PQ-340-son Qaror · 01.08.2022

Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori saviyada oʻtkazish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-340
  • Qabul qilingan sana:01.08.2022
  • Kuchga kirgan sana:01.08.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/340/0700

Xalqimizning ulkan jasorati va matonati bilan 1991-yil 31-avgustda qoʻlga kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi koʻp ming yillik tariximizdagi hech qachon unutilmaydigan, qadr-qimmati va ahamiyati yillar, asrlar oʻtgani sayin tobora ortib boradigan buyuk tarixiy voqeadir.

Aynan milliy mustaqillik el-yurtimiz uchun jahon hamjamiyatidan munosib oʻrin egallab, huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini qurish, shu jumladan, hayotning turli soha va tarmoqlarida keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratib, erishayotgan barcha yutuq va marralarimizning asosiy manbai boʻlib kelmoqda.

Ayniqsa, soʻnggi yillarda, dunyoda koronavirus pandemiyasi va iqtisodiy inqiroz, keskin raqobat, turli qarama-qarshilik va ziddiyatlar tufayli yuzaga kelgan gʻoyat ogʻir va murakkab vaziyatda mard va olijanob xalqimizning fidokorona mehnati bilan Yangi Oʻzbekistonni barpo etish va uni jahonga tarannum qilish boʻyicha muhim natijalarni qoʻlga kiritayotganimiz, bu yutuqlar xalqaro jamoatchilik tomonidan eʼtirof etilayotgani, eng asosiysi, vatandoshlarimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi oʻzgarib, ular islohotlar samarasini kundalik hayotida his qilib yashayotganini alohida taʼkidlash zarur.

2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish, erishilgan yutuqlarni mustahkamlab, tub islohot jarayonlarini yangi bosqichga koʻtarish, inson huquq va manfaatlari, uning qadri, shaʼni va gʻururini yetakchi oʻringa olib chiqish ustuvor vazifamizga aylangan hozirgi vaqtda yurtimizda tinchlik va barqarorlikni saqlash, davlatimizning hududiy yaxlitligi va boʻlinmasligi, sarhadlarimiz daxlsizligini taʼminlash, millatlararo totuvlik, diniy bagʻrikenglik va hamjihatlikni mustahkamlashga intilish koʻp millatli xalqimizni yanada birlashtiradigan, yuksak marralarga safarbar etadigan beqiyos kuchga aylanib bormoqda.

Buyuk istiqlolimizning xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuygʻularini kamol toptirish, yurtimizni har tomonlama erkin, obod va farovon mamlakatga aylantirishdagi ulkan ahamiyat va mohiyatini hisobga olib hamda Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz bir yilligini munosib kutib olish va ushbu qutlugʻ sanani yuksak darajada nishonlash maqsadida:

1. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha respublika komissiyasining (keyingi oʻrinlarda — Respublika komissiyasi) tarkibi 1-ilovaga muvofiq;

“Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar hamda targʻibot-tashviqot ishlari dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Respublika komissiyasi (A. Aripov):

Dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning samarali bajarilishi hamda Mustaqillik bayramining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, shuningdek, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda keng nishonlanishini taʼminlasin;

barcha hududlarda aholining keng qatlamlari oʻrtasida Mustaqillik bayramiga bagʻishlab maʼrifiy uchrashuvlar, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, dolzarb mavzular boʻyicha fikr almashuvlar, madaniy tadbirlarni samarali oʻtkazish maqsadida taniqli ilm-fan namoyandalari, ijodkor ziyolilar, madaniyat va sanʼat arboblaridan iborat targʻibot guruhlarini tashkil etsin hamda ularning aniq reja asosida faoliyat olib borishini yoʻlga qoʻysin;

belgilangan chora-tadbirlar qanday amalga oshirilayotgani yuzasidan har bir hudud, vazirlik va idora rahbarlarining hisobotlarini oʻz yigʻilishlarida muntazam ravishda eshitib borsin.

3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida oʻtkaziladigan bayram dasturlarini tayyorlashga ommaviy tomoshalar boʻyicha yuksak mahorat va tajribaga ega boʻlgan ssenarist va rejissorlar, yozuvchi va shoirlar, kompozitor va baletmeysterlar, sahna rassomlari, isteʼdodli yosh ijrochilar, maqom va baxshichilik sanʼati vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etilsin.

4. Joylarda Mustaqillik bayramini yuqori saviyada oʻtkazish maqsadida quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratilsin:

soʻnggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar, xalqimizning hayoti, qalbi va ongida yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlarni taʼsirchan usullarda ifoda etish;

mamlakatimizda turli millat va diniy konfessiya vakillari oʻrtasida ahillik va totuvlik muhitini yanada kuchaytirish, jamiyatda tinch va osoyishta hayotni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarning ahamiyatini chuqur tahlillar, aniq hayotiy misollar yordamida keng jamoatchilikka yetkazish;

bugungi tinch va erkin hayotni qadrlab, shukronalik tuygʻusi bilan yashashga, inson qadrini ulugʻlashga daʼvat etadigan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni uyushtirish;

aholining hayot darajasi va sifatini yaxshilash, yoshlar, xotin-qizlar, keksa avlod vakillari, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatishga qaratilgan dasturlarimizning ijobiy natijalarini koʻrsatish;

bayram munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi faxriylari, keksa avlod vakillarini qoʻllab-quvvatlash, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan hamda koʻmakka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ularga begʻaraz yordam berish bilan bogʻliq xayriya tadbirlarini amalga oshirish.

5. Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov):

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi (M. Hojimatov) va Yozuvchilar uyushmasi (S. Saidov) bilan birgalikda bir hafta muddatda Toshkent shahrida Mustaqillik bayramiga bagʻishlab oʻtkaziladigan teatrlashtirilgan konsert tomoshasining dasturi va ssenariysini ishlab chiqsin;

ushbu konsert tomoshasini tajribali ijodkorlar hamda yuqori malakali mutaxassislarni jalb etgan holda, yuksak gʻoyaviy-badiiy saviyada tayyorlash choralarini koʻrsin.

6. Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov), Badiiy akademiya (A. Nuridinov), Yozuvchilar uyushmasi (S. Saidov), Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi (O. Oʻsarov), “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi (I. Latipov) tegishli tashkilotlar bilan birgalikda “Eng ulugʻ, eng aziz”, “Ranglar jilosida — ona diyor”, “Vatan uchun yashaylik!” kabi anʼanaviy koʻrik-tanlovlarni yuqori darajada oʻtkazishni taʼminlasin.

7. Belgilab qoʻyilsinki, oʻtkaziladigan bayram tadbirlari:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda — tegishli mahalliy budjetlarning qoʻshimcha manbalari hamda homiylik xayriyalari hisobidan;

Toshkent shahrida — Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq respublika budjeti va Toshkent shahar mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda moliyalashtiriladi.

8. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Xadjayev), Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A. Koʻchimov), “Dunyo” axborot agentligi (S. Suyarov), Oʻzbekiston Milliy media assotsiatsiyasi (Sh. Qudratxoʻja) va boshqa ommaviy axborot vositalariga Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining oʻttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 1-avgust,

PQ-340-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-avgustdagi PQ-340-son qaroriga1-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha respublika komissiyasi

Izoh: Respublika komissiyasi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga ushbu lavozimga tayinlangan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-avgustdagi PQ-340-son qaroriga2-ILOVA

“Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar hamda targʻibot-tashviqot ishlari

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.