PQ-310-son Qaror · 07.07.2022

Qoraqalpogʻiston Respublikasida 2022-2024-yillarda aholi salomatligini muhofaza qilishni yanada kuchaytirish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-310
  • Qabul qilingan sana:07.07.2022
  • Kuchga kirgan sana:08.07.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/310/0607

2022-yil 18-mart kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sogʻliqni saqlash sohasi vakillari bilan “Tibbiyotdagi islohotlar — inson qadri uchun” mavzusidagi ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasida tibbiy yordam koʻrsatishni tashkil etishni takomillashtirish, aholi orasida kasalliklarning oldini olish va barvaqt aniqlash, tibbiy xizmatlarni aholiga yaqinlashtirish va ularning sifatini oshirish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va kadrlar salohiyatini yanada oshirish maqsadida:

1. Sogʻliqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining:

Nukus shahrida joylashgan Bolalar ftiziatriya sanatoriysi negizida ushbu sanatoriyda mavjud 250 ta oʻrin fondini maqbullashtirish hisobiga Qoraqalpogʻiston Respublikasida surunkali kasalligi va nogironligi mavjud boʻlgan bolalar uchun 120 oʻrinli Bolalar tibbiy reabilitatsiya markazini hamda Xoʻjayli tumanidagi Respublika koʻp tarmoqli bolalar sanatoriysi negizida 80 oʻrinli Bolalar ftiziatriya sanatoriysini tashkil etish;

Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Nukus filialini tugatish hamda Nukus shahar tibbiyot birlashmasi tarkibida tugatilayotgan filialning boʻshayotgan hududi, bino-inshootlari negizida mavjud oʻrinlar va shtat birliklarini saqlagan holda 20 oʻrinli xirurgiya boʻlimini tashkil etish;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi koʻp tarmoqli tibbiyot markazining xirurgiya boʻlimi negizida akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Nukus filialini tashkil etish;

Nukus shahar tibbiyot birlashmasi tarkibida mavjud oʻrinlar doirasida umidsiz ogʻir bemorlar uchun 20 oʻrinli palliativ yordam koʻrsatadigan boʻlimni (xospis) tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

2. Quyidagilar:

Qoraqalpogʻiston Respublikasida 2022 — 2024-yillarda aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy-sanitariya yordamining sifat va samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat tibbiyot muassasalarini qoʻshimcha jihozlash dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev) Moliya vazirligi (T. Ishmetov) va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi (Q. Sariyev) bilan birgalikda:

a) 2022-yil yakuniga qadar:

birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalaridan uzoq masofada joylashgan mahallalarda mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha 34 ta mahalla tibbiyot punktlarini tashkil etish va ularni zarur jihozlar bilan taʼminlash;

tez tibbiy yordam tizimida mavjud avtotransport vositalari parkini bosqichma-bosqich yangilash rejasiga asosan tez tibbiy yordam xizmatini 63 ta yangi tez tibbiy yordam maxsus avtotransport vositalari bilan taʼminlash choralarini koʻrsin;

b) 2022-yil 1-sentabrdan boshlab:

koʻp tarmoqli markaziy poliklinika va oilaviy poliklinika filiallari negizida mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan 16 ta oilaviy shifokor punktlarini tashkil etish va faoliyatini yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrsin;

bolalar orasida koʻp uchrayotgan kasalliklarni erta aniqlash maqsadida 2 — 10 yoshli bolalar orasida gelmintoz, 12 — 15 yoshli qizlar orasida kamqonlik kasalligi boʻyicha skrining dasturlarini joriy etsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi markaziy apparatining tashkiliy tuzilmasida xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni hamda Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlar doirasida Orolboʻyi mintaqasida tibbiy xizmat boʻyicha vazirning oʻrinbosari lavozimi joriy etilsin va unga quyidagi vazifalar yuklansin:

Orolboʻyi mintaqasida yashovchi aholining genofondini tiklash va sogʻligʻini saqlash boʻyicha takliflar ishlab chiqish, ularni amalga oshirish boʻyicha zarur chora-tadbirlar, xalqaro va mahalliy loyihalar hamda dasturlarni shakllantirishga koʻmaklashish, ularning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash;

Orolboʻyi mintaqasida tarqalgan kasalliklar, shu jumladan yurak qon-tomir, stomatologik, oʻtkir ichak, oʻpka, gematologik va onkologik kasalliklarni profilaktika qilish va kamaytirish choralarini koʻrish;

sogʻliqni saqlash mintaqaviy tizimini takomillashtirish, aholining, ayniqsa bolalar va ayollarning sogʻlomlik darajasini oshirish, sanitariya-epidemiologik vaziyatni yaxshilash, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, kundalik hayotga oilaviy salomatlik madaniyatini joriy etishga koʻmaklashish;

bolalar, tugʻish yoshidagi, homilador va bola emizuvchi ayollarni profilaktik maxsus preparatlar bilan bepul taʼminlash borasidagi ishlarning samarali tashkil etilishiga koʻmaklashish;

hudud aholisi, shu jumladan tugʻma yurak nuqsoni bilan tugʻilgan bolalarga yuqori texnologiyaga asoslangan malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatishni taʼminlash;

olis hududlarda tibbiy yordam sifatini yaxshilash, sharoiti ogʻir mahallalarda sogʻliqni saqlash yoʻnalishida mavjud muammolarni hal etish choralarini koʻrish.

Belgilansinki, Orolboʻyi mintaqasida tibbiy xizmat boʻyicha vazirning oʻrinbosari oʻz faoliyatini ustuvor tarzda Orolboʻyi mintaqasida tashkil etadi hamda sohaga oid muammolarni shahar va tumanlarning oʻziga xos xususiyatidan kelib chiqqan holda joyida hal etib borish uchun tegishli choralar koʻrilishini taʼminlaydi.

5. Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev) Moliya vazirligi (T. Ishmetov), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov) bilan birgalikda 2022-yil 1-sentabrga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasining aholisi kam boʻlgan va tarqoq joylashgan Moʻynoq, Boʻzatov, Qoraoʻzak, Taxtakoʻpir, Shumanay, Qonlikoʻl tumanlari koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarining ayrim tor soha mutaxassislari (kardiolog, onkolog, urolog, otolaringolog, bolalar otolaringologi, nevrolog, bolalar nevrologi) lavozimlarining shtat meʼyorlarini biriktirilgan aholi sonidan qatʼi nazar bir shtat birligidan kam boʻlmagan miqdorda belgilasin.

6. Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev), Moliya vazirligi (T. Ishmetov) va Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi (F. Sharipov) 2025-yil 1-yanvardan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimi muassasalarini Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi orqali moliyalashtirishni yoʻlga qoʻysin.

(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-sentabrdagi PQ-311-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 07/24/311/0700-son)

Bunda, sogʻliqni saqlash tizimi muassasalarini moliyalashtirish uchun ajratiladigan budjet mablagʻlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti darajasida rejalashtirilishi nazarda tutilsin.

7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm viloyati va Toshkent shahrida gemodializ xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha Sogʻliqni saqlash vazirligi va “Nephrocare Nealth Services Pvt. Ltd — Nephroplus” (Hindiston) kompaniyasi oʻrtasida tuzilgan davlat-xususiy sheriklik (keyingi oʻrinlarda — DXSH) toʻgʻrisidagi bitim doirasida aholiga koʻrsatiladigan gemodializ xizmatlarining narxi milliy valyutaning xorijiy valyutaga nisbatan ayirboshlash kursi tebranishlariga asoslangan mexanizm boʻyicha DXSH bitimiga muvofiq yillik indeksatsiya qilinishi belgilab qoʻyilsin.

Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev) Moliya vazirligi (T. Ishmetov) va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi (Q. Sariyev) bilan birgalikda xususiy sherik (“Nephrocare Nealth Services Central Asia” MCHJ) tomonidan gemodializ xizmatlari koʻrsatish boshlagandan soʻng bir oy muddatda, hududiy shifoxonalarning gemodializ boʻlinmalarini maqbullashtirishdan boʻshagan mablagʻlarni hamda Sogʻliqni saqlash vazirligining markazlashtirilgan xarajatlar smetasida Nefrologiya va gemodializ yordami koʻrsatish samaradorligini oshirish dasturi uchun ajratilgan mablagʻlarning tegishli qismini Sogʻliqni saqlash vazirligining har bir hudud uchun alohida ochilgan shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga koʻchirish choralarini koʻrsin.

(7-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-sentabrdagi PQ-311-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 07/24/311/0700-son)

Bunda xususiy sherik tomonidan koʻrsatilgan gemodializ xizmatlari uchun toʻlovlar 2022-yildan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, 2026-yil 1-yanvardan boshlab Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi tomonidan amalga oshiriladi hamda mablagʻlarning maqsadli sarflanishi toʻliq nazoratga olinadi.

(7-band Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PQ-388-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2025-y., 07/25/388/1235-son)

8. 2022-yil 1-iyuldan boshlab leprozoriylarda ishlaydigan barcha xodimlarning lavozim maoshiga sogʻliq uchun oʻta xavfli sharoitlar munosabati bilan 50 foiz miqdorida ustama belgilansin.

9. Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi (Q. Sariyev) bilan birgalikda:

a) tibbiyot oliy taʼlim muassasalarining 2021-2022-yillardagi bitiruvchilarini ishga qabul qilish orqali mavjud vakant oilaviy shifokor shtatlarini toʻldirsin;

b) kamida 3 yillik ish stajiga ega boʻlgan oilaviy shifokorlarni birlamchi boʻgʻinda tor soha mutaxassisi sifatida faoliyat yuritishi uchun mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi filiallari, Qoraqalpogʻiston tibbiyot instituti hamda uning klinikasida qayta tayyorlash kurslarida oʻqitsin;

v) tibbiyot oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari hamda tibbiyot muassasalari mutaxassislarini tez tibbiy va shoshilinch yordam xizmatida faoliyat yuritishi uchun Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi hamda Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi va uning filiallarida qayta tayyorlash kurslarida oʻqitsin;

g) 2022 — 2024-yillarda Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qoʻllab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan:

Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika darajasidagi shifoxonalari uchun kamida 55 nafar mutaxassislarni respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi va tibbiyot oliy taʼlim muassasalarida qayta tayyorlash kurslarida oʻqitsin;

kamida 75 nafar tibbiyot xodimlarini nufuzli xorijiy tibbiyot muassasalari va markazlariga malaka oshirish va stajirovka oʻtash uchun yuborsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

11. Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri B.A. Musayev hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Q.R. Sariyev belgilansin.

13. Qaror ijrosini nazorat qilish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari L.N. Tuychiyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 7-iyul,

PQ-310-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-iyuldagi PQ-310-son qaroriga 1-ILOVA

Qoraqalpogʻiston Respublikasida 2022 — 2024-yillarda aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy-sanitariya yordamining sifat va samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-sentabrdagi PQ-311-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.09.2024-y., 07/24/311/0700-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-iyuldagi PQ-310-son qaroriga 2-ILOVA

Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat tibbiyot muassasalarini qoʻshimcha jihozlash dasturi

Izoh:

*Mazkur tibbiy asbob-uskunalar roʻyxati, qiymati va ularning taqsimotiga zarur hollarda Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan aniqlik kiritilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-iyuldagi PQ-310-son qaroriga 3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 26-fevraldagi “Sogʻliqni saqlash tizimini yanada isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-3214-son Farmonida:

a) 10-bandning ikkinchi xatboshisida “barcha Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari” soʻzlari “yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatuvchi tibbiyot tashkilotlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) 2-ilovada:

nomlanishida “Barcha respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari” soʻzlari “Yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatuvchi tibbiyot tashkilotlari” soʻzlari bilan almashtirilsin;

quyidagi mazmundagi 17-pozitsiya bilan toʻldirilsin:

“17. Dasturli gemodializ oluvchi bemorlar”.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-iyuldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5199-son qarori 1-bandining “b” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“b) quyidagilar:

2021-yil 1-noyabrdan boshlab koʻz mikroxirurgiyasi va urologiya;

2022-yil 1-yanvardan kardiologiya, travmatologiya va ortopediya hamda akusherlik va ginekologiya;

2022-yil 1-iyuldan xirurgiya va neyroxirurgiya yoʻnalishlaridagi tibbiy xizmatlar imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan koʻrsatilishiga ruxsat berilsin.”.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 22-iyuldagi “Shaxslarning ayrim toifalarini imtiyozli asosda dori vositalari bilan taʼminlash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 204-son qaroriga 1-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Ambulatoriyada davolanishda dori vositalari bilan imtiyozli taʼminlanish huquqiga ega boʻlgan shaxslar toifalari

ROʻYXATI

1. Onkologik kasalliklarga chalinganlar.

2. Sil kasalligiga chalinganlar.

3. Moxov kasalligiga chalinganlar.

4. Endokrinologik kasalliklarga (qandli va qandsiz diabetga) chalinganlar.

5. Ruhiy kasalliklarga chalinganlar.

6. OIV kasalligini yuqtirganlar.

7. Yurak klapanini protezlash va organlarni koʻchirish yuzasidan operatsiya qilingan shaxslar.

8. Dasturli gemodializ oluvchi bemorlar.

9. Oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz pensionerlar.

10. 1941 — 1945-yillardagi urush oqibatida nogiron boʻlgan shaxslar va urush qatnashchilari, shuningdek, ularga tenglashtirilgan shaxslar.

11. 1941 — 1945-yillardagi urush mehnat fronti qatnashchilari.

12. Chernobil AESi falokatini tugatishda ishtirok etgan shaxslar jumlasiga kiruvchi nogironligi boʻlgan shaxslar.

13. Baynalmilalchi jangchilar.

14. Harbiy xizmatni yadro poligonlarida va boshqa radiatsiya-yadro obyektlarida oʻtagan pensiya yoshidagi shaxslar”.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-oktabrdagi 892-son qarori bilan tasdiqlangan Onkologik xizmatni yanada rivojlantirish va onkologik kasalliklarning kechki bosqichlarini boshidan oʻtkazayotgan bemorlarga tibbiy-psixologik yordam koʻrsatishni takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi quyidagi mazmundagi 19-pozitsiya bilan toʻldirilsin:

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.