PQ-118-son Qaror · 10.04.2023

Ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-118
  • Qabul qilingan sana:10.04.2023
  • Kuchga kirgan sana:11.04.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/118/0204

Ijtimoiy soha obyektlaridagi isitish tizimlarining kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini taʼminlash, ushbu obyektlarga issiqlik energiyasini uzluksiz yetkazib berish hamda energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, shuningdek, sohaga xususiy investitsiyalarni keng jalb qilish maqsadida:

1. Andijon viloyatining Boʻston tumanidagi 69 ta ijtimoiy soha obyektini issiqlik energiyasi bilan taʼminlash davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hamda tegishli ijtimoiy sohaga masʼul vazirlik va idoralar 2023 — 2026-yillarda respublika hududlarida faoliyat yuritayotgan davlat ijtimoiy soha obyektlarini ekologik toza yoqilgʻi turlariga (elektr energiyasi, quyosh suv isitish qurilmalari, quyosh panellari va shu kabilar) va muqobil issiqlik tizimlariga (issiqlik nasoslari va shu kabilar) oʻtkazish orqali kuz-qish mavsumida issiqlik energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash, qozonxonalarni modernizatsiya qilish hamda muassasalarning issiqlik tizimini taʼmirlash va belgilangan meʼyorlarda ishlashini taʼminlashni davlat-xususiy sheriklik asosida bosqichma-bosqich joriy etish choralarini koʻrsin. Bunda:

(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-martdagi PQ-100-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.03.2025-y., 07/25/100/0240-son)

birinchi bosqichda Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlaridagi 5 722 ta davlat ijtimoiy soha obyektining issiqlik taʼminoti tizimlarini xususiy sektor ishtirokida modernizatsiya qilish va boshqarish tizimi joriy qilinsin;

davlat ijtimoiy soha obyektlarida mavjud isitish tizimlarining joriy holatidan kelib chiqib, 2023-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Qashqadaryo va Sirdaryo viloyatlarining barcha tuman (shahar)larida hamda boshqa viloyatlarning 2-ilovaga muvofiq tuman (shahar) larida davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish ishlari boshlansin.

(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-martdagi PQ-100-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.03.2025-y., 07/25/100/0240-son)

3. Quyidagilar:

Ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va boshqarish tizimini joriy etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi davlat ijtimoiy soha obyektlari boʻyicha 2023-yilda davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlarni imzolash rejasi 2-ilovaga muvofiq;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda davlat ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlarini 2023-yilda davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish ishlarini tashkillashtirish boʻyicha respublika ishchi guruhi (keyingi oʻrinlarda — Respublika ishchi guruhi) tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Quyidagilar Respublika ishchi guruhining asosiy vazifalari etib belgilansin:

davlat ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlari uchun talab etiladigan koʻmir va boshqa yoqilgʻi mahsulotlari bilan taʼminlashga koʻmaklashish;

har chorakda tuman (shahar) hokimliklari va jalb qilingan xususiy sheriklar tomonidan bajarilgan ishlar natijadorligini oʻrganish va muntazam monitoring qilib borish;

davlat ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilishda yuzaga keladigan muammolarni aniqlash va bartaraf etish choralarini koʻrish;

tuman (shahar) hokimliklarining loyihalar ijrosi yuzasidan axborotlarini qabul qilish va natijasi boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga tahliliy materiallarni kiritib borish;

mazkur qarorda koʻrsatilgan topshiriqlarning belgilangan muddatlarda bajarilishini nazorat qilib borish.

5. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi (Sh. Xidoyatov), Energetika vazirligi (J. Mirzamahmudov), Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X. Umarova), Sogʻliqni saqlash vazirligi (A. Xudayarov), Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov), Sport vazirligi (A. Ikramov), Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi (A. Abduxakimov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tanlab olingan xususiy sheriklar bilan birga 2-ilovada belgilangan hududlar boʻyicha:

bir oy muddatda tuman (shahar)lardagi davlat ijtimoiy soha obyektlari boʻyicha mavjud issiqlik taʼminoti tizimlarining loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish choralarini koʻrsin. Bunda xususiy sheriklar tomonidan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, davlat sheriklari tomonidan tuzilgan ishchi guruh muhokamasiga taqdim etiladi hamda loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va davlat ekspertizasidan oʻtkazish xarajatlari hududlarning mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan modernizatsiya mablagʻlari bilan birga moliyalashtiriladi;

xususiy sherikka ijtimoiy soha muassasalarining foydalanilmayotgan, boʻsh turgan bino va inshootlarini foydalanish uchun vaqtinchalik ijaraga berish yoki omborxona qurilishi uchun yer uchastkasini (yer maydoniga egalik qilish huquqi berilmagan holda) ajratish choralarini koʻrsin. Bunda yer va mulkni ijaraga berish qoidalari, ijara toʻlovlarini amalga oshirish tartibi, ijaraga beruvchi va ijaraga oluvchining huquq va majburiyatlari, ijaraga berilgan mol-mulklarning roʻyxati hamda ularni nazorat qilish tartibi davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda belgilanadi;

joriy yil 1-iyulga qadar tuman (shahar)larda davlat-xususiy sheriklik asosida ijtimoiy soha obyektlarining issiqlik taʼminoti tizimini modernizatsiya qilish va boshqarish loyihalarining (keyingi oʻrinlarda — Loyihalar) konsepsiyalarini tasdiqlasin;

joriy yil 1-avgustdan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan va loyiha konsepsiyalari tasdiqlangan tuman (shahar)lardagi ijtimoiy soha obyektlarining issiqlik tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish ishlarini boshlasin.

Davlat sheriklari bir hafta muddatda qonunchilikda belgilangan tartibda loyiha-smeta hujjatlarini oʻrganib chiqish boʻyicha tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda ishchi guruh tarkibini tasdiqlasin.

Ishchi guruh tomonidan loyiha-smeta hujjatlari maʼqullanib, davlat ekspertizasidan oʻtkazilgandan soʻng, modernizatsiya ishlari boshlanishiga ruxsat beriladi hamda mazkur ishlarning sifatli va oʻz vaqtida bajarilishi boʻyicha xususiy sherik javobgar hisoblanadi.

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-martdagi PQ-100-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.03.2025-y., 07/25/100/0240-son)

6. Loyihalarni amalga oshirishda:

(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-martdagi PQ-100-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.03.2025-y., 07/25/100/0240-son)

davlat sherigi etib — tuman (shahar) hokimliklari hamda tegishli ijtimoiy sohaga masʼul vazirlik va idoralar hududiy organlari belgilansin. Bunda tuman(shahar)lardagi ijtimoiy soha obyektlari rahbarlari (tuman maktabgacha va maktab taʼlim boʻlimi, tuman tibbiyot birlashmasi va h.k.) davlat sherigining huquq va majburiyatlari bajarilishiga masʼul etib belgilansin;

(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-martdagi PQ-100-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.03.2025-y., 07/25/100/0240-son)

xususiy sheriklar — Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Qonuni talablariga muvofiq tender oʻtkazish va (yoki) Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlarining qarorlari asosida eng maqbul takliflarni tanlab olish orqali aniqlansin.

7. Belgilab qoʻyilsinki, Loyihalarni amalga oshirishda quyidagi vazifa va majburiyatlar bajarilishi taʼminlanadi:

a) davlat sheriklari tomonidan:

davlat ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlarini xatlovdan oʻtkazish va davlat ekspertizasidan oʻtkazishni taʼminlash;

(7-band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-martdagi PQ-100-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.03.2025-y., 07/25/100/0240-son)

loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda ekologik toza yoqilgʻi turlari (elektr energiyasi, quyosh suv isitish qurilmalari, quyosh panellari va shu kabilar) va muqobil issiqlik tizimlari (issiqlik nasoslari va shu kabilar) orqali ishlaydigan energiya tejamkor qozonlarni oʻrnatish va obyektlardagi ichki issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya qilishni nazarda tutish;

(7-band “a” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-martdagi PQ-100-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.03.2025-y., 07/25/100/0240-son)

Loyihalar boʻyicha konsepsiyalarni tasdiqlash;

Loyihalarni amalga oshirish uchun tenderlarni tashkil qilish hamda xususiy sheriklarni shaffof va ochiq shartlarda tanlash;

jalb qilingan xususiy sheriklar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish va ularga isitish obyektlari va tizimlarini davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda belgilangan muddatda vaqtinchalik bepul foydalanishga berish;

Davlat budjeti hisobidan ajratiladigan mablagʻlarning davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda belgilangan muddatlarda va miqdorlarda yoʻnaltirib borilishini taʼminlash;

xususiy sheriklar tomonidan bajariladigan ishlar va xizmatlar sifatini doimiy nazorat qilib borish, natijasi boʻyicha har chorakda Respublika ishchi guruhiga axborot berish;

xususiy sheriklar tomonidan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda belgilangan shartlar bajarilmagan taqdirda bitimni bir tomonlama bekor qilish;

2025-yil 1-oktabrga qadar ijtimoiy soha obyektlariga yetkazib berilgan issiqlik energiyasi hisobi va nazoratining onlayn tizimlari hamda issiqlik energiyasi hisoblagichlari oʻrnatilishi boʻyicha zarur choralar koʻrish;

(7-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-martdagi PQ-100-sonli qaroriga asosan oʻninchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.03.2025-y., 07/25/100/0240-son)

b) xususiy sheriklar tomonidan:

sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq ijtimoiy soha obyektlarining ichki qismlarida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning amal qilish muddati davomida issiqlik haroratini lozim darajada taʼminlash. Bunda 2025-yil 1-oktabrga qadar ijtimoiy soha obyektlariga yetkazib berilgan issiqlik energiyasi hisobi va nazoratining onlayn tizimlarini hamda yetkazib berilgan issiqlik miqdoriga aniqlik kiritish maqsadida issiqlik energiyasi hisoblagichlarini oʻz mablagʻlari hisobidan oʻrnatish;

(7-band “b” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-martdagi PQ-100-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.03.2025-y., 07/25/100/0240-son)

issiqlik energiyasi yoʻqotishlarini 30 foizga kamaytirish;

(7-band “b” kichik bandining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-martdagi PQ-100-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.03.2025-y., 07/25/100/0240-son)

ijtimoiy soha obyektlariga zamonaviy energiya tejamkor qozonlarni oʻrnatish;

(7-band “b” kichik bandining toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-martdagi PQ-100-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.03.2025-y., 07/25/100/0240-son)

oʻrnatiladigan isitish qozonlarining sifatini kafolatlash va muddatidan oldin yaroqsiz holatga kelgan isitish qozonlarini oʻz mablagʻlari hisobidan yangilash. Bunday hollarda Davlat budjetidan qoʻshimcha mablagʻ ajratilmaydi;

ijtimoiy soha obyektlarini isitish bilan bogʻliq barcha masalalarni oʻz zimmasiga olish.

8. Iqtisodiyot va moliya vazirligi uch oy muddatda davlat ijtimoiy soha obyektlarining issiqlik taʼminoti tizimini modernizatsiya qilish va taʼmirlash hamda yetkazib berilgan issiqlik taʼminoti uchun Davlat budjetidan mablagʻlar ajratish tartibini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Madaniyat vazirligi va Sport vazirligi doimiy ravishda DXSH loyihalari doirasida yetkaziladigan issiqlik energiyasi uchun narxlarni (tariflarni) hududiy narxlarni tartibga soluvchi organlar tomonidan oʻrnatilgan tartibda deklaratsiya qilish uchun tegishli hisob-kitoblarni kiritib borsin.

(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-martdagi PQ-100-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.03.2025-y., 07/25/100/0240-son)

9. Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlariga xususiy sheriklarning eng maqbul takliflarini tanlab olishda quyidagi talablarga eʼtibor qaratish tavsiya etilsin:

xususiy sheriklar mablagʻlarining ulushi kamida 50 foiz, Qoraqalpogʻiston Respublikasining uzoq hududlarda (tuman (shahar) markazidan kamida 30 km) joylashgan kichik va ayrim obyektlar uchun kamida 30 foiz va undan yuqori boʻlishi;

(9-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PQ-185-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 07/23/185/0361-son)

xususiy sheriklar tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar uchun xarajatlar miqdori mahalliy budjet parametrlarida ushbu maqsadlar uchun koʻzda tutilgan mablagʻlarga nisbatan kam boʻlishi;

xususiy sheriklarning soliq toʻlovchi sifatida ishonchli boʻlishi va oxirgi yilda tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olgan jami daromadi 3 mlrd soʻmdan kam boʻlmasligi.

10. Belgilansinki:

Loyihalar har bir ijtimoiy soha obyekti boʻyicha alohida lotga ajratgan holda amalga oshiriladi;

tuman (shahar)lardagi mavjud ijtimoiy soha obyektlarining sonidan, muassasalarning olis hududlarda joylashuvidan hamda tashabbuskor xususiy tadbirkorlik subyektlarining takliflaridan kelib chiqib, Respublika ishchi guruhi bilan kelishuvga koʻra ikki va undan ortiq loyihalarni birlashtirgan holda lotlarga ajratishga ruxsat beriladi.

11. Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh. Kudbiyev) 2023-yilda respublika boʻyicha davlat-xususiy sheriklik asosida davlat ijtimoiy soha obyektlarining issiqlik taʼminoti tizimini modernizatsiya qilish uchun jami 500 mlrd soʻm ajratsin hamda davlat-xususiy sheriklik bitimi rasmiylashtirilishiga qarab moliyalashtirib borilishini taʼminlasin.

(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 12-iyundagi PQ-185-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.06.2023-y., 07/23/185/0361-son)

Bunda, ushbu xarajatlar 2023-yilda Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturida nazarda tutilgan mablagʻlarni qayta taqsimlash hamda respublika budjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan qoplansin.

12. Isitish qozonlari ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularga qulay shart-sharoitlarni yaratish maqsadida, belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxat boʻyicha xorijdan olib kelinadigan (import qilinadigan), respublikada ishlab chiqarilmaydigan tovarlar 2025-yilning 1-yanvariga qadar bojxona bojidan ozod qilinsin.

Energetika vazirligi (J. Mirzamahmudov), “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi (M. Yunusov) isitish qozonlari ishlab chiqaruvchilar bilan birgalikda olib kelinadigan (import qilinadigan) tovarlar roʻyxatini shakllantirsin hamda belgilangan tartibda kompleks ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlasin.

13. Elektrotexnika sanoatini rivojlantirishga koʻmaklashish boʻyicha ishchi guruh (D. Sultanov) mahalliy elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan birga:

bir oy muddatda ikki xil, jumladan qattiq yoqilgʻida ishlaydigan isitish qozonlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini oshirish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

uch oy muddatda sohadagi mavjud korxonalar bazasida energiya tejovchi va xavfsizlik darajasi yuqori boʻlgan isitish qozonlari (har xil yoqilgʻida ishlaydigan) ishlab chiqarishni kengaytirish boʻyicha loyihalar roʻyxatini shakllantirsin.

14. Respublika ishchi guruhi (Sh. Kudbiyev):

manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan tuman hamda shahar hokimliklari bilan birgalikda oʻz tasarrufidagi ijtimoiy soha obyektlarining issiqlik taʼminoti tizimi modernizatsiya qilingandan soʻng yechib olinadigan va foydalanishga yaroqli boʻlgan isitish qozonlari ehtiyoji mavjud boʻlgan budjet tashkilotlariga begʻaraz oʻtkazib berilishini tashkillashtirsin;

uch oy muddatda Energetika vazirligi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlar doirasida ijtimoiy soha obyektlarida energiya samaradorligini oshirish boʻyicha manzilli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

15. Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi Loyihalarni amalga oshirish uchun Davlat budjeti hisobidan ajratiladigan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishi ustidan moliyaviy nazorat tadbirlari har yili oʻtkazilishini taʼminlasin.

(15-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 8-iyuldagi PF-99-sonli Farmoni tahririda)

Bunda, davlat sherigi va xususiy sherik Loyihalar uchun ajratiladigan Davlat budjeti mablagʻlarining maqsadli sarflanishi uchun davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq javobgar hisoblanadi.

16. Tegishli soha vazirliklari davlat sheriklari bilan birgalikda Loyihalar boʻyicha tasdiqlangan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlarda belgilangan samaradorlik koʻrsatkichlari bajarilishi va bitim shartlariga rioya etilishi yuzasidan doimiy monitoringni amalga oshirib borsin.

Bunda davlat sheriklari monitoring natijasida aniqlangan kamchiliklar uchun bitimni bekor qilishgacha boʻlgan choralarni koʻrsin.

(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-martdagi PQ-100-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.03.2025-y., 07/25/100/0240-son)

17. Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A. Xodjayev), Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (A. Koʻchimov), Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Xadjayev), Savdo-sanoat palatasi (D. Vahobov) tegishli tuman (shahar) hokimliklari bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyatini tadbirkorlik subyektlariga yetkazish maqsadida turli uchrashuvlar, tematik davra suhbatlari tashkil etsin hamda ularni ommaviy axborot vositalarida keng yoritsin.

18. Iqtisodiyot va moliya vazirligi (Sh. Kudbiyev):

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi namunaviy bitim loyihasini ishlab chiqib, barcha tuman (shahar) hokimliklariga taqdim qilsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilansin.

Qarorning ijrosini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosarlari A.J. Ramatov va J.A. Qoʻchqorov zimmalariga yuklansin.

(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-martdagi PQ-100-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.03.2025-y., 07/25/100/0240-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 10-aprel,

PQ-118-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-apreldagi PQ-118-son qaroriga1-ILOVA

Ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va boshqarishni joriy etish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-apreldagi PQ-118-son qaroriga2-ILOVA

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi davlat ijtimoiy soha obyektlari boʻyicha 2023-yilda davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni imzolash

Izoh: 2023-yilda davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlari imzolanadigan davlat ijtimoiy soha obyektlari boʻyicha hududlar roʻyxati va sohalar kesimida obyektlar soni Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda davlat ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlarini 2023-yilda davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish ishlarini tashkillashtirish boʻyicha respublika ishchi guruhi yigʻilish bayonnomalari bilan oʻzgartirilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-apreldagi PQ-118-son qaroriga3-ILOVA

Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda davlat ijtimoiy soha obyektlarining isitish tizimlarini 2023-yilda davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish ishlarini tashkillashtirish boʻyicha respublika ishchi guruhi tarkibi

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.