Soʻnggi yillarda aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, ijtimoiy himoya sohasiga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar miqdorini oshirish va qoʻshimcha resurslarni jalb qilish, ijtimoiy himoya dasturlari qamrovini kengaytirish va oilalarni ogʻir hayotiy holatlardan olib chiqishga qaratilgan qoʻshimcha mexanizmlarni joriy etish yoʻnalishlarida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan:
kam taʼminlangan oilalarni aniqlash va ularga manzilli yordam koʻrsatish maqsadida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi joriy qilindi;
kam taʼminlangan nafaqa oluvchi oilalar soni oxirgi uch yilda toʻrt barobarga oshib, 1,9 millionga yetdi;
kam taʼminlangan oilalardagi bolalarni parvarishlash uchun toʻlanadigan nafaqa qamrovi kengayib, nafaqa tayinlashda inobatga olinadigan bolalar yoshi 14 yoshdan 18 yoshgacha oshirildi, mazkur toʻlov muddati 6 oydan 12 oygacha hamda nafaqa miqdori oʻrtacha 1,5 barobarga oshirildi;
ishsizlik nafaqalarining eng kam miqdorlari 3,2 baravarga oshirildi, aholini bandligini taʼminlashga qaratilgan 20 dan ortiq yangi instrumentlar joriy etildi.
2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlardan kelib chiqib hamda ijtimoiy himoya sohasida tizimli islohotlarni izchil davom ettirish va yanada takomillashtirish, aholining ijtimoiy himoya olish huquqlarini taʼminlash, davlat ijtimoiy yordami va xizmatlarini koʻrsatishda samarali idoralararo muvofiqlashtiruvchi tizimni yaratish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilishning ustuvor yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
ijtimoiy yordamga muhtoj va ijtimoiy nafaqa tayinlash mezonlariga javob beradigan barcha oilalar va shaxslarni ijtimoiy yordam dasturlari bilan qamrab olish;
majburiy ijtimoiy kafolatlardan, shu jumladan ijtimoiy himoya turlaridan foydalanish imkoniyatini sohani raqamlashtirish hisobiga kengaytirish, ushbu jarayonga ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini joriy qilish;
aholi uchun majburiy ijtimoiy kafolatlarni taʼminlash, ehtiyojmand qatlamlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish;
nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga bosqichma-bosqich oʻtish hamda imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarning bandligini taʼminlash;
aholining muhtoj qismini zamonaviy protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlash;
ijtimoiy xizmatlarni aholiga bevosita mahalla darajasida koʻrsatish amaliyotini joriy etish.
2. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasining maqsadli koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasini 2022-2023-yillarda amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, ijtimoiy himoya choralari Oʻzbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasida (keyingi oʻrinlarda — Strategiya) belgilangan ustuvor maqsadlar doirasida ishlab chiqiladi.
(2-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi PF-84-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2025-y., 06/25/84/0432-son)
Bunda Strategiyada belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishishda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavflar baholab boriladi.
(2-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi PF-84-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2025-y., 06/25/84/0432-son)
3. Moliya vazirligi tarkibida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi tashkil etilsin.
Belgilansinki, Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi faoliyatini moliyalashtirish manbalari boʻlib Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisoblanadi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PF-206-sonli Farmoniga asosan 4-bandning oʻz kuchini yoʻqotish sanasi — 2026-yil 1-yanvar — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.11.2025-y., 06/25/206/1017-son)
5. Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (A. Inakov) Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev), Xalq taʼlimi vazirligi (B. Saidov), Moliya vazirligi (T. Ishmetov), Mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash vazirligi (S. Turdiyev), Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi (Z. Maxkamova) hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
2023-yil 1-martga qadar davlat tomonidan kafolatlangan va bepul taqdim etiladigan minimal ijtimoiy xizmatlar roʻyxatini shakllantirsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
2024-yil 1-iyulga qadar davlat tomonidan kafolatlangan va bepul taqdim etiladigan minimal ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatish standartlarini tasdiqlasin.
(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-dekabrdagi PF-216-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/216/1008-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
6. Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi tashkil etilishi munosabati bilan:
2022-yil 1-sentabrdan Moliya vazirligi huzuridagi Maʼmuriy binolardan foydalanish boshqarmasi tugatilishi hisobiga 3 ta shtat birligidan iborat Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasining faoliyatini tashkil etish boʻlimi;
budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining ijro apparati shtat birliklari hisobidan 2 ta shtat birligidan iborat Ijtimoiy toʻlovlarni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali amalga oshirish shuʼbasi;
2022-yil 1-sentabrdan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining moliya bosh boshqarmalari huzurida, ularning umumiy shtat birliklari doirasida 2 ta shtat birligidan iborat Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi mablagʻlarini boshqarish va Ijtimoiy sugʻurta nafaqalari toʻlovlarini monitoring qilish boʻlimlari tashkil etilsin.
7. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Moliya vazirligi bilan birgalikda ushbu Farmonning maqsad va vazifalari bosma va elektron ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan Internet jahon axborot tarmogʻi orqali aholi oʻrtasida muntazam, tizimli va keng koʻlamda yoritib borilishini taʼminlasin.
8. Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib moliya vaziri T.A. Ishmetov belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 25-iyul,
PF-175-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-iyuldagi PF-175-son Farmoniga1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi (keyingi oʻrinlarda — Strategiya) aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini rivojlantirish boʻyicha 2030-yilgacha boʻlgan davrda ustuvor yoʻnalishlarni va kompleks chora-tadbirlarni belgilab beradi hamda uning “Yoʻl xarita”si amalga oshirilishi natijasida koʻzda tutilgan maqsadli koʻrsatkichlarga erishish taʼminlanadi.
2. Strategiya Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon banki va Birlashgan Millatlar Tashkilotining bolalar jamgʻarmasi tomonidan 2020-yilda tayyorlangan “Oʻzbekistonda ijtimoiy himoya tizimini baholash” natijalari va tavsiyalariga asoslanib ishlab chiqildi.
3. Strategiya Xalqaro mehnat tashkilotining ijtimoiy himoyaning minimal darajalari boʻyicha 202-son tavsiyalariga muvofiq, barcha fuqarolar uchun minimal ijtimoiy himoya darajasini kafolatlaydigan tizimni yaratishni nazarda tutadi.
4. Strategiya quyidagi davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy himoya dasturlarini qamrab olgan:
1) Ijtimoiy yordam dasturlari doirasida:
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga moddiy yordam tayinlash;
(4-band 1-kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqasini tayinlash;
(4-band 1-kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi muhtoj oilalarga moddiy yordam berish;
yoshga doir nafaqalarni tayinlash;
zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqalarni tayinlash;
oʻzgalar parvarishiga muhtoj nogironligi boʻlgan 18 yoshgacha bolalarning parvarishi bilan band boʻlgan bolaning qonuniy vakiliga parvarishlash nafaqasini tayinlash;
bolalikdan nogironlik nafaqasini (I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarga) tayinlash;
nogironligi boʻlgan bolalar nafaqasini (18 yoshgacha) tayinlash;
oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan OIV infeksiyasiga hamda hayot uchun xavfli va surunkali rivojlanadigan kam uchraydigan (orfan) kasallikka chalingan bolalarga nafaqa tayinlash;
boquvchisini yoʻqotganlik nafaqasini tayinlash;
bir martalik dafn etish nafaqasi berish;
bola tugʻilganda beriladigan bir martalik nafaqa (suyunchi puli) berish;
uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha kompensatsiya pul toʻlovini tayinlash;
Chernobil AES halokati oqibatlarini bartaraf etishda qatnashgan shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va radiatsiya-yadro obyektlarida harbiy xizmatni oʻtagan pensiya yoshidagi shaxslarga imtiyozlar berish;
1941 — 1945-yillardagi urush faxriylari, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan fuqarolarga oziq-ovqat mahsulotlari uchun qoʻshimcha toʻlovni tayinlash;
1941 — 1945-yillardagi urush faxriylari, fashistlar konslagerlarining voyaga yetmagan sobiq mahbuslari va Leningrad shahri qamal qilingan davrda ishlagan fuqarolarga oziq-ovqat mahsulotlari va kiyim-kechak xaridi uchun kompensatsiya tayinlash;
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan pul mukofotini berish;
fuqarolarning ayrim toifalariga shahar yoʻlovchilar transportidan bepul foydalanish boʻyicha imtiyozlar berish;
davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oila farzandlarini toʻlovdan ozod etish;
(4-band 1-kichik bandining yigirmanchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlarini umumiy oʻrta taʼlim maktablarida darsliklar uchun ijara toʻlovlaridan ozod etish;
(4-band 1-kichik bandining yigirman birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)
umumiy oʻrta taʼlim maktablarida Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning farzandlari uchun kiyim-bosh berish;
(4-band 1-kichik bandining yigirman ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)
ayrim fanlarni oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar oʻquvchilarini ovqatlanish xarajatlaridan ozod etish;
(4-band 1-kichik bandining uchinchi ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)
“Temir daftar”ga kiritilgan oilalar, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar hamda “Mehr daftari”ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga yordam va koʻmak koʻrsatish;
yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni uy-joy bilan taʼminlash;
yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni oziq-ovqat, kiyim-kechak va sanitariya vositalari bilan taʼminlash;
oilaga tarbiyaga olingan (patronat) har bir yetim bola va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar uchun nafaqa toʻlash;
noturar joylarda istiqomat qilayotgan ayollar va ota-onasidan yoki ularning biridan ayrilgan hamda yolgʻiz onasi, yolgʻiz otasi yoki boshqa shaxslar qaramogʻida boʻlgan voyaga yetgan uy-joyga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan taʼminlash;
aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga bir martalik moddiy yordam berish;
2) Ijtimoiy taʼminot dasturlari doirasida:
yoshga doir pensiyasini tayinlash;
nogironlik pensiyasini tayinlash;
boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasini tayinlash;
Chernobil AES halokati oqibatlarini bartaraf etishda qatnashgan shaxslarga pensiya tayinlash;
homiladorlik va tugʻish nafaqasini tayinlash;
vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasini tayinlash;
ishsizlik nafaqasi tayinlash;
ishdan boʻshatish nafaqasi tayinlash;
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa yoki kasb kasalligi oqibatida dafn etish marosimi uchun beriladigan nafaqa, nogironlik pensiyasi hamda boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi tayinlash;
3) Ijtimoiy xizmatlar dasturlari doirasida:
“Mehribonlik” uylari, bolalar shaharchalari, oilaviy bolalar uylari va Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi bolalar uylarida tibbiy-ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish;
Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazlarida hamda nogironligi boʻlgan bolalar, ayollar va erkaklar uchun “Gʻamxoʻrlik” markazlarida tibbiy-ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish
(4-band 3-kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 27-apreldagi PF-69-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.04.2026-y., 06/26/69/0420-son)
keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar, urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriylar, urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatida tibbiy-ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish;
Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasi va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan ekspertiza xizmatlarini koʻrsatish;
Nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun hududiy reabilitatsiya markazlari tomonidan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish;
Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish boʻyicha respublika reabilitatsiya markazi tomonidan xizmat koʻrsatish;
Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi va hududiy markazlar tomonidan xizmat koʻrsatish;
Ichki ishlar organlarining muayyan yashash joyiga ega boʻlmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlari tomonidan xizmat koʻrsatish;
voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish xizmatlari;
muhtoj shaxslarni protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan taʼminlash xizmatlari;
uyda tibbiy-ijtimoiy xizmat koʻrsatishni tashkil etish;
oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga oziq-ovqat mahsulotlari uchun qoʻshimcha toʻlov toʻlash;
oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni bepul yoki imtiyozli dori-darmonlar bilan taʼminlash;
keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish, shuningdek, yakka tartibdagi ijtimoiy xizmatlar dasturini shakllantirish va amalga oshirish;
“Temir daftar”ga kiritilgan oilalar, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar va “Mehr daftari”ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga tibbiy, psixologik va boshqa xizmatlarni koʻrsatish;
4) Mehnat bozoridagi faol chora-tadbirlar dasturlari doirasida (keyingi oʻrinlarda — MBFCH):
haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish;
davlat maqsadli jamgʻarmalari (subsidiyalar, grantlar va kredit liniyalari) hisobidan bandlikni ragʻbatlantirish va tadbirkorlikka jalb etish;
mahalliy mehnat organlari tomonidan ish qidirayotgan hamda ishsiz shaxslarga xizmatlar koʻrsatish;
ish oʻrinlarining eng kam sonini belgilash va ish oʻrinlarini zaxiraga qoʻyish;
ish qidirayotgan hamda ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida zoʻravonlikka, majburiy mehnatga va tahqirlanishga duchor boʻlgan, mehnat va boshqa huquqlari buzilgan, murakkab moliyaviy ahvolga tushib qolgan va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarisiz, mablagʻlarsiz qolgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini huquqiy va ijtimoiy himoya qilish hamda ularga moddiy yordam koʻrsatish;
mehnat migratsiyasida boʻlgan vaqtda jarohat olishi, baxtsiz hodisaga uchrashi, ogʻir kasallikka chalinishi tufayli tibbiy yordam talab etilgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga mehnat migranti mablagʻlari yoki tibbiy sugʻurta hisobidan koʻrsatilgan tibbiy xizmatlar qiymatini toʻlash imkoni boʻlmaganda tibbiy xizmat koʻrsatish;
mehnat migratsiyasida boʻlgan vaqtida vafot etgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining jasadlarini, shuningdek, xorijda mehnat faoliyati vaqtida mayib boʻlgan yoki ogʻir jarohat olgan fuqarolarni olib kelish xizmatlarini koʻrsatish;
ilgari uyushgan holda tanlash doirasida xorijga ishga yuborilgan va borgan mamlakatning qonun hujjatlarini buzishi natijasida chiqarib yuborilgan (deportatsiya qilingan) Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini qaytarish, keyinchalik toʻlangan mablagʻlarni mazkur shaxslar hisobidan qoplash, shuningdek, xorijiy ish beruvchilar tomonidan ishga joylashtirish boʻyicha kelishilgan sharoitlar bilan taʼminlanmagan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini qaytarish;
mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini ketish oldidan moslashtirish, kasbga tayyorlash, ularni chet tillarga oʻqitish;
mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga ayrim xarajatlari uchun kompensatsiya toʻlash;
rivojlangan davlatlarga uyushgan holda tanlash tartibida mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga “ishchi viza”ni rasmiylashtirish xarajatlarini qoplab berish;
fuqarolarni xorijda uyushgan holda ishga joylashtirishga koʻmaklashish.
2-bob. Oʻzbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi doirasida erishish koʻzda tutilayotgan maqsadlar
2.1. Aholiga koʻrsatiladigan ijtimoiy xizmatlar tizimini rivojlantirish yoʻnalishidagi maqsadlar.
1-maqsad: Mahalla darajasida ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish. Ushbu yoʻnalishda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
a) aholining ijtimoiy himoyasini taʼminlashda mahalla darajasida ishlarni olib borish mexanizmini yoʻlga qoʻyish, yaʼni oilaning umumiy holatidan kelib chiqib, uni hayotiy qiyin vaziyatdan chiqarish boʻyicha kompleks yondashuv asosida ijtimoiy yordam va xizmatlarni koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish.
Bunda, oilani kambagʻallik holatidan chiqarish uchun zarur boʻlgan barcha ijtimoiy yordam va xizmatlar dasturlarini oʻz ichiga olgan individual ijtimoiy himoya rejasini ishlab chiqish orqali oilalar ijtimoiy himoya qilinadi;
b) oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash ishlarini yanada kuchaytirish, bolalarning asossiz ravishda oilalaridan ajralishini bartaraf etish, bolalarga nisbatan zoʻravonlikka yoʻl qoʻymaslik.
2-maqsad: Ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatuvchi xodimlar salohiyatini kuchaytirish. Bunda:
a) ijtimoiy xizmatlar koʻrsatuvchi xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini rivojlantirish;
b) tuman (shahar) tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boʻlimlarining faoliyatini rivojlantirish va ularning kadrlar salohiyatini kuchaytirish.
3-maqsad: Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar roʻyxati va standartlarini aniqlash.
Ushbu yoʻnalishda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
a) davlat tomonidan kafolatlangan va bepul asosda taqdim etiladigan ijtimoiy xizmatlar roʻyxatini ishlab chiqish va tasdiqlash (ijtimoiy-tibbiy, ijtimoiy-pedagogik, ijtimoiy-psixologik, ijtimoiy-huquqiy, ijtimoiy-maishiy va ijtimoiy-iqtisodiy xizmatlar).
Bunda, bepul ijtimoiy xizmatlar oluvchi shaxslar kontingenti aniqlanadi;
b) koʻrsatiladigan ijtimoiy xizmatlar hajmi, sifati va muddatlari, ularni koʻrsatish uchun zarur mehnat va moliyaviy resurslarni belgilovchi ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish standartlarini ishlab chiqish va tasdiqlash.
4-maqsad: Nogironlikni belgilashni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish.
Ushbu yoʻnalishda nogironlikni belgilashning anʼanaviy “tibbiy” modelidan zamonaviy “ijtimoiy” modeliga bosqichma-bosqich oʻtiladi.
Nogironlikni belgilashning ijtimoiy modelida asosan shaxsning jamiyat hayotida ishtirok etish masalasi inobatga olinadi.
5-maqsad: Internat shaklidagi muassasalarni noinstitutsionallashtirish.
Ushbu yoʻnalishda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
a) ogʻir kasalligi yoki nogironligi boʻlgan bolalarni va shaxslarni doimiy parvarish qiluvchilarning dam olishi uchun shart-sharoit yaratish va ularning dam olish vaqtida parvarishga muhtoj boʻlganlarga vaqtinchalik tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatish;
b) yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tarbiyaga olish, xususan oilalarga tarbiyaga olish, ularni vaqtinchalik parvarish qilish xizmatlarini keng joriy etish;
v) ijtimoiy xizmatlarni ustuvor tarzda institutsional taqdim etishdan bosqichma-bosqich voz kechish maqsadida oilaga tarbiyaga olishni (patronat) professionallashtirish va litsenziyalash, patronat ostidagi bolalarning turmush sharoitlarini va ularning tarbiyalanishini monitoring qilish.
5-1-maqsad: Parvarishlash iqtisodiyotining alternativ modellarini joriy etish.
Ushbu yoʻnalishda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
a) Parvarishlash iqtisodiyotining alternativ modellari konsepsiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash;
b) parvarishlash boʻyicha ijtimoiy xizmatlar roʻyxatini shakllantirish, standartlarini ishlab chiqish va xizmat koʻrsatuvchi subyektlar faoliyatini litsenziyalash tartibini belgilash;
v) parvarishlash ishlari bilan norasmiy band boʻlgan shaxslarni malaka oshirish, qayta tayyorlash va sertifikat berish orqali rasmiy bandlikka oʻtkazish choralarini koʻrish.
(2-bob Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-185-sonli Farmoniga asosan 5-1-maqsad bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.11.2024-y., 06/24/185/0944-son)
2.2. Mehnatga layoqatli aholini ijtimoiy taʼminot bilan qamrab olish yoʻnalishidagi maqsadlar.
6-maqsad: Ijtimoiy sugʻurta tizimini bosqichma-bosqich joriy etish, hamda uni xalqaro standartlarga asosan rivojlantirish.
Ushbu yoʻnalishda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
a) Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasini tashkil etish;
b) sugʻurta toʻlovlarini moliyalashtirish manbalarini aniqlash;
v) homiladorlik va tugʻish, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, ish beruvchi yuridik shaxs tugatilganda va tugatilayotgan korxonaning toʻlovlar uchun mablagʻlari mavjud boʻlmagan hollarda ishdan boʻshatish nafaqalari, ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar oqibatidagi sugʻurta toʻlovlarini ijtimoiy sugʻurta tizimi orqali amalga oshirish choralarini koʻrish;
g) Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasining moliyaviy barqarorligini taʼminlash;
d) rasmiy sektorda mehnat faoliyatini yurituvchi shaxslarni ijtimoiy sugʻurta vositalari bilan qoʻshimcha ijtimoiy himoya qilish darajasini taʼminlash orqali norasmiy sektorda mehnat faoliyatini yurituvchi shaxslarning rasmiy sektorga oʻtishini ragʻbatlantirish;
e) milliy qonunchilikni Xalqaro mehnat tashkilotining 1952-yildagi “Ijtimoiy taʼminotning minimal meʼyorlari toʻgʻrisida”gi 102-sonli Konvensiyasiga muvofiqlashtirish.
7-maqsad: Onalikning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish.
Ushbu yoʻnalishda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
a) homiladorlik va tugʻish nafaqalari toʻlovlarini ijtimoiy sugʻurta tizimi orqali amalga oshirish;
b) milliy qonunchilikni Xalqaro mehnat tashkilotining “Onalikni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi 183-sonli Konvensiyasiga muvofiqlashtirish.
2.3. Davlat tomonidan koʻrsatiladigan ijtimoiy yordam dasturlarini mustahkamlash yoʻnalishidagi maqsadlar.
8-maqsad: Davlat tomonidan koʻrsatilayotgan ijtimoiy yordamning aholining ehtiyojmand qatlamlariga manzilli yetkazib berilishini taʼminlash, kambagʻal oilalarning qashshoqlikka tushishiga yoʻl qoʻymaslik, oilalarni kambagʻallikdan olib chiqish.
Ijtimoiy yordamdan oilani kambagʻallik holatidan chiqarishga qaratilgan vosita sifatida foydalanish maqsadida davlat tomonidan berilayotgan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqalarini ijtimoiy shartnoma tuzish orqali taqdim etish tizimini yoʻlga qoʻyish. Ijtimoiy shartnoma tuzishda mablagʻlarni inson kapitalini rivojlantirishga yoʻnaltirish maqsadida bolalarni maktab, maktabgacha taʼlim va boshqa taʼlim muassasalariga qatnashi kabi shartlarni ishlab chiqish.
(2.3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)
Shuningdek, ijtimoiy yordam dasturlarini ijtimoiy shartnoma orqali bandlikka koʻmaklashish dasturlari bilan bogʻlash va Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning ishsiz aʼzolarini ish bilan taʼminlash hamda kelgusida ijtimoiy shartnoma shartlarini kengaytirish.
(2.3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)
9-maqsad: Ijtimoiy yordam tayinlash tartibini soddalashtirish va mezonlarini doimiy ravishda takomillashtirib borish.
Ushbu yoʻnalishda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
a) davlat tomonidan koʻrsatilayotgan ijtimoiy yordamning manzilliligini oshirish, ijtimoiy nafaqalarni tayinlashda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni baholash mezonlari hamda oila aʼzosiga toʻgʻri keladigan daromadni hisoblash usulini doimiy ravishda takomillashtirib borish va soddalashtirish, oilani Ijtimoiy reyestrning “davlat taʼminotidagi oila” yoki “kambagʻal oila” toifasiga kiritish uchun kambagʻallik chegarasini qoʻllash;
(2.3-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)
b) minimal isteʼmol xarajatlari qiymatini inflyatsiya darajasidan kelib chiqib indeksatsiya qilib borish, aholi daromadlari va xarajatlarining oʻzgarishini inobatga olgan holda kamida har besh yilda uning qiymatini qayta koʻrib chiqish va ushbu miqdordan kelib chiqib, ijtimoiy nafaqalarni va eng kam pensiya miqdorlarini belgilash tizimini qoʻllash;
v) doimiy parvarishga muhtoj nogironligi boʻlgan bolalar parvarishi bilan band boʻlgan oila aʼzolarini minimal daromad manbai bilan taʼminlab borish.
2.4. Aholining zaif qatlamlari mehnat bozoridagi faol chora-tadbirlardan foydalanishini kengaytirish yoʻnalishidagi maqsadlar.
10-maqsad: Ishsiz shaxslarni qoʻllab-quvvatlashni inson kapitaliga investitsiyalar orqali amalga oshirish.
Ushbu yoʻnalishda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
a) ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb etish va bandlikka koʻmaklashish dasturlariga ajratilgan resurslarni inson kapitalini rivojlantirishga, yaʼni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash yoki malaka oshirish va tadbirkorlikka jalb qilish kabi dasturlarga yoʻnaltirish, shu bilan birga jamoat ishlariga jalb qilingan band boʻlmagan aholi ulushini kamaytirish;
b) kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash yoki malaka oshirishda eng kam xarajat talabi bilan, band boʻlmagan shaxsning doimiy bandligini taʼminlashda eng yaxshi natijalarni koʻrsatuvchi mutaxassislik dasturlarini tanlab olish;
v) kasb-hunarga oʻqitish va texnik taʼlim berish sohasiga xususiy sektorni jalb qilish.
11-maqsad: MBFCH dasturlarining samaradorligini oshirish.
Ushbu yoʻnalishda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
a) resurslarni, shu jumladan, budjet mablagʻlari maqsadli va samarali sarflanishini taʼminlash maqsadida MBFCH natijalarini muntazam monitoring qilish.
Bunda, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda mehnat organlari tomonidan ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb etish, bandligiga koʻmaklashish kabi xizmatlarini ijtimoiy shartnoma tuzish orqali koʻrsatish amaliyoti respublikaning barcha hududlarida joriy etiladi. Ushbu tizim davlat mablagʻlari maqsadli va samarali ishlatilishini taʼminlaydi hamda dasturlarning band boʻlmagan aholini doimiy daromad manbai bilan taʼminlashini nazorat qiladi;
b) aholi bandligiga koʻmaklashish dasturlarini “mahallabay” tamoyili asosida hokim yordamchilari instituti orqali amalga oshirish.
Bunda, mavjud MBFCHni oʻrganish va baholash, aholining ijtimoiy zaif qatlamlari, jumladan ayollar, yoshlar va nogironligi boʻlgan shaxslarning MBFCHdan foydalanishida mavjud toʻsqinliklar bartaraf etiladi.
v) jamoat ishlarini va boshqa bandlikka koʻmaklashish dasturlarini Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar, nogironligi boʻlgan shaxslar, doimiy parvarish bilan band boʻlgan ayollar va boshqa ehtiyojmand, aholining zaif qatlamlarining ehtiyojlarini qondirishga moslashtirish orqali mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarning bandlik darajasini oshirish;
(2.4-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)
g) aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun tadbirkorlik faoliyatini yuritishga qulay sharoitlar yaratish maqsadida manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birga imkoniyati cheklangan tadbirkorlar, shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan yoshlar va ayollarning startap dasturlarini qoʻllab-quvvatlash platformasini rivojlantirish.
(2.4-bandning “g” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)
12-maqsad: MBFCH dasturlarini monitoring qilish tizimini yoʻlga qoʻyish.
Ushbu dastur doirasida bandlikka koʻmaklashish xizmatlarini koʻrsatishda band boʻlmagan aholi bilan mahalliy mehnat organlari oʻrtasida ajratilayotgan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishi va bu borada taraflarning ijtimoiy masʼuliyatini belgilovchi ijtimoiy shartnoma tuzish tizimi toʻliq yoʻlga qoʻyiladi.
3-bob. Davlat ijtimoiy himoyasining institutsional boshqaruv va moliyalashtirish tizimi
3.1. Institutsional boshqaruv tizimi.
13-maqsad: Aholini ijtimoiy himoya qilish dasturlariga masʼul boʻlgan organlari faoliyatining oʻzaro bogʻliqligini taʼminlash.
Bunda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish sohasidagi vazifa va funksiyalari bosqichma-bosqich kengaytirib boriladi hamda davlat ijtimoiy yordam va xizmatlari boʻyicha muvofiqlashtiruvchi organ sifatida faoliyati takomillashtiriladi.
(3.1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-dekabrdagi PF-216-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/216/1008-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
14-maqsad: Aholini ijtimoiy himoya qilish dasturlari boʻyicha yagona maʼlumotlar bazasini yaratish.
Bunda “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi aholining barcha ijtimoiy jihatdan zaif qatlamlari boʻyicha yagona maʼlumotlar bazasiga aylantiriladi.
(3.1-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)
15-maqsad: Ijtimoiy himoya sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va yuritishga masʼul boʻlgan vakolatli organni belgilash.
Kelgusida, davlatning aholini ijtimoiy himoya qilishga oid vazifa va funksiyalarini yagona tizim doirasida muvofiqlashtiruvchi davlat organini tashkil etish masalasi koʻrib chiqiladi.
Bunda, ushbu organning quyidagi vazifalari nazarda tutiladi:
a) “Temir daftar” roʻyxatini yuritish hamda unga kiritiladigan ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti ogʻir oilalar bilan ishlash;
b) Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga, shu jumladan ayollar va yoshlarga moddiy koʻmaklashish, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, huquqiy, uslubiy va amaliy yordam koʻrsatish;
(3.1-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)
v) keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy-maishiy xizmatlar koʻrsatish.
3.2. Aholini ijtimoiy himoya qilish sohasini moliyalashtirish.
16-maqsad: Ijtimoiy himoya sohasini moliyalashtirishni takomillashtirish.
Ushbu yoʻnalishda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
a) oʻrta muddatli istiqbolga maqsadli moʻljallarni asosiy moliyaviy hujjatlar va jarayonlarga kiritish, shuningdek, natijaga yoʻnaltirilgan budjet tizimi tamoyilini ijtimoiy himoya sohasi budjetini shakllantirishda qoʻllash;
b) ijtimoiy sugʻurta tizimi moliyaviy barqarorligini taʼminlash maqsadida Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasining daromadlari manbalarini aniqlash;
v) ijtimoiy himoya sohasiga qoʻshimcha mablagʻlarni jalb qilish, shu jumladan yangi loyihalarni xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda grantlar asosida tashkil etish;
g) davlat tomonidan taqdim etiladigan ijtimoiy yordam va xizmatlar boʻyicha davlat ijtimoiy himoyasiga yoʻnaltirilgan jami mablagʻlarni Davlat budjetida alohida xarajatlar boʻlimi sifatida aks ettirish;
d) natijaga yoʻnaltirilgan budjet tizimini ijtimoiy himoya sohasi budjetini shakllantirishda qoʻllash.
4-bob. Monitoring va baholash
5. Strategiya amalga oshirilgan chora-tadbirlar ijrosi va maqsadli koʻrsatkichlardan kelib chiqib har yili baholanadi hamda 2030-yilgacha boʻlgan maqsadlarga erishish uchun unga tegishli oʻzgartirishlar kiritish haqida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritiladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-dekabrdagi PF-216-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/216/1008-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
6. Strategiya amalga oshirilishi, uning natijadorligi, samaradorligi hamda milliy maqsad va vazifalarga erishishdagi yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavflar qonunchilikka muvofiq baholab boriladi. Bunda boshqa yoʻnalishdagi davlat siyosatidan va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatdan kelib chiqib ijtimoiy himoya sohasini umumiy siyosat bilan muvofiqlashtirish maqsadida Strategiyaga tegishlicha oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-maydagi PF-84-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.05.2025-y., 06/25/84/0432-son)
17-maqsad: Aholini ijtimoiy himoya qilish strategiyasini muvaffaqiyat bilan amalga oshirish.
Ushbu yoʻnalishda quyidagi chora-tadbirlar amalga oshiriladi:
a) Aholini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi samaradorligini baholab borish;
b) ijtimoiy himoya sohasiga oid maʼlumotlarni, shu jumladan har bir dastur kesimida ijtimoiy himoya oluvchilar soni, gender jihatdan taqsimlangan maʼlumotlar, sarflangan mablagʻ kabi maʼlumotlarni yigʻish, toʻplash va tahlil qilish, ijtimoiy himoya sohasidagi koʻrsatkichlar oʻzgarishlarini kuzatib borish va maqsadli koʻrsatkichlar bilan taqqoslash ishlarini olib borish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-iyuldagi PF-175-son Farmoniga2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasining maqsadli koʻrsatkichlari
T/r Indikator nomi Bazaviy koʻrsatkichlar Maqsadli koʻrsatkichlar Boshlangʻich maʼlumotlar Masʼul vazirlik va idoralar 2020-yil 2021-yil 2025-yil 2030-yil Maʼlumot nomi 2020-yil 2021-yil 1. Davlat budjeti xarajatlari tarkibida ijtimoiy himoya boʻyicha xarajatlar (foizda) 6,0 5,7 6,5 7,0 Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining jami xarajatlari (mlrd. soʻmda) 144 143 188 634 Moliya vazirligi 2. Kam taʼminlangan oilalarni ijtimoiy yordam dasturi bilan qamrab olish darajasi (foizda) 58,8 65,8 85,2 98,1 Ijtimoiy nafaqa oluvchi kam taʼminlangan oilalar (ming nafarda) 918 1 260 Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi 3. Kambagʻallik chegarasidan (2022-yildan boshlab minimal isteʼmol xarajatlari miqdori bilan belgilanadigan) past darajada yashovchi aholi (foizda) - 17,0 8,5 5,0 Uy xoʻjaliklarini tanlanma kuzatuvi darajasi (foizda) - 17,0 Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Davlat statistika qoʻmitasi 4. Oilada hamda muqobil parvarish qilishning boshqa shakllarida tarbiyalanayotgan yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar sonining tarbiya muassasalarida tarbiyalanayotgan yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar soniga nisbati (foizda) 97,3 99,3 100 100 “Mehribonlik” uylarida bolalar soni (ming nafarda) 2,0 0,6 Xalq taʼlimi vazirligi Oilada hamda muqobil parvarish qilishning boshqa shakllarida tarbiyalanayotgan yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar (ming nafarda) 75 78 Xalq taʼlimi vazirligi 5. Aholining mehnat bozorida koʻrsatiladigan xizmatlar bilan qamrab olinganligi (foizda) 64,2 65,3 65,0 70,0 Bandlikka koʻmaklashish dasturlari va jamoat ishlariga jalb etilgan ishsiz shaxslar (ming nafarda) 1 000 880 Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi 6. Ishsizlik nafaqasini oluvchi ishsizlar ulushi (foizda) 5,7 6,8 7,2 8,5 Ishsizlik nafaqasini oluvchi ishsizlar soni (ming nafarda) 89 98 Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi 7. Yoshga doir pensiya taʼminoti va nafaqa bilan qamrab olingan pensiya yoshidagi aholining ulushi (foizda) 77,6 77,9 79,0 80,0 Yoshga doir pensiya va nafaqa oluvchi shaxslar soni (ming nafarda) 2 892 3 042 Moliya vazirligi, Pensiya jamgʻarmasi Pensiya yoshidan oshgan (60 yosh — erkaklar, 55 yosh — ayollar) aholi soni (ming nafarda) 3 725 3 906 Davlat statistika qoʻmitasi 8. Nogironligi boʻlgan shaxslarga koʻrsatilgan reabilitatsiya xizmatlari ulushi (foizda) 16,9 16,9 17,9 20,9 Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar koʻrsatilgan nogironligi boʻlgan shaxslar soni (ming nafarda) 127 131 Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi Nogironligi boʻlgan shaxslar soni (ming nafarda) 752 798 Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi 9. Aholini muhtoj qismini zamonaviy protez-ortopediya buyumlari bilan taʼminlash darajasi (foizda) - - 35,0 100,0 Nogironligi boʻlgan shaxslar soni (ming nafarda) - - Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi 10. Aholini muhtoj qismini reabilitatsiya texnik vositalari bilan taʼminlash darajasi (foizda) - 6,0 45,0 100,0 Nogironligi boʻlgan shaxslar soni (ming nafarda) - 4 100 Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi 11. Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish boʻyicha Respublika reabilitatsiya markazida reabilitatsiya xizmatlari koʻrsatilgan shaxslarning odam savdosidan jabrlangan deb eʼtirof etilgan shaxslarga nisbatan ulushi (foizda) 61,3 62,4 63,3 65,4 Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish boʻyicha Respublika reabilitatsiya markazida reabilitatsiya qilingan odam savdosidan jabrlangan shaxslar (nafarda) 92 112 Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi Odam savdosidan jabrlangan deb eʼtirof etilgan shaxslar (nafarda) 150 185 Ichki ishlar vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-iyuldagi PF-175-son Farmoniga3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasini 2022-2023-yillarda amalga oshirish boʻyicha
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-dekabrdagi PF-216-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/216/1008-son — 2024-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)