Respublikada qon bilan ishlash xizmati muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish, aholi orasida begʻaraz donorlik harakatini rivojlantirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sogʻliqni saqlash sohasi vakillari bilan yangi formatdagi “Tibbiyotdagi islohotlar — inson qadri uchun” mavzusidagi “ochiq muloqoti” doirasida belgilangan ustuvor vazifalarni bajarish maqsadida:
1. Quyidagilar qon bilan ishlash xizmatini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
aholi orasida begʻaraz donorlik madaniyatini shakllantirish, donorlik harakatini keng jamoatchilik ishtirokida rivojlantirish, qon donorlariga sifatli xizmat koʻrsatish va ular uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
qon bilan ishlash xizmati muassasalarini yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlash, donorlar qoni tarkibida gemotransmissiv infeksiyalar mavjudligini tekshirishda zamonaviy immunoferment tekshiruvlari bilan bir qatorda PZR-tekshiruvlarini amaliyotga tatbiq etish;
ilgʻor xorijiy tajriba asosida klinik va ishlab chiqarish transfuziologiyasi yoʻnalishlari boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, soha xodimlarini nufuzli xorijiy tibbiyot muassasalari va markazlarida malaka oshirishi va stajirovka oʻtashini tashkil etish;
transfuziologiya yoʻnalishida yuqori texnologiyalarga asoslangan fundamental, innovatsion va ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish, soha xodimlarining ilmiy salohiyatini oshirish;
qon bilan ishlash xizmati muassasalarining sarf vositalariga boʻlgan ehtiyojini Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan toʻliq qoplash;
ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali aholi orasida qon donorligi ahamiyatini keng targʻib qilish, begʻaraz donorlikni rivojlantirish boʻyicha volontyorlik harakatini ommalashtirish, sayyor donorlik koʻlamini kengaytirish.
2. Quyidagilar:
Respublikada qon bilan ishlash xizmati muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish va aholi orasida begʻaraz donorlik harakatini rivojlantirish dasturi 1-ilovaga muvofiq;
2022 — 2025-yillarda qon bilan ishlash xizmati muassasalarini jihozlash parametrlari 2-ilovaga muvofiq;
Aholi orasida begʻaraz donorlik harakatini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
a) 2026-yil 1-yanvarga qadar:
yillik donatsiyalar sonini 350 mingtaga, har ming aholiga donatsiyalar koʻrsatkichini 10 taga, qon tayyorlashda mobil sayyor guruhlar ulushini 50 foizga yetkazish;
qon bilan ishlash xizmati muassasalari tomonidan bir yilda ishlab chiqariladigan qon hajmini 150 ming litrga, eritrotsitlar massasini — 75 ming litrga, plazma hajmini — 60 ming litrga, albumin hajmini — 1 000 litrga, immunoglobulin hajmini — 2 ming dozaga yetkazish choralarini koʻrsin;
b) 2024-yil 1-yanvarga qadar qon bilan ishlash xizmati muassasalarida donorlar qonida gemotransmissiv infeksiyalar mavjudligini ikki bosqichli tekshirish (IFA/PZR) amaliyotini yoʻlga qoʻysin;
v) 2022 — 2024-yillar davomida qon bilan ishlash xizmati muassasalarini 15 ta sitaferez apparati, 15 ta qonni qayta ishlash uchun refrijeratorli sentrifuga, 7 ta tezkor kontaktli muzlatkich, 15 ta toʻliq avtomat immunoferment (IFA/IXLA) analizatori, 14 ta PZR analizatori va 13 ta koʻchma donorlik kompleksi bilan jihozlasin;
g) yetarli hajmda qon komponentlari zaxirasini yaratish maqsadida qon bilan ishlash xizmati muassasalarini zarur miqdordagi gemokonteynerlar bilan taʼminlasin va ularning markazlashgan xaridini tashkil qilsin. Bunda, 2023-yilda jami xarid qilingan gemokonteynerlarning 50 foizini, 2024-yilda — 75 foizini va 2025-yilda — 100 foizini leykofiltrli gemokonteynerlar tashkil etishini taʼminlasin.
Belgilab qoʻyilsinki, qon bilan ishlash xizmati muassasalarini jihozlash bilan bogʻliq sarf-xarajatlar 2022-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan Sogʻliqni saqlash vazirligiga birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida ajratiladigan mablagʻlar doirasida, 2023-yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarida koʻzda tutilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.
4. Belgilansinki, 2023-yil 1-yanvardan boshlab:
a) “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga biryoʻla beriladigan pul mukofoti summasi bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn besh baravarigacha oshiriladi;
b) “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga quyidagi huquqlar beriladi:
ular uchun qulay boʻlgan vaqtda yillik asosiy mehnat taʼtiliga chiqish;
shahar jamoat transportining barcha turlaridan (yoʻnalishli va yoʻnalishsiz taksilardan tashqari) bepul foydalanish;
davlat sanatoriy-kurortlarida davolanish uchun yoʻllanmalarni navbatsiz olish;
v) doimiy (yiliga kamida 3-marta qon topshiruvchi) donorlar va ularning yaqin qarindoshlari (ota-onalari, turmush oʻrtogʻi, farzandlari, aka-uka va opa-singillari, turmush oʻrtogʻining ota-onalari) statsionar davolanish jarayonida, zarurat tugʻilganda, qon va uning tarkibiy qismlari bilan bepul taʼminlanadi;
g) donorlarni bepul ovqat bilan taʼminlash boʻyicha xarajatlarning qiymati respublika boʻyicha bir xil — mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 3 foizi miqdorida belgilanadi;
d) immun donorlarga oʻtkazilgan immunizatsiya va topshirilgan plazmasi uchun haq toʻlash miqdori mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining oshirilishi darajasi doirasida mutanosib ravishda indeksatsiya qilib boriladi;
e) shoshilinch holatlarda donor qonining tarkibiy qismlarini tashish uchun tez tibbiy yordam xizmatidan foydalanishga ruxsat beriladi.
5. Har oyning ikkinchi haftasi “Qon donorligi haftaligi” etib eʼlon qilinsin.
Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev), Yoshlar ishlari agentligi (A. Saʼdullayev), Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Xadjayev), Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A. Koʻchimov), Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A. Xodjayev) boshqa vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda “Qon donorligi haftaligi” doirasida:
aholi orasida begʻaraz donorlik harakatini targʻib etuvchi videoroliklarni, qon donorligi muammolariga bagʻishlangan ijtimoiy reklama mahsulotlarini tayyorlasin hamda Internet jahon axborot tarmogʻida, elektron va ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borsin, ushbu jarayonga taniqli insonlar, sport ustalari, sanʼatkorlar, din vakillari, blogerlar va mahalla nuroniylarini jalb qilsin;
qon donorligini rivojlantirishga bagʻishlangan telekoʻrsatuv va radioeshittirishlarni tashkil etsin;
Internet jahon axborot tarmogʻida, elektron va ommaviy axborot vositalarida qon donorligining ahamiyati toʻgʻrisida maqolalar chop etsin. Bunda, qon donorligi jamiyatda insonparvarlik, vatanparvarlik, sezgirlik kabi fazilatlarni mustahkamlashga xizmat qilishini yoritishga alohida eʼtibor qaratsin;
yoshlar uchun “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” koʻkrak nishoniga sazovor boʻlgan, shu jumladan koʻp yillar davomida begʻaraz qon donorlari boʻlib kelayotgan shaxslar ishtirokida uchrashuvlar va davra suhbatlarini tashkil etsin;
vazirlik va idoralar, harbiy qismlar va boshqa tashkilotlar, shuningdek, mahallalar hamda taʼlim muassasalarida begʻaraz donorlik aksiyalarini tashkil etsin va ushbu ishlarni amalga oshirish uchun sayyor donorlik guruhlari faoliyatini yoʻlga qoʻysin;
qon topshirgan donorlarni maxsus belgilar tushirilgan futbolkalar, bosh kiyimlar, kanselyariya buyumlari, teatr, konsert-tomoshalar, kafe va restoranlarga sovgʻa kartalari, sport muassasalariga bepul abonementlar hamda boshqa sovrinlar bilan taqdirlash choralarini koʻrsin;
begʻaraz qon donorligi shiori ostida xayriya marafonlari va festivallarni oʻtkazsin.
6. Respublika qon quyish markazi (A. Saidov):
qon bilan ishlash xizmati muassasalari xodimlari uchun — “Ishlab chiqarish transfuziologiyasi” mutaxassisligi boʻyicha, davolash muassasalarining gemotransfuziya amaliyoti bilan shugʻullanuvchi xodimlari uchun — “Klinik transfuziologiya va izoserologiya asoslari” mutaxassisligi boʻyicha malaka oshirish kurslarini tashkil qilsin;
2022-yil 1-sentabrga qadar malaka oshirish kurslarini tashkil etish uchun malakali, shu jumladan xorijiy mutaxassislarni jalb qilsin hamda oʻquv xonalarini zamonaviy adabiyotlar, laboratoriya jihozlari, kompyuter texnologiyalari va asbob-uskunalar bilan jihozlasin;
2022-yil yakuniga qadar “Ishlab chiqarish transfuziologiyasi” mutaxassisligi boʻyicha — 60 nafar, “Klinik transfuziologiya va izoserologiya asoslari” mutaxassisligi boʻyicha — 60 nafar qon quyish xizmati xodimlarini oʻqitsin;
malaka oshirish kurslarida qon quyish xizmati xodimlarini mutaxassisligiga oid koʻnikmalar bilan birga, shaxslararo munosabat va donorlar bilan ishlash madaniyati koʻnikmalariga oʻqitishni tashkil qilsin.
7. Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qurilish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent va Sirdaryo viloyati hokimliklarining 2023-yil 1-dekabrga qadar:
Nukus shahar qon quyish stansiyasi hududida laboratoriya boʻlimlari uchun qoʻshimcha bino qurish;
Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida qon quyish stansiyalarining yangi binolarini qurish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent va Sirdaryo viloyatlari hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari Nukus shahar qon quyish stansiyasi hududida laboratoriya boʻlimi uchun qoʻshimcha bino, shuningdek, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida qon quyish stansiyalarining yangi binolarini qurish boʻyicha buyurtmachi etib belgilansin.
8. Toshkent viloyati hokimligi (Z. Mirzayev), Sirdaryo viloyati hokimligi (Gʻ. Mirzayev) va Qurilish vazirligi (B. Zokirov):
ikki oy muddatda qon quyish stansiyalarini qurish uchun boʻsh turgan va zaxiraga olingan yerlarni doimiy foydalanish huquqi asosida Sogʻliqni saqlash vazirligiga belgilangan tartibda ajratsin;
qon quyish stansiyalari qurilishini loyihalashtirish uchun mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan zarur mablagʻlarni ajratsin.
9. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (L. Kudratov) Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev) bilan birgalikda ushbu qarorda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlarining imtiyozli kreditlari va grantlarini jalb qilish boʻyicha zarur choralarni koʻrsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilsin.
11. Sogʻliqni saqlash vazirligi (B. Musayev) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
2023-yil 1-oktabrga qadar aholi orasida donorlik harakatini rivojlantirish, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasidagi masʼuliyatini kuchaytirish hamda donorlarni ragʻbatlantirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining “Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha;
ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri B.A. Musayev hamda moliya vaziri T.A. Ishmetov belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari L.N. Tuychiyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 9-avgust,
PQ-348-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-avgustdagi PQ-348-son qaroriga 1-ILOVA
Respublikada qon bilan ishlash xizmati muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish va aholi orasida begʻaraz donorlik harakatini rivojlantirish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-avgustdagi PQ-348-son qaroriga 2-ILOVA
2022 — 2025-yillarda qon bilan ishlash xizmati muassasalarini jihozlash
* 2022-yilda Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan Sogʻliqni saqlash vazirligiga ajratilgan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi, 2023 — 2025-yillarda Davlat budjeti parametrlarida koʻzda tutiladi.
** 2022-yilda qon bilan ishlash xizmati Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan 13 ta qoʻchma donorlik majmualari (maxsus avtobus) bilan taʼminlanadi va ushbu avtobuslar Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan Sogʻliqni saqlash vazirligiga ajratilgan mablagʻlar hisobidan jihozlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-avgustdagi PQ-348-son qaroriga 3-ILOVA
Aholi orasida begʻaraz donorlik harakatini rivojlantirishning
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-avgustdagi PQ-348-son qaroriga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan
1. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 27-noyabrdagi 324-son qarori bilan tasdiqlangan Qon bilan ishlash xizmati faoliyatini muvofiqlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 4-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“4. Qon bilan ishlash xizmati quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
Respublika qon quyish markazi;
Toshkent shahridagi “Qon preparatlari” ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarning qon quyish stansiyalari;
Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi huzuridagi qon quyish stansiyasi;
Toshkent tibbiyot akademiyasi koʻp tarmoqli klinikasining qon quyish stansiyasi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarining donor qonini tayyorlash bilan shugʻullanuvchi qon quyish boʻlimlari;
tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining donor qonini tayyorlash bilan shugʻullanuvchi qon quyish boʻlimlari;
vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlarining qon quyish stansiyalari va boʻlimlari”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 23-iyuldagi 202-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” (“Pochetniy donor Respubliki Uzbekistan”) koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizomning 3-1-bandida:
a) birinchi xatboshidagi “besh baravari” soʻzlari “oʻn besh baravari” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) quyidagi mazmundagi ikkinchi — beshinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi faxriy donori” (“Pochetniy donor Respubliki Uzbekistan”) koʻkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga quyidagi huquqlar beriladi:
ular uchun qulay boʻlgan vaqtda yillik asosiy mehnat taʼtiliga chiqish;
shahar jamoat transportining barcha turlaridan (yoʻnalishli va yoʻnalishsiz taksilardan tashqari) bepul foydalanish;
davlat sanatoriy-kurortlarda davolanish uchun yoʻllanmalarni navbatsiz olish”.