PF-178-son Farmon · 27.07.2022

Tadbirkorlik subyektlari bilan samarali muloqot tizimini joriy etish va ularning huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-178
  • Qabul qilingan sana:27.07.2022
  • Kuchga kirgan sana:28.07.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/22/178/0681

Raqamli texnologiyalar orqali tadbirkorlik subyektlarining muammolari bilan ishlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish mexanizmlarini yanada kuchaytirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil (keyingi oʻrinlarda — Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil), Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasining “business.gov.uz” yagona interaktiv portalini quyidagi imkoniyatlarga ega boʻlgan “Tadbirkor virtual ofisi” axborot portaliga (keyingi oʻrinlarda — portal) aylantirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:

tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini kechayu kunduz qabul qilish, hal etish va ushbu jarayonlarni nazorat qilish;

davlat organlari va tashkilotlari hamda tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida tematik onlayn muhokamalar va soʻrovnomalar oʻtkazish orqali tadbirkorlik faoliyatiga toʻsqinlik qilayotgan tizimli muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish boʻyicha takliflarni shakllantirish;

qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan tadbirkorlik subyektlarining jamoaviy murojaatlarini qabul qilish;

tadbirkorlik subyektlari uchun zarur boʻlgan xizmatlardan foydalanish, shu jumladan litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlar, kredit, subsidiya, kompensatsiya hamda kafilliklar olish, soliq va bojxona maʼmuriyatchiligini amalga oshirish imkonini beruvchi axborot tizimlari bilan ulanish.

2. 2022-yil 1-avgustdan shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

a) portalga quyidagilar tomonidan murojaatlar kiritiladi:

tadbirkorlik subyektlari;

Savdo-sanoat palatasi huzuridagi “Call-markaz” xizmati;

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil — tadbirkorlardan sayyor qabullarda kelib tushgan murojaatlar asosida;

mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimlarining yordamchilari. Bunda, hokim yordamchilari tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini mahallaning oʻzida koʻrib chiqish va hal etish choralarini koʻradi, mahalla darajasida hal etish imkoniyati mavjud boʻlmagan murojaatlarni portalga kiritadi;

b) portalga kiritilgan murojaatlar avtomatik ravishda yoki Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil tomonidan (murojaatda vakolatli organ koʻrsatilmaganda) tegishli vakolatli organlarga koʻrib chiqish va hal etish uchun yoʻnaltiriladi;

v) vakolatli organlar portal orqali kelib tushgan murojaatlarni qonunchilikda belgilangan tartibda va muddatlarda koʻrib chiqadi hamda natijalari toʻgʻrisida axborotni portalga kiritadi;

g) Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil:

portalga kiritilgan murojaatlarni koʻrib chiqish tartibi va muddati ustidan raqamli nazorat oʻrnatadi hamda qonunbuzilish holatlari boʻyicha tegishli taʼsir choralarini qoʻllaydi;

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda murojaatlar tahlili asosida hududlar va sohalar kesimida tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga har oyda takliflar kiritib boradi.

3. Tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini “Tadbirkor virtual ofisi” axborot portali orqali qabul qilish, umumlashtirish va nazorat qilish sxemasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil devoni boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 101 ta shtat birligi miqdorida belgilansin va ularning qoʻshimcha 15 ta shtat birligi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining shtat birliklarini qisqartirish hisobiga shakllantirilsin.

5. Belgilansinki:

a) Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil Savdo-sanoat palatasi va boshqa manfaatdor idoralar bilan hamkorlikda har yili 1-fevralga qadar tasdiqlanadigan reja-grafiklar asosida:

tadbirkorlik subyektlarida oʻtkazilgan tekshiruvlarning qonuniyligi va tadbirkorlik sohasidagi qonunchilik hujjatlarining ijrosi holati yuzasidan davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan mahalliy hokimliklar faoliyatida oʻrganishlar oʻtkazadi;

hududlarda sayyor qabullar oʻtkazadi va tadbirkorlik subyektlari tomonidan koʻtarilgan masalalarni joyida hal qilish choralarini koʻradi;

vakolatli organlar uchun hududlarga chiqqan holda, tadbirkorlik subyektlarining murojaatlari bilan ishlash hamda tekshiruvlar oʻtkazish tartibi boʻyicha oʻquv mashgʻulotlarini tashkil etadi;

b) Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil har yili 1-avgustga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga davlat organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilishining holatiga doir yillik hisobot taqdim etadi.

(5-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi PF-184-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2024-y., 06/24/184/0954-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)

6. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022-yil yakuniga qadar portal mazkur Farmon talablariga muvofiq takomillashtirilishi va “Elektron hukumat” tizimining idoralararo platformasiga integratsiya qilinishini, shuningdek, portalning Mobile-ID tizimi orqali identifikatsiyalash imkoniyatiga ega mobil versiyasi yaratilishini taʼminlasin.

7. Moliya vazirligi Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning asoslantirilgan hisob-kitoblariga muvofiq 2022-yil 1-sentabrga qadar 2022-yil uchun Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi mablagʻlarini shakllantirish uchun Davlat budjetidan ajratilgan mablagʻlarni maqbullashtirish hisobiga portalni takomillashtirish, Savdo-sanoat palatasi huzuridagi “Call-markaz” xizmatini moliyalashtirish, shuningdek, mazkur Farmonda nazarda tutilgan Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonining faoliyatini takomillashtirish bilan bogʻliq boshqa xarajatlarni moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.

Bunda, 2023-yildan boshlab portaldan foydalanish va Savdo-sanoat palatasi huzuridagi “Call-markaz” xizmati faoliyati Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonining budjetdan tashqari jamgʻarmasi hisobidan moliyalashtiriladi.

8. Adliya vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan birgalikda 2022-yil 1-sentabrga qadar umumiy ovqatlanish va chakana savdo sohalaridagi faoliyatni tartibga soluvchi talablarni soddalashtirish hamda ushbu sohalardagi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash choralarini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda ruxsatnomaga ega yer qaʼridan foydalanuvchilarning hamda yer qaʼri davlat fondi kadastriga kiritilgan yer uchastkalarining roʻyxatlarini shakllantirsin.

Bunda, shakllantirilgan roʻyxatlarga asosan:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bir oy muddatda tegishli yer uchastkalarini Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratsin;

Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tegishli yer uchastkalari ajratilgandan soʻng bir oy muddatda tadbirkorlik subyektlariga yer qaʼridan foydalanish maqsadlari uchun zarur boʻlgan yer uchastkalarini ijara huquqi asosida taqdim etsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.

11. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil ikki oy muddatda quyidagilarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonining budjetdan tashqari jamgʻarmasini tashkil qilish, uning mablagʻlarini shakllantirish va foydalanish tartibini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini;

qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni.

12. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil D.S. Qosimov belgilansin.

Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 27-iyul,

PF-178-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-iyuldagi PF-178-son Farmoniga1-ILOVA

Tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini “Tadbirkor virtual ofisi” axborot portali orqali qabul qilish, umumlashtirish va nazorat qilish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 27-iyuldagi PF-178-son Farmoniga2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 15-martdagi “Tadbirkorlik faoliyatini himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish va prokuratura organlari faoliyatini optimallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5690-son Farmoniga 1 va 2-ilovalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 15-martdagi PF-5690-son Farmoniga1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonining

Boshqaruv xodimlarining umumiy soni — 101 nafar.

Texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarining umumiy soni — 40 nafar, shundan murojaatlar bilan ishlaydigan operatorlar soni — 15 nafar.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 15-martdagi PF-5690-son Farmoniga2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonining

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi “Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-62-son qaroriga 2 va 3-ilovalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi PQ-62-son qaroriga2-ILOVA

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining markaziy apparati

Agentlikning boshqaruv xodimlari soni — 62 nafar.

Texnik va yordamchi xodimlar soni belgilangan meʼyorlarga muvofiq aniqlanadi.

* Agentlikning boshqaruv xodimlari umumiy soniga kiritilmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-dekabrdagi PQ-62-son qaroriga3-ILOVA

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari

Boshqaruv xodimlarining cheklangan soni — 15 nafar.

Boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni — 210 nafar.

Texnik va yordamchi xodimlar soni amaldagi qonunchilikda belgilangan meʼyorlarga muvofiq aniqlanadi.”.

3. Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-apreldagi “Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning budjetdan tashqari jamgʻarmalariga mablagʻlar ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 62-son qaroriga 1-ilova quyidagi mazmundagi 41-pozitsiya bilan toʻldirilsin:

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.