PQ-371-son Qaror · 23.11.2023

Allergik kasalliklarning oldini olish va davolash sifatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-371
  • Qabul qilingan sana:23.11.2023
  • Kuchga kirgan sana:24.11.2023
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/23/371/0880

Mamlakatimizda allergik kasalliklarni profilaktika qilish, tashxislash va davolashning ilgʻor usullarini tatbiq qilish borasida manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, iqlim oʻzgarishi, global isish oqibatida gulchangi mavsumining uzayishi, ekologik vaziyatning yomonlashishi va boshqa omillar taʼsirida allergik kasalliklarga chalinish xavfi ortib bormoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining sogʻliqni saqlash sohasi vakillari bilan “Tibbiyotdagi islohotlar — inson qadri uchun” mavzusidagi ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, shuningdek, aholiga koʻrsatilayotgan allergologik va immunologik tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash, bolalar va kattalar orasida allergik va immunologik kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlash hamda zamonaviy davolash usullarini amaliyotga tatbiq qilish, ushbu kasalliklarga chalingan bemorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni zarur dori vositalari bilan taʼminlash, joylarda molekulyar allergologiya va klinik immunologiya yoʻnalishidagi tekshiruvlarni yoʻlga qoʻyish, kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida:

1. Sogʻliqni saqlash vazirligining allergik kasalliklarning oldini olish, aholiga allergologik va immunologik yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisidagi quyidagi takliflari maʼqullansin:

tibbiyotning birlamchi boʻgʻinidan boshlab allergik kasalliklarning epidemiologik koʻrsatkichlari ustidan nazoratni kuchaytirish va manzilli skrining tekshiruvlarini joriy etish;

ehtiyojmand aholi qatlamlarini zarur dori vositalari bilan bepul taʼminlash tizimini yoʻlga qoʻyish;

bolalar va oʻsmirlar, homiladorlar orasida allergik va immunologik kasalliklarning rivojlanish sabablarini erta aniqlash va ularni profilaktika qilish;

joylarda allergik kasalliklarni yuqori texnologik tashxislash va davolash amaliyotlari turlarini kengaytirish hamda molekulyar tashxislash usullarini joriy etish;

soha mutaxassislarining allergologiya va klinik immunologiya yoʻnalishida bilimlarini oshirish va koʻnikmalarini rivojlantirish.

2. Allergik va immunologik kasalliklarni erta aniqlash hamda ularning oldini olish maqsadida:

a) allergik va immunologik kasalliklarga chalingan nogironligi boʻlgan shaxslarni ingalyatsion glyukokortikosteroid dori vositalari bilan bepul taʼminlash tizimi joriy etilsin;

(2-bandning “a” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-sentabrdagi PF-191-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.09.2026-y., 06/26/191/0937-son)

b) Sogʻliqni saqlash vazirligi 2024-yildan boshlab:

allergik kasalliklar (shu jumladan mavsumiy allergiya) koʻrsatkichlari yuqori hududlarda yiliga kamida bir marta ommaviy va selektiv skrining tekshiruvlarini oʻtkazish;

aniqlangan allergik va ikkilamchi immunitet tanqisligi kasalliklari mavjud bemorlarni allergologlar tomonidan tizimli kuzatuvi va individual sogʻlomlashtirish ishlarini tashkillashtirish;

hududlarda allergologiya va klinik immunologiya yoʻnalishida yuqori texnologik tashxislash va davolash amaliyotlari turlarini bosqichma-bosqich 10 turdan 20 turgacha oshirish;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda ehtiyojga koʻra Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazining hududiy boʻlinmalari laboratoriyalarini mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan allergen reagentlar bilan toʻliq taʼminlash choralarini koʻrsin.

3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2024-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda nogironligi boʻlgan shaxslarni ingalyatsion glyukokortikosteroid dori vositalari va ularning maxsus sarflov vositalari bilan taʼminlash uchun zarur budjet mablagʻlarini nazarda tutsin.

(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-sentabrdagi PF-191-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.09.2026-y., 06/26/191/0937-son)

4. 2024-yil 1-yanvardan Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi 140 oʻrin fondidan iborat boʻlgan Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) etib qayta tashkil qilinsin.

Belgilab qoʻyilsinki, Toshkent shahri aholisi uchun allergik kasalliklar boʻyicha ixtisoslashtirilgan va shoshilinch tibbiy yordam Markaz tomonidan koʻrsatiladi.

5. Quyidagilar Markazning qoʻshimcha vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:

molekulyar allergologiya va klinik immunologiya sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borish asosida allergik hamda immunologik kasalliklarning oldini olish, ularga molekulyar tashxis qoʻyish va davolash;

allergik kasalliklarni erta aniqlash, kelib chiqish sabablarini bartaraf qilish maqsadida skrining dasturlarini yoʻlga qoʻyish;

tibbiyotning birlamchi boʻgʻinida allergik va ikkilamchi immunitet tanqisligi kasalliklarining profilaktikasi, ularni barvaqt aniqlash va boshqarish milliy dasturlarini amaliyotga joriy etish.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-maydagi “Allergik kasalliklarni profilaktika qilish, ularga tashxis qoʻyish va davolashni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3715-son qarori asosida Xalqaro molekulyar allergologiya markazi (keyingi oʻrinlarda — Xalqaro markaz) tashkil etilganligi hamda allergen oʻsimliklar gulchangining aerobiologik monitoring tizimi respublikaning 9 ta hududida amaliyotga joriy etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

7. Xalqaro markaz va Markazning allergik kasalliklarning oldini olish va davolash sifatini oshirish maqsadida allergen oʻsimliklar gulchangining aerobiologik monitoring tizimini respublikaning barcha hududlarida amaliyotga joriy etish haqidagi taklifi maʼqullansin.

8. 2024-yildan boshlab quyidagilarni nazarda tutuvchi tizim joriy qilinsin:

allergik kasalliklar keltirib chiqaruvchi aeroallergenlar tarkibi va mavsumiy tarqalish koʻlami hududlar kesimida oʻrganilib, uning natijalari Xalqaro markaz tomonidan Gidrometeorologiya xizmati agentligiga muntazam taqdim etib boriladi;

Gidrometeorologiya xizmati agentligi aeroallergenlar tarkibi va mavsumiy tarqalish koʻlami toʻgʻrisidagi maʼlumotlar atrof tabiiy muhit ifloslanishiga oid maʼlumotlar bilan birgalikda tegishli veb-sayt va boshqa manbalar orqali eʼlon qilib borilishini taʼminlaydi.

9. 2023 — 2025-yillarda respublika aholisiga allergologik yordam koʻrsatish tizimini rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

10. Sogʻliqni saqlash vazirligi:

a) 2024-yil 1-aprelga qadar Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh. Shermatov) bilan birgalikda allergik kasallikka chalingan bemorlarning elektron reyestrini yaratib, amaliyotga tatbiq etsin;

b) 2024-yil 1-yanvarga qadar Markaz ustavi, tashkiliy tuzilmasi hamda xarajatlar smetasini qayta koʻrib chiqsin va tasdiqlasin.

Bunda, Markazda bolalar allergologiyasi va klinik immunologiyasi, jonlantirish, bolalar va kattalar teri allergik kasalliklari, klinik immunologiya boʻlimlari hamda yordamchi boʻlimlar, konsultativ-tashxislash poliklinikasi, maxsus molekulyar allergologik va klinik immunologik laboratoriyalar va ilmiy-oʻquv simulyatsion boʻlinmalar tashkil qilinishi inobatga olinsin;

v) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur qaror talablariga muvofiq tegishli hududlarda 2024-2025-yillarda allergologik va immunologik yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish boʻyicha hududiy dasturlarni ishlab chiqsin hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va xalq deputatlari mahalliy kengashlariga koʻrib chiqish uchun kiritsin.

11. Sogʻliqni saqlash vazirligi 2024-yildan boshlab Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan har yili kamida 10 nafar allergolog va immunolog mutaxassisni nufuzli xorijiy allergologiya va immunologiya markazlarida malaka oshirishga yuborish choralarini koʻrsin.

12. Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyatini jamoatchilikka yetkazish choralarini koʻrsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-iyuldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5199-son qaroriga 2-ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirish kiritilsin.

14. Ushbu qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri A. Inoyatov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2023-yil 23-noyabr,

PQ-371-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-noyabrdagi PQ-371-son qaroriga1-ILOVA

2023 — 2025-yillarda respublika aholisiga allergologik yordam koʻrsatish tizimini rivojlantirish boʻyicha

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-sentabrdagi PF-191-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.09.2026-y., 06/26/191/0937-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-noyabrdagi PQ-371-son qaroriga2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-iyuldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-5199-son qaroriga kiritilayotgan qoʻshimcha va oʻzgartirish

1. 1-band “a” kichik bandining ikkinchi xatboshisi “imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni” soʻzlaridan keyin “(Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari, Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidenti deb eʼtirof etilgan chet davlatlarning fuqarolari, shuningdek fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni)” soʻzlari bilan toʻldirilsin.

2. 2-ilovaning izoh qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Izoh:

amaldagi order berish tartibiga asosan rasmiylashtirilgan orderlardan 2023-yilning 1-yanvariga qadar foydalanish mumkin;

Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasi qurilish-taʼmirlash va jihozlash ishlari yakunlangunga qadar Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi orqali bajarilgan ish hajmiga bogʻlanmagan holda vaqtinchalik bir satrda moliyalashtiriladi”.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.