PQ-201-son Qaror · 03.07.2023

Toshkent shahri Chilonzor tumanining sanoat salohiyati va investitsiya jozibadorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-201
  • Qabul qilingan sana:03.07.2023
  • Kuchga kirgan sana:04.07.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/201/0443

Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi mavjud zaxiralardan toʻliq va samarali foydalanish, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarini jadal rivojlantirish, yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun qoʻshimcha sanoat maydonlarini tashkil qilish, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash orqali investorlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash hamda aholining turmush darajasini yanada oshirish maqsadida:

1. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Toshkent shahri hokimligining Chilonzor tumani “Beshqoʻrgʻon” va “Tirsakobod” mahalla fuqarolar yigʻinlari hududida joylashgan 320 gektar maydonda 30 yil muddatga kichik sanoat zonasi maqomidagi “Industrial hudud” tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. “Industrial hudud”ni rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:

hududning sanoat salohiyatini oshirish, shuningdek, yuqori texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarishlarni tashkil etish;

tadbirkorlik subyektlari va xorijiy investorlar oʻrtasida mustahkam sanoat kooperatsiyasi aloqalarini kengaytirish orqali yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilish;

xalqaro standartlarga muvofiq energiya tejamkor, atrof-muhit muhofazasini taʼminlashga qaratilgan va ekologik xavfsiz ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish;

“Industrial hudud”ning transport, muhandislik-kommunikatsiya va yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish orqali tadbirkorlik subyektlari loyihalarini amalga oshirishga koʻmaklashish;

korxonalarda “amaliy monomarkazlar”ni tashkil qilish orqali tadbirkorlik subyektlari faoliyati uchun malakali mutaxassislarni tayyorlash tizimini yoʻlga qoʻyish.

3. Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi (J. Xodjayev):

“Industrial hudud” faoliyatini muvofiqlashtirsin, shuningdek, unda joylashgan tadbirkorlik subyektlarini zarur infratuzilma bilan taʼminlash masalalari tezkorlik bilan hal etib borilishini taʼminlasin;

bir oy muddatda “Industrial hudud”da amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli roʻyxatini tasdiqlasin.

4. Toshkent shahri hokimligi:

a) bir oy muddatda:

“Industrial hudud” tarkibiga kiruvchi hududlarning chegaralari oʻrnatilgan tartibda tasdiqlanishi;

“Industrial hudud”da joylashgan tadbirkorlik subyektlariga “Industrial hudud” kichik sanoat zonasi ishtirokchisi maqomi berilishini taʼminlasin;

b) Qurilish va uy-joy kommunal vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2023-yil 31-dekabrga qadar “Industrial hudud”ning master rejasi va rivojlantirish strategiyasi xorijiy konsalting kompaniyalarni jalb qilgan holda ishlab chiqilishi va belgilangan tartibda tasdiqlanishini taʼminlasin;

v) 2024-yil 1-fevralga qadar “Industrial hudud”ning tasdiqlangan master rejasi va rivojlantirish strategiyasiga asosan “Industrial hudud”ni muhandislik-kommunikatsiya va yoʻl infratuzilmasi bilan taʼminlash boʻyicha loyihalar roʻyxatini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

5. “Industrial hudud” faoliyatini tezkor boshqarish, shuningdek, unda faoliyat yuritadigan tadbirkorlik subyektlari uchun zarur infratuzilma obyektlarini barpo etish, hududni obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish bilan bogʻliq vazifalarni amalga oshirish uchun Chilonzor tumani hokimligi huzurida davlat muassasasi shaklida “Industrial hudud”ni boshqarish direksiyasi tashkil etilsin.

6. Belgilansinki:

“Industrial hudud”ning master rejasi va rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish Toshkent shahar mahalliy budjetining qoʻshimcha manbalari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;

“Industrial hudud”ni muhandislik-kommunikatsiya va yoʻl infratuzilmasi bilan taʼminlash boʻyicha loyihalarni moliyalashtirish Toshkent shahri hokimligi huzuridagi Tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamgʻarmasi va mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF-177-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.09.2026-y., 06/26/177/0904-son)

8. Toshkent shahri hokimligining 2023 — 2025-yillarda Chilonzor tumani, Kichik halqa yoʻli va Bunyodkor shoh koʻchasi hamda Choʻponota va Chilonzor koʻchalari oraligʻida joylashgan “Bunyodkor” stadioni avtoturargohining jami 5,5 gektar yer uchastkasida qiymati kamida 200 million AQSH dollari boʻlgan mehmonxona, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari, koʻp kvartirali uylar va koʻp qavatli avtoturargohni oʻz ichiga olgan zamonaviy ishbilarmonlik markazini qurish loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

Vazirlar Mahkamasi Toshkent shahri hokimligi bilan birgalikda 2023-yil yakuniga qadar zamonaviy ishbilarmonlik markazini qurish loyihasini amalga oshirish uchun yer uchastkalari loyiha tashabbuskorlariga oʻrnatilgan tartibda ajratilishini taʼminlasin.

9. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi Toshkent shahri hokimligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Toshkent shahri, Chilonzor tumani Diyor mahallasidagi Toshkent xodimlarni boshqarish va mehnatni muhofaza qilish kolleji binosining boʻsh turgan maydonlarida yoshlar va xotin-qizlarni zamonaviy kasblarga oʻqitish maqsadida “amaliy monomarkaz” tashkil qilish uchun ijara stavkasining minimal miqdori boʻyicha tadbirkorlik subyektlariga tanlov asosida ijaraga berilishini taʼminlasin.

10. Quyidagilar:

(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-sonli qaroriga asosan 10-band ikkinchi xatboshisining chiqarilish sanasi 2025-yil 1-yanvar — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son)

2023 — 2025-yillarda Toshkent shahri Chilonzor tumanining sanoat va xizmat koʻrsatish sohalarini rivojlantirish boʻyicha investitsiya loyihalarining manzilli roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;

2024-2025-yillarda Toshkent shahrining Chilonzor tumanida qurish, rekonstruksiya qilish hamda mukammal taʼmirlash rejalashtirilgan ijtimoiy soha obyektlari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi (J. Xodjayev) mazkur qarorga 1 va 2-ilovalardagi chora-tadbirlar va loyihalar oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi ustidan nazorat oʻrnatsin va har oyda komissiya yigʻilishlarida muhokama qilib borsin.

11. Toshkent shahri hokimligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-sonli qaroriga asosan 11-band “a” kichik bandining chiqarilish sanasi 2025-yil 1-yanvar — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son)

b) 3-ilovaga muvofiq markazlashtirilgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladigan ijtimoiy soha obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasining 2024-2025-yillar uchun ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturini shakllantirishda inobatga olsin.

Bunda, mazkur obyektlarning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bogʻliq xarajatlar 2023-yil va kelgusi yillar uchun Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari doirasida moliyalashtirilsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi Sh.B. Umurzakov belgilansin.

Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 3-iyul,

PQ-201-son

(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-sonli qaroriga asosan 1-ilovaning oʻz kuchini yoʻqotish sanasi — 2025-yil 1-yanvar — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PQ-201-son qaroriga 2-ILOVA

2023 — 2025-yillarda Toshkent shahri Chilonzor tumanining sanoat va xizmat koʻrsatish sohalarini rivojlantirish boʻyicha investitsiya loyihalarining

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PQ-201-son qaroriga 3-ILOVA

2024-2025-yillarda Toshkent shahrining Chilonzor tumanida qurish, rekonstruksiya qilish hamda mukammal taʼmirlash rejalashtirilgan ijtimoiy soha obyektlari

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.