PQ-296-son Qaror · 08.09.2023

Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-296
  • Qabul qilingan sana:08.09.2023
  • Kuchga kirgan sana:08.09.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/296/0687

Mamlakatimizda soʻnggi yillarda onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish hamda aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash borasida keng qamrovli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2017 — 2022-yillarda onalar oʻlimi koʻrsatkichi 1,5 baravarga, goʻdaklar oʻlimi esa 1,3 baravarga kamayishiga erishildi.

Kam uchraydigan (orfan) va boshqa irsiy-genetik kasalliklarga chalingan bolalarni bepul dori vositalari, tibbiy buyumlar va maxsus oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash joriy etilib, ularga tibbiy va ijtimoiy yordam koʻrsatish koʻlami kengaytirildi.

Tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida bolalar anesteziologiya-reanimatsiya boʻlimlari hamda kechayu kunduz shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatuvchi pediatriya postlari, shuningdek, poliklinikalarda bolalar boʻlimlari tashkil etildi.

Barcha “tibbiyot brigadalari” tarkibiga qoʻshimcha pediatriya hamshirasi va doya shtatlari ajratildi. Bolalar, homilador va tugʻish yoshidagi ayollarni zarur vitamin komplekslari, yod preparati, temir va foliy kislotasi bilan bepul taʼminlash joriy etildi.

Aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, tibbiyot muassasalarining samarali boshqaruv tizimini yaratish maqsadida:

1. Sogʻliqni saqlash vazirligining 2023-yil 1-oktabrdan boshlab:

Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika aholi reproduktiv salomatligi markazi, Respublika “Ona va bola skrining” markazi negizida Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazini (keyingi oʻrinlarda — Markaz);

hududiy perinatal, aholi reproduktiv salomatligi hamda “Ona va bola skrining” markazlari negizida Markazning 14 ta hududiy filiallarini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi onalar salomatligini muhofaza qilishning takomillashtirilgan tibbiy profilaktika va patronaj tizimi joriy qilinsin:

a) birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida “tibbiyot brigadalari”:

oʻzlariga biriktirilgan hududlarda homilador ayollarni aniqlaydi, ularni hisobga olish va davriy tibbiy koʻrikdan oʻtishini tashkil etadi;

tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarining “Ayollar maslahatxonasi” boʻlimi bilan birgalikda homilador ayollar holatini doimiy monitoring qilib boradi hamda xavf omillari aniqlanganda Markazning hududiy filiallariga yuboradi;

tugʻuruqdan keyingi davrda ona va bolaning davriy patronajini olib boradi hamda istalmagan homiladorlikning oldini olish choralarini koʻradi;

reproduktiv yoshdagi aholi va homilador ayollar oʻrtasida tibbiy madaniyat, kasalliklar profilaktikasi va sogʻlom oilani rejalashtirish boʻyicha targʻibot ishlarini olib boradi;

b) Markazning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy filiallari:

xavf omillari aniqlangan ayollarni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazadi, ularni davolaydi hamda zarur hollarda respublika darajasidagi tibbiyot muassasalariga yoʻnaltiradi;

nikohlanuvchilar, homilador va tugʻish yoshidagi ayollar hamda chaqaloqlarni molekulyar tibbiy-genetik tekshiruvlardan oʻtkazadi;

irsiy kasalliklar aniqlangan bolalarni maxsus dori vositalari va oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlaydi;

sogʻlom oilani rejalashtirish hamda istalmagan homiladorlikning oldini olish chora-tadbirlarini amalga oshiradi;

v) Respublika perinatal markazi:

erta tugʻuruq xavfi boʻlgan homiladorlarga, shuningdek, muddatiga yetmasdan (22 — 28 haftalik) tugʻilgan chaqaloqlarga barcha turdagi tibbiy xizmatlar koʻrsatadi;

alohida tibbiy koʻrsatmalarga asosan homiladorlar va chaqaloqlarga Markazning hududiy filiallarida konsultativ yordam beradi hamda zarur hollarda ularga tibbiy statsionar yordam koʻrsatadi;

g) Markaz:

respublika, hududiy tibbiyot muassasalari hamda tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida homilador ayollar va yangi tugʻilgan bolalar skriningi, shuningdek reproduktiv yoshdagi aholi orasida ekstragenital, tugʻma va irsiy kasalliklar profilaktikasi, diagnostikasi, davolash va reabilitatsiyasi boʻyicha ixtisoslashtirilgan hamda yuqori texnologik diagnostika va davolash amaliyotlarini joriy etadi;

akusherlik-ginekologiya, tibbiy-genetik maslahat, sogʻlom oilani rejalashtirish, molekulyar-genetik tekshiruv, plastik va estetik ginekologiya, yordamchi reproduktiv texnologiyalar xizmatlarini tashkil etadi va ushbu yoʻnalishdagi ishlarni muvofiqlashtiradi;

reproduktiv yoshdagi aholi, homilador ayollar va yangi tugʻilgan bolalarga malakali tibbiy xizmat koʻrsata oladigan kadrlar tayyorlash hamda qayta tayyorlashda ishtirok etadi;

reproduktiv yoshdagi aholi, homilador ayollar, yangi tugʻilgan bolalar kasalliklari boʻyicha fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy izlanish va tadqiqotlar olib borish, ularning natijalarini keng joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;

oʻsmirlar orasida reproduktiv aʼzolar patologiyasining oldini olish boʻyicha tibbiy-profilaktika tadbirlarini tashkil etadi;

xorijiy ilmiy-tadqiqot tibbiyot markazlari, klinikalar va taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshiradi;

sogʻlom oilani shakllantirish, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilishda ilgʻor usullar va texnologiyalarni yoʻlga qoʻyish, tugʻma hamda irsiy kasalliklarni erta prenatal va neonatal davrda aniqlash, bolalar oʻlimi va tugʻma nogironlikning oldini olish choralarini koʻradi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi 2023-yil 1-oktabrdan boshlab birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari mutaxassislarini joriy etilayotgan yangi tizim boʻyicha oʻqitishni tashkil qilsin.

3. Belgilansinki:

a) Markaz Respublika aholi reproduktiv salomatligi markazi, Respublika “Ona va bola skrining” markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining;

Markazning hududiy filiallari tegishincha hududiy perinatal, aholi reproduktiv salomatligi hamda “Ona va bola skrining” markazlarining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

b) Markaz va uning hududiy filiallari tugʻuruqqa koʻmaklashish sohasidagi tibbiyot muassasalari faoliyatiga uslubiy jihatdan rahbarlik qiladi;

v) yangi tashkil etilayotgan Markaz tarkibidagi aholi reproduktiv salomatligi va skrining xizmatiga Respublika aholi reproduktiv salomatligi markazi hamda Respublika “Ona va bola skrining” markazi uchun amalda belgilangan moliyalashtirish tartibi saqlab qolinadi;

g) Markazning elektron navbat asosida davolanishga yoʻnaltiriladigan va imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarni davolash xarajatlari Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi orqali qoplab beriladi.

4. Quyidagilar:

Onalar va bolalar hamda aholi reproduktiv salomatligini muhofaza qilish xizmatini yanada rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;

2023 — 2027-yillarda bolalarda tugʻma va irsiy kasalliklarni erta aniqlash dasturi 2-ilovaga muvofiq;

2023 — 2027-yillarda tugʻuruq komplekslarida qoʻshimcha kiritiladigan tugʻuruq oʻrinlari soni 3-ilovaga muvofiq;

Hududiy tibbiyot muassasalari uchun xarid qilinishi rejalashtirilgan tibbiy jihozlar taqsimoti 4, 4a — 4o-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

5. Hududlarda onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish boʻyicha alohida “yoʻl xaritalari” tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlariga “yoʻl xaritalari”da belgilangan tadbirlarni oʻz vaqtida va samarali ijro etish yuzasidan shaxsiy masʼuliyat yuklansin.

6. Sogʻliqni saqlash vazirligi 2024-yil 1-sentabrga qadar Markazda zamonaviy hamda xalqaro talablarga javob beradigan eng ilgʻor diagnostika va davolash standartlarini amaliyotga joriy etib, yordamchi reproduktiv texnologiyalar usullarini yoʻlga qoʻysin.

7. Belgilab qoʻyilsinki:

Markaz yordamchi reproduktiv texnologiyalar usullarini qoʻllash boʻyicha zamonaviy klinik protokollar va standartlar ishlab chiqadi hamda ushbu yoʻnalishdagi barcha tibbiyot tashkilotlari faoliyatini uslubiy jihatdan muvofiqlashtiradi;

2024-yil 1-oktabrdan boshlab har yili 100 tagacha imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan yordamchi reproduktiv texnologiyalar usullari muvaffaqiyatli qoʻllanganda ushbu amaliyotni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi orqali qoplab beriladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi uch oy muddatda bepushtlik sababli farzandsiz boʻlgan oilalarga, shu jumladan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga nisbatan yordamchi reproduktiv texnologiyalar usullarini qoʻllash tartibini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

8. Sogʻliqni saqlash vazirligi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda sogʻlom oilani shakllantirish, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, tugʻma hamda irsiy kasalliklarni erta prenatal va neonatal davrda aniqlash, bolalar oʻlimi va tugʻma nogironlikni kamaytirish, tugʻma va irsiy kasalliklarga chalingan bolalar tugʻilishining oldini olish ahamiyati va zarurati toʻgʻrisida aholi orasida keng tushuntirish ishlarini tashkil etish choralarini koʻrsin.

9. Quyidagilar 2026-yil 1-yanvarga qadar bojxona bojidan ozod qilinsin:

ushbu qarorga 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlangan dasturlar doirasida Sogʻliqni saqlash vazirligi va “Sogʻlom avlod uchun” hukumatga qarashli boʻlmagan xalqaro xayriya fondi tomonidan Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda tasdiqlangan roʻyxat boʻyicha chetdan olib kiriladigan yuqori texnologik diagnostika tibbiyot uskunalari, butlovchi buyumlar, reagentlar, zarur materiallar, dori vositalari va bolalar uchun maxsus oziq-ovqat mahsulotlari;

fenilketonuriyaga chalingan bolalar uchun Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan maxsus oziq-ovqat mahsulotlari.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

11. Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri A.Sh. Inoyatov hamda sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari I.E. Basitxanova belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 8-sentabr,

PQ-296-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-sentabrdagi PQ-296-son qaroriga1-ILOVA

Onalar va bolalar hamda aholi reproduktiv salomatligini muhofaza qilish xizmatini yanada rivojlantirish boʻyicha

mln soʻm ming AQSh dollari Dasturni amalga oshirishga sarflanadigan xarajatlar jami: 339 949,7 158 801,8 shundan: Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti mablagʻlari — 339 949,7 — 35 577,3 Mahalliy budjet mablagʻlari — — 3 750,0 “Sogʻlom avlod uchun” hukumatga qarashli boʻlmagan xalqaro xayriya jamgʻarmasi mablagʻlari (kelishuv asosida) — — 2 167,5 Xalqaro va nodavlat tashkilotlar (YUNFPA, YUNISEF, JSST) grantlari — — 17 307,0 Osiyo taraqqiyot bankining kreditlari — — 100 000,0

* Dasturni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya tashkilotlarining mablagʻlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar ham jalb etilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-sentabrdagi PQ-296-son qaroriga2-ILOVA

2023 — 2027-yillarda bolalarda tugʻma va irsiy kasalliklarni erta aniqlash

ming AQSh dollari Dasturni amalga oshirishga sarflanadigan xarajatlar jami: 32 373,4 shundan: Davlat budjeti mablagʻlari — 29 348,4 “Sogʻlom avlod uchun” hukumatga qarashli boʻlmagan xalqaro x�yriya jamgʻarmasi mablagʻlari (kelishuv asosida) — 3 025,0

* Dasturni moliyalashtirish uchun xalqaro moliya tashkilotlari mablagʻlari, jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar ham jalb etilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-sentabrdagi PQ-296-son qaroriga3-ILOVA

2023 — 2027-yillarda tugʻuruq komplekslarida qoʻshimcha tashkil etiladiganTUGʻURUQ OʻRINLARI SONI

T/r Hududlar nomi Jami 2023-yil 2024-yil 2025-yil 2026-yil 2027-yil Jami 4 321 500 653 1 051 1 057 1 060 1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi 113 22 16 25 25 25 2. Andijon viloyati 434 42 75 121 98 98 3. Buxoro viloyati 113 36 13 21 21 22 4. Jizzax viloyati 127 60 11 18 19 19 5. Qashqadaryo viloyati 540 42 85 137 138 138 6. Navoiy viloyati 199 40 28 43 44 44 7. Namangan viloyati 377 18 62 99 99 99 8. Samarqand viloyati 566 28 92 148 149 149 9. Surxondaryo viloyati 381 27 60 98 98 98 10. Sirdaryo viloyati 118 60 10 16 16 16 11. Toshkent viloyati 418 53 62 101 101 101 12. Fargʻona viloyati 483 18 79 128 129 129 13. Xorazm viloyati 57 30 5 7 7 8 14. Toshkent shahri 395 24 55 89 113 114

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-sentabrdagi PQ-296-son qaroriga5-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-iyuldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5199-son qaroriga 4-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining tugʻruq boʻlimlari negizida tashkil etiladigan tumanlararo perinatal markazlar

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-yanvardagi “Yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish va davolash sifatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-103-son qarori 2-bandining toʻrtinchi xatboshisidagi “ushbu turdagi kasalliklari mavjud “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da boʻlgan 200 mingdan ziyod aholiga” soʻzlari “ushbu turdagi kasalliklari mavjud aholiga” soʻzlari bilan almashtirilsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 25-apreldagi “2022 — 2026-yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish toʻgʻrisida”gi PQ-216-son qaroriga 1-ilovaning 15-pozitsiyasi “Chora-tadbirlar nomi” ustuni quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“786 ming dona (538,5 mingta bachadon ichi vositasi va 247,5 mingta oral kontratseptiv vositalar) kontratseptiv vositalarni xarid qilish. Bunda, xalqaro “UNFPA” tashkiloti bilan ushbu sohada shakllangan koʻp yillik ishonchli hamkorlikni kuchaytirish”.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi “Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-162-son qarorida 4-ilovaning 61-pozitsiyasi va 4a-ilovaning 61-pozitsiyasi chiqarib tashlansin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.