Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 2-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash va kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4256-son qaroriga muvofiq hamda Samarqand shahrida suv taʼminoti va yoʻl tarmogʻini modernizatsiya qilish, shahar infratuzilmasini takomillashtirish va samaradorligini oshirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi va Abu Dabi taraqqiyot jamgʻarmasi oʻrtasida “Samarqand shahrida suv taʼminoti tizimlari va yoʻl tarmoqlarini modernizatsiya qilish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda — Loyiha) amalgaoshirish uchun 4 yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga olgan holda 17 yilda qaytarish muddati bilan 1 101 900 000 Birlashgan Arab Amirliklari dirhami miqdorida qarz bitimi imzolanganligi;
Loyihani amalga oshirish davri 4 yilni (2022 — 2026-yillar) tashkil etishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
a) Loyiha Abu Dabi taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan ajratiladigan qarz mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;
b) Samarqand viloyati hokimligi Abu Dabi taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan ajratiladigan qarz mablagʻlarining maqsadli va samarali sarflanishi hamda Loyihaning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi uchun masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi;
v) Loyiha doirasida Abu Dabi taraqqiyot jamgʻarmasining asosiy qarzini qaytarish, foizlar, qarzga xizmat koʻrsatish toʻlovi va boshqa xarajatlar:
suv taʼminoti tizimlarini modernizatsiya qilish qismi boʻyicha “Samarqand suv taʼminoti” MCHJ va Samarqand viloyati mahalliy budjeti hisobidan;
yoʻl tarmoqlarini modernizatsiya qilish qismi boʻyicha Respublika budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
3. Quyidagilar:
Abu Dabi taraqqiyot jamgʻarmasi ishtirokida “Samarqand shahrida suv taʼminoti tizimlari va yoʻl tarmoqlarini modernizatsiya qilish” loyihasi texnik-iqtisodiy asosining asosiy koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
“Samarqand shahrida suv taʼminoti tizimlari va yoʻl tarmoqlarini modernizatsiya qilish” loyihasi boʻyicha jalb qilingan Abu Dabi taraqqiyot jamgʻarmasining qarz mablagʻlarini qaytarish, foizlar, qarzga xizmat koʻrsatish toʻlovi va boshqa xarajatlarni toʻlashning prognoz jadvali 2-ilovaga muvofiq;
“Samarqand shahrida suv taʼminoti tizimlari va yoʻl tarmoqlarini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida Abu Dabi taraqqiyot jamgʻarmasining qarz mablagʻlari hisobidan suv taʼminoti tizimini modernizatsiya qilish xarajatlarini qoplash boʻyicha ulushlar taqsimotining prognoz jadvali 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Moliya vaziriga “Oʻzsuvtaʼminot” AJ, Samarqand viloyati hokimligi va “Samarqand suv taʼminoti” MCHJ bilan Abu Dabi taraqqiyot jamgʻarmasining qarz mablagʻlarini suv taʼminoti tizimini modernizatsiya qilish qismi boʻyicha qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitimni imzolash, shuningdek, zarur hollarda, ushbu bitimga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish vakolati berilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksiga asosan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari boʻyicha xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari tomonidan berilgan qarzlar (kreditlar) hisobidan yuridik shaxslar tomonidan bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlar bojxona bojidan ozod qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Belgilansinki, Loyihani amalga oshirish doirasida hosil boʻladigan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi xoʻjalik yurituvchi subyektlar mablagʻlari hisobidan toʻlanadi, toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi xoʻjalik yurituvchi subyektlarga respublika budjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.
6. Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi va Abu Dabi taraqqiyot jamgʻarmasi oʻrtasida qarz bitimi hamda Moliya vazirligi bilan tegishincha “Oʻzsuvtaʼminot” AJ, Samarqand viloyati hokimligi va “Samarqand suv taʼminoti” MCHJ oʻrtasida Abu Dabi taraqqiyot jamgʻarmasi qarz mablagʻlarini qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitim, shuningdek, ushbu bitimga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi bitimlarga belgilangan tartibda yuridik xulosa bersin.
7. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturlarida har bir yil uchun asosiy koʻrsatkichlarni aniqlashtirib va yangilab borgan holda Loyiha doirasida ajratiladigan mablagʻlarni inobatga olsin.
8. Samarqand viloyati hokimligi:
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishgan holda bir oy muddatda Samarqand viloyati hokimligi huzurida Loyihani amalga oshirish guruhi tashkil etilishini;
Loyihani amalga oshirish davrida Loyihani amalga oshirish guruhi faoliyatini moliyalashtirish boʻyicha har yillik xarajatlar smetasi hamda shtatlar jadvalining Moliya vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlanishini;
Loyiha boʻyicha oʻzlashtirilgan mablagʻlar hamda erishilgan natijalar yuzasidan maʼlumotlar majburiy tarzda Samarqand viloyati hokimligining rasmiy veb-saytida muntazam eʼlon qilib borilishini;
suv inshootlari va tarmoqlarini qurish uchun zarur boʻlgan yer maydoni oʻrnatilgan tartibda oʻz vaqtida ajratilishini;
Loyiha doirasida obyektlar qurilishi rejalashtirilgan hududlardagi jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli koʻchmas mulk obyektlarini koʻchirish va mulkdorga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashni taʼminlash Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-noyabrdagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqlari kafolatlarini taʼminlash hamda yer uchastkalarini olib qoʻyish va kompensatsiya berish tartibini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 911-son qarori talablariga muvofiq amalga oshirilishini taʼminlasin.
9. Davlat dasturlari ijro etilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish boʻyicha respublika shtabi (E.T. Yuldashev) Loyiha doirasidagi mablagʻlarning maqsadli ajratilishi va sarflanishi ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin hamda har yarim yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (A.E. Burxanov) Loyiha doirasida ajratilgan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishi jarayonida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash ustidan doimiy nazorat oʻrnatsin.
10. Quyidagilarga:
Samarqand viloyati hokimligiga Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi va Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi bilan birgalikda — obyektlarning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilishini va vakolatli organlardan oʻrnatilgan tartibda ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlash;
Qurilish vazirligiga — obyektlarda olib boriladigan qurilish-montaj ishlari sifatli bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasiga — obyektlarning loyiha hujjatlari belgilangan tartibda davlat ekologik ekspertizasidan oʻtkazilishini va Loyiha doirasida tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazorat oʻrnatilishini hamda daraxtlar koʻchirilgan hududlarda qoʻshimcha ekilishini taʼminlash;
Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligiga — madaniy meros obyektlari bilan bogʻliq Loyiha doirasida amalga oshiriladigan ishlar belgilangan tartibda kelishilishini va madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga rioya qilinishi ustidan nazorat oʻrnatish vazifalari yuklatilsin.
11. Samarqand viloyati hokimligining buyurtmanomalariga binoan:
Tashqi ishlar vazirligi — Loyihani amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislar uchun kirish vizalarini konsullik yigʻimlari va haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻimlar undirilmasdan, zarur hollarda, Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida rasmiylashtirilishini (muddati uzaytirilishini);
Ichki ishlar vazirligi — Loyihani amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirmasdan koʻp martalik vizalar rasmiylashtirilishi (muddati uzaytirilishi) hamda turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazilishi va uning muddati uzaytirilishini;
(11-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 9-iyundagi PF-109-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2026-y., 06/26/109/0580-son)
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi — oʻrnatilgan tartibda xorijiy mutaxassislarni (Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari orasida bunday mutaxassislar boʻlmagan taqdirda) Oʻzbekiston Respublikasiga jalb etishga ruxsatnomalar berilishi (muddati uzaytirilishi), shuningdek, koʻrsatib oʻtilgan xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishi) belgilangan tartibda taʼminlasin.
12. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Samarqand viloyati hokimi E.O. Turdimov belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari A.J. Ramatov va J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2022-yil 8-sentabr,
PQ-372-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-sentabrdagi PQ-372-son qaroriga 1-ILOVA
Abu Dabi taraqqiyot jamgʻarmasi ishtirokida “Samarqand shahrida suv taʼminoti tizimlari va yoʻl tarmoqlarini modernizatsiya qilish” loyihasi texnik-iqtisodiy asosining
Izoh: loyihada tarkibiy qismlardan hadli yondashuvi qoʻllaniladi va ularning narxlari oʻzgarishi mumkin.
Yakuniy koʻrsatkichlar, shu jumladan davlat budjetidan ajratiladigan zarur mablagʻlar miqdori texnik-iqtisodiy asosni ishlab chiqish natijalari boʻyicha aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-sentabrdagi PQ-372-son qaroriga 2-ILOVA
“Samarqand shahrida suv taʼminoti tizimlari va yoʻl tarmoqlarini modernizatsiya qilish” loyihasi boʻyicha jalb qilingan Abu Dabi taraqqiyot jamgʻarmasining qarz mablagʻlarini qaytarish, foizlar, qarzga xizmat koʻrsatish toʻlovi va boshqa xarajatlarni toʻlashning
Izoh:
* Abu Dabi taraqqiyot jamgʻarmasining qarz bitimi boʻyicha asosiy qarzni, foizlarni, boshqa toʻlovlarni toʻlash qiymati va qarzni qaytarish sanalari qarz mablagʻlari yechilgan kundan boshlab aniqlanadi.
** Qarz mablagʻlarining suv taʼminoti tizimlariga ajratilayotgan qismidan tashqari qismi toʻliq Oʻzbekiston Respublikasi Respublika budjeti hisobidan qoplanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-sentabrdagi PQ-372-son qaroriga 3-ILOVA
“Samarqand shahrida suv taʼminoti tizimlari va yoʻl tarmoqlarini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida Abu Dabi taraqqiyot jamgʻarmasining qarz mablagʻlariga suv taʼminoti tizimini modernizatsiya qilish xarajatlarini qoplash boʻyicha ulushlar taqsimotining
* Mazkur qarz mablagʻlarini qaytarish ulushlari “Samarqand suv taʼminoti” MCHJga xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan barcha kreditlarni inobatga olgan holda hisob-kitob qilingan.