy hamda xususiy urugʻchilik klasterlarini tashkil etish va bu orqali raqobat muhitini yaratish.
4. Kengash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi maslahat-koʻmaklashuvchi hamda koʻrsatma beruvchi organdir. Kengash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan davlat boshqaruv organlari xodimlari, qishloq xoʻjaligi sohasidagi olimlar va mutaxassislar, shuningdek, paxta-toʻqimachilik klasterlari rahbar shaxslari orasidan shakllantiriladi.
Kengash raisi va boshqa aʼzolar uning ishida haq evaziga ishtirok etadi, mahalliy va xorijiy malakali mutaxassislar kengash faoliyatiga jalb etiladi.
5. Kengashning paxta yetishtirishda ilm va innovatsiyalarga asoslangan urugʻchilik, nav tanlash, yerga ishlov berish, oʻgʻitlash, sugʻorish ishlarini yoʻlga qoʻyishga oid koʻrsatmalari qishloq xoʻjaligi tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi.
6. Kengash oʻz vakolatlarini amalga oshirish vaqtida davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari bilan belgilangan tartibda oʻzaro hamkorlik qiladi.
II. Kengash ishini tashkil etish
7. Kengash ishini tashkil etish Vazirlar Mahkamasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi hamda boshqa davlat boshqaruv organlari rahbar va ishchi xodimlaridan iborat Kengashning boshqaruv guruhi (keyingi oʻrinlarda — Kengashning boshqaruv guruhi) tomonidan amalga oshiriladi.
8. Kengash zaruratga qarab, lekin bir oyda kamida bir marotaba oʻtkaziladigan yigʻilishlari Kengash ishining tashkiliy shaklidir.
9. Kengash yigʻilishlari Kengash raisi yoki uning topshirigʻiga koʻra boshqa aʼzolar tomonidan oʻtkaziladi.
10. Kengash yigʻilishlari aʼzolar umumiy sonining uchdan ikki qismi ishtirok etayotgan boʻlsa, vakolatli hisoblanadi. Kengash aʼzolarining ovozi teng kelib qolgan hollarda Kengash raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
11. Kengash yigʻilishlarini oʻtkazish joyi Kengashning boshqaruv guruhi tomonidan belgilanadi.
Zaruratga qarab, Kengash yigʻilishlari videokonferens-aloqa orqali oʻtkazilishi mumkin.
12. Kengash yigʻilishining kun tartibi loyihasi Kengashning boshqaruv guruhi tomonidan shakllantiriladi va Kengash aʼzolarini xabardor qilinadi.
Kengash oʻz yigʻilishiga boshqa shaxslarni taklif etishga haqli.
13. Kengash faoliyatini samarali tashkil etishni taʼminlash va tahliliy tadqiqotlar olib borish maqsadida tegishli sohalarda katta nazariy va amaliy tajribaga ega mutaxassislar orasidan hududiy ishchi guruhlari tashkil etiladi.
III. Masalalarni Kengashga kiritish, shuningdek, ularni tayyorlash va koʻrib chiqish tartibi
14. Kengash oʻziga yuklatilgan vazifalar boʻyicha qarorlar chiqarishga haqli.
Kengashning vakolat doirasida chiqargan qarorlari davlat organlari va tashkilotlari uchun majburiy hisoblanadi.
15. Kengashga koʻrib chiqish uchun masalalar, Kengashning boshqaruv guruhi, Kengash aʼzolari, davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan kiritilishi mumkin.
16. Kengash qarori bilan shakllantiriladigan tumanlardagi ishchi guruhlar (keyingi oʻrinlarda — hududiy ishchi guruhlar) tomonidan quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha ishlar tashkil etiladi:
hududda ekilgan paxta navlarini hududning tuproq-iqlim sharoitlariga mos maqbul tarzda tanlash, shuningdek agrotexnik tadbirlarni toʻgʻri amalga oshirilishini taʼminlash;
paxta ekilgan maydonlardagi tuproqning unumdorligini oshirish va samarali yer tayyorlashni tashkil qilish;
paxta ekilgan maydonlarda organik va mineral oʻgʻitlarning qoʻllanilishini yaxshilash;
paxta ekilgan maydonlarda gʻoʻza kasalliklari va zararkunandalariga qarshi kurashish boʻyicha zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish;
paxta ekilgan maydonlarda zamonaviy biostimulyatorlarni qoʻllash;
paxta yetishtirish jarayonida samarali suv tejamkor texnologiyalarni joriy qilish.
17. Hududiy ishchi guruhlar mazkur Reglamentning 16-bandida nazarda tutilgan yoʻnalishlar boʻyicha tahlillar asosida koʻrsatma loyihasini tayyorlab, Kengashning boshqaruv guruhiga kiritadi.
18. Kengashning boshqaruv guruhi besh kun muddatda Kengashning keyingi yigʻilishida qaror qabul qilish boʻyicha koʻrsatma loyihasini tayyorlaydi.
IV. Yakunlovchi qoidalar
19. Kengash faoliyatini axborot-tahliliy jihatdan va boshqacha tarzda taʼminlash Kengashning boshqaruv guruhi tomonidan amalga oshiriladi.
20. Ushbu Reglamentga oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlariga hamda Kengashning qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-iyuldagi PQ-308-son qaroriga3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashining boshqaruv guruhi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-iyuldagi PQ-308-son qaroriga4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi faoliyati yoʻlga qoʻyiladigan 13 ta tumanlarda amalga oshiriladigan
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-iyuldagi PQ-308-son qaroriga5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi faoliyati yoʻlga qoʻyiladigan 13 ta tumanlarda amalga oshiriladigan paxtachilik yoʻnalishidagi loyihalar
Izoh:
* Xorijiy ekspertlar Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan amalga oshiriladigan xalqaro qoʻshma ilmiy loyihalar dasturlari doirasida jalb qilinadi.
** Mazkur loyihalar ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-iyuldagi PQ-308-son qaroriga6-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi va uning boshqaruv guruhi aʼzolariga hamda Paxtachilik kengashi faoliyati yoʻlga qoʻyiladigan 13 ta tumanlar ishchi guruhlari aʼzolari mehnatiga oylik haq toʻlash
* Mehnatga haq toʻlash miqdori belgilangan tarif koeffitsiyentini qonunchilikda belgilangan MHTEKMga koʻpaytirish orqali aniqlanadi va toʻlanadi.