PQ-338-son Qaror · 29.07.2022

Turkiy davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-338
  • Qabul qilingan sana:29.07.2022
  • Kuchga kirgan sana:30.07.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/338/0693

Turkiy davlatlar tashkiloti bilan hamkorlik doirasida Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan “Tabarruk ziyorat” turizm konsepsiyasi boʻyicha tashabbusni yuqori saviyada tashkil etish, turizm sohasidagi tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash orqali yangi ish oʻrinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirish, shuningdek, Qoʻqon shahri 2022-yilda “Turkiy dunyoning turizm poytaxti” deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan shaharning madaniy va turizm infratuzilmasini rivojlantirish, turistlar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish, koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini takomillashtirish hamda jozibadorligini oshirish maqsadida:

1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi turkiy dunyo doirasida “Tabarruk ziyorat” turizm konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:

Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar bilan turizm sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash;

ziyorat va madaniy meros obyektlariga turlarni tashkil qilish va yangi sayohat marshrutlarini ishlab chiqish;

ziyorat va madaniy-tarixiy turizm doirasida muntazam targʻibot tadbirlarini tashkil etib borish;

Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Margʻilon, Qoʻqon, Termiz va boshqa tarixiy shaharlarda buyuk allomalarning ilmiy va madaniy merosi toʻgʻrisida seminar, simpozium, konferensiya, ilmiy-amaliy anjumanlar oʻtkazish hamda ilmiy-ommabop nashrlarda materiallar eʼlon qilish orqali sayyohlarni jalb etish;

Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar bilan hamkorlikda ilmiy-tahliliy materiallar, badiiy, teatr va kino asarlari, videoroliklar, kitoblar, tarqatma materiallar va boshqa koʻrinishdagi targʻibot materiallarini tayyorlash;

Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida oʻzaro hamkorlik orqali “Tabarruk ziyorat” brendini yaratish va targʻib qilish;

Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo va kuzatuvchi davlatlar, shuningdek, turkiy xalqlar diasporalari keng tarqalgan boshqa mamlakatlardan turistlarni mamlakatimizga keng jalb qilish;

tashkil etiladigan turli tadbirlar va loyihalar orqali turkiy xalqlar yosh avlod vakillarining oʻzaro madaniy yaqinlashuviga erishish, ularda milliy urf-odatlar va ajdodlarga hurmat kabi yuksak qadriyatlarni shakllantirish.

2. Quyidagilar:

Turkiy dunyo doirasida “Tabarruk ziyorat” turizm konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq;

Qoʻqon shahrining “Turkiy dunyoning turizm poytaxti” maqomini olganligi munosabati bilan 2022-2023-yillarda amalga oshiriladigan madaniy-maʼrifiy tadbirlar dasturi 3-ilovaga muvofiq;

Qoʻqon shahrida joylashgan restavratsiya qilinadigan va mukammal taʼmirlanadigan moddiy madaniy meros obyektlari roʻyxati 4-ilovaga muvofiq;

2022-yilda Qoʻqon shahrining infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar dasturi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Belgilansinki:

a) 2023-yildan boshlab, har ikki yilda bir marotaba:

may oyining uchinchi dekadasida Margʻilon shahrida “Margʻilon ipak matolarining xalqaro bozordagi ahamiyati” mavzusida koʻrgazma va ilmiy-konferensiya;

iyun oyining birinchi dekadasida “Lavanda” festivali;

iyul oyida oliy taʼlim muassasalari talabalari va yoshlar uchun Xalqaro “Turksoy” tashkiloti bilan hamkorlikda “Turkiy tilli yoshlar” xalqaro festivali;

avgust oyining uchinchi haftasida turkiy davlatlarning tadbirkorlik subyektlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar uchun “Tabarruk ziyorat” xalqaro mediaturi va uning doirasida “B2B” formatida uchrashuvlar tashkil etiladi;

b) Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar tillarida Davlat buyurtmasiga asosan milliy kino mahsulotlarini yaratish dasturi doirasida ajratiladigan mablagʻlar hisobidan madaniy merosimiz, buyuk alloma va ulamolarimizning ilm-fan rivojiga qoʻshgan bebaho merosini ommalashtirish va targʻib qilishga qaratilgan qisqa metrajli va hujjatli filmlar yaratish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

4. Quyidagilar:

Turizm qoʻmitasi, Tashqi ishlar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi — “Tabarruk ziyorat” xalqaro mediaturi va uning doirasida “B2B” uchrashuvlar hamda “Turkiy tilli yoshlar” xalqaro festivalini yuqori saviyada tashkil qilishga;

(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)

Turizm qoʻmitasi, Fargʻona viloyati hokimligi, Savdo-sanoat palatasi — “Margʻilon ipak matolarining xalqaro bozordagi ahamiyati” mavzusida koʻrgazma va ilmiy-konferensiya hamda “Lavanda” festivalini yuqori saviyada tashkil qilishga;

(4-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)

Kinematografiya agentligi — qisqa metrajli va hujjatli filmlar yaratishga masʼul hisoblanadi.

5. Turizm va madaniy meros vazirligi 2022-yil 1-oktabrga qadar:

a) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar tillarida yuritiluvchi “Tabarruk ziyorat” turizm platformasini (keyingi oʻrinlarda — Platforma) tashkil qilish;

b) Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda:

Platformani Turkiy davlatlar tashkilotining rasmiy veb-sahifasi bilan integratsiya qilish;

Turkiy davlatlar tashkilotining axborot resurslarida Konsepsiya va uning doirasida amalga oshiriladigan tadbirlarni joylashtirish choralarini koʻrsin.

6. Transport-logistika masalalarini tezkor koʻrib chiqish boʻyicha idoralararo komissiya (A. Abduxakimov) bir oy muddatda Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo va kuzatuvchi davlatlardan muntazam va charter aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha asoslantirilgan takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.

7. Turizm va madaniy meros vazirligi, Fargʻona viloyati hokimligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining:

Qoʻqon universiteti (keyingi oʻrinlarda — Universitet) huzurida Turizm fakulteti va Mehmonxona amaliyoti markazi, Akademik xostel, Akademik turizm markazi, Universitet va aholi uchun ochiq kutubxona va nashriyotni tashkil etish hamda uni turizm masalalari boʻyicha zamonaviy oʻquv adabiyotlari va kutubxona fondi bilan taʼminlash;

2022-yil 1-noyabrga qadar Madaniy meros agentligi huzurida davlat muassasasi shaklida “Qoʻqon” art-rezidensiyasini tashkil etish;

“Golden Valley Marathon” xalqaro marafonini tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

8. Belgilansinki:

Universitet huzuridagi Turizm fakulteti va Mehmonxona amaliyoti markazi, Akademik xostel hamda Akademik turizm markazi binolarini qurish — Universitet taʼsischilari mablagʻlari;

Universitet huzuridagi ochiq kutubxona va nashriyotni tashkil etish, uni asbob-uskunalar, texnika, xomashyo, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar bilan taʼminlash — Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi huzuridagi Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;

Universitetni turizmga oid zamonaviy oʻquv adabiyotlari va kutubxona fondi bilan taʼminlash — Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari va xalqaro moliya institutlarining grantlari hisobidan amalga oshiriladi.

(8-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)

9. Innovatsion rivojlanish vazirligi Fargʻona viloyati hokimligi va Universitet bilan birgalikda Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 2022-yil 1-sentabrga qadar yoshlar va talabalar uchun startap loyihalar tanlovini oʻtkazish choralarini koʻrsin.

10. Quyidagilar “Qoʻqon” art-rezidensiyasini saqlash xarajatlari uchun:

Turizm va madaniy meros vazirligi 2024-yil 1-yanvarga qadar budjetdan tashqari Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan;

Moliya vazirligi 2024-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida mablagʻ ajratilishini nazarda tutsin.

11. Fargʻona viloyati hokimligi, Turizm qoʻmitasi va Sport vazirligi “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2026-yil yakuniga qadar Fargʻona viloyatida islom dini, mintaqadagi mavjud din namoyandalari merosi va moddiy madaniy meros obyektlarini aks ettiruvchi “Turkiy dunyo bogʻi”, “Askiyachilar bogʻi” va “Shaxmat bogʻi” nomli tematik bogʻlarni barpo etsin.

(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi PF-87-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2025-y., 06/25/87/0451-son)

12. Belgilansinki:

a) Fargʻona viloyati hokimligi, Oʻrmon xoʻjaligi agentligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Turizm qoʻmitasi tomonidan “Turkiy dunyo bogʻi”, “Askiyachilar bogʻi” va “Shaxmat bogʻi” tematik bogʻlarida:

(12-band “a” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)

Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlardan tashrif buyurgan turistlar tomonidan manzarali daraxt va buta koʻchatlarini tanlab olib ekishi uchun maxsus interaktiv axborotlashtirilgan elektron portal tizimi yaratiladi;

mazkur portalda turistlar uchun manzarali daraxt va buta koʻchatlarini ularning turlaridan kelib chiqib tanlash va xarid qilish, daraxt va buta koʻchatlarini ekish joyini belgilab olish imkoniyati yaratiladi;

ekiladigan daraxt va buta koʻchatlariga turistlar toʻgʻrisida maʼlumot biriktiriladi;

b) 2022-yil 1-sentabrdan boshlab:

Turizm qoʻmitasi huzuridagi “Turistlarga xizmat koʻrsatish markazi” DUKning turistik axborot markazlari Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro aeroportlari, chegara oʻtkazish punktlarida bepul joylashtiriladi hamda Konsepsiyani amalga oshirish doirasida respublikaning turizm salohiyati targʻib qilib boriladi;

(12-band “b” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 17-yanvardagi PF-14-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.01.2024-y., 06/24/14/0052-son)

turistik axborot markazlari xodimlarining chegara oʻtkazish punktlari orqali kirib-chiqishi turistik axborot markazida faoliyat olib borishini tasdiqlovchi hujjat asosida amalga oshiriladi.

13. Fargʻona viloyati hokimligi Turizm va madaniy meros vazirligi, Qurilish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda tematik bogʻlar tashkil qilish uchun yer uchastkalari tanlanishi va ularning belgilangan tartibda ajratilishini taʼminlasin.

14. Ozarbayjon Respublikasining Shemaxa shahri 2023-yilda “Turkiy dunyoning turizm poytaxti” etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Turizm va madaniy meros vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Fargʻona viloyati hokimligining “Turkiy dunyoning turizm poytaxti” etib belgilanadigan shaharlar uchun ramziy kalit topshirish marosimini oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

15. Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Fargʻona viloyati hokimligi:

bir oy muddatda “Turkiy dunyoning turizm poytaxti” etib belgilanadigan shaharlar uchun ramziy kalit ishlab chiqsin;

Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2022-yil 1-dekabrga qadar Ozarbayjon Respublikasining Shemaxa shahriga ramziy kalit topshirish marosimini tashkil qilish choralarini koʻrsin.

16. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Tashqi ishlar vazirligi hamda Turizm va madaniy meros vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo va kuzatuvchi davlatlar oʻrtasida ziyorat turizmi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va “Tabarruk ziyorat” turizm konsepsiyasini yoritishga doir targʻibot tadbirlarini amalga oshirsin.

17. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib turizm va madaniy meros vaziri oʻrinbosari B. Ibragimov va Fargʻona viloyati hokimi X. Bozarov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduxakimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 29-iyul,

PQ-338-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-iyuldagi PQ-338-son qaroriga 1-ILOVA

Turkiy dunyo doirasida “Tabarruk ziyorat” turizm

1-bob. Umumiy qoidalar

Turkiy dunyo doirasida “Tabarruk ziyorat” turizm konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) Oʻzbekiston Respublikasining ziyorat turizmi yoʻnalishidagi ulkan salohiyatidan kelib chiqib, mamlakatimizda mavjud madaniy merosga qardosh millat va elatlarni keng jalb qilish, yosh avlodning xalqlarimiz tarixi va milliy-madaniy merosiga mehrini oshirish, Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, umumturkiy madaniy merosni birgalikda dunyoga targʻib qilish, bozorning turli segmentlariga yoʻnaltirilgan sayyohlik mahsuloti va xizmatlarini diversifikatsiya qilish, ularning raqobatbardoshligini oshirish, maqbul holda qulay ichki va xalqaro ziyorat turizmi muhitini yaratishga qaratilgan.

Konsepsiya Oʻzbekiston Respublikasida Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar doirasida ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.

2-bob. Oʻzbekistonning ziyorat turizmi salohiyatini oshirish boʻyicha xalqaro hamkorlik

Oʻzbekistonning ziyorat turizmi salohiyatini oshirish boʻyicha xalqaro hamkorlik borasida quyidagi ishlar amalga oshiriladi:

Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida transport logistikasi boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;

Turkiy davlatlar tashkilotining veb-portalida Konsepsiya boʻyicha onlayn-platforma va mobil ilovani ishlab chiqish;

Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo va kuzatuvchi davlatlar turizm sohasidagi vakolatli organlarining ziyorat turizmi mutaxassislari ishtirokida tajriba almashinuvini yoʻlga qoʻyish;

Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar boʻylab yurtimizning ziyorat turizmi salohiyatini keng targʻib etish maqsadida oʻzaro taqdimot, koʻrgazma va “B2B” formatidagi uchrashuvlar oʻtkazish hamda buyuk allomalarimizning hayoti, ilmiy merosiga bagʻishlangan filmlar namoyishini tashkil etish;

Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo va kuzatuvchi davlatlarning vakolatli organlari va mutaxassislari bilan umumturkiy madaniy meros obyektlarining konservatsiyasi va restavratsiyasini amalga oshirish boʻyicha muntazam hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;

Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo va kuzatuvchi davlatlarning turizm sohasidagi vakolatli organlari bilan turizm sohasidagi ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish masalalarida hamkorlik oʻrnatish;

Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo va kuzatuvchi davlatlarning turizm sohasidagi taʼlimi muassasalari oʻrtasida mutaxassis va talabalar almashinuvini hamda universitetlar talabalarining turkiy tilli davlatlarida yozgi taʼtil davrida malaka oshirishini tashkil qilish;

“Turkiy adabiyot xazinasi” nomli kitoblar turkumini Internet tarmogʻiga muntazam ravishda joylashtirib borish;

Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo va kuzatuvchi davlatlar telekanallarida Konsepsiya doirasida har bir davlatning turizm salohiyatini aks ettiruvchi telekoʻrsatuvlarni namoyish etib borish;

Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo va kuzatuvchi davlatlardagi nodavlat notijorat tashkilotlari boʻlgan turizm sohasi subyektlari birlashmalari bilan hamkorlikda yirik turoperatorlar (chiqish turizmi) va ommaviy axborot vositalari ishtirokida Oʻzbekistonga infoturlarni tashkillashtirish.

3-bob. Turkiy xalqlar oʻrtasida turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etish orqali turistlarni jalb qilish

Turkiy xalqlar oʻrtasida turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etish orqali turistlarni jalb qilish borasida quyidagi ishlar amalga oshiriladi:

har yili xalq hunarmandchiligi bilan tanilgan shaharlardan birida (Vobkent, Rishton, Chust, Shahrixon va boshqalar) anʼanaviy “Turkiy xalq hunarmandchiligi” mavzusida forumlarni tashkil etish;

Samarqand shahrida “Samarqand qogʻozining jahon ilm-fani va xalqaro iqtisodiyotda tutgan oʻrni” mavzusida koʻrgazma va ilmiy konferensiyani oʻz ichiga olgan xalqaro forumni oʻtkazish;

Margʻilon shahrida “Oʻrta asrlarda Margʻilon ipak matolarining xalqaro bozordagi ahamiyati” mavzusida koʻrgazma va ilmiy konferensiyani oʻz ichiga olgan xalqaro forumni tashkil etish;

Nukus shahrida turkiy xalqlar vakillari ishtirokida “Doʻmbira va qoʻbiz” xalqaro folklor festivalini tashkil etish;

Qarshi shahrida turkiy xalqlar vakillari ishtirokida “Chanqovuz va sibizgʻa” xalqaro folklor festivalini oʻtkazish;

Turk dunyosi yozuvchilari uyushmasi bilan hamkorlikda Navoiy shahrida turkiy xalqlar vakillari ishtirokida “Mumtoz sheʼriyat” festivalini tashkil etish;

Qoʻqon shahrida turkiy xalqlar vakillari ishtirokida “Etno-chellenj” (Ethno-challenge) bahodirlar oʻyinlari xalqaro festivalini oʻtkazish;

Xalqaro turk madaniyati tashkiloti (TURKSOY) bilan hamkorlikda “Turkiy tilli yoshlar xalqaro festivali”ni tashkil etish;

Turkiy dunyo bolalar jamgʻarmasi bilan hamkorlikda “Oʻzbekiston sayyohlik xaritasi”ni nashr etish.

4-bob. Turkiy xalqlar oʻrtasida turli ilmiy anjuman va konferensiyalar tashkil etish orqali turizmni targʻib qilish

Turkiy xalqlar oʻrtasida turli ilmiy anjuman va konferensiyalar tashkil etish orqali turizmni targʻib qilish borasida quyidagi ishlar amalga oshiriladi:

Toshkent shahrida “Muhammad al-Xorazmiy va Ahmad al-Fargʻoniy — Bagʻdod akademiyasining peshqadam olimlari: Sharq Renessansining boshlanishi” mavzusida ilmiy konferensiyani tashkil etish;

Samarqand shahrida “Imom al-Buxoriy — muhaddislar sultoni”, “Imom Abu Mansur Moturidiy faoliyati va Moturidiya aqidaviy mazhabi” mavzularida ilmiy konferensiya tashkil etish;

Xiva shahrida “Beruniy va Ibn Sino — ikkinchi ming yillikning taqdirini oʻzgartirgan daholar: Maʼmun akademiyasining jahon fani taraqqiyotida tutgan oʻrni” mavzusida ilmiy konferensiya tashkil etish;

Shahrisabz shahrida “Amir Temur saltanatida davlat boshqaruvi va huquq tizimi” mavzusida ilmiy konferensiya tashkil etish;

Termiz shahrida “Imom Buxoriy, Dorimiy va Termiziy: muhaddislikning Movarounnahr maktabi” mavzusida ilmiy konferensiya tashkil etish;

Bursa — Samarqand — Istanbul shaharlari boʻylab “Qozizoda Rumiy — Mirzo Ulugʻbek — Ali Qushchi” ilmiy ekspeditsiyasini tashkil etish;

Qoʻqon shahrida Ahmad al-Fargʻoniyning dunyo astronomiya ilmiga qoʻshgan merosiga bagʻishlab ilmiy konferensiya tashkil etish.

5-bob. Konsepsiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar

Bugungi kunda turkiy xalqlar oʻrtasida savdo-iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy, ilmiy-texnikaviy sohalarda oʻzaro munosabatlar rivojlanib bormoqda. Endilikda Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar doirasida Konsepsiyani amalga oshirish orqali mamlakatimizga tashrif buyuruvchi turistlar sonini oshirish imkoniyati mavjud.

Buyuk allomalarimiz merosi, shuningdek, buddizm va yahudiylik dinlari ziyoratchilarini mamlakatlar kesimida ularning aniq reyslar boʻyicha qabul imkoniyatlari hamda qoʻshni mamlakatlar salohiyatidan kelib chiqib, ziyoratchilar quyidagi yoʻnalishlarda jalb qilinadi:

Konsepsiya amalga oshirilishi natijasida Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlardan 2022 — 2026-yillar davomida mamlakatimizga 5 milliondan ortiq sayyoh jalb etilib, 1,3 milliard AQSH dollariga yaqin turizm xizmatlari eksport qilishga erishiladi. Jumladan:

hadisshunos olimlarimiz Imom al-Buxoriy, Muxammad ad-Dorimiy va Abu Iso at-Termiziy merosiga qiziquvchi 101 ming ziyoratchi;

Abu Mansur al-Moturidiy merosiga qiziquvchi 26,2 ming ziyoratchi;

Naqshbandiya tariqati izdoshlari boʻlgan 43,3 ming ziyoratchi;

Pahlavon Mahmud merosi va pahlavoniya tariqati izdoshlari boʻlgan 3 ming ziyoratchi;

yahudiylar dini merosiga talabgor 39,8 ming ziyoratchilar jalb etish kutilmoqda.

Shu bilan bir qatorda, turkiy dunyo davlatlari xalqlari foydalanishi uchun yagona elektron portal tashkil etilishi natijasida turizm xizmatlarini raqamlashtirishga erishiladi.

Bundan tashqari, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida tashkil etiladigan turli tadbirlar va loyihalar natijasida yosh avlod vakillarining oʻzaro madaniy yaqinlashuvi, milliy urf-odatlar va ajdodlarga hurmat kabi yuksak qadriyatlar shakllantiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-iyuldagi PQ-338-son qaroriga 2-ILOVA

Turkiy dunyo doirasida “Tabarruk ziyorat” turizm konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-iyuldagi PQ-338-son qaroriga 3-ILOVA

Qoʻqon shahrining “Turkiy dunyoning turizm poytaxti” maqomini olganligi munosabati bilan 2022-2023-yillarda amalga oshiriladigan madaniy-maʼrifiy tadbirlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-iyuldagi PQ-338-son qaroriga 4-ILOVA

Qoʻqon shahrida joylashgan restavratsiya qilinadigan va mukammal taʼmirlanadigan moddiy madaniy meros obyektlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-iyuldagi PQ-338-son qaroriga 5-ILOVA

2022-yilda Qoʻqon shahrining infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar

Izoh: loyiha qiymati va hajmiga qurilish-taʼmirlash ishlarining loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, tegishli ekspertiza xulosalari olingandan soʻng aniqlik kiritiladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.