PQ-117-son Qaror · 10.04.2023

Tashabbusli budjetlashtirish amaliyotini yanada takomillashtirish hamda faol mahallalarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-117
  • Qabul qilingan sana:10.04.2023
  • Kuchga kirgan sana:11.04.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/117/0207

2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida budjet mablagʻlarining bir qismini jamoatchilik fikri asosida yoʻnaltirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni izchil davom ettirish, tashabbusli budjetlashtirish jarayonlarida fuqarolarning faolligini oshirish hamda oʻtgan davr mobaynida jamlangan tajribalarni inobatga olgan holda mazkur jarayonni yanada takomillashtirish hamda uni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida:

1. 2023-yil birinchi mavsum doirasida oʻtkazilgan tashabbusli budjetlashtirish jarayonida qiymati 1,5 trillion soʻm boʻlgan 1 666 ta loyiha gʻolib boʻlganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2023-yil birinchi mavsum doirasida oʻtkazilgan tashabbusli budjetlashtirish jarayonlarida har biri 2 mingdan ortiq ovoz toʻplagan, lekin gʻolib deb topilmagan 1 309 ta loyihani amalga oshirish uchun qoʻshimcha ravishda 1,3 trln soʻm mablagʻni 1-ilovaga muvofiq ajratish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

Belgilansinki, qoʻshimcha ajratilayotgan mablagʻ 2023-yilda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida rejalashtirilgan mablagʻlar hisobidan yoʻnaltiriladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi respublika budjetidan mablagʻlarni bir hafta muddatda mazkur qarorning 1-ilovasiga muvofiq loyihalarni amalga oshirish uchun mahalliy budjetlarga belgilangan tartibda yoʻnaltirish choralarini koʻrsin.

2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlar hokimlari:

mazkur qarorning 1-bandiga muvofiq qoʻshimcha ajratilayotgan mablagʻlarning bir hafta muddatda Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmalariga oʻtkazilishini hamda mazkur jamgʻarmalar mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishini;

obyektlarning bosh loyiha-qidiruv va bosh qurilish-pudrat tashkilotlari Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligining “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida inson omilisiz oʻtkaziladigan elektron tender (tanlov) savdolari orqali aniqlanishini;

har bir loyihani amalga oshirishning barcha bosqichlari nazorat qilib borilishini hamda loyihalarning ijrosi natijalariga koʻra tashabbuskor fuqarolar ishtirokida ularni qabul qilib olish tadbirlari tashkil etilishini taʼminlasin.

3. Tuman (shahar) hokimliklari qoshida tashkil etilgan Jamoatchilik fikri asosida tadbirlarni shakllantirish, baholash, tanlab olish hamda ijrosini monitoring qilish boʻyicha ishchi komissiyalar 2023-yil birinchi mavsumda gʻolib deb topilgan 2 975 ta loyihaning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini qatʼiy nazoratga olsin. Shuningdek, buyurtmachilar tomonidan pudratchilar bilan shartnomalarni rasmiylashtirishda:

jihozlash boʻyicha loyihalarni amalga oshirishning soʻnggi muddati etib joriy yilning iyul oyi;

qurilish va taʼmirlash ishlari boʻyicha loyihalarni amalga oshirishning soʻnggi muddati etib joriy yilning avgust oyi belgilanishi nazarda tutilsin.

4. Hisob palatasi (B. Turabov) va Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi (L. Umurzaqov)ga tashabbusli budjetlashtirish jarayonlari doirasida quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklatilsin:

Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmalariga mablagʻlarning oʻz vaqtida va toʻliq oʻtkazilishini nazorat qilish;

har oyda kamida bir marotaba barcha loyihalar doirasida amalga oshirilayotgan ishlarni joyiga chiqqan holda oʻrganish va ularni doimiy nazorat qilib borish;

qurilish va taʼmirlash ishlari boʻyicha loyihalarning yakunida qurilishda nazorat oʻlchovini oʻtkazish.

5. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar “Ochiq budjet” axborot portaliga kelib tushgan va har biri 1,5 mingdan ortiq ovoz toʻplagan, lekin gʻolib deb topilmagan loyihalar tahlillari asosida jihozlash bilan bogʻliq loyihalarda koʻzda tutilgan tovar (xizmat)larni xarid qilish xarajatlari 2024-yil uchun budjet soʻrovida koʻzda tutilishiga eʼtibor qaratsin.

6. Belgilansinki, tashabbusli budjetlashtirish jarayonlari doirasida budjet tashkilotlarining rahbar xodimlari tomonidan majburiy ovoz yigʻish boʻyicha xodimlarga topshiriq berishlari taqiqlanadi. Bunda, majburiy ovoz yigʻishga majburlash tegishli tashkilot xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilish sifatida tasniflansin.

7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari Jamgʻarmaga mablagʻlarning oʻz vaqtida oʻtkazilishi hamda “Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmalari” mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi boʻyicha shaxsan masʼul ekanligi belgilansin.

8. Tashabbusli budjetlashtirish jarayonlarini yanada takomillashtirish, joylarda kuzatilayotgan ayrim kamchiliklarni bartaraf etish hamda ushbu jarayonlarning yanada shaffof va haqqoniy tashkil etilishini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi mazkur qarorning 2-ilovasidagi chora-tadbirlar rejasida nazarda tutilgan topshiriqlar oʻz muddatida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlasin.

9. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda tashabbusli budjetlashtirish jarayoni doirasida amalga oshirilgan ishlar boʻyicha maʼlumotlarni keng jamoatchilikka muntazam ravishda yetkazish tavsiya etilsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

11. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib iqtisodiyot va moliya vaziri Sh.D. Kudbiyev hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 10-aprel,

PQ-117-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-apreldagi PQ-117-son qaroriga 1-ILOVA

2023-yilning fevral — aprel oylari davomida oʻtkazilgan tashabbusli budjet jarayonlarida har biri 2 mingdan ortiq ovoz toʻplagan, lekin gʻolib deb topilmagan 1309 ta loyihani amalga oshirish uchun ajratilayotgan mablagʻlar

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-apreldagi PQ-117-son qaroriga 2-ILOVA

Tashabbusli budjetlashtirish jarayonini yanada takomillashtirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-apreldagi PQ-117-son qaroriga 3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan va xalqaro tashkilotlarga aʼzolikdan kelib chiqadigan majburiyatlarini bajarish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4756-son qaroriga 1-ilovaning 13-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-apreldagi “Budjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5072-son qarorining 3-bandida:

a) quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“tuman va shahar budjetlari qoʻshimcha mablagʻlarining kamida 30 foiz qismi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjetida shakllangan qoʻshimcha mablagʻlarning 30 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi”;

b) uchinchi xatboshi toʻrtinchi xatboshi deb hisoblansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-oktabrdagi “Jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni moliyalashtirish koʻlamini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-409-son qarori 5-bandining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Bunda, 2023-yilga moʻljallangan dasturlarni tashabbusli budjetlashtirish jarayonlari orqali shakllantirish, loyihalar paketi uchun ajratiladigan mablagʻlarning cheklangan miqdorini 8 milliard soʻm etib belgilash, dasturlarni moliyalashtirish uchun har yili Davlat budjetidan kamida 4 trillion soʻm, 2023-yil uchun istisno tariqasida 2,7 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirish nazarda tutilsin”.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining “2023-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-471-son qarorida:

a) 18-bandning ikkinchi xatboshisidagi “1-aprelga qadar” soʻzlari “1-iyunga qadar” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) 6-ilovada:

4-pozitsiyasining “Ijro muddatlari” ustunidagi “2023-yil 1-mart” soʻzlari “2023-yil 1-iyul” soʻzlari bilan almashtirilsin;

19-pozitsiyasining “Ijro muddatlari” ustunidagi “2023-yil 1-aprel” soʻzlari “2023-yil 1-iyun” soʻzlari bilan almashtirilsin;

v) 7-ilovada:

4-pozitsiyaning “Ijro muddatlari” ustunidagi “2023-yil 1-aprel” soʻzlari “2023-yil 1-iyun” soʻzlari bilan almashtirilsin;

6-pozitsiyaning “Ijro muddatlari” ustunidagi “2023-yil 1-mart” soʻzlari “2023-yil 1-iyun” soʻzlari bilan almashtirilsin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.