PF-98-son Farmon · 19.06.2023

Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash xarajatlarini moliyalashtirishning uzluksizligini taʼminlash toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-98
  • Qabul qilingan sana:19.06.2023
  • Kuchga kirgan sana:19.06.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/23/98/0400

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining resurs bazasini mustahkamlash maqsadida:

1. Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hisobidan Iqtisodiyot va moliya vazirligiga Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi uchun 250 million AQSh dollari 24 oy muddatga foizsiz ajratilsin.

Bunda, Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi 2022-yilda paxta yetishtirishni moliyalashtirish uchun tijorat banklari tomonidan paxta-toʻqimachilik klasterlariga ajratilgan kreditlarning 250 million AQSh dollari miqdoridagi qismi boʻyicha qaytarish muddatlarini 24 oy muddatgacha uzaytirish choralarini koʻrsin.

(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-iyuldagi PF-103-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.07.2024-y., 06/24/103/0542-son)

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-yanvardagi “Paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini tubdan isloh qilish hamda sohaning eksport salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-2-son Farmoniga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

3. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib iqtisodiyot va moliya vaziri Sh.D. Kudbiyev hamda qishloq xoʻjaligi vaziri A.B. Voitov belgilansin.

Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 19-iyun,

PF-98-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 19-iyundagi PF-98-son Farmoniga ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-yanvardagi “Paxta-toʻqimachilik klasterlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini tubdan isloh qilish hamda sohaning eksport salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-2-son Farmoniga kiritilayotgan oʻzgartirishlar

1. 2-bandning uchinchi xatboshisidagi “200 million AQSh dollari miqdoridagi mablagʻlar 3 yil muddatga” soʻzlari “2023-yilda 50 million AQSh dollari va 2024-yilda 150 million AQSh dollari miqdoridagi mablagʻlar 2026-yil 1-yanvarga qadar qaytarish sharti bilan” soʻzlariga almashtirilsin.

2. 2-bandning oʻninchi xatboshisidagi “1” raqami “2” raqami bilan almashtirilsin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.