PQ-335-son Qaror · 28.07.2022

Chirchiq shahrida qishloq xoʻjaligi mashinasozligi klasterini tashkil etishni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-335
  • Qabul qilingan sana:28.07.2022
  • Kuchga kirgan sana:29.07.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/335/0685

Qishloq xoʻjaligi mashinasozligi korxonalarini Chirchiq shahrida tashkil qilinayotgan qishloq xoʻjaligi mashinasozligi klasteriga koʻchirish, ularni joylashtirish, qurilish ishlarini jadallashtirish, mahalliy qishloq xoʻjaligi texnikalarini ishlab chiqaruvchi korxonalar oʻrtasida kooperatsiya tizimini kuchaytirish, texnikalarga servis xizmati koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish hamda ilm-fan bilan ishlab chiqarishni uygʻunlashtirish, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi tarmogʻini yanada rivojlantirish maqsadida:

1. Moliya vazirligi 2022-yil davomida qishloq xoʻjaligi texnikalarini kredit yoki lizing shartlari asosida xarid qilish uchun tijorat banklarining soʻrovnomalariga asosan 10 yil muddatga 7 foiz stavkada 100 million AQSH dollari ekvivalenti miqdorigacha milliy valyutadagi mablagʻlarni depozitga joylashtirsin. Bunda:

(1-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi PQ-471-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2023-y., 07/23/471/0001-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

tijorat banklari Moliya vazirligi tomonidan joylashtiriladigan resurslar hisobidan qishloq xoʻjaligi texnikalari xaridorlariga kreditlarni (lizingni) 2 yil imtiyozli davrni hisobga olgan holda, 10 yilgacha boʻlgan muddatga 10 foiz stavkada milliy valyutada ajratadi;

har qanday yuridik yoki jismoniy shaxs tomonidan istalgan xoʻjalik subyektlaridan hech qanday cheklovlarsiz, raqobat asosida qishloq xoʻjaligi texnikasini xarid qilish imkoniyati yaratiladi;

Moliya vazirligi qishloq xoʻjaligi texnikalarini xarid qilishga ajratiladigan kreditlar uchun mablagʻlar ajratishda tijorat banklariga qoʻyiladigan muvofiqlik mezonlarini belgilaydi.

2. “Oʻzavtosanoat” AJga quyidagi vazifalar yuklansin:

joriy yil 1-sentabrga qadar respublikada faoliyat yuritayotgan “CLAAS”, “John Deere”, “Case” kompaniyalari bilan hamkorlikda mahalliy avtomobilsozlik korxonalarining (“Samarqand Avtomobil zavodi” MCHJ, “UzautoTrailer” MCHJ, “Uz Truck and Bus Motors” MCHJ) dilerlik markazlari bilan kooperatsiya asosida, hududlarda 14 ta zamonaviy servis markazlari va 100 ta mobil brigadalarni tashkil qilish hamda zarur asbob-uskuna, butlovchi va ehtiyot qismlar bilan taʼminlash;

bunda, mahalliy qishloq xoʻjaligi texnikasi va avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilarining birinchi navbatdagi vazifasi texnik va taʼmirlash xizmatlarini koʻrsatish markazlarini tashkil qilish, sotilayotgan avtotransport vositalari va qishloq xoʻjaligi texnikasiga kafolat muddatida, kafolat muddatidan keyingi xizmat koʻrsatish, ichki bozorni uskunalar, ixtisoslashtirilgan instrumentlar, jihozlar bilan taʼminlash hamda sotish uchun ehtiyot qismlarni yetkazib berishni oʻz ichiga olgan zarur darajada sotuvdan keyingi xizmat koʻrsatishni taʼminlash hisoblanadi;

joriy yil 1-sentabrga qadar qishloq xoʻjaligi texnikalaridan foydalanuvchilarning malakasini oshirish maqsadida dilerlik markazlari negizida 14 ta malaka oshirish markazlarini tashkil qilish;

joriy yil 1-sentabrdan boshlab osma va tirkama texnikalarni yigʻuv usulida ishlab chiqarish;

2023-yilda xalqaro tan olingan GMS standartlaridan kelib chiqqan holda, klasterda zamonaviy ishlab chiqarish tizimini joriy qilish;

2023-2024-yillarda klasterdagi mavjud ishlab chiqarish uskunalarini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish;

2023-yil 1-sentabrga qadar milliy traktorni ishlab chiqarish boʻyicha nufuzli xorijiy ishlab chiqaruvchilar bilan muzokaralar oʻtkazib, hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;

2023-2024-yillarda klaster quvvatlarida chorvachilik, bogʻdorchilik va sabzavotchilik sohalarida talab yuqori boʻlgan yangi osma va tirkama texnikalarni ishlab chiqarishni tashkil etish.

3. “Oʻzavtosanoat” AJ, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Oʻzagroinspeksiya, Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi, tijorat banklari va lizing kompaniyalari hamda manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2022-yil 15-dekabrga qadar “yagona darcha” tamoyili asosida qishloq xoʻjaligi texnikalarini xarid qilish, xaridni moliyalashtirish, subsidiyalardan foydalanish, qishloq xoʻjaligi texnikalarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish, servis xizmatlaridan foydalanish hamda ehtiyot qismlarni xarid qilish imkoniyatini beruvchi raqamlashtirilgan yagona axborot portalini (keyingi oʻrinlarda — Raqamlashtirilgan yagona axborot portali) ishga tushirsin.

4. Quyidagilar:

“Texnologmash” MCHJ ustav kapitalidagi “Texnolog” AJga tegishli 100 foiz ulushni nominal qiymatida “Oʻzavtosanoat” AJga berish toʻgʻrisida 2022-yil 3-iyunda “Texnolog” AJ kuzatuv kengashining qarori qabul qilinganligi;

“Kwangjin Autosystems” MCHJ QKga tegishli Toshkent shahridagi boʻsh turgan bino va inshootlarni tutash yer uchastkasi bilan birgalikda “Uzautocomponents” MCHJ tasarrufiga oʻtkazish boʻyicha 2022-yil 5-aprelda “Kwangjin Autosystems” MCHJ QK ishtirokchilarining umumiy yigʻilishi qarori qabul qilinganligi;

“Kwangjin Autosystems” MCHJ QKning ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish uchun “Uzautocomponents” MCHJ tomonidan Andijon viloyatida “Mashinasozlik va elektrotexnika sanoat xabi”da zavod qurib berish toʻgʻrisida 2022-yil 6-iyunda “Oʻzavtosanoat” AJ tomonidan yagona ishtirokchining qarori qabul qilinganligi;

“Agregat-Agrotech” MCHJ ustav kapitalidagi “Uz-Semyung Ko” AJ QKga tegishli 100 foiz ulushni baholangan qiymatda “Uzautocomponents” MCHJga sotish toʻgʻrisida 2022-yil 3-iyunda “Uz-Semyung Ko” AJ QK kuzatuv kengashining qarori qabul qilinganligi;

“Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJning “Asakabank” AJdan jalb qilingan kreditlar boʻyicha yuzaga kelgan qarzdorligi va hisoblangan foizlarini soʻndirish maqsadida “Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJga tegishli bino va inshootlar tutash yer uchastkasi (keyingi oʻrinlarda — obyekt) bilan birgalikda “Asakabank” AJ tasarrufiga baholangan qiymatda oʻtkazib berilishi, obyektning baholash va kreditdan qarzdorlik summasi oʻrtasidagi farq “Toshkent traktor zavodi” MCHJga ochilgan alohida gʻaznachilik hisobraqamiga oʻtkazilishi yuzasidan 2022-yil 6-iyunda “Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJning yagona aksiyadori tomonidan qaror qabul qilinganligi;

“Agregat-Agrotech” MCHJ, “Ist Batterflay” MCHJ, “Texnologmash” MCHJ va “Kwangjin Autosystems” MCHJ QKlarning Toshkent shahridagi jami 6,1 gektar yer uchastkalarida 1-ilovada nazarda tutilgan loyihalarni amalga oshirish boʻyicha boshqaruv organlarining qarorlari qabul qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

5. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, “Oʻzavtosanoat” AJ, “Asakabank” AJ, “Toshkent traktor zavodi” MCHJ, “Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJ, “Chirchiq qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJ, “Texnolog” AJ, “Texnologmash” MCHJ, “Uz-Semyung Ko” AJ QK, “Agregat-Agrotech” MCHJ, “Uzautocomponents” MCHJ, “Kwangjin Autosystems” MCHJ QK va “Ist Batterflay” MCHJ boshqaruv organlarining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

“Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJning (“Chirchiq qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJning oʻtkaziladigan qarzdorligini inobatga olgan holda) “Asakabank” AJdan jalb qilingan kreditlari boʻyicha yuzaga kelgan qarzdorlik va hisoblangan foizlarni soʻndirish maqsadida “Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJga tegishli obyektni toʻliq “Asakabank” AJ tasarrufiga oʻtkazib berish;

“Asakabank” AJ balansiga qabul qilingan obyektning baholangan qiymati hamda “Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJning “Asakabank” AJ oldidagi qarzdorliklari oʻrtasidagi farq summasini uch oy muddatda “Toshkent traktor zavodi” MCHJga ochilgan alohida gʻaznachilik hisobraqamiga oʻtkazib berish;

“Asakabank” AJ yoki uning tizimidagi korxonalar tomonidan potensial investorlarni, xalqaro va mahalliy developer va boshqa konsalting tashkilotlarini jalb qilgan holda, obyektda Toshkent shahrining arxitektura qiyofasini yanada yaxshilash va obodonlashtirish maqsadida, aholi uchun koʻp qavatli uy-joy va xizmat koʻrsatish obyektlari (savdo majmuasi, nodavlat taʼlim muassasalari va boshqa) barpo etilishi yoki mavjud yer uchastkalari va bino-inshootlarni potensial investorlarga sotilishini Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda amalga oshirish;

“Texnolog” AJga tegishli “Texnologmash” MCHJ ustav kapitalidagi 100 foiz ulushni “Toshkent traktor zavodi” MCHJ ustav fondidagi davlat ulushini va “Texnolog” AJning ustav fondidagi “Toshkent traktor zavodi” MCHJ ulushini nominal qiymatda kamaytirish hisobiga “Oʻzavtosanoat” AJga oʻtkazish, bunda ushbu ulushning nominal qiymati hisobiga “Oʻzavtosanoat” AJ ustav fondidagi Moliya vazirligining ulushini oshirish;

“Uz-Semyung Ko” AJ QKga tegishli “Agregat-Agrotech” MCHJning ulushini baholangan qiymatda “Uzautocomponents” MCHJga sotish;

“Kwangjin Autosystems” MCHJ QKning ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish uchun “Oʻzavtosanoat” AJ tomonidan Andijon viloyatida “Mashinasozlik va elektrotexnika sanoat xabi”da qurilgan bino va inshootlarni ajratish hisobiga “Kwangjin Autosystems” MCHJ QKning Toshkent shahri hududidagi boʻsh turgan bino va inshootlarini tutash yer uchastkasi bilan birgalikda “Uzautocomponents” MCHJ tasarrufiga oʻtkazish;

“Asakabank” AJ tasarrufiga oʻtkazib berilayotgan obyektni 2023-yil 1-aprelga qadar “Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJga bepul foydalanishga berish;

mazkur qaror qabul qilingan kunda “Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJ hududida ijara shartnomalari asosida joylashgan korxona va tashkilotlarga 2023-yil 1-aprelga qadar mavjud ijara shartlarini oʻzgartirmasdan, “Asaka Kapital Invest” MCHJ bilan oʻrnatilgan tartibda ijara shartnomalari tuzgan holda egallab turgan obyektlardan foydalanishga ruxsat berish. Bunda, ushbu obyektlar “Asakabank” AJ tomonidan “Asaka Kapital Invest” MCHJga operativ boshqaruv shartlarida topshiriladi;

“Agregat-Agrotech” MCHJ, “Ist-Butterfly” MCHJ, “Texnologmash” MCHJ va “Kwangjin Autosystems” MCHJ QKlarning Toshkent shahridagi jami 6,1 gektar yer uchastkalarida mazkur qarorga 1-ilovada nazarda tutilgan loyihalarni amalga oshirish;

mazkur qarorga 1-ilovada nazarda tutilgan loyihalarni amalga oshirishdan olingan daromadlarni “Oʻzavtosanoat” AJ tizimiga kiruvchi yoki ustav fondidagi davlat ulushi unga ishonchli boshqaruvga berilgan xoʻjalik jamiyatlari tomonidan amalga oshirilishi lozim boʻlgan manzilli investitsiya va mahalliylashtirish loyihalarini, shu jumladan Andijon viloyatida tashkil etilayotgan zamonaviy metall quyuv sexi loyihasini, qishloq xoʻjaligi mashinasozligi klasterini oʻz vaqtida ishga tushirish, dastgoh va uskunalarni yangilash, dual taʼlim tizimini yoʻlga qoʻyish, muddati oʻtgan va joriy qarzdorliklarni qoplash hamda aylanma mablagʻlar bilan taʼminlash uchun yoʻnaltirish.

6. Belgilansinki:

mazkur qarorning 5-bandiga muvofiq tashkilotdan tashkilotga oʻtkaziladigan mulk, mulk huquqlari, shuningdek, davlat ulushlarini kamaytirish hisobiga mol-mulklarning berilishiga, jumladan obyektni “Asakabank” AJ tasarrufiga oʻtkazilishi va kelgusida bank tasarrufidan chiqarilishi realizatsiya sifatida qaralmaydi va iqtisodiy jihatdan oʻzini oqlaydigan bepul tovarlar berilishiga tenglashtiriladi;

“Asakabank” AJ tasarrufiga oʻtkazib berilgan obyekt potensial xaridorlarga sotilgunga yoki zamonaviy infratuzilma obyektlari barpo etilib, ishga tushirilguniga qadar, biroq koʻpi bilan 2023-yil yakuniga qadar yer va mol-mulk soliqlarining 50 foizini toʻlashdan ozod qilinadi.

7. Chirchiq shahridagi qishloq xoʻjaligi mashinasozligi klasterini rivojlantirish chora-tadbirlari rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.

9. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri oʻrinbosari A.M. Boboyev va “Oʻzavtosanoat” AJ raisi Sh.B. Umurzakov belgilansin.

Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 28-iyul,

PQ-335-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-iyuldagi PQ-335-son qaroriga 1-ILOVA

“Oʻzavtosanoat” AJ tizimiga kiruvchi xoʻjalik jamiyatlarining Toshkent shahri hududidagi boʻshaydigan bino va inshootlari joylashgan yer uchastkalarida amalga oshiriladigan loyihalar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-iyuldagi PQ-335-son qaroriga 2-ILOVA

Chirchiq shahridagi qishloq xoʻjaligi mashinasozligi klasterini rivojlantirish

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi PQ-471-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.01.2023-y., 07/23/471/0001-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-iyuldagi PQ-335-son qaroriga 3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-apreldagi “Agrar sektorni qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan oʻz vaqtida taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4268-son qarori 1-bandining uchinchi xatboshisidagi “gʻalla oʻrish va paxta terish texnikasi, respublikada ishlab chiqarilgan barcha turdagi traktorlar, gʻalla va paxta seyalkalari, shuningdek, uch yoki undan ortiq omoch korpuslarini” soʻzlari “respublikada ishlab chiqarilgan barcha turdagi oʻziyurar, osma va tirkama texnikalarni” soʻzlari bilan almashtirilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-noyabrdagi “Chirchiq shahrida qishloq xoʻjaligi mashinasozlik klasterini tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-7-son qarorida:

a) 2-bandda:

toʻrtinchi xatboshidagi “uch oy muddatda” soʻzlari “2022-yil yakuniga qadar” soʻzlari bilan almashtirilsin;

quyidagi mazmundagi beshinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Texnolog” AJga tegishli “Texnologmash” MCHJ ustav kapitalidagi 100 foiz ulushni “Toshkent traktor zavodi” MCHJ ustav fondidagi davlat ulushini va “Texnolog” AJning ustav fondidagi “Toshkent traktor zavodi” MCHJ ulushini nominal qiymatda kamaytirish hisobiga “Oʻzavtosanoat” AJga oʻtkazish, bunda ushbu ulushning nominal qiymati hisobiga “Oʻzavtosanoat” AJ ustav fondidagi Moliya vazirligining ulushini oshirish”;

beshinchi xatboshi oltinchi xatboshi deb hisoblansin;

b) 10-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“10. Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJ hamda uning hududida ijara shartnomalari asosida joylashgan, Chirchiq shahriga koʻchirilayotgan korxonalar hamda qishloq xoʻjaligi mashinasozligi klasteri tomonidan tayyor holda chetdan olib kelinadigan yoki yirik uzelli yigʻish usulida ishlab chiqariladigan qishloq xoʻjaligi texnikalariga nisbatan mahalliylashtirish darajasiga bogʻlanmagan holda mazkur qarorning 8-bandida nazarda tutilgan subsidiyalar, istisno tariqasida, 2024-yil 31-dekabrgacha tatbiq etilsin”.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 18-martdagi PQ-168-son qarori bilan tasdiqlangan Xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitalidagi xususiylashtiriladigan aksiya paketlari (ulushlari) roʻyxatidan 32 va 37-pozitsiyalar chiqarib tashlansin.

4. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-iyuldagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan Qishloq xoʻjaligi texnikasini kredit va lizing shartlarida xarid qilishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 6-bandi ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Bunda, qarz oluvchining lizing yoki kredit shartnomasi barcha turdagi kombaynlar va dvigatel quvvati 100 ot kuchidan koʻp boʻlgan traktorlar uchun 10 yil muddatga, qolgan traktorlar, osma va tirkama texnikalar uchun 7 yil muddatga rasmiylashtirilgan boʻlishi lozim”.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.