Soʻnggi yillarda koʻp kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini takomillashtirish, boshqarish organlarini qoʻllab-quvvatlash hamda koʻp kvartirali uylardagi umumiy mol-mulkni saqlash va taʼmirlash, ularga tutash yer uchastkalarini aniq belgilash boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 15 ta hududida koʻp kvartirali uy-joylar joylashgan yerlarni ochiq tanlov oʻtkazish yoʻli bilan boshqaruvchi tashkilotlarga biriktirish boʻyicha loyiha amalga oshirildi va tahlil natijalariga koʻra mazkur loyiha doirasida 1 227 ta koʻp kvartirali uylarda istiqomat qiluvchi aholining yashash sharoitlari yanada yaxshilandi.
Qisqa vaqt ichida boshqaruvchi tashkilotlarning kredit qarzdorligi 2 baravarga qisqardi, 500 nafarga yaqin ish oʻrinlari yaratildi, ishchilar ish haqi hamda boshqaruvchi tashkilotlar daromadi 2 baravarga oshdi.
Shu bilan birga, respublikada faoliyat olib borayotgan 772 ta uy-joy mulkdorlari shirkatlarining 311 tasida muammoli kreditor qarzdorliklari mavjud boʻlib, 2,5 mingdan ziyod koʻp kvartirali uylarda istiqomat qiluvchi aholiga tegishli xizmatlar koʻrsatilmay yoki sifatsiz koʻrsatib kelinmoqda.
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, boshqarish tashkilotlari tomonidan aholiga sifatli xizmat koʻrsatilishini taʼminlash maqsadida:
1. Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Markaziy bank, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining 2022-yil 1-sentabrga qadar muammoli kreditor qarzdorliklari mavjud har bir uy-joy mulkdorlari shirkatining boshqaruv usulini oʻzgartirish boʻyicha uy-joy mulkdorlari umumiy yigʻilishi qarori qabul qilingan taqdirda ularni moliyaviy sogʻlomlashtirish uchun davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha taklifiga rozilik berilsin. Bunda:
respublikadagi muammoli bank kreditlari mavjud barcha uy-joy mulkdorlari shirkatlari tegishli xizmat koʻrsatuvchi tijorat banklarining xulosasi olingan taqdirda tugatilishi mumkin;
tugatilgan yoki boshqarish usuli oʻzgartirilgan uy-joy mulkdorlari shirkatlarining boshqaruvida boʻlgan koʻp kvartirali uylarni boshqarish uchun, qoida tariqasida, reytingi yuqori boʻlgan boshqaruvchi tashkilotlar jalb qilinadi;
Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi jalb qilingan boshqaruvchi tashkilot faoliyatini, shu jumladan u tomonidan koʻrsatilgan xizmatlar sifatini olti oy mobaynida monitoring qiladi va koʻp kvartirali uylarni boshqarish faoliyatini amalga oshirish qoidalariga rioya qilmagan boshqaruvchi tashkilotlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralarni qoʻllaydi.
2. Bosh prokuratura, Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Markaziy bank, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
muammoli kreditor qarzdorliklari mavjud uy-joy mulkdorlari shirkatlarini moliyaviy sogʻlomlashtirish maqsadida davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha chora-tadbirlarning mazmun-mohiyati uy-joy mulkdorlariga toʻliq yetkazilishini hamda mazkur qarorning 1-bandida belgilangan tadbirlarning ijrosi yuzasidan zarur tashkiliy ishlarning ular bilan birgalikda amalga oshirilishini;
muammoli kreditor qarzdorliklari mavjud boʻlmagan va moliyaviy-iqtisodiy holati barqaror koʻp kvartirali uylarning boshqarish organlari faoliyatiga aralashuvga yoʻl qoʻyilmasligini taʼminlasin.
3. Belgilansinki, 2022-yil 1-noyabrdan boshlab koʻp kvartirali uylarni boshqarish organlari boshqaruv faoliyatini, ular elektron reyestrga kiritilgandan soʻng amalga oshiradi.
4. Koʻp kvartirali uylarni boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra 2022-yil 1-noyabrdan boshlab:
a) quyidagi hujjatlarda koʻp kvartirali uylardagi turarjoylar va yashash uchun moʻljallanmagan (noturar) joylar, umumiy mol-mulk (umumiy joylar) roʻyxati hamda har bir koʻp kvartirali uy joylashgan va unga tutash yer uchastkasi (rejasi, joylashgan obyektlar, shu jumladan loyihada nazarda tutilgan avtoturargohlar, bolalar va sport maydonchalari, dam olish maskanlari, sayilgohlar, yoʻlaklar va koʻp kvartirali uyga xizmat koʻrsatuvchi boshqa obyektlar) maydoni hamda chegaralari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi shart:
koʻp kvartirali uylarni qurish (rekonstruksiya qilish) ishlarining loyiha hujjatlari;
foydalanishga qabul qilinayotgan koʻp kvartirali uyga belgilangan tartibda rasmiylashtiriladigan kadastr pasporti;
qurilish-montaj ishlari (rekonstruksiyasi) tugallangan koʻp kvartirali uylardan foydalanish uchun ruxsatnoma;
b) mazkur hujjatlarda ushbu maʼlumotlar koʻrsatilmagan taqdirda vakolatli organlar tomonidan tegishincha loyiha hujjatlari boʻyicha xulosa, kadastr pasporti (loyiha hujjatlarida koʻrsatilmagan taqdirda), koʻp kvartirali uylardan foydalanish uchun ruxsatnoma (loyiha hujjatlarida va kadastr pasportida koʻrsatilmagan taqdirda) berilmaydi;
v) qurilish-montaj ishlari (rekonstruksiyasi) tugallangan koʻp kvartirali uylardan foydalanish uchun ruxsatnoma berilganidan soʻng loyiha hujjatlari, kadastr pasporti va mazkur ruxsatnomaga umumiy mol-mulkni yoki tutash yer uchastkasini kamaytirish va tutash yer uchastkasida qoʻshimcha koʻp kvartirali uy yoki umumiy mol-mulk boʻlmagan obyekt qurish uchun oʻzgartirish kiritish taqiqlanadi.
6. Belgilansinki:
koʻp kvartirali uy joylashgan va unga tutash yer uchastkasi hamda koʻp kvartirali uylardagi umumiy mol-mulkka boʻlgan huquqlar ushbu joylar mulkdorlarining nomiga davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi. Bunda amalga oshirilishi kerak boʻlgan toʻlovlar (shu jumladan kadastr pasportini rasmiylashtirish uchun toʻlovlar) joylar mulkdorlari yoki tegishli koʻp kvartirali uylarni boshqarish organi tomonidan ikki yil davomida teng ulushlarda boʻlib-boʻlib toʻlanishi mumkin;
koʻp kvartirali uylardan foydalanish uchun ruxsatnoma ushbu uy joylashgan va unga tutash yer uchastkalariga, umumiy mol-mulkka boʻlgan huquqlarni joylarning mulkdorlari nomiga, keyinchalik realizatsiya qilinadigan turarjoylar va yashash uchun moʻljallanmagan (noturar) joylarni esa buyurtmachi nomiga davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun asos boʻladi;
ushbu bandning uchinchi xatboshisi mazkur qaror kuchga kirgunga qadar belgilangan tartibda foydalanishga qabul qilingan koʻp kvartirali uylarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Qurilish vazirligi va Kadastr agentligi bilan birgalikda 2024-yil 1-yanvarga qadar oʻz hududlaridagi koʻp kvartirali uylar joylashgan va ularga tutash yer uchastkalarini umumiy foydalanish uchun (notijorat maqsadlarda) koʻp kvartirali uylardagi joylar mulkdorlariga doimiy foydalanish huquqi asosida berish yuzasidan qarorlar qabul qilsin.
8. Moliya vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda barcha taʼlim va tibbiyot muassasalariga kommunal va tutash yer uchastkalarini obodonlashtirish hamda koʻkalamzorlashtirish, shuningdek, avariya-dispetcherlik xizmatlarini koʻrsatish uchun bozor narxlaridan kelib chiqqan holda autsorsing shartnomasi asosida boshqaruvchi tashkilotlarni jalb qilishni koʻzda tutuvchi tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining bir oy muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda vazirlik huzuridagi “Yagona hisob-kitob markazi” va uning shahar (tuman), tumanlararo filiallarini hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, viloyatlar uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish boshqarmalari, Toshkent shahar uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish bosh boshqarmasi huzurida tashkil etilgan “Taʼmirlash-tiklash xizmati” davlat unitar korxonalari hamda ularning shahar va tuman filiallarini tugatish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
11. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri Sh.S. Xidoyatov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 4-avgust,
PQ-346-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 4-avgustdagi PQ-346-son qaroriga1-ILOVA
Koʻp kvartirali uylarni boshqarish tizimini takomillashtirish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 4-avgustdagi PQ-346-son qaroriga2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 10-fevraldagi “Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini takomillashtirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3-son qarorining 4-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, idoralari va tashkilotlarining formali kiyim-boshlarini ishlab chiqish, standartlashtirish, tasdiqlash va tayyorlash mexanizmini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2800-son qaroriga 1-ilovaning “Idoraviy formali kiyim” boʻlimi quyidagi mazmundagi 8 va 9-pozitsiyalar bilan toʻldirilsin:
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-2900-son qarorida:
a) 4 va 5-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
b) 8-ilovada:
2-banddan “va “Taʼmirlash-tiklash xizmati” davlat unitar korxonalarini” soʻzlari chiqarib tashlansin;
7-bandning toʻrtinchi xatboshisidan “va “Taʼmirlash-tiklash xizmati” davlat unitar korxonalarini (keyingi oʻrinlarda — “TTX” DUK)” soʻzlari chiqarib tashlansin;
9-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilaridagi, 17-bandning birinchi xatboshisidagi “tashkilotlari va “TTX” DUKlarni” soʻzlari “tashkilotlarini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
11-bandning ikkinchi xatboshisidan va 15-bandning ikkinchi xatboshisidan “va “TTX” DUKlarni” soʻzlari chiqarib tashlansin;
ilovada (Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligining Uy-joy kommunal xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va foydalanish sxemasi):
I bosqich “Tadbirlar” ustunidan “va TTX” DUKlarini” soʻzlari chiqarib tashlansin;
II va III bosqichlar “Tadbirlar” ustunidagi “tashkilotlari va “TTX” DUKlarni”, “tashkilotlari va TTX” DUKlarini” soʻzlari “tashkilotlarini” soʻzi bilan almashtirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 24-apreldagi “2017 — 2021-yillarda koʻp xonadonli uy-joy fondini saqlash va undan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2922-son qarorida:
6 va 10-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
7-bandning uchinchi va toʻrtinchi xatboshilari chiqarib tashlansin;
qarorga 5-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi “Koʻp kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-5152-son qarorida:
a) 4-bandning “b” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) 2023-yil 1-yanvardan boshlab mazkur qarorning 2-ilovasiga muvofiq koʻp kvartirali uy-joylarni mukammal va joriy taʼmirlash ishlarini moliyalashtirish mazkur uy-joylarni taʼmirlash ishlari umumiy smeta qiymati doirasida amalga oshiriladi, bunda:
2023-yil uchun Moliya vazirligi tomonidan respublika budjetidan 156,4 milliard soʻm ajratiladi;
2024-yil 1-yanvardan boshlab mablagʻlarning:
30 foizi mulkdorlar hisobidan qoplanadi. Mazkur mablagʻlar Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi huzuridagi Uy-joy kommunal xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasida koʻp kvartirali uy-joylarni taʼmirlashni moliyalashtirish uchun ochiladigan maxsus hisobvaraqda (keyingi oʻrinlarda — Maxsus hisobvaraq) shakllantiriladi;
35 foizi respublika budjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan qoplanadi;
35 foizi mahalliy budjetlarning qoʻshimcha manbalari hisobidan qoplanadi”;
b) 7-bandda:
“a” va “d” kichik bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
“g” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“g) qurilishi tugallangan va foydalanishga qabul qilingan koʻp kvartirali uy-joyni boshqarish birinchi ikki yilda quruvchi tomonidan amalga oshiriladi hamda mazkur muddatga koʻp kvartirali uy-joy ekspluatatsiyasining kafolat muddati joriy qilinadi. Bunda:
quruvchi tomonidan boshqarish usuli tanlanadi yoki mazkur vazifani amalga oshirish uchun shartnomaga asosan boshqaruvchi tashkilot jalb qilinishi mumkin;
quruvchi koʻp kvartirali uydagi joyni sotib olish istagida boʻlgan shaxslarni tanlangan boshqaruv usulidan xabardor qilishi va uy-joyni oldi-sotdi shartnomasi bilan bir vaqtda boshqaruvchi tashkilot bilan shartnoma tuzilishini tashkillashtirishi lozim;
koʻp kvartirali uylardagi joylar mulkdorlari oʻzgarishi natijasida umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish va uni taʼmirlash uchun umumiy xarajatlarda ishtirok etish boʻyicha majburiyatlar yangi mulkdorga oʻtadi;
birinchi ikki yil ichida koʻp kvartirali uy-joydagi quruvchidan tashqari mulkdorlarning soni ellik foizdan oshgan taqdirda mulkdorlar tomonidan belgilangan tartibda umumiy yigʻilishning qaroriga muvofiq koʻp kvartirali uy-joyni boshqarish usuli tanlanadi”.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-maydagi “Aholining ichimlik suv taʼminoti va oqova suv xizmatlari bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-257-son qarori 3-bandining “a” kichik bandi “aholi punktlarini markazlashgan ichimlik suv” soʻzlardan keyin “va oqova suv chiqarish xizmati” soʻzlari bilan toʻldirilsin.