PQ-289-son Qaror · 30.08.2023

Oʻzbek milliy maqom sanʼatini yanada rivojlantirish va soha vakillari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash choralari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-289
  • Qabul qilingan sana:30.08.2023
  • Kuchga kirgan sana:05.09.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/289/0679

Xalqimiz madaniy merosining ajralmas qismi boʻlgan milliy maqom sanʼatini keng targʻib etish, uning oʻziga xos ijro maktablari va anʼanalarini yangi bosqichda ravnaq toptirish hamda xalqaro nufuzini oshirish yoʻlida mehnat faoliyatini olib borayotgan xodimlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida:

1. Quyidagilar:

2023-yil 1-oktabrdan boshlab Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) va uning hududiy boʻlimlari boshqaruv, ilmiy va ijodiy xodimlarining yangilangan oylik ish haqi miqdorlari 1 va 1a-ilovalarga muvofiq;

2024-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi huzuridagi Margʻilon shahar musiqali maqom teatri davlat muassasasining maʼmuriy-boshqaruv, badiiy, ijodiy hamda mutaxassis xodimlarining yangilangan oylik ish haqi miqdorlari 1b-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)

2. Iqtisodiyot va moliya vazirligi uch kun muddatda Markazning oʻzbek milliy maqom sanʼatini rivojlantirish boʻyicha alohida shaxsiy gʻazna hisobvaragʻini (keyingi oʻrinlarda — Hisobvaraq) ochsin.

Quyidagilar Hisobvaraq mablagʻlarini shakllantirish manbalari etib belgilansin:

Markazning konsert-tomosha tadbirlarini tashkil etish va madaniy tadbirlarni oʻtkazishdan olinadigan daromadlari;

xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy davlatlar va boshqa donorlarning kreditlari, grantlari va texnik koʻmaklashish mablagʻlari;

Hisobvaraqning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;

qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

3. Belgilansinki, Hisobvaraq mablagʻlari quyidagi yoʻnalishlarga sarflanadi:

mahalliy va xorijiy gastrol safarlarini tashkil etish;

ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda maqom va bastakorlar asarlarini targʻib etish;

liboslar, musiqa cholgʻulari va ovoz kuchaytirgich uskunalarni xarid qilish;

Markaz va uning hududiy boʻlimlari moddiy-texnika bazasini rivojlantirish;

Markaz xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish;

maqom sanʼatini rivojlantirishga qaratilgan boshqa tadbirlarni moliyalashtirish.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri (A.N. Aripov) bir hafta muddatda Hisobvaraqni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida 100 milliard soʻm mablagʻning moliyaviy manbalarini aniqlab, tijorat banklarining depozitlariga joylashtirilishini taʼminlasin.

Belgilansinki:

Hisobvaraq mablagʻlari Markazning bosh direktori tomonidan boshqariladi;

mazkur bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilgan mablagʻlarni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlar Hisobvaraqqa yoʻnaltiriladi.

5. Markaz xodimlari faoliyatining quyidagi yoʻnalishlarida erishilgan natijalari asosida Hisobvaraq mablagʻlari hisobidan mehnatga haq toʻlash jamgʻarmasining bir baravari miqdorigacha ustamalar belgilash tartibi joriy etilsin:

respublika hududlarida va xorijiy davlatlarda gastrol konsert-tomosha tadbirlarida qatnashish;

mumtoz musiqa yoʻnalishida maqom namunalariga xos asarlarni yaratish va ularni notaga olish;

maqom va bastakorlar tomonidan bastalangan asarlarni takomillashtirish;

ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali sof va mukammal ijrodagi maqomlarni targʻib etish;

mumtoz musiqa merosiga oid ilmiy maqolalar chop etish, izlanishlar olib borish, kitoblar va toʻplamlar yaratish;

maqom va bastakorlar tomonidan bastalangan asarlarning zamonaviy ohangdagi karaokelarini yaratish;

“ustoz-shogird” anʼanalari davom ettirish;

maqom sanʼatini rivojlantirishga qaratilgan boshqa yoʻnalishlar.

Madaniyat vazirligi bir oy muddatda Markaz boshqaruv, ilmiy hamda ijodiy xodimlari faoliyati samaradorligining asosiy koʻrsatkichlari roʻyxati va ularning ijrosini baholash tartibini tasdiqlasin.

6. Quyidagilar:

2023-2024-yillarda Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi va uning hududiy boʻlimlari maqom ansambllarining mahalliy gastrol safarlarini tashkil etish rejasi 2-ilovaga muvofiq;

2023-2024-yillarda Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi va uning hududiy boʻlimlari maqom ansambllarining korxona va tashkilotlarga gastrol safarlarini tashkil etish rejasi 3-ilovaga muvofiq;

2023 — 2025-yillarda Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi va uning hududiy boʻlimlari maqom ansambllarining xorijiy gastrol safarlarini tashkil etish rejasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari:

ushbu qarorga 2 — 4-ilovalar bilan tasdiqlangan gastrol safarlarini tashkil etish rejalarida nazarda tutilgan tadbirlarni yuqori badiiy saviyada oʻtkazish uchun shaxsan masʼul etib belgilansin;

boshqa hududlarga yoki xorijiy gastrol safarlarini amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarning 50 foizi tegishli mahalliy budjetlarning qoʻshimcha manbalari hisobidan moliyalashtirilishini taʼminlasin.

8. Madaniyat vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari:

ushbu qarorga 2 — 4-ilovalar bilan tasdiqlangan gastrol safarlarini tashkil etish rejalarida nazarda tutilgan tadbirlarni oʻtkazish joyi, vaqti, ishtirok etadigan ijodkorlar haqida ommaviy axborot vositalari va axborot tarqatishning boshqa manbalari orqali, shu jumladan tadbir oʻtkaziladigan hududlar aholisini oldindan xabardor qilish tizimini yoʻlga qoʻysin;

Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida yoritish ishlari alohida ishlab chiqilgan media-reja asosida muntazam tashkil etilishini taʼminlasin.

9. Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 1-avgustdagi “Respublika oliy taʼlim muassasalari xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 164-son qarori 4-bandining oltinchi xatboshisi “Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi hamda uning Nukus filialida” soʻzlaridan keyin “, Yunus Rajabiy nomidagi Oʻzbekiston milliy musiqa sanʼati akademiyasida” soʻzlari bilan toʻldirilsin.

10. Mazkur qarorning 1-bandida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bogʻliq qoʻshimcha xarajatlar 2023-yilda Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshirilsin hamda 2024-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilsin.

11. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 30-avgust,

PQ-289-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-avgustdagi PQ-289-son qaroriga1-ILOVA

Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi boshqaruv, ilmiy va ijodiy xodimlarining oylik ish haqi miqdorlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-avgustdagi PQ-289-son qaroriga 1a-ILOVA

Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazining hududiy boʻlimlari boshqaruv, ilmiy va ijodiy xodimlarining oylik ish haqi miqdorlari

(1a-ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-avgustdagi PQ-289-son qaroriga 1b-ILOVA

Oʻzbek milliy maqom markazi huzuridagi Margʻilon shahar musiqali maqom teatri davlat muassasasining maʼmuriy-boshqaruv, badiiy, ijodiy hamda mutaxassis xodimlarining oylik ish haqi miqdorlari

(1b-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-dekabrdagi PF-214-sonli Farmoniga asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 06/23/214/0984-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-avgustdagi PQ-289-son qaroriga2-ILOVA

2023-2024-yillarda Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi va uning hududiy boʻlimlari maqom ansambllarining mahalliy gastrol safarlarini tashkil etish

Izohlar:

Madaniyat vazirligiga zaruratga koʻra ushbu reja-jadvalda koʻrsatilgan hududlar va muddatlarga oʻzgartirish kiritish huquqi beriladi.

Reja-jadvalga asosan gastrol safarlarini tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlar mahalliy budjet, metsenatlik koʻmagi, homiylik xayriyalari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-avgustdagi PQ-289-son qaroriga3-ILOVA

2023-2024-yillarda Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi va uning hududiy boʻlimlari maqom ansambllarining korxona va tashkilotlarga gastrol safarlarini tashkil etish

Izohlar:

Gastrol safarlarini tashkil etish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar korxona va tashkilotlarning tashabbusiga koʻra ular tomonidan qoplanadi.

Gastrol safarlariga yuboriladigan maqom ansambli jamoasining tarkibi Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlanadi hamda tadbir boshlanishidan oldin tegishli korxona va tashkilotlarga yetkaziladi.

Madaniyat vazirligi, zaruratga koʻra, Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda ushbu rejaga oʻzgartirish kiritishi mumkin. Shuningdek, gastrol safarlari boshqa korxona va tashkilotlarning tashabbusiga koʻra ular uchun ham tashkil etilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 30-avgustdagi PQ-289-son qaroriga4-ILOVA

2023 — 2025-yillarda Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi va uning hududiy boʻlimlari maqom ansambllarining xorijiy gastrol safarlarini tashkil etish

Izohlar:

Madaniyat vazirligi, zaruratga koʻra, ushbu reja-jadvalda koʻrsatilgan davlatlar va muddatlarga oʻzgartirish kiritishi mumkin.

Gastrol safarlari Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazining oʻzbek milliy maqom sanʼatini rivojlantirish boʻyicha alohida shaxsiy gʻazna hisobvaragʻi mablagʻlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.