PQ-337-son Qaror · 29.07.2022

Taekvondo (WT) sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-337
  • Qabul qilingan sana:29.07.2022
  • Kuchga kirgan sana:29.07.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/337/0690

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-fevraldagi “Oʻzbekiston sportchilarining navbatdagi yozgi va qishki Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-127-son qaroriga muvofiq, shuningdek, taekvondo (WT)ni olimpiya sport turi sifatida ommalashtirish, yoshlar orasidan sportchilarni saralab olish tizimini yaxshilash, milliy terma jamoalarimizning nufuzli sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishishini taʼminlash maqsadida:

1. Quyidagilar 2022 — 2024-yillarda taekvondo (WT) sport turini (keyingi oʻrinlarda — taekvondo) rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

taekvondoni aholi oʻrtasida keng targʻib qilish, iqtidorli sportchilarni, shu jumladan sportchi-ayollarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yoʻlga qoʻyish;

maktabgacha yoshdagi bolalarda taekvondoning “Pumse” (poomsae) yoʻnalishiga qiziqish uygʻotish orqali nafas olish, xotira va konsentratsiyani yaxshilash, vestibulyar apparatni chiniqtirish kabi sogʻlomlashtirish ishlarini olib borish, shuningdek, istiqbolda maktabgacha taʼlim tashkilotlarida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) bilan hamkorlikda “Kids taekvondo” loyihasini ishga tushirish boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish;

ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, koʻp bolali oilalar farzandlarining taekvondo bilan shugʻullanishi uchun hududlarda “Taekvondo (WT) hamma uchun” dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish;

zarur shart-sharoitlar mavjud boʻlgan umumiy oʻrta taʼlim maktablarida taekvondo boʻyicha darsdan tashqari alohida sport seksiyalarini tashkil etish, ularga maktab joylashgan hududdagi sport maktabi va boshqa muassasadan trener-oʻqituvchilarni jalb etish, shuningdek, oʻrta maxsus, professional hamda oliy taʼlim tashkilotlari oʻquvchi va talabalari uchun taekvondo boʻyicha fakultativ mashgʻulotlarni joriy etish, taekvondo klublarini tuzish;

taekvondo boʻyicha xalqaro talablarga muvofiq zamonaviy sport majmualarini qurish, mavjud sport majmualarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy sport uskunalari va anjomlari bilan taʼminlash;

hududiy terma jamoalarning asosiy tayyorgarlik markazlari sifatida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida yengil konstruksiya asosida quriladigan markazlar tashkil etish;

taekvondoni oʻqitishning zamonaviy metodikalariga asoslangan ilmiy-uslubiy va oʻquv adabiyotlar bilan taʼminlash hamda tibbiy xizmatni rivojlantirish;

mahalliy korxonalar tomonidan xorijiy kompaniyalar bilan birgalikda taekvondo boʻyicha xalqaro standartlarga mos zamonaviy inventarlar va jihozlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish;

ommaviy axborot vositalarida sogʻlom turmush tarzining eng muhim tarkibiy qismi sifatida taekvondoni targʻib qilish hamda bu jarayonda yuqori darajadagi axborot texnologiyalari va multimedia mahsulotlaridan foydalanilishini taʼminlash.

2. Taekvondo (WT) sport turini 2022 — 2024-yillarda kengroq rivojlantirish dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Quyidagilar dasturni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida nazarda tutiladigan mablagʻlar;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar viloyat budjetlari va Toshkent shahri shahar budjeti mablagʻlari;

sport federatsiya (assotsiatsiya)lari, jamgʻarmalar, klublar, shuningdek, jismoniy tarbiya va sport jamiyatlari mablagʻlari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

3. Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston taekvondo (WT) assotsiatsiyasining 2023-yildan boshlab har yili anʼanaviy tarzda:

(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

respublikaning barcha hududlarida 4-sentabr — Butunjahon taekvondo kuniga bagʻishlangan taekvondo festivali;

taekvondo va parataekvondo boʻyicha “G2” darajasidagi nufuzli “Uzbekistan Open” xalqaro turniri;

taekvondo boʻyicha umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilari, shuningdek, oʻrta-maxsus, professional va oliy taʼlim tashkilotlarining oʻquvchi va talabalari oʻrtasida “Vazir kubogi” musobaqalarini oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

Yoshlar siyosati va sport vazirligi (Sh. Maxmudov) Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi (O. Qosimov), Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi (M. Tashxodjayev), Oʻzbekiston taekvondo (WT) assotsiatsiyasi (Sh. Tashmatov), Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X. Umarova), Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (I. Abduraxmonov) bilan birgalikda:

(3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

uch oy muddatda ushbu bandda koʻrsatilgan musobaqalarga puxta tayyorgarlik koʻrish va ularni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin;

ushbu bandda koʻrsatilgan taekvondo festivali va xalqaro turnirni 2023-yil 1-yanvardan boshlab sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasiga kiritilishini taʼminlasin;

taekvondo festivali va xalqaro turnirda mahalliy taekvondochilar bilan birgalikda yuqori reytingga ega boʻlgan xalqaro darajadagi kuchli taekvondochilar, trenerlar va hakamlarning ishtirokini taʼminlasin;

mazkur musobaqalarni oʻtkazish jarayonini mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari hamda boshqa kommunikatsiya manbalarida keng yoritsin.

Turizm va madaniy meros vazirligi (B. Ibragimov) yuqoridagi musobaqalarni turistik marshrutlar obyektlari roʻyxatiga kiritsin, ularga xorijiy va mahalliy turistlarni jalb etish choralarini koʻrsin.

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

5. Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Mudofaa vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston taekvondo (WT) assotsiatsiyasining assotsiatsiya tizimida Oʻzbekiston taekvondo akademiyasini (keyingi oʻrinlarda — Taekvondo akademiyasi) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

Belgilansinki, Taekvondo akademiyasi:

Butunjahon “Kukkiwon” taekvondo akademiyasi bilan hamkorlikda Markaziy Osiyoda yangi “leadership” imijini yaratish maqsadida tashkil etiladi;

Mudofaa vazirligining muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari (tabiiy gaz, elektr, telekommunikatsiya, ichimlik va oqova suv tarmoqlari) mavjud obyektlaridan birida joylashtiriladi.

6. Sport vazirligi (A. Ikramov), Mudofaa vazirligi (Sh. Xalmuxammedov), Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi (O. Qosimov), Oʻzbekiston taekvondo (WT) assotsiatsiyasi (Sh. Tashmatov):

(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 21-yanvardagi PQ-22-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2026-y., 07/26/22/0069-son)

bir oy muddatda Butunjahon “Kukkiwon” taekvondo akademiyasining tavsiyalarini inobatga olib, Taekvondo akademiyasi joylashadigan aniq manzilni belgilasin;

2024 — 2027-yillarda Taekvondo akademiyasini innovatsion texnologiyalarga asoslangan, qimmat boʻlmagan, energiya tejovchi va tez barpo etiladigan yengil konstruksiya va materiallardan qurish ishlarini yakunlasin va foydalanishga topshirsin. Bunda, akademiyaning binosi va zarur infratuzilmasini barpo etish 2024-2025-yildagi Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritiladi.

(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-yanvardagi PQ-22-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2026-y., 07/26/22/0069-son)

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi (B. Zakirov) Taekvondo akademiyasini qurish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazsin va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan davlat nazoratini oʻrnatsin.

(6-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

7. Quyidagilar Taekvondo akademiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:

taekvondo, shu jumladan parataekvondo (WT) boʻyicha sportchilar, trenerlar, trener-seleksionerlar, hakamlar va boshqa mutaxassislarning kasbiy mahorati va malakasini oshirish;

taekvondo, shu jumladan parataekvondo (WT) boʻyicha professional, yuqori malakali sportchilar, trenerlar, trener-seleksionerlar, hakamlar va boshqa mutaxassislarni xalqaro talablar asosida tayyorlashga koʻmaklashish;

taekvondo, shu jumladan parataekvondo (WT) boʻyicha oʻquv dasturlar va metodologiyani yangilash, yoshlarning tayyorgarlik jarayoniga ilgʻor innovatsion texnologiyalarni joriy etish;

mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida seminar-treninglar, master-klasslar, oʻquv mashgʻulotlari tashkil etish.

8. Quyidagilar Taekvondo akademiyasi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

Oʻzbekiston taekvondo (WT) assotsiatsiyasi mablagʻlari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro va chet el tashkilotlarining grantlari;

qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Taekvondo akademiyasi faoliyatini qoʻshimcha moliyalashtirish uchun Davlat budjeti mablagʻlari ham yoʻnaltirilishi mumkin.

Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda Taekvondo akademiyasi faoliyatini tashkil etish boʻyicha Hukumat qarorini qabul qilsin.

9. Mudofaa vazirligi (B. Kurbanov), Sport vazirligi (A. Ikramov), Oʻzbekiston taekvondo (WT) assotsiatsiyasi (Sh. Tashmatov) Qurolli Kuchlar tizimida taekvondoni ommalashtirish va rivojlantirish ishlarini amalga oshirsin, shu jumladan harbiy xizmatchilar va xodimlar oʻrtasida turnirlar hamda musobaqalarni tashkil qilsin, ularni sport zaxirasi va terma jamoalar tarkibiga jalb qilsin.

(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taekvondo boʻyicha terma jamoalarning asosiy tayyorgarligi uchun 2023-2024-yillarda hududlarda 14 ta ixtisoslashtirilgan taekvondo markazini barpo etish va ularni zamonaviy sport inventarlari va uskunalari bilan jihozlash boʻyicha tashabbusi qoʻllab-quvvatlansin.

Belgilansinki:

a) ixtisoslashtirilgan taekvondo markazlari iqtidorli yosh sportchilarni tanlab oladi hamda ularni kelgusida milliy terma jamoalarning asosiy va zaxira tarkibiga tayyorlab beradi, shuningdek, hududiy saralash musobaqalarini, klub chempionatlarini tashkil etadi va oʻtkazadi;

b) quyidagilar ixtisoslashtirilgan taekvondo markazlari faoliyatini moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari mablagʻlari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro va chet el tashkilotlarining grantlari;

qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda ixtisoslashtirilgan taekvondo markazlari faoliyatini tashkil etish boʻyicha Hukumat qarorini qabul qilsin.

11. Sport vazirligi (A. Ikramov) Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X. Umarova) bilan birgalikda 2023-yil 1-yanvardan boshlab 3-ilovaga muvofiq umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilarining jismoniy tarbiyasiga katta ijobiy taʼsir koʻrsatadigan sport turi — taekvondoga qiziqishini oshirish maqsadida taekvondo boʻyicha darsdan tashqari alohida sport seksiyalarini tashkil etsin, ularga maktab joylashgan hududdagi sport maktabi va boshqa muassasadan trener-oʻqituvchilarni jalb qilsin.

(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

12. 2022-yil 1-oktabrdan boshlab Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida “Taekvondo va sport faoliyati” fakulteti huzurida Sportchilarni ilmiy-uslubiy va tibbiy-biologik taʼminlash muammolari laboratoriyasi tashkil qilinsin va uning faoliyati universitetning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilsin.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (I. Abduraxmonov), Sport vazirligi (A. Ikramov), Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi (O. Qosimov), Oʻzbekiston taekvondo (WT) assotsiatsiyasi (Sh. Tashmatov) Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining “Taekvondo va sport faoliyati” fakultetida taekvondo boʻyicha malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida zamonaviy innovatsion texnologiyalar asosida kasbiy taʼlimni takomillashtirish, ilmiy, ilmiy-uslubiy bazani yaratish va yanada rivojlantirish choralarini koʻrsin.

(12-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

13. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari:

uch oy muddatda Oʻzbekiston taekvondo (WT) assotsiatsiyasining hududiy boʻlinmalariga tegishli shart-sharoitlarni yaratish, ularning moliyaviy va moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga koʻmaklashish uchun ularga hududlardagi yirik tashkilotlar va homiylarni biriktirsin;

Oʻzbekiston taekvondo (WT) assotsiatsiyasining hududiy boʻlinmalarida trener-yoʻriqchi lavozimini joriy etish orqali taekvondo yoʻnalishi boʻyicha oliy taʼlim muassasalarini bitirib, terma jamoaga jalb etilmagan yosh trener kadrlarni jalb etsin;

taekvondoni ommalashtirish maqsadida yoshlar oʻrtasida tuman (shahar) va hudud miqyosidagi musobaqalarni muntazam ravishda tashkil qilsin;

taekvondo boʻyicha tashkil etiladigan mahalliy va xorijiy oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari va sport musobaqalarida hududiy sport jamoalari ishtirok etishini taʼminlasin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib yoshlar siyosati va sport vaziri A.I. Ikramov, yoshlar siyosati va sport vaziri oʻrinbosari Sh.Sh. Maxmudov hamda Oʻzbekiston taekvondo (WT) assotsiatsiyasi raisi Sh.R. Tashmatov belgilansin va ularga quyidagi vazifalar yuklansin:

(15-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

iqtidorli yoshlarni tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional taekvondochilar sifatida tayyorlash ishlarini samarali tashkil qilish va muvofiqlashtirish;

hududlarda taekvondo infratuzilmasini barpo etish va kengaytirishga investitsiya va grant mablagʻlarini jalb qilish, boshqa zarur chora-tadbirlarni koʻrish;

taekvondoni taʼlim muassasalari, yoshlar oʻrtasida keng targʻib qilish orqali ommalashtirish, aholining ushbu sport turiga qiziqishini oshirish;

taekvondo boʻyicha musobaqalarni oʻtkazish, ushbu yoʻnalishda xalqaro va chet el tashkilotlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalarini jalb qilish;

2022 — 2024-yillarda taekvondoni rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlariga toʻlaqonli erishish;

ushbu qarorda belgilangan vazifalar ijrosini har yarim yilda kamida bir marta tanqidiy muhokama qilish, zarur chora-tadbirlarni belgilash.

16. Mazkur qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 29-iyul,

PQ-337-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-iyuldagi PQ-337-son qaroriga1-ILOVA

Taekvondo (WT) sport turini 2022 — 2024-yillarda kengroq rivojlantirish

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-dekabrdagi PF-226-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2024-y., 06/24/226/1060-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-iyuldagi PQ-337-son qaroriga3-ILOVA

2023-yil 1-yanvardan boshlab taekvondo (WT) boʻyicha darsdan tashqari alohida sport seksiyalari tashkil etiladigan umumiy oʻrta taʼlim maktablarining hududlar kesimida soni

* Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi va Oʻzbekiston taekvondo (WT) assotsiatsiyasi umumiy oʻrta taʼlim maktablarining aniq manzilli roʻyxatini tasdiqlaydi. Bunda, umumiy oʻrta taʼlim maktablari sonini koʻpaytirishga ruxsat beriladi.

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PF-92-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 06/23/92/0366-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-iyuldagi PQ-337-son qaroriga4-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-fevraldagi “Qishki sport turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4583-son qaroriga ilovaning 2-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-noyabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4881-son qarorida:

a) 3-bandning beshinchi xatboshisidagi va 4-ilovaning nomlanishidagi “Turizm va sport vazirligi” soʻzlari “Sportni rivojlantirish vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) 4-ilovaning izohida:

“Turizm va sport vazirligi” soʻzlari “Sportni rivojlantirish vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Sportni rivojlantirish vazirligi tomonidan kurash mahorat sport maktablarini tashkil etish manzillariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining asoslantirilgan takliflari asosida tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin”.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 14-yanvardagi “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4954-son qarorida:

a) 18-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“18. Qoʻshimcha ustuvor sport turi sifatida shaxmat rivojlanishi lozim boʻlgan respublika tuman (shahar)lari roʻyxati 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, qoʻshimcha ustuvor sport turi sifatida shaxmat rivojlantiriladigan tuman (shahar)larda umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻquvchilari, oʻqituvchi-trenerlar, mahalla aholisi oʻrtasida shaxmat boʻyicha doimiy ravishda musobaqalar va shaxmat haftaliklari oʻtkazib boriladi va ushbu tadbirlar mahalliy budjet hamda boshqa mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi”;

b) 2-ilovada:

3-pozitsiyada:

1-bandning “v” kichik bandi “Ijro muddati” ustunidagi “2022-yildan boshlab har yili avgust” soʻzlari “Har yili oktabr” soʻzlari bilan almashtirilsin;

2-bandning “Ijro muddati” ustunidagi “2022-yildan boshlab har yili avgust” soʻzlari “Har yili noyabr” soʻzlari bilan almashtirilsin;

“Masʼul ijrochilar” ustunidagi “Turizm va sport vazirligi” soʻzlari “Sportni rivojlantirish vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

v) 6-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 24-sentabrdagi “Velosportni rivojlantirishga doir kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5251-son qaroriga 1-ilovada:

a) 14-pozitsiyaning 5-bandi chiqarib tashlansin;

b) 20-pozitsiya chiqarib tashlansin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-noyabrdagi “2024-yil Parij shahrida (Fransiya) boʻlib oʻtadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash toʻgʻrisida”gi PQ-5281-son qarorida:

a) 13-banddagi “1-iyulga” soʻzlari “1-oktabrga” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) 1-ilovada:

10-pozitsiyaning “Bajarish muddati” ustunidagi “2022-yil iyun” soʻzlari “2023-2024-yillar davomida” soʻzlari bilan almashtirilsin;

14-pozitsiyada:

“Bajarish muddati” ustunidagi “2022-yil dekabr” soʻzlari “2023-2024-yillar davomida” soʻzlari bilan almashtirilsin;

“Moliyalashtirish manbalari” ustunidagi “Ijrochilar mablagʻlari” soʻzlari “Investitsiya dasturida nazarda tutilgan mablagʻlar” soʻzlari bilan almashtirilsin;

“Masʼul ijrochilar” ustunidagi “Turizm va sport vazirligi” soʻzlari “Sportni rivojlantirish vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

15-pozitsiyada:

“Bajarish muddati” ustunidagi “2022-yil oktabr” soʻzlari “2023-2024-yillar davomida” soʻzlari bilan almashtirilsin;

“Masʼul ijrochilar” ustunidagi “Turizm va sport vazirligi” soʻzlari “Sportni rivojlantirish vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

20-pozitsiyada:

“Bajarish muddati” ustunidagi “2023-yil oktabr” soʻzlari “2023-2024-yillar davomida” soʻzlari bilan almashtirilsin;

“Masʼul ijrochilar” ustunidagi “Turizm va sport vazirligi” soʻzlari “Sportni rivojlantirish vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-noyabrdagi “Yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5282-son qaroriga 1-ilovaning 13 va 16-pozitsiyalari quyidagi tahrirda bayon etilsin:

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-martdagi “Boks boʻyicha Bahodir Jalolov sport mahorati maktabini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-162-son qarori 6-bandining birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“6. Sportni rivojlantirish vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Qurilish vazirligi va Toshkent shahar hokimligi 2022-yil 1-avgustga qadar Toshkent shahar, Yunusobod tumani, 9-mavzeda joylashgan 259-son umumiy oʻrta taʼlim maktabi hududida zamonaviy boks maktabi tashkil etilishini va 2023-yil yakuniga qadar toʻliq jihozlanishini taʼminlasin”.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 14-martdagi “Gimnastika boʻyicha Oksana Chusovitina sport mahorati maktabini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-163-son qarori 6-bandining birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“6. Sportni rivojlantirish vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Qurilish vazirligi va Toshkent shahar hokimligi 2022-yil 1-avgustga qadar Toshkent shahar, Mirobod tumani, Sarakoʻl koʻchasi, 24 m-uy manzilida joylashgan 175-son umumiy oʻrta taʼlim maktabiga tutash hududda zamonaviy gimnastika maktabi tashkil etilishini va 2023-yil yakuniga qadar toʻliq jihozlanishini taʼminlasin”.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-apreldagi “Budjetlararo munosabatlarni va soliq maʼmuriyatchiligini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-208-son qarori 2-bandining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Bunda, ushbu band talablari Vazirlar Mahkamasi va mahalliy budjetlarning zaxira jamgʻarmalari mablagʻlariga, shuningdek maktablar, maktabgacha taʼlim tashkilotlari, tibbiyot va tibbiy-ijtimoiy muassasalar, “Mehribonlik” uylari, sport-taʼlim muassasalariga hamda tarmoqni rivojlantirish davlat dasturlarida belgilangan chora-tadbirlarga nisbatan tatbiq etilmasligi belgilab qoʻyilsin”.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-iyundagi “Davlat sport-taʼlim muassasalari faoliyatini mutlaqo yangi tizim asosida tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-268-son qarorida:

a) 2-bandning toʻqqizinchi xatboshisidagi “ikki oy” soʻzlari “uch oy” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) 6-bandning oltinchi xatboshisidagi “ikki oy” soʻzlari “uch oy” soʻzlari bilan almashtirilsin;

v) 1-ilovada:

56-pozitsiya quyidagi tahrirda bayon etilsin:

quyidagi mazmundagi 59-1-pozitsiya bilan toʻldirilsin:

11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 20-iyundagi “Dzyudo sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-286-son qarori 4-bandining toʻrtinchi xatboshisi “Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasi” soʻzlaridan keyin “va homiylik” soʻzlari bilan toʻldirilsin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.