PQ-373-son Qaror · 10.09.2022

Dehqon xoʻjaliklari tashkil etishni qoʻllab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-373
  • Qabul qilingan sana:10.09.2022
  • Kuchga kirgan sana:10.09.2022
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/22/373/0808

Mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini va ichki bozorlarda narxlar barqarorligini taʼminlash hamda agrar sohada aholining tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash orqali ularning daromadlarini oshirish, shuningdek, “Bir hudud — bir mahsulot” tamoyili asosida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirishni kengaytirish hamda eksport salohiyatini oshirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishida dehqon xoʻjaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-20-son qaroriga muvofiq, fermer xoʻjaliklari va klasterlar foydalanishidagi past hosilli paxta va gʻalladan qisqartirilgan va aholiga uzoq boʻlmagan hududlardan:

2022-yilda 80 ming gektar ekin maydonlarini;

2023 — 2025-yillarda 120 ming gektar ekin maydonlarini aholiga ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berish belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Belgilansinki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda fermer xoʻjaliklari va klasterlar foydalanishidagi paxta va gʻalladan qisqartirilgan hamda aholi punktlariga yaqin va suv taʼminoti yaxshi boʻlgan yerlardan 2022-yil yakuniga qadar qoʻshimcha 20 ming gektar — umumiy 100 ming gektar ekin maydonlari, 2023-yilda 93 155 gektar ekin maydonlari 1 — 1.13-ilovalarga muvofiq aholiga ochiq elektron tanlov orqali ijaraga beriladi.

(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-maydagi PQ-146-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2023-y., 07/23/146/0249-son)

Bunda:

a) ekin maydonlari fuqarolarga 30 yil muddatga:

suv taʼminoti yaxshi boʻlgan yerlardan — Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida 0,15 gektardan 1 gektargacha, boshqa viloyatlarda 0,30 gektardan 1 gektargacha hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida 0,30 gektardan 2 gektargacha boʻlgan oʻlchamlarda;

kam suvli yerlardan — viloyatlarda 0,50 gektardan 1 gektargacha hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida 0,50 gektardan 2 gektargacha boʻlgan oʻlchamlarda ijaraga beriladi;

b) 2022-2023-yillarda dehqon xoʻjaligi yuritish maqsadida ekin maydonlarini aholiga berish uchun tashkil etiladigan ochiq elektron tanlovda 1 nafar talabgor ishtirok etgan taqdirda, istisno tariqasida, tanlov oʻtkazilgan hisoblanadi;

v) issiqxona tarmogʻi keng rivojlangan tumanlarda dehqon xoʻjaliklariga ajratib berilgan ekin maydonlarida isitish tizimlarini oʻrnatmagan holda yengil konstruksiyali issiqxonalar qurilishiga ruxsat beriladi.

3. Shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq:

“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan aholiga dehqon xoʻjaligini yuritish uchun yer uchastkalari ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berilganda, mazkur xatboshida nazarda tutilayotgan shaxslar yuqoridagi daftarlardan chiqarilmaydi va ular uchun qonunchilikda belgilangan barcha imtiyoz va preferensiyalar bir yil muddatga saqlab qolinadi;

imtiyoz va preferensiyalarning bir yillik amal qilish muddati dehqon xoʻjaligini yuritish uchun yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab hisoblanadi.

4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar (shaharlar) hokimliklari Qishloq xoʻjaligi vazirligi (A. Voitov, X. Karimov) va Kadastr agentligi (F. Pulatov) bilan birgalikda:

a) bir oy muddatda 2022-yilda aholiga qoʻshimcha tarzda ochiq elektron tanlov orqali ijaraga beriladigan 20 ming gektar ekin maydonlarining, 2023-yil 1-yanvarga qadar 2023-yilda aholiga ochiq elektron tanlov orqali ijaraga beriladigan 93 155 gektar ekin maydonlarining aholi punktlariga yaqin, suv taʼminoti yaxshi boʻlgan yerlardan tanlanishi va tuman (shahar) hokimliklarining zaxirasiga belgilangan tartibda qaytarilishi va davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini;

(4-band “a” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-maydagi PQ-146-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2023-y., 07/23/146/0249-son)

Bunda, yer uchastkalariga egalik qilish huquqi yoxud undan doimiy yoki muddatli foydalanish huquqining bekor qilinishi Yer kodeksining 36-moddasida belgilangan hollarda, jumladan yer uchastkasidan oqilona foydalanilmaganda, ushbu qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar uchun hosildorlik darajasi uch yil mobaynida normativdan (kadastr bahosiga koʻra) past boʻlishida ifodalanganda, yer uchastkasidan tuproq unumdorligi pasayishiga, uning kimyoviy va radioaktiv moddalar bilan ifloslanishiga, ekologik vaziyatning yomonlashuviga olib keladigan usullar bilan foydalanilgan taqdirda, amalga oshiriladi;

b) zaxiraga olingan yer uchastkalarini davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazish ishlari tuman (shahar) hokimliklari buyurtmasiga asosan amalga oshirilishini, bunda davlat roʻyxatidan oʻtkazish ishlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti va viloyatlar mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilishini;

v) davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan ekin maydonlarining suv taʼminoti yaxshi boʻlgan yerlarda — Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida kamida 0,15 gektarga, boshqa hududlarda kamida 0,30 gektarga hamda kam suvli yerlarda kamida 0,5 gektarga teng boʻlgan hajmlarda lotlarga ajratilib, bir oy ichida ochiq elektron tanlovga qoʻyilishini;

g) ekin maydonlarini tanlash va lotlarga ajratish ishlarida mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimlari yordamchilarining ishtirokini hamda ular tomonidan bildirilgan takliflar inobatga olinishini;

d) yer toʻgʻrisidagi qonunchilik va ijara shartnomasi talablari bajarilmaganda, jumladan ijaraga berilgan yer uchastkasidan oqilona foydalanilmaganda, talabgor tomonidan ochiq elektron tanlov orqali yerning ijara huquqini yutib olish uchun olingan qoʻshimcha majburiyatlar bajarilmaganda, yerga boʻlgan huquq Yer kodeksi va “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunga asosan bekor qilinishi haqida dehqon xoʻjaliklari aʼzolari orasida tushuntirish ishlari olib borilishini taʼminlasin.

Mazkur bandda belgilanayotgan topshiriqlar ijrosini oʻz vaqtida taʼminlamagan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar (shaharlar) hokimlari qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirilsin.

5. Bosh vazir oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev, Qishloq xoʻjaligi vazirligi (A. Voitov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar (shaharlar) hokimlari:

(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.10.2024-y., 06/24/151/0764-son)

2022-yil yakuniga qadar qoʻshimcha 20 ming gektar, 2023-yilda 93 155 gektar ekin maydonlarini ochiq va shaffoflikni taʼminlagan holda dehqonchilik koʻnikmalariga ega boʻlgan, shu jumladan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan aholiga ajratsin;

(5-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-maydagi PQ-146-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2023-y., 07/23/146/0249-son)

mazkur maydonlarga Qishloq xoʻjaligi vazirligi tavsiyasiga asosan, hududlar ehtiyojlari uchun zarur boʻlgan va eksportbop qishloq xoʻjaligi ekinlari ekilishini taʼminlasin. Bunda, sabzavot, poliz, dukkakli, moyli va kartoshka ekinlarini intensiv usulda ekishga alohida eʼtibor qaratilsin;

(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.10.2024-y., 06/24/151/0764-son)

mahsulot yetishtiruvchilarga qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish uchun zarur boʻlgan moddiy-texnik resurslar, shu jumladan urugʻlik, koʻchat, mineral oʻgʻit va kimyoviy vositalar yetkazib berish, shuningdek, zaruriy agrotexnik xizmatlar koʻrsatish ishlarini tashkil etsin;

agrosanoat klasterlari, tayyorlov, qayta ishlash va eksport qiluvchi korxonalarni jalb qilgan holda yetishtirilgan tayyor mahsulotni xarid qilish, uni qayta ishlash, saqlash, ichki va tashqi bozorlarga yoʻnaltirish choralarini koʻrsin;

Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi (I. Ergashev) bilan birgalikda ekin maydonlarida zararkunandalar hamda kasalliklar tarqalishining oldini olish maqsadida tizimli kuzatuvlarni tashkil etib, dehqon xoʻjaliklariga ekinlarni himoya qilish xizmatlari oʻz vaqtida koʻrsatilishini taʼminlasin;

qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yigʻish, tashish, saqlash, qayta ishlash va sotishning barcha bosqichlarini qamrab olgan kichik agrologistika markazlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrsin.

Bosh vazir oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev, qishloq xoʻjaligi vaziri A.B. Voitov mazkur chora-tadbirlarni oʻz vaqtida va samarali tashkil etish ustidan doimiy monitoring oʻrnatib, amalga oshirilgan ishlar haqida har oyda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin.

(5-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi PF-151-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 02.10.2024-y., 06/24/151/0764-son)

6. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A. Xodjayev), Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Xadjayev), Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A. Koʻchimov) Qishloq xoʻjaligi vazirligi (A. Voitov) bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati hamda maqsad va vazifalarining ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

8. Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Ushbu qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib qishloq xoʻjaligi vaziri A.B. Voitov, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi direktori M.M. Ubaydullayev hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2022-yil 10-sentabr,

PQ-373-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-sentabrdagi PQ-373-son qaroriga 1-ILOVA

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda fermer xoʻjaliklari va klasterlar foydalanishidagi paxta va gʻalladan qisqartirilgan hamda aholi punktlariga yaqin va suv taʼminoti yaxshi boʻlgan yerlar hisobidan fuqarolarga ochiq elektron tanlov orqali ijara huquqi asosida beriladigan ekin maydonlarining hajmlari

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-maydagi PQ-146-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2023-y., 07/23/146/0249-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-sentabrdagi PQ-373-son qaroriga 1.1-ILOVA

Qoraqalpogʻiston Respublikasi tumanlarida fermer xoʻjaliklari va klasterlar foydalanishidagi paxta va gʻalladan qisqartirilgan hamda aholi punktlariga yaqin va suv taʼminoti yaxshi boʻlgan yerlar hisobidan fuqarolarga ochiq elektron tanlov orqali ijara huquqi asosida beriladigan ekin maydonlarining hajmlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-sentabrdagi PQ-373-son qaroriga 1.2-ILOVA

Andijon viloyati tumanlarida fermer xoʻjaliklari va klasterlar foydalanishidagi paxta va gʻalladan qisqartirilgan hamda aholi punktlariga yaqin va suv taʼminoti yaxshi boʻlgan yerlar hisobidan fuqarolarga ochiq elektron tanlov orqali ijara huquqi asosida beriladigan ekin maydonlarining hajmlari

(1.2-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 5-apreldagi PQ-113-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.04.2023-y., 07/23/113/0198-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-sentabrdagi PQ-373-son qaroriga 1.3-ILOVA

Buxoro viloyati tumanlarida fermer xoʻjaliklari va klasterlar foydalanishidagi paxta va gʻalladan qisqartirilgan hamda aholi punktlariga yaqin va suv taʼminoti yaxshi boʻlgan yerlar hisobidan fuqarolarga ochiq elektron tanlov orqali ijara huquqi asosida beriladigan ekin maydonlarining hajmlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-sentabrdagi PQ-373-son qaroriga 1.4-ILOVA

Jizzax viloyati tumanlarida fermer xoʻjaliklari va klasterlar foydalanishidagi paxta va gʻalladan qisqartirilgan hamda aholi punktlariga yaqin va suv taʼminoti yaxshi boʻlgan yerlar hisobidan fuqarolarga ochiq elektron tanlov orqali ijara huquqi asosida beriladigan ekin maydonlarining hajmlari

(1.4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-maydagi PQ-146-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2023-y., 07/23/146/0249-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-sentabrdagi PQ-373-son qaroriga 1.5-ILOVA

Qashqadaryo viloyati tumanlarida fermer xoʻjaliklari va klasterlar foydalanishidagi paxta va gʻalladan qisqartirilgan hamda aholi punktlariga yaqin va suv taʼminoti yaxshi boʻlgan yerlar hisobidan fuqarolarga ochiq elektron tanlov orqali ijara huquqi asosida beriladigan ekin maydonlarining hajmlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-sentabrdagi PQ-373-son qaroriga 1.6-ILOVA

Navoiy viloyati tumanlarida fermer xoʻjaliklari va klasterlar foydalanishidagi paxta va gʻalladan qisqartirilgan hamda aholi punktlariga yaqin va suv taʼminoti yaxshi boʻlgan yerlar hisobidan fuqarolarga ochiq elektron tanlov orqali ijara huquqi asosida beriladigan ekin maydonlarining hajmlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-sentabrdagi PQ-373-son qaroriga 1.7-ILOVA

Namangan viloyati tumanlarida fermer xoʻjaliklari va klasterlar foydalanishidagi paxta va gʻalladan qisqartirilgan hamda aholi punktiga yaqin va suv taʼminoti yaxshi boʻlgan yerlar hisobidan fuqarolarga ochiq elektron tanlov orqali ijara huquqi asosida beriladigan ekin maydonlarining hajmlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-sentabrdagi PQ-373-son qaroriga 1.8-ILOVA

Samarqand viloyati tumanlarida fermer xoʻjaliklari va klasterlar foydalanishidagi paxta va gʻalladan qisqartirilgan hamda aholi punktlariga yaqin va suv taʼminoti yaxshi boʻlgan yerlar hisobidan fuqarolarga ochiq elektron tanlov orqali ijara huquqi asosida beriladigan ekin maydonlarining hajmlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-sentabrdagi PQ-373-son qaroriga 1.9-ILOVA

Surxondaryo viloyati tumanlarida fermer xoʻjaliklari va klasterlar foydalanishidagi paxta va gʻalladan qisqartirilgan hamda aholi punktlariga yaqin va suv taʼminoti yaxshi boʻlgan yerlar hisobidan fuqarolarga ochiq elektron tanlov orqali ijara huquqi asosida beriladigan ekin maydonlarining hajmlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-sentabrdagi PQ-373-son qaroriga 1.10-ILOVA

Sirdaryo viloyati tumanlarida fermer xoʻjaliklari va klasterlar foydalanishidagi paxta va gʻalladan qisqartirilgan hamda aholi punktlariga yaqin va suv taʼminoti yaxshi boʻlgan yerlar hisobidan fuqarolarga ochiq elektron tanlov orqali ijara huquqi asosida beriladigan ekin maydonlarining hajmlari

(1.10-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-noyabrdagi PQ-431-son qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.11.2022-y., 07/22/431/1048-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-sentabrdagi PQ-373-son qaroriga 1.11-ILOVA

Toshkent viloyati tumanlarida fermer xoʻjaliklari va klasterlar foydalanishidagi paxta va gʻalladan qisqartirilgan hamda aholi punktlariga yaqin va suv taʼminoti yaxshi boʻlgan yerlar hisobidan fuqarolarga ochiq elektron tanlov orqali ijara huquqi asosida beriladigan ekin maydonlarining hajmlari

(1.11-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 1-dekabrdagi PQ-435-son qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.12.2022-y., 07/22/435/1063)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-sentabrdagi PQ-373-son qaroriga 1.12-ILOVA

Fargʻona viloyati tumanlarida fermer xoʻjaliklari va klasterlar foydalanishidagi paxta va gʻalladan qisqartirilgan hamda aholi punktlariga yaqin va suv taʼminoti yaxshi boʻlgan yerlar hisobidan fuqarolarga ochiq elektron tanlov orqali ijara huquqi asosida beriladigan ekin maydonlarining hajmlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-sentabrdagi PQ-373-son qaroriga 1.13-ILOVA

Xorazm viloyati tumanlarida fermer xoʻjaliklari va klasterlar foydalanishidagi paxta va gʻalladan qisqartirilgan hamda aholi punktlariga yaqin va suv taʼminoti yaxshi boʻlgan yerlar hisobidan fuqarolarga ochiq elektron tanlov orqali ijara huquqi asosida beriladigan ekin maydonlarining hajmlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 10-sentabrdagi PQ-373-son qaroriga 2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-noyabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishida dehqon xoʻjaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-20-son qarorida:

a) 1-bandning ikkinchi va uchinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda fermer xoʻjaliklari va klasterlar foydalanishidagi aholi punktiga yaqin hamda suv taʼminoti yaxshi boʻlgan paxta va gʻalladan qisqartirilgan 195 169 gektar ekin maydonlarini zaxiraga qaytarish;

b) zaxiraga qaytarilgan yer maydonlarini dehqon xoʻjaligi tashkil etgan holda sabzavotchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish kabi loyihalarni amalga oshirish uchun fuqarolarga 30 yilga:

suv taʼminoti yaxshi hududlarda Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida 0,15 gektardan 1 gektargacha, boshqa viloyatlarda 0,30 gektardan 1 gektargacha hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida 0,30 gektardan 2 gektargacha boʻlgan oʻlchamlarda;

kam suvli yerlarda viloyatlarda 0,50 gektardan 1 gektargacha hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida 0,50 gektardan 2 gektargacha boʻlgan oʻlchamlarda ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin”;

b) 3, 7-bandlar hamda qarorga 1 — 1.13-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

2. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-apreldagi 250-son qarori bilan tasdiqlangan “Temir daftar”ni yuritish orqali ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti ogʻir oilalar muammolarini tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha vaqtinchalik tartibning 18-bandi quyidagi mazmundagi oʻn uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Temir daftar” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan aholiga dehqon xoʻjaligini yuritish uchun yer uchastkalari ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berilganda, mazkur xatboshida nazarda tutilayotgan shaxslar yuqoridagi daftarlardan chiqarilmaydi va ular uchun qonunchilikda belgilangan barcha imtiyoz va preferensiyalar bir yil muddatga saqlab qolinadi. Bunda, imtiyoz va preferensiyalarning bir yillik amal qilish muddati dehqon xoʻjaligini yuritish uchun yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab hisoblanadi”.

3. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-iyuldagi 458-son qarori bilan tasdiqlangan Qishloq xoʻjaligi birlashmalarining aʼzolari, meva-sabzavot klasterlari ishtirokchilari va tadbirkorlik subyektlariga mahalliy sharoitda yetishtirilgan intensiv koʻchatlar (pakana va yarim pakana), xoʻraki, kishmishbop va sanoatbop tok koʻchatlari hamda payvandtaglarni sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish toʻgʻrisidagi nizomda:

a) 17 va 26-bandlardagi “maxsus 22626 hisobvaraqlariga” soʻzlari “asosiy hisobvaraqlariga” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) Nizomga 2-ilovadagi sxemaning 5-bosqichi “Tadbirlar” ustunidagi “maxsus 22626-maxsus hisobvaraqlariga” soʻzlari “asosiy hisobvaraqlariga” soʻzlari bilan almashtirilsin.

4. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-noyabrdagi 709-son qarori bilan tasdiqlangan Dehqon xoʻjaligi yuritish uchun yer uchastkalarini ijaraga berishning maʼmuriy reglamentida:

a) quyidagi mazmundagi 4-1-band bilan toʻldirilsin:

“4-1. Fermer xoʻjaliklari va klasterlar foydalanishidagi paxta va gʻalladan qisqartirilgan aholi punktiga yaqin va suv taʼminoti yaxshi boʻlgan ekin maydonlarini aholiga berish uchun 2022-2023-yillarda tashkil etiladigan ochiq elektron tanlovda bir nafar talabgor ishtirok etgan taqdirda, istisno tariqasida, tanlov oʻtkazilgan hisoblanadi”;

b) 27-bandning toʻrtinchi xatboshisi “mazkur lot takroriy tanlovga qoʻyilganda” soʻzlaridan keyin “shuningdek, fermer xoʻjaliklari va klasterlar foydalanishidagi paxta va gʻalladan qisqartirilgan aholi punktiga yaqin va suv taʼminoti yaxshi boʻlgan ekin maydonlarini ijaraga olish uchun 2022-2023-yillarda tashkil etiladigan tanlovda” soʻzlari bilan toʻldirilsin.

5. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 31-martdagi 145-son qarori bilan tasdiqlangan “Ayollar daftari”ni yuritish orqali xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 44-bandi quyidagi mazmundagi oʻn birinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga dehqon xoʻjaligini yuritish uchun yer uchastkalari ochiq elektron tanlov orqali ijaraga berilganda, mazkur xatboshida nazarda tutilayotgan xotin-qizlar yuqoridagi daftardan chiqarilmaydi va ular uchun qonunchilikda belgilangan barcha imtiyoz va preferensiyalar bir yil muddatga saqlab qolinadi. Bunda, imtiyoz va preferensiyalarning bir yillik amal qilish muddati dehqon xoʻjaligini yuritish uchun yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab hisoblanadi”.

6. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 10-iyundagi “Uzumchilik, bogʻdorchilik, issiqxona xoʻjaliklarini yurituvchi va vinochilik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi subyektlarni davlat tomonidan moliyaviy qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 327-son qarorida:

a) 1-ilova (Yangi intensiv bogʻ va tokzorlarda loyiha asosida tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini joriy qilish, burgʻilangan quduq, shuningdek daryolar, kanallar hamda boshqa suv havzalaridan suv tortish uchun nasos stansiyasini qurish va qayta tiklanuvchi, muqobil elektr energiyasi qurilmasini sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi toʻgʻrisida nizom)da:

13-bandning ikkinchi xatboshisidagi “22626-maxsus hisobvaragʻi” soʻzlari “asosiy hisobvaragʻi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

15-bandning birinchi xatboshisidagi “maxsus 22626-hisobvaragʻiga” soʻzlari “asosiy hisobvaragʻiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;

Nizomga 2-ilovadagi sxemaning 5-bosqichi “Tadbirlar” ustunidagi “maxsus 22626-hisobvaragʻiga” soʻzlari “asosiy hisobvaragʻiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) 2-ilova (Uzum koʻchatlarini shpalerga (yogʻoch va boshqa sinuvchan ustunlardan tashqari) koʻtarish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi toʻgʻrisida nizom)da:

12-bandning ikkinchi xatboshisidagi “22626-maxsus hisobvaragʻi” soʻzlari “asosiy hisobvaragʻi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

14-bandning birinchi xatboshisidagi “maxsus 22626-hisobvaraqlariga” soʻzlari “asosiy hisobvaraqlariga” soʻzlari bilan almashtirilsin;

Nizomga 2-ilovadagi sxemaning 5-bosqichi “Tadbirlar” ustunidagi “maxsus 22626-hisobvaragʻiga” soʻzlari “asosiy hisobvaragʻiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;

Nizomga 3-ilovaning 2-bandidagi “22626-maxsus hisobvaragʻi” soʻzlari “asosiy hisobvaragʻi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

v) 3-ilova (Uzum (mayiz) quritish va qadoqlash liniyalarini xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi toʻgʻrisida nizom)da:

10-bandning ikkinchi xatboshisidagi “22626-maxsus hisobvaragʻi” soʻzlari “asosiy hisobvaragʻi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

12-bandning birinchi xatboshisidagi “maxsus 22626-hisobvaraqlariga” soʻzlari “asosiy hisobvaraqlariga” soʻzlari bilan almashtirilsin;

Nizomga 2-ilovadagi sxemaning 5-bosqichi “Tadbirlar” ustunidagi “maxsus 22626-hisobvaragʻiga” soʻzlari “asosiy hisobvaragʻiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;

g) 4-ilova (Vinochilik asbob-uskunalarini xarid qilish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi toʻgʻrisida nizom)da:

10-bandning ikkinchi xatboshisidagi “22626-maxsus hisobvaragʻi” soʻzlari “asosiy hisobvaragʻi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

12-bandning birinchi xatboshisidagi “maxsus 22626-hisobvaragʻiga” soʻzlari “asosiy hisobvaragʻiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;

Nizomga 2-ilovadagi sxemaning 5-bosqichi “Tadbirlar” ustunidagi “maxsus 22626-hisobvaragʻiga” soʻzlari “asosiy hisobvaragʻiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;

Nizomga 5-ilovadagi “maxsus hisobvaraq” soʻzlari “asosiy hisobvaraq” soʻzlari bilan almashtirilsin;

d) 5-ilova (Mahalliy ishlab chiqaruvchi klasterlar tomonidan uzum va meva-rezavorlardan tayyorlangan hamda tabiiy ravishda achitilgan har bir litr tabiiy vino (etil spirti qoʻshilmagan holda) va brendi mahsulotlarini eksport qilish xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi toʻgʻrisida nizom)da:

12-bandning ikkinchi xatboshisidagi “22626-maxsus hisobvaragʻi” soʻzlari “asosiy hisobvaragʻi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

14-bandning birinchi xatboshisidagi “maxsus 22626-hisobvaraqlariga” soʻzlari “asosiy hisobvaraqlariga” soʻzlari bilan almashtirilsin;

Nizomga 2-ilovadagi sxemaning 5-bosqichi “Tadbirlar” ustunidagi “maxsus 22626-hisobvaragʻiga” soʻzlari “asosiy hisobvaragʻiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;

Nizomga 5-ilovada “maxsus hisobvaraq” soʻzlari “asosiy hisobvaraq” soʻzlari bilan almashtirilsin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.