PQ-291-son Qaror · 02.09.2023

Kapital bozorini rivojlantirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-291
  • Qabul qilingan sana:02.09.2023
  • Kuchga kirgan sana:04.09.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/291/0667

Kapital bozorini yanada rivojlantirish, uning infratuzilmasini takomillashtirish, investorlarni kapital bozoriga jalb etishni ragʻbatlantirish, chet el investorlari uchun mahalliy fond bozorida qatnashish tartibini soddalashtirish va investorlarning huquqlarini himoya qilish maqsadida:

1. Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bankning:

“Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” davlat unitar korxonasini “Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” aksiyadorlik jamiyatiga oʻzgartirish;

“Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” aksiyadorlik jamiyati ustav kapitalidagi davlat aksiyalari paketini Markaziy bankka begʻaraz oʻtkazish;

“Oʻzbekiston respublika valyuta birjasi” aksiyadorlik jamiyati taʼsischiligida “Milliy kliring markazi” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

“Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” AJning qimmatli qogʻozlarni hisobga qoʻyish, ularning hisobini yuritish va saqlash hamda qimmatli qogʻozlardagi hisob-kitoblarni amalga oshirish boʻyicha faoliyati qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan, qimmatli qogʻozlarga doir bitimlar natijalari boʻyicha puldagi hisob-kitoblarni amalga oshirish boʻyicha faoliyati Markaziy bank tomonidan tartibga solinadi;

2025-yil 1-yanvardan boshlab davlat va korporativ qimmatli qogʻozlarning yagona hisobi “Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” AJda yuritiladi;

“Milliy kliring markazi” AJning davlat qimmatli qogʻozlari boʻyicha bitimlarda “Markaziy kontragent” sifatidagi faoliyati va markazlashtirilgan kliringni (Clearinghouse) amalga oshirishi Markaziy bank tomonidan tartibga solinadi;

(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 17-apreldagi PF-65-sonli Farmoni tahririda)

2024-yil 1-mayga qadar “Milliy kliring markazi” AJ va “Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” AJga hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun Markaziy bankda vakillik hisobvaragʻi ochiladi;

2028-yil 31-dekabrga qadar “Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi” AJ, “Oʻzbekiston respublika valyuta birjasi” AJ va “Toshkent” respublika fond birjasi” AJ mablagʻlarni maqsadli ravishda ularni rivojlantirishga yoʻnaltirgan holda dividendlarni hisoblash va toʻlashdan ozod qilinadi.

3. Kapital bozori sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi joriy qilinsin va uning doirasida:

kapital bozorida qoʻllanadigan asosiy tushunchalar 1-ilovaga muvofiq;

kapital bozorida chet ellik ishtirokchilarning faoliyati va operatsiyalariga doir alohida qoidalar 2-ilovaga muvofiq;

qimmatli qogʻozlar egalari toʻgʻrisidagi axborotlar maxfiyligini taʼminlash va ularning mulkiy huquqlarini himoya qilish mexanizmlari 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 28-noyabrdagi PF-200-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2024-y., 06/24/200/0981-son)

aksiyalar ommaviy joylashtirilganda korxonalar xodimlari korxona tomonidan joriy qilingan oʻz xodimlarining aksiyalarga egalik qilish rejasi (ESOP) doirasida ularga ushbu aksiyalarni sotib olish boʻyicha imtiyozli huquqni taqdim etish. Bunda, ularning aksiyalarni sotib olishga yoʻnaltiradigan oylik ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlaridan oshmaydigan mablagʻlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod qilinadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-yanvardagi “Kapital bozorini qoʻllab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-90-son qarori 1-bandida nazarda tutilgan imtiyozlarning amal qilish muddatini 2028-yil 31-dekabrga qadar uzaytirish;

soliq toʻlovchining soliq davri davomida jami mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining yuz baravarigacha boʻlgan miqdordagi ish haqi va boshqa daromadlaridan mahalliy fond bozorida emissiya qilingan qimmatli qogʻozlarni sotib olish uchun shaxsiy investitsiya hisobvaragʻiga yoʻnaltiriladigan daromadlarini ularni oʻn ikki oy ichida qaytarib olmaslik sharti bilan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻidan ozod qilish.

5. Minoritar aksiyadorlar va investorlar huquqlarini himoya qilish hamda ularni kapital bozoriga jalb etishni ragʻbatlantirish maqsadida:

a) 2023-yil 1-oktabrdan boshlab:

davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan korxonalarning aksiyalari fond bozorida ommaviy taklif qilish orqali joylashtirilgandan soʻng kamida yetti yil davomida mazkur korxonalar sof foydasining kamida 30 foizi dividend toʻlashga yoʻnaltirilsin, bundan qonun hujjatlarida belgilangan cheklovlar mustasno;

davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan korxonalarga xizmat koʻrsatuvchi anderrayterlarning xizmat haqi qimmatli qogʻozlar rejalashtirilganga nisbatan qimmatroq va (yoki) koʻproq joylashtirilganligi natijasida shartnomada kelishilgan miqdordan oshgan hollarda, shartnoma boshlangʻich narxini 10 foizdan ortiqqa oshirmaslik toʻgʻrisidagi cheklov bekor qilinsin;

b) 2023-yil 1-dekabrdan boshlab vakolatli davlat organiga qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan axborot va hisobotlar bir yil ichida ikki va undan ortiq marta oʻz vaqtida oshkor etilmaganligi uchun emitentning ijroiya organini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish toʻgʻrisida koʻrsatma kiritish va emitentning qimmatli qogʻozlar chiqarilishini toʻxtatib qoʻyish huquqi berilsin.

6. Qimmatli qogʻozlari fond birjasi listingiga kiritilmagan aksiyadorlik jamiyatlarining rasmiy veb-sayti boʻlishi haqidagi majburiy talab bekor qilinsin, bundan davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlari mustasno.

7. “Davlat mulkini boshqarish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq davlat ishtirokidagi korxonalarga nisbatan bir vaqtning oʻzida ham mulkdorning, ham tartibga soluvchining vazifalarini bajarishga yoʻl qoʻyilmasligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

8. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining:

Iqtisodiyot va moliya vazirligining kapital bozorini, shu jumladan qimmatli qogʻozlar savdosining tashkilotchilari va Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi faoliyatini tartibga solish, korporativ boshqaruvni rivojlantirish, shuningdek, sugʻurta tashkilotlari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish boʻyicha vazifa, funksiya va vakolatlarini Agentlikka oʻtkazish va uni ushbu sohalarda tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish boʻyicha vakolatli organ etib belgilash;

“Fond bozorining axborot resurs markazi” davlat unitar korxonasi va Korporativ axborot yagona portalini Agentlikka begʻaraz oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

9. Belgilansinki:

Agentlik Iqtisodiyot va moliya vazirligining kapital bozori sohasiga oid shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

kapital bozori sohasida avval berilgan litsenziya va boshqa ruxsat etuvchi hujjatlar oʻz kuchini saqlab qoladi, mazkur qaror qabul qilinganligi ularni bekor qilish yoki oʻzgartirishga olib kelmaydi;

kapital bozori sohasidagi Iqtisodiyot va moliya vazirligida koʻrib chiqish jarayonida boʻlgan hujjatlar (tegishli faoliyatni litsenziyalash, qimmatli qogʻozlar chiqarishni roʻyxatga olish, murojaatlar va boshqa hujjatlar) 2023-yil 1-oktabrdan boshlab Agentlikka oʻtkaziladi va koʻrib chiqish natijalari Agentlik tomonidan rasmiylashtiriladi;

fond birjasi faoliyati, qimmatli qogʻozlar bilan birjadan tashqari savdolar tashkilotchisi faoliyati va qimmatli qogʻozlar bozoridagi professional faoliyatni litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish hamda kapital bozori sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimini taqdim etish tartibi Agentlik tomonidan belgilanadi.

10. 2023 — 2025-yillarda kapital bozorini rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

12. Agentlik manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

sugʻurta bozorini yanada rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini;

qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 2-sentabr,

PQ-291-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-sentabrdagi PQ-291-son qaroriga 1-ILOVA

“Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi doirasida kapital bozorida qoʻllanadigan

1. Tan olingan xorijiy yurisdiksiya — Oʻzbekiston Respublikasining qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan tan olingan xorijiy yurisdiksiya.

2. Qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha xorijiy vakolatli davlat organi — tan olingan xorijiy yurisdiksiyaning qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi.

3. Chet ellik mijoz — qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha xorijiy vakolatli davlat organi tomonidan berilgan ruxsatnoma asosida mijozlarga Oʻzbekiston Respublikasi yurisdiksiyasidan tashqarida xizmat koʻrsatuvchi chet ellik nominal saqlovchining mijozi (jismoniy yoki yuridik shaxs, shu jumladan boshqa chet ellik nominal saqlovchi).

4. Chet ellik investitsiya vositachisi — Oʻzbekiston Respublikasining “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan investitsiya vositachisining professional faoliyati bilan tenglashtiriladigan tan olingan xorijiy yurisdiksiyaning qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan investitsiya kompaniyasi (investitsiya yoki depozitar bank, broker yoki investitsiya vositachisi), global kastodian, kastodian, bank yoki boshqa yuridik shaxs.

5. Chet ellik benefitsiar mulkdor — Oʻzbekiston Respublikasi Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi hisobida qimmatli qogʻozlarning egasi sifatida roʻyxatga olingan yoki roʻyxatga olinmagan, biroq qimmatli qogʻozlarga toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita egalik qilish yoki ulardan foyda olish huquqiga ega boʻlgan va chet ellik nominal saqlovchi hisobida qimmatli qogʻozlarning yakuniy egasi hisoblangan jismoniy yoki yuridik shaxs.

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 17-apreldagi PF-65-sonli Farmoni tahririda)

6. Chet ellik nominal saqlovchi — Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan maslahatlashuvlar natijasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan tan olingan chet ellik investitsiya vositachisi, xorijiy yoki xalqaro qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi boʻlib, professional faoliyatni amalga oshirish uchun jumladan quyidagi vakolatlarga ega boʻladi:

oʻzining chet ellik mijozlari (chet ellik benefitsiar mulkdorlar yoki boshqa chet ellik nominal saqlovchilar) nomidan va ularning topshirigʻiga koʻra harakat qilish;

qimmatli qogʻozlar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish, agar ular xorijiy yoki xalqaro qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi boʻlsa;

qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha xorijiy vakolatli davlat organi tomonidan tartibga solinadigan chet el birjalaridagi savdolar natijasiga koʻra xorijiy yoki xalqaro qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi hisob-kitoblari asosida oʻzining chet ellik mijozlari uchun qimmatli qogʻozlar va pul mablagʻlari bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish;

oʻzining chet ellik mijozlari topshirigʻiga koʻra yoki ular nomidan qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqlarni oʻtkazish, roʻyxatga olish, hisobini yuritish, saqlash va (yoki) tasdiqlash.

7. Xorijiy nominal hisobvaraq-chet ellik nominal saqlovchi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysida bevosita bir chet ellik benefitsiar mulkdor nomiga toʻgʻridan-toʻgʻri individual hisobvaraq yoki omnibus hisobvaraq shaklida ochiladigan depo hisobvaragʻining turi.

(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 17-apreldagi PF-65-sonli Farmoni tahririda)

8. Toʻgʻridan-toʻgʻri individual hisobvaraq — chet ellik nominal saqlovchi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysida bevosita chet ellik benefitsiar mulkdor nomidan va uning nomiga ochilgan depo hisobvaragʻi.

(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 17-apreldagi PF-65-sonli Farmoni tahririda)

9. Omnibus hisobvaraq — chet ellik nominal saqlovchi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysida ochilgan va barcha chet ellik benefitsiar mulkdorlar va/yoki chet ellik nominal saqlovchilarga tegishli qimmatli qogʻozlarning soni va qiymati jamlangan holda hisobga olinadigan xorijiy nominal hisobvaraq turi.

(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 17-apreldagi PF-65-sonli Farmoni tahririda)

Izoh:

Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi asosiy tushunchalarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqiga ega.

“OʻzRVB” AJ depozitariy tizimida depo hisobvaraqlar ochish yagona depozitar tizim yoʻlga qoʻyilgunga qadar amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-sentabrdagi PQ-291-son qaroriga2-ILOVA

“Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi doirasida kapital bozorida chet ellik ishtirokchilarning faoliyati va operatsiyalariga doir

1. Tan olingan xorijiy yurisdiksiyalar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasining qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi va u tomonidan mazkur roʻyxatga oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.

2. Chet ellik investitsiya vositachilari Oʻzbekiston Respublikasi qimmatli qogʻozlar bozorida investitsiya vositachisi faoliyatini amalga oshirishi va depo hisobvaragʻini ochishi mumkin.

3. Chet ellik nominal saqlovchilar qimmatli qogʻozlar boʻyicha hisobvaraqlar ochishi va Oʻzbekiston Respublikasida oʻz faoliyatini toʻgʻridan-toʻgʻri yoki agent orqali amalga oshirishi mumkin.

4. Chet ellik nominal saqlovchilar, jumladan kastodianlarga Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida xorijiy va milliy valyutada hisobvaraqlar ochishga, shuningdek, Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysida va “Oʻzbekiston respublika valyuta birjasi” AJ (keyingi oʻrinlarda — “OʻzRVB” AJ) depozitariy tizimida depo hisobvaraqlari ochishga ruxsat beriladi.

(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-254-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.12.2025-y., 06/25/254/1195-son)

Depozitar bank (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari asosida xalqaro bozorlarda davlat aksiya paketlarini IPO/SPO orqali sotishda ishtirok etayotgan rezident-emitentlarning aksiyalariga nisbatan huquqlarni tasdiqlovchi global depozitar tilxatlarning xorijiy emitenti) (keyingi oʻrinlarda — depozitar bank deb yuritiladi) Maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgan kastodian maʼlumotlari asosida oʻz nomidan kastodianda va Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysida rezident-emitentlarning aksiyalari mavjudligini tasdiqlovchi hujjatni berish huquqiga ega.

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-254-sonli Farmoniga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.12.2025-y., 06/25/254/1195-son)

5. Uyushgan savdolarda qimmatli qogʻozlarni sotuvchi (sotib oluvchi) norezident yuridik shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi tijorat banklarida milliy valyutada hisobvaraqlar ochishga ruxsat beriladi.

6. Korporativ obligatsiyalarning chiqarilishi va muomalasi hamda ular boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirishda obligatsiyalarning qiymatini chet el valyutasida belgilash va mazkur valyutada toʻlashga ruxsat beriladi.

7. Chet ellik nominal saqlovchilar oʻzlarining Oʻzbekiston Respublikasida ochilgan hisobvaraqlaridagi hisobga olingan qimmatli qogʻozlar yoki pul mablagʻlarining benefitsiar mulkdori hisoblanmaydi.

Qimmatli qogʻozlarning xorijiy nominal hisobvaragʻidan (yoki xorijiy nominal hisobvaragʻiga) benefitsiar mulkdor oʻzgarmagan holda “qimmatli qogʻozlarni toʻlovsiz yetkazib berish” (Free of Payment transfer of securities) orqali oʻtkazilishi ushbu qimmatli qogʻozlarni realizatsiya qilish (sotish) hisoblanmaydi va tomonlarning hech biri, shu jumladan chet ellik nominal saqlovchi uchun soliq majburiyatini keltirib chiqarmaydi.

8. Chet ellik nominal saqlovchilar Oʻzbekiston Respublikasida oʻz faoliyatini alohida litsenziya olmasdan, filial yoki yangi yuridik shaxs tashkil etmasdan yoxud mahalliy yuridik shaxsning ustav kapitalida ishtirok etmasdan vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiradi.

9. Chet ellik investitsiya vositachilarining xodimlariga tan olingan xorijiy yurisdiksiyalarda berilgan qimmatli qogʻozlar bilan ishlash imkonini beruvchi malaka sertifikatlari mazkur xodimlarga Oʻzbekiston Respublikasining qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq alohida qimmatli qogʻozlar bozori mutaxassisining malaka attestatini olmagan holda Oʻzbekiston Respublikasida qimmatli qogʻozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqini beradi.

10. “OʻzRVB” AJ oʻzining depozitariy tizimida davlat qimmatli qogʻozlarini saqlash va hisobga olish hamda chet ellik nominal saqlovchilarga boshqa depozitariy xizmatlar koʻrsatish uchun chet ellik nominal saqlovchilar depo hisobvaraqlarini yuritish huquqiga ega.

11. Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan yuridik shaxslarga, shu jumladan investitsiya fondlariga, ularga tegishli boʻlgan va ular tomonidan chiqarilgan qimmatli qogʻozlarga nisbatan Tartibga solish qumdoni xorijiy ishtirokchilari tomonidan kastodial xizmatlar va nominal saqlash xizmatlari koʻrsatilishiga ruxsat etiladi.

12. Depozitar bank mazkur ilovaning 4-bandi ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan qimmatli qogʻozlarga nisbatan quyidagi huquqlarga ega:

Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysida qimmatli qogʻozlar hisobvaraqlarini ochish;

qimmatli qogʻozlarni chet el nominal hisobvaragʻidan benefitsiar egasini oʻzgartirmagan holda (yoki xorijiy nominal hisobvaraq) “qimmatli qogʻozlarni toʻlovsiz yetkazib berish” (Free of Payment transfer of securities) orqali oʻtkazish.

13. Qimmatli qogʻozlarning chet ellik nominal saqlovchisi va depozitar bank oʻzining nominal saqlashida boʻlgan aksiyalar bilan berilgan aksiyadorning barcha huquqlarini oʻz mijozlari — chet ellik benefitsiar egalari va (yoki) qimmatli qogʻozlarning boshqa chet ellik nominal saqlovchilari nomidan va ularning manfaatlarini koʻzlab, oʻz mijozlarining topshirigʻiga binoan, bunday chet ellik benefitsiar egalari va (yoki) qimmatli qogʻozlarning boshqa chet ellik nominal saqlovchilari nomidan vakillik qilish huquqini tasdiqlovchi hech qanday ishonchnomalarsiz amalga oshirishga haqli.

Agar chet ellik nominal saqlovchi yoki depozitar bankda bir emitentning bir turdagi aksiyalari bir nechta mijoz uchun nominal saqlanayotgan boʻlsa, qimmatli qogʻozlarning chet ellik nominal saqlovchisi yoki depozitar bank aksiyadorning huquqlarini bunday shaxslardan olingan alohida topshiriqlar asosida har bir mijozga tegishli aksiyalar soniga mutanosib ravishda amalga oshiradi. Bunda qimmatli qogʻozlarning chet ellik nominal saqlovchisi yoki depozitar banki, agar nominal saqlov shartnomasi shartlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, kun tartibidagi ayni bir masala boʻyicha bunday shaxslarning har biriga tegishli aksiyalar soniga mutanosib ravishda alohida-alohida ovoz berishi mumkin.

14. Aksiyadorlik jamiyati — emitent ustav fondini keyinchalik kamaytirish yoki sotib olingan aksiyalarni qayta sotish maqsadida depozitar bank yoki xorijiy nominal saqlovchidan, depozitar tilxat egalari manfaatida hisobga olinayotgan aksiyalarni toʻgʻridan-toʻgʻri sotib olish huquqiga ega.

“Emitent-aksiyadorlik jamiyati keyinchalik ustav fondini kamaytirish yoki qayta sotish maqsadida depozitar tilxatlarning xorijiy benefitsiar egalari manfaatlarini koʻzlab bunday aksiyalar boʻyicha huquqlarni hisobga oluvchi xorijiy nominal saqlovchi yoki depozitar bankdan hisob-kitoblar va hisobni yuritish sharti bilan, shu jumladan Maxsus huquqiy rejim doirasida faoliyat yuritishga ruxsat berilgan kastodian orqali oʻz aksiyalarini toʻgʻridan-toʻgʻri sotib olishga haqli. Agar harakatlar Maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgan kastodian orqali amalga oshirilsa, mazkur operatsiyani amalga oshirish uchun emitent va depozitar bank Maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi sifatida roʻyxatdan oʻtishi talab etilmaydi.

15. Maxsus huquqiy rejim doirasida korporativ nizolarga taalluqli boʻlgan hamda emitentning qimmatli qogʻozlarini depozitar tilxatlardan foydalangan holda xorijiy bozorlarda joylashtirish va muomalada boʻlishidan, shuningdek emitentning, kastodian, chet ellik nominal saqlovchining, depozitar bankning va depozitar tilxatlar egalarining huquq va majburiyatlarini bajarishdan kelib chiqadigan yoki emitentning boshqaruv organlari qarorlari ustidan shikoyat bildirish bilan bogʻliq nizolar taraflarning kelishuviga koʻra xalqaro tijorat arbitrajiga koʻrib chiqish uchun topshirilishi mumkin.

(11 — 15-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-254-sonli Farmoniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.12.2025-y., 06/25/254/1195-son)

Izoh: “OʻzRVB” AJ depozitariy tizimida depo hisobvaraqlar ochish yagona depozitar tizim yoʻlga qoʻyilgunga qadar amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-sentabrdagi PQ-291-son qaroriga3-ILOVA

Qimmatli qogʻozlar egalari toʻgʻrisidagi axborotlar maxfiyligini taʼminlash va ularning mulkiy huquqlarini himoya qilish mexanizmlari

1. Quyidagi majburiyatlar boʻyicha xatlov, musodara qilish, undiruvga qaratish, toʻxtatib qoʻyish (muzlatib qoʻyish) yoki boshqa shaklda majburiy undirishga yoʻl qoʻyilmaydi:

a) chet ellik nominal saqlovchilarning mulki boʻlmagan va xorijiy nominal hisobvaraqlarda (toʻgʻridan-toʻgʻri individual hisobvaraqlar va omnibus hisobvaraqlarida) saqlanadigan qimmatli qogʻozlarga nisbatan;

b) chet ellik nominal saqlovchilar mijozlarining omnibus hisobvaraqlarida saqlanadigan qimmatli qogʻozlariga nisbatan, bundan aniq shaxsga tegishli ekanligini identifikatsiya qilish mumkin boʻlgan va bevosita shu shaxs nomiga ochilgan toʻgʻridan-toʻgʻri individual hisobvaraqqa oʻtkazilgan qimmatli qogʻozlar mustasno.

2. Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi chet ellik nominal saqlovchidan Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysida ochilgan omnibus hisobvaragʻida hisobga olingan qimmatli qogʻozlarning xorijiy benefitsiar mulkdorlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq oshkor qilishni talab qilishga haqli. Bunda:

a) agar omnibus hisobvaragʻidagi qimmatli qogʻozlar aniq bir benefitsiarga tegishli ekanligini aniqlash mumkin boʻlsa, ushbu qimmatli qogʻozlar sud qarori asosida chet ellik nominal saqlovchi tomonidan Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysidagi koʻrsatilgan benefitsiar mulkdor nomiga ochilgan toʻgʻridan-toʻgʻri individual hisobvaraqqa oʻtkazilishi va undiruvga qaratilishi mumkin;

b) agar omnibus hisobvaragʻida saqlanayotgan qimmatli qogʻozlarning aniq benefitsiar mulkdorini aniqlashning imkoni boʻlmasa, har bir chet ellik nominal saqlovchi qimmatli qogʻozlarning benefitsiar mulkdori aniqlanmagunga qadar qimmatli qogʻozlarga egalik qilish vertikal zanjiri boʻylab soʻrov yuborilishi taʼminlanishi shart.

3. Chet ellik nominal saqlovchining omnibus hisobvaragʻidagi qimmatli qogʻozlarga boʻlgan egalik va boshqa huquqlar Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi tomonidan taqdim etilgan depo hisobvaragʻidan yigʻma koʻchirma bilan tasdiqlanadi.

4. Qimmatli qogʻozlar egalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar chet ellik nominal saqlovchilar tomonidan Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysiga qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organining, monopoliyaga qarshi kurashish organining, soliq organlarining, sudlarning, tergov va surishtiruv organlarining soʻroviga koʻra, Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysiga, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ularning vakolatiga taalluqli masalalar boʻyicha yuborilgan hollarda va tartibda taqdim etiladi.

Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysida omnibus-hisob raqamiga ega boʻlgan chet ellik nominal saqlovchilar, shuningdek depozitar banklar boshqa chet ellik nominal saqlovchilar tomonidan qimmatli qogʻozlarning chet ellik benefitsiar egasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar belgilangan muddatlarda va tegishli tartibda taqdim etilmaganligi uchun javobgar boʻlmaydi.

(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-254-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.12.2025-y., 06/25/254/1195-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-sentabrdagi PQ-291-son qaroriga4-ILOVA

2023 — 2025-yillarda kapital bozorini rivojlantirish boʻyicha

(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-dekabrdagi PF-254-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.12.2025-y., 06/25/254/1195-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 2-sentabrdagi PQ-291-son qaroriga5-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-apreldagi “Kapital bozorini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5073-son qarorida:

a) 2-bandda:

birinchi xatboshidagi “Moliya vazirligiga” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;

oltinchi xatboshidan “, shuningdek, lotereyalarni tashkil etish faoliyatini” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;

b) 3 va 4-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;

v) 5-bandda:

birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“5. 2023-yil 15-sentabrdan boshlab quyidagi mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga yoʻnaltirilsin”;

oltinchi xatboshi chiqarib tashlansin;

yettinchi — toʻqqizinchi xatboshilar tegishincha oltinchi — sakkizinchi xatboshilar deb hisoblansin;

sakkizinchi xatboshidagi “Moliya vazirligi” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-yanvardagi “Kapital bozorini qoʻllab-quvvatlashning samarali mexanizmlarini joriy etishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-90-son qarorida:

a) 1-bandning birinchi xatboshisidagi “2024-yil 31-dekabrga” soʻzlari “2028-yil 31-dekabrga” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) 4-bandning ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi xatboshilari quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan almashtirilsin:

“Istiqbolli loyihalar milliy agentligi 2025-yil 1-fevralga qadar eksperiment natijalarini chuqur tahlil qilgan holda, uni qimmatli qogʻozlar bozorida anderrayting faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan barcha ishtirokchilarga tatbiq etishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan taklif kiritsin.”

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-noyabrdagi “Korporativ munosabatlarning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-415-son qarorida:

a) 7-bandning birinchi xatboshisidagi “Moliya vazirligi” soʻzlari “Istiqbolli loyihalar milliy agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

b) ilovada:

7 va 11-pozitsiyalar chiqarib tashlansin;

10 va 12-pozitsiyalarning “Ijro muddati” ustunidagi “2023-yil dekabr” soʻzlari “2025-yil dekabr” soʻzlari bilan almashtirilsin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.