PQ-366-son Qaror · 30.08.2022

Norasmiy bandlik ulushini qisqartirish hamda mehnat resurslari balansini zamonaviy yondashuvlar asosida shakllantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-366
  • Qabul qilingan sana:30.08.2022
  • Kuchga kirgan sana:30.08.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/366/0790

Mehnat resurslari balansini shakllantirish tartibini takomillashtirish, ishsiz fuqarolarni, ayniqsa, xotin-qizlar va mehnat bozoriga ilk bor kirib kelayotgan bitiruvchilar bandligini taʼminlash va tadbirkorlikka keng jalb etish, shuningdek, norasmiy bandlikni kamaytirish boʻyicha taʼsirchan yangi mexanizmlarni joriy etish maqsadida:

1. Mahallalarda ishsizlikni kamaytirish va norasmiy bandlik ulushini qisqartirish uchun shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

a) 2022-yil 1-noyabrdan boshlab 1-ilovada koʻrsatilgan 10 ta faoliyat turi oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari roʻyxatiga kiritiladi;

b) 2025-yil 1-yanvardan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan mehnat munosabatlarida boʻlgan jismoniy shaxslar uchun ijtimoiy soliq summasining eng kam miqdori oyiga bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizidan yiliga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravarigacha kamaytiriladi;

(1-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)

v) 2023-yil 1-yanvardan boshlab oʻzining shaxsiy tomorqa yer uchastkasida 2-ilovada koʻrsatilgan faoliyat turlari bilan shugʻullanayotgan fuqarolar tomonidan yiliga bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida ijtimoiy soliq toʻlangan taqdirda, ular rasmiy band boʻlgan aholi toifasiga kiritiladi va ushbu davr ularning mehnat stajiga qoʻshiladi. Bunda:

2-ilovada koʻrsatilgan faoliyat turlari bilan shugʻullanayotgan fuqarolarga ularga tegishli boʻlgan tomorqa yer uchastkasining maydoni yoki ular tomonidan parvarish qilinayotgan uy hayvonlari va parrandalarning sonidan qatʼi nazar ixtiyoriy tartibda ijtimoiy soliqni toʻlashga ruxsat etiladi;

2-ilovada koʻrsatilgan faoliyat turlari bilan shugʻullanayotgan fuqarolarning hisobini yuritish mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimining yordamchilari (keyingi oʻrinlarda — hokim yordamchilari) tomonidan amalga oshiriladi;

g) 2022-yil 1-noyabrdan boshlab tomorqa yer uchastkalari egalarini kooperatsiya va kasanachilik asosida ish bilan band qilgan tadbirkorlik subyektlariga Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hisobidan:

parranda (tovuq, bedana, oʻrdak, gʻoz, kurka), parrandani saqlash uchun katak, ozuqa yemi hamda dori vositalari;

uzum koʻchati va tok soʻrisi;

asalari oilasi, asalari uyasi uchun quti hamda ozuqa yemi;

quyon, quyon katagi va ozuqa yemi;

baliq chavoqlari, sunʼiy hovuz va ozuqa yemini xarid qilish hamda keyinchalik tomorqa yer egalariga taqdim etish uchun subsidiya ajratiladi.

Bunda, mazkur subsidiya bir nafar tomorqa yer uchastkasi egasi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravarigacha miqdorda hokim yordamchilarining tavsiyasiga asosan ajratiladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov) Davlat soliq qoʻmitasi (Sh. Kudbiyev) hamda Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi (M. Ubaydullayev) bilan birgalikda uch oy muddatda Soliq kodeksiga mazkur banddan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishga oid qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

2. 2023-yil 1-yanvardan boshlab quyidagilarga ruxsat etilsin:

yakka tartibdagi tadbirkorlarga murakkab boʻlmagan umumiy qurilish va qurilish-taʼmirlash ishlari (beton quyish, boʻyoqchilik, suvoqchilik ishlari, gʻisht va kafel terish, perforatsiya, duradgorlik, chilangarlik va boshqa umumiy qurilish ishlari)ni (keyingi oʻrinlarda — umumiy qurilish ishlari), shu jumladan yuridik shaxslar uchun ham bajarishga;

qurilish-pudrat tashkilotlariga umumiy qurilish ishlarini bajarish uchun shartnoma asosida yakka tartibdagi tadbirkorlarni jalb qilishga.

Belgilab qoʻyilsinki:

yakka tartibdagi tadbirkorlarga umumiy qurilish ishlarini bajarish uchun besh nafargacha xodimlarni yollashga ruxsat etiladi.

(2-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi PQ-64-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 18.02.2025-y., 07/25/64/0154-son)

3. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov) hokim yordamchilari bilan birgalikda:

mahallalarda umumiy qurilish ishlari bilan norasmiy shugʻullanayotgan jismoniy shaxslar, shuningdek, xorijiy davlatlarda qurilish sohasida ishlab, Oʻzbekiston Respublikasiga qaytgan fuqarolarga yakka tartibdagi tadbirkor yoki oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida roʻyxatdan oʻtish hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan subsidiyalarni olishda koʻmaklashsin;

2024-yil 1-martga qadar bir martalik ishlarni bajaruvchi shaxslar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida ular koʻp yigʻiladigan joylarda kunlik mehnat markazlarini, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etish hamda ushbu markazlarda band boʻlmagan aholini ishga joylashtirish bilan bogʻliq boʻlgan xizmatlarni koʻrsatish choralarini koʻrsin.

4. Qurilish vazirligi (B. Zakirov):

qurilish-pudrat tashkilotlari oʻrtasida umumiy qurilish ishlariga yakka tartibdagi tadbirkorlarni keng jalb qilish boʻyicha targʻibot ishlarini olib borsin;

yakka tartibdagi tadbirkorlarni Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasida bajariladigan umumiy qurilish ishlariga keng jalb qilsin.

5. Quyidagilar:

2022 — 2024-yillarda norasmiy bandlik ulushini qisqartirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq;

2023 — 2026-yillarda norasmiy bandlik ulushini qisqartirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov) Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (I. Norqulov), Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (L. Kudratov), Moliya vazirligi (T. Ishmetov) hamda Davlat soliq qoʻmitasi (Sh. Kudbiyev) bilan birgalikda:

har chorakda mahallalarda norasmiy band boʻlgan fuqarolar oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazib borsin;

soʻrovnomalar natijasida norasmiy bandlikni keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlasin hamda ularni bartaraf etish boʻyicha zarur choralarni koʻrsin;

har chorakda hududlar va iqtisodiy faoliyat turlari kesimida aniqlangan norasmiy bandlikni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

har yili kamida 500 ming nafar norasmiy band boʻlgan shaxslarning faoliyatini belgilangan tartibda rasmiylashtirish boʻyicha zarur amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

7. 2022-yil 1-noyabrdan mehnatga layoqatli aholini roʻyxatga olish va hisobini yuritish boʻyicha shunday tartib joriy qilinsinki, unga muvofiq quyidagilarning hisobi:

yuridik shaxslarda faoliyat yuritayotgan shaxslarning — “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi hisob-kitobi hamda davlat statistika hisobotlarida;

yakka tartibdagi tadbirkorlar va ular yollagan xodimlar, shuningdek, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar hamda dehqon xoʻjaliklarida band boʻlganlar — Davlat soliq qoʻmitasining axborot bazasida;

hunarmandlar — “Hunarmand” uyushmasining axborot bazasida;

haq toʻlanadigan jamoat ishlarida band boʻlganlar va kasb-hunarga oʻqiyotganlar — Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “Bandlik xizmati” axborot tizimida;

xorijiy davlatlarga vaqtinchalik mehnat faoliyatini yuritish uchun ketgan shaxslar — Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining “Labour migration” axborot tizimida hamda Ichki ishlar vazirligining axborot bazasida;

shaxsiy tomorqa yer uchastkalarida band boʻlgan fuqarolar — Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining axborot tizimida hamda Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining axborot bazasida;

oʻzlariga ajratilgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkalarida band boʻlganlar — Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligining axborot bazasida;

ishlab chiqarish kooperativlarida hamda kasanachilik (uy mehnati) bilan band boʻlganlar — Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi axborot bazasi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “Bandlik xizmati” axborot tizimida;

uy sharoitida pilla yetishtirish, ipak mato, qoʻlda ipak gilam toʻqish bilan shugʻullanuvchi hamda shaxsiy tomorqa yer uchastkasida tut mevasi va koʻchati yetishtiruvchi shaxslar — “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi axborot bazasida;

bir martalik va mavsumiy ishlarni bajaruvchilar, tadbirkorlik subyektlariga yordam beruvchi oila aʼzolari hamda oilaviy korxonalarda band boʻlganlar — Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi axborot bazasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “Mening ishim” buyurtmalar birjasi onlayn-maydoni hamda Davlat soliq qoʻmitasining axborot bazasida;

tuman (shahar) aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari tomonidan roʻyxatga olingan ishsiz fuqarolar — Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining “Bandlik xizmati” axborot tizimida yuritiladi.

8. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi uch oy muddatda:

Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat statistika qoʻmitasi hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksining mazkur qarorning 7-bandida koʻrsatilgan axborot manbalari bilan integratsiya qilinishini;

“Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksida jamlangan maʼlumotlar asosida Oʻzbekiston Respublikasi mehnat resurslari balansini shahar va tumanlar kesimida ishlab chiqilishini taʼminlasin.

9. Yoshlar ishlari agentligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Xalq taʼlimi vazirligining “Yoshlar daftari” platformasida “Bitiruvchilar bandligi” funksionalini joriy qilish va bu orqali umumiy oʻrta, professional hamda oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarining uch yil davomidagi bandlik holatini monitoring qilish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda “Yoshlar daftari” platformasining tegishli vazirlik va idoralar axborot tizimlari va resurslari bilan integratsiya qilinishini taʼminlasin.

10. “Oʻz kelajagimga oʻzim investor” loyihasi doirasida 2023-2024-yillarda mehnat organlari tomonidan xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlariga koʻrsatiladigan xizmatlarning prognoz koʻrsatkichlari 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N. Xusanov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (I. Norqulov) hamda Moliya vazirligi (T. Ishmetov) mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar bandligini taʼminlash, shu jumladan ularni doimiy va vaqtinchalik ishlarga joylashtirish, tadbirkorlikka jalb qilish, kasb-hunarga oʻqitish hamda qonunchilik hujjatlarida belgilangan subsidiyalarni ajratish boʻyicha zarur choralarni koʻrsin.

11. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Davlat soliq qoʻmitasi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda:

norasmiy mehnatning inson hayoti va sogʻligʻi, ijtimoiy xavfsizligi, ish qobiliyati saqlanishiga salbiy taʼsiri, ularda davlat pensiya taʼminotiga boʻlgan huquqni beruvchi ish staji shakllanmasligi yuzasidan;

“Oʻz kelajagimga oʻzim investor” loyihasi doirasida xorijdan qaytib kelgan va oʻz biznesini yoʻlga qoʻyib, samarali mehnat qilayotgan tadbirkorlar faoliyati toʻgʻrisida videoroliklar ishlab chiqilishi hamda ommaviy axborot vositalarida, rasmiy veb-saytlarda, ijtimoiy tarmoqlarda namoyish qilib borilishini tashkil etsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 6-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

13. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.B. Xusanov belgilansin.

Qaror ijrosini nazorat qilish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 30-avgust,

PQ-366-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-avgustdagi PQ-366-son qaroriga1-ILOVA

Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan qoʻshimcha faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-avgustdagi PQ-366-son qaroriga2-ILOVA

Shaxsiy tomorqa yer uchastkalarida yuritiladigan qoʻshimcha faoliyat turlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-avgustdagi PQ-366-son qaroriga3-ILOVA

2022 — 2024-yillarda norasmiy bandlik ulushini qisqartirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-avgustdagi PQ-366-son qaroriga4-ILOVA

2023 — 2026-yillarda norasmiy bandlik ulushini qisqartirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-avgustdagi PQ-366-son qaroriga5-ILOVA

“Oʻz kelajagimga oʻzim investor” loyihasi doirasida 2023-2024-yillarda mehnat organlari tomonidan xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlariga koʻrsatiladigan xizmatlarning

Izoh:* Ushbu prognoz koʻrsatkichlari qonunchilikda belgilangan barcha manbalar hisobidan amalga oshiriladi. Mehnat bozoridagi vaziyatdan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasi prognoz koʻrsatkichlari yoʻnalishlari va miqdor koʻrsatkichlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqiga ega.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-avgustdagi PQ-366-son qaroriga6-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-apreldagi “Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3680-son qarorining 15-bandi “a” kichik bandi beshinchi xatboshisidagi “10” raqami “15” raqami bilan almashtirilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-maydagi “Tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4716-son qarorining 2-bandi “b” kichik bandida:

birinchi xatboshidagi “10” raqami “15” raqami bilan almashtirilsin;

ikkinchi xatboshi “sohalarda” soʻzidan keyin “, shu jumladan qurilish-taʼmirlash sohalarida” soʻzlari bilan toʻldirilsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va oʻzini oʻzi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4742-son qaroriga ilova quyidagi mazmundagi 69 — 78-bandlar bilan toʻldirilsin:

“69. Uy hayvonlari (qoramol, qoʻy, echki, ot va boshqalar) bozorlarida vositachilik xizmati

70. Avtomobil bozorlarida vositachilik xizmati

71. Rieltorlik xizmatini koʻrsatish (ijaraga uy topib berish, uy sotib olish va sotishga koʻmaklashish)

72. Uyda sut va sut mahsulotlarini qayta ishlash va sotish xizmati

73. Maishiy buyumlarni ijaraga berish xizmati (stol-stul, idish-tovoq, asbob-uskuna va boshqalar)

74. Gips va ganchdan buyumlar yasash (uy jihozlari, ertak qahramonlari haykallarini yasash)

75. Tosh va tosh mahsulotlaridan yodgorlik, suvenir va dekorativ buyumlar tayyorlash

76. Yogʻoch mahsulotlaridan savat, non mahsulotlari uchun maxsus idish va boshqa buyumlarni toʻqish

77. Uy sharoitida pilla yetishtirish, shaxsiy tomorqa yer uchastkasida tut mevasi, niholi va koʻchatini yetishtirish, uyda ipak mato, ipak gilam toʻqish va sotish

78. Kulolchilik”.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi “Ishchi kasblar boʻyicha kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5140-son qarorining 14-bandi beshinchi xatboshisidagi “har bir ish bilan band boʻlmagan fuqaro” soʻzlari “ishsiz fuqarolar, kam taʼminlangan oilalar aʼzolari, tashqi mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar” soʻzlari bilan almashtirilsin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.