Neft va gaz sanoatini yuqori malakali kadrlar bilan taʼminlash, mazkur sohada taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish oʻrtasida oʻzaro integratsiyani yoʻlga qoʻyish, kadrlarni oʻqitishning usul va shakllarini takomillashtirish orqali taʼlim sifatini hamda mehnat resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga toʻgʻridan-toʻgʻri tatbiq qilish maqsadida:
1. Energetika vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda “Oʻzbekneftgaz” AJning 1-ilovada koʻrsatilgan ishlab chiqarish korxonalari, taʼlim, ilmiy-tadqiqot hamda kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tashkilotlari tomonidan birgalikdagi faoliyat toʻgʻrisidagi shartnoma asosida Neft va gaz sohasidagi taʼlim-ishlab chiqarish klasterini (keyingi oʻrinlarda — Taʼlim klasteri) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar Taʼlim klasterining asosiy faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
neft va gaz sohasida taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarishning oʻzaro integratsiyasini taʼminlash;
taʼlim tashkilotlari dasturlarining uzviyligi va uzluksizligini taʼminlash, oʻquv jarayoniga ilgʻor xorijiy tajribani, jumladan zamonaviy taʼlim texnologiyalarini tatbiq etish;
neft va gaz sohasi uchun ishlab chiqarish korxonalari ehtiyojlaridan kelib chiqib, zamonaviy talablar asosida xalqaro taʼlim standartlariga muvofiq mutaxassislar va ilmiy kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish;
oʻquvchi va talabalarni bevosita ishlab chiqarish amaliyotiga keng jalb qilish hamda ularda amaliy koʻnikmalarni shakllantirish;
yetakchi xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan hamkorlikda qoʻshma taʼlim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirish;
ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga toʻgʻridan-toʻgʻri tatbiq qilish orqali neft va gaz sohasi mahsulotlari ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish hamda sohaning eksport salohiyatini oshirish;
neft va gaz sanoati uchun tarmoq malaka ramkalari, kasb standartlari, xizmatchilar lavozimlari hamda ishchi kasblarining tarif-malaka maʼlumotnomalarini ishlab chiqish va joriy qilishda Energetika sohasida kasbiy malaka va bilimlar boʻyicha tarmoq kengashi bilan yaqindan hamkorlik qilish.
3. Taʼlim klasteri faoliyatini boshqarish maqsadida 2-ilovaga muvofiq tarkibda Neft va gaz sohasidagi taʼlim-ishlab chiqarish klasteri faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kengash (keyingi oʻrinlarda — Muvofiqlashtiruvchi kengash) tuzilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Taʼlim klasterining ishtirokchilari oʻrtasida oʻzaro aloqalarni taʼminlash;
Taʼlim klasteri faoliyati rivojlanishining asosiy yoʻnalishlarini belgilash, uning uzoq va oʻrta muddatli strategik dasturlarini tasdiqlash hamda amalga oshirilishini nazorat qilib borish;
Taʼlim klasteri oldiga qoʻyilgan vazifalar ijrosi va maqsadli koʻrsatkichlarga erishish holati boʻyicha Taʼlim klasteri ishtirokchilari faoliyatini oʻrganish hamda ularning axborotini eshitish;
Taʼlim klasterining moddiy-texnik, oʻquv-metodik bazasini mustahkamlash, shu jumladan uning aʼzolarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari va jihozlari, oʻquv-laboratoriya uskunalari hamda oʻquv-metodik adabiyotlar bilan taʼminlashga koʻmaklashish;
Taʼlim klasteri faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlash uchun jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari, xalqaro tashkilotlarning texnik koʻmak mablagʻlari va grantlari hamda qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa mablagʻlarni jalb etish.
4. Muvofiqlashtiruvchi kengashga (M. Abdullayev):
Taʼlim klasteri tarkibiga boshqa manfaatdor, shu jumladan xorijiy ishlab chiqarish korxonalari, taʼlim, ilmiy-tadqiqot hamda kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tashkilotlarini kiritish;
Taʼlim klasteri doirasida ilmiy loyihalar va oʻquv dasturlarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan laboratoriyalar, oʻquv poligonlari va boshqa tuzilmalarni tashkil qilish huquqi berilsin.
5. Quyidagilar:
2022-2023-yillarda Neft va gaz sohasidagi taʼlim-ishlab chiqarish klasterini kompleks rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq;
Neft va gaz sohasidagi taʼlim-ishlab chiqarish klasterini 2026-yilga qadar rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Muvofiqlashtiruvchi kengash (M. Abdullayev) boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda “yoʻl xaritasi” va maqsadli koʻrsatkichlarda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarilishini taʼminlasin.
6. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A. Toshkulov), Energetika vazirligi (A. Axmedxadjayev), Xalq taʼlimi vazirligi (B. Saidov), Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov), Innovatsion rivojlanish vazirligi (I. Abduraxmonov), Prezident taʼlim muassasalari agentligi (X. Umarova), Fanlar akademiyasi (B. Yuldashev), “Oʻzbekneftgaz” AJ (M. Abdullayev) Taʼlim klasteri doirasida:
a) maktab oʻquvchilarini ishlab chiqarish korxonalari uchun ustuvor boʻlgan kasblarga yoʻnaltirish maqsadida:
aniq va tabiiy fanlar boʻyicha variativ (ixtisoslashtirilgan) oʻquv rejasini ishlab chiqsin hamda ushbu rejani umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari faoliyatiga joriy qilsin;
ishlab chiqarish va oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan maktab oʻquvchilari uchun ekskursiyalar hamda soha faxriylari bilan uchrashuvlar tashkil etib borilishini taʼminlasin;
Taʼlim klasteri ishtirokchilari mablagʻlari hisobidan umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining texnologiya fani ustaxonalarini qayta jihozlasin va ushbu fan doirasida oʻquvchilarga ishlab chiqarish korxonalari uchun ustuvor boʻlgan kasblar boʻyicha boshlangʻich bilim berish amaliyotini yoʻlga qoʻysin;
b) professional va oliy taʼlim tashkilotlarining oʻquv jarayonini ishlab chiqarish korxonalari faoliyati bilan integratsiya qilish yoʻnalishida:
taʼlim tashkilotlarining oʻquv rejalari va fan dasturlarini ishlab chiqarish korxonalarining talablari asosida qayta koʻrib chiqsin hamda ulardagi fan va mavzularni amaliyotga yoʻnaltirish choralarini koʻrsin;
taʼlim tashkilotlarining oʻquv rejalaridagi fanlar sonini nomutaxassislik fanlar hisobiga bosqichma-bosqich kamaytirsin hamda talabalarda mustaqil taʼlim olish koʻnikmalarini shakllantirsin;
oliy taʼlim tashkilotlarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha xorijiy tillarda oʻqitiladigan mutaxassislik fanlari ulushini oshirsin;
taʼlim tashkilotlari uchun xorijiy adabiyotlar xarid qilsin hamda ularning axborot-resurs markazi fondlarini muntazam ravishda yangilab borsin;
taʼlim tashkilotlari talabalarining malakaviy amaliyoti va professor-oʻqituvchilarining stajirovkasini ishlab chiqarish korxonalarida oʻtkazish uchun ularga zarur shart-sharoitlarni yaratib bersin;
professional va oliy taʼlim tashkilotlarining oʻquvchi hamda talabalariga ishlab chiqarish korxonalarining malakali va tajribali xodimlarini amaliyot rahbari etib biriktirsin;
har yili professional va oliy taʼlim tashkilotlarining kamida 700 nafar talabasi ishlab chiqarish korxonalariga malakaviy amaliyotga jalb qilinishini taʼminlasin;
v) neft va gaz sohasida ilm-fanni rivojlantirish maqsadida:
ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining yuqori malakali professor-oʻqituvchi va mutaxassislarini ishlab chiqarish korxonalari doktorantlari va mustaqil tadqiqotchilariga ilmiy maslahatchi sifatida biriktirsin;
Taʼlim klasteri ishtirokchilari mablagʻlari hisobidan har yili neft va gazni chuqur qayta ishlash orqali yangi mahsulotlar olish boʻyicha kamida 5 ta ilmiy tajriba oʻtkazilishini taʼminlasin;
har yili ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining kamida 30 nafar ilmiy-pedagog xodimini ishlab chiqarish korxonalariga stajirovka va amaliyot oʻtashga jalb qilib borsin;
bitiruv malakaviy ishlar, magistrlik va doktorlik dissertatsiyalari mavzularini ishlab chiqarish korxonalaridagi muammolar asosida shakllantirsin;
ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining xodimlariga ularning ilmiy va innovatsion loyihalarini tijoratlashtirishda bevosita koʻmaklashsin.
7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab Taʼlim klasteri tarkibiga kiruvchi:
professional va oliy taʼlim tashkilotlarida neft va gaz sohasi boʻyicha tahsil olayotgan iqtidorli oʻquvchilar va talabalar uchun ishlab chiqarish korxonalarining stipendiyalari joriy etiladi;
ishlab chiqarish korxonalarining kamida 5 yil ish stajiga ega xodimlarini “Oʻzbekneftgaz” AJning tavsiyanomasi asosida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda, keyinchalik oʻzi faoliyat yuritib turgan korxonada kamida uch yil ishlab berish sharti bilan oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarida tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida maqsadli oʻqitish tartibi joriy etiladi;
ishlab chiqarish korxonalarida malakaviy amaliyot va stajirovka oʻtayotgan oʻquvchilar, talabalar, professor-oʻqituvchilar va ilmiy xodimlar shaxsiy himoya vositalari, vaqtinchalik turarjoy, uch mahal issiq ovqat va ishlab chiqarish korxonalari hududida transport vositasi bilan bepul taʼminlanadi;
ishlab chiqarish korxonalarining rahbar kadrlari va xodimlari uchun Davlat boshqaruvi akademiyasi, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutida malaka oshirish kurslari, shu jumladan onlayn tarzda tashkil etiladi. Bunda, malaka oshirish kurslarini bitirgan mutaxassislar belgilangan tartibda kadrlar zaxirasiga kiritiladi.
8. Quyidagilar Taʼlim klasteri faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Taʼlim klasteri ishtirokchilarining ajratmalari;
“Oʻzbekneftgaz” AJ Kuzatuv kengashi tomonidan belgilanadigan davlat ulushi boʻyicha dividendlar hisobidan amalga oshiriladigan har yillik ajratmalar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro tashkilotlarning texnik koʻmak mablagʻlari va grantlari;
qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
9. “Oʻzbekneftgaz” AJning quyidagi takliflari maʼqullansin:
“Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi” MCHJning Qashqadaryo viloyati, Gʻuzor tumani, Shoʻrtan qoʻrgʻonida joylashgan Xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish oʻquv markazini (keyingi oʻrinlarda — oʻquv markazi) mulkiy majmua sifatida “Oʻzbekneftgaz” AJ tizimidagi “UNG training” MCHJga (keyingi oʻrinlarda — “UNG training” MCHJ) mulk huquqi asosida bepul berish;
2022-yil yakuniga qadar oʻquv markazini “Oʻzbekneftgaz” AJ mablagʻlari hamda qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan toʻliq rekonstruksiya qilish va jihozlash;
oʻquv markazi binosida Taʼlim klasteri tarkibiga kiradigan oliy va professional taʼlim tashkilotlari hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari uchun alohida xonalar tashkil etish.
“Oʻzbekneftgaz” AJ (M. Abdullayev) 2022-yil 1-oktabrga qadar “UNG training” MCHJda zamonaviy talablarga javob beradigan kadrlarni tayyorlash maqsadida uning faoliyatiga kamida 5 nafar malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilsin.
10. Energetika vazirligi (A. Axmedxadjayev) va “Oʻzbekneftgaz” AJ (M. Abdullayev) 2023-yildan boshlab har yili “UNG training” MCHJda Taʼlim klasteri tarkibiga kiradigan ishlab chiqarish korxonalarining kamida 1 000 nafar xodimi malakasini oshirish choralarini koʻrsin.
11. Quyidagilarga ruxsat etilsin:
Taʼlim klasteri ishtirokchilari oʻrtasida birgalikda (hamkorlikda) ilmiy loyihalarni amalga oshirishga oid toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzish;
Taʼlim klasteri tarkibiga kiradigan ishlab chiqarish korxonalarining homiylik xayriyalari hisobidan oliy va professional taʼlim tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, oʻquv laboratoriyalarini taʼmirlash va jihozlash, ularni xomashyo (reagentlar, reaktivlar, butlovchi qismlar, dasturiy taʼminot mahsulotlari va boshqalar) bilan taʼminlash.
12. Muvofiqlashtiruvchi kengash (M. Abdullayev) har yili 1-oktabrga qadar neft va gaz sohasida ishlab chiqilishi lozim boʻlgan kasbiy standartlar boʻyicha takliflarni tegishli yilga moʻljallangan kasbiy faoliyatning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha kasbiy standartlarni ishlab chiqish reja-grafigiga kiritish uchun Energetika sohasida kasbiy malaka va bilimlar boʻyicha tarmoq kengashiga taqdim etib borsin.
13. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi M.R. Abdullayev hamda oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.X. Toshkulov belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Bosh vazirning maslahatchisi B.F. Islamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 7-iyul,
PQ-309-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-iyuldagi PQ-309-son qaroriga 1-ILOVA
Neft va gaz sohasidagi taʼlim-ishlab chiqarish klasterining
Izoh. Muvofiqlashtiruvchi kengash qarori asosida Taʼlim klasteri tarkibiga boshqa manfaatdor, shu jumladan xorijiy ishlab chiqarish korxonalari, taʼlim, ilmiy-tadqiqot hamda kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tashkilotlari kiritilishi mumkin.
* “Oʻzbekneftgaz” AJning Personalni boshqarish departamenti Muvofiqlashtiruvchi kengashning ishchi organi hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-iyuldagi PQ-309-son qaroriga 2-ILOVA
Neft va gaz sohasidagi taʼlim-ishlab chiqarish klasteri faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kengash
Izoh. Kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 29-oktabrdagi PF-197-sonli Farmoni tahririda)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-iyuldagi PQ-309-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-iyuldagi PQ-309-son qaroriga 4-ILOVA
Neft va gaz sohasidagi taʼlim-ishlab chiqarish klasterini 2026-yilga qadar rivojlantirishning