Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-yanvardagi “Jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasini ilmiy tadqiq qilish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PF-10-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar respublikamizda kriminologiya sohasida ilmiy-amaliy tadqiqot ishlarini zamon talablari asosida tashkil etishning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish maqsadida “gʻoyadan amaliyotgacha” degan yangi tamoyil asosida ilmiy-amaliy tadqiqot loyihalarini bajarish orqali fanlararo bilimlarni qoʻllash tizimini yaratish;
jinoyatchilik, shu jumladan latent jinoyatchilik tendensiyalarini tizimli ravishda tahlil va prognoz qilish, salbiy tendensiyalarni aniqlash va ularni bartaraf etish boʻyicha maqsadli chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
jinoyatning asl omillarini kompleks ilmiy diagnoz asosida aniqlash va bartaraf etish chora-tadbirlari tizimini belgilash, kriminologik faoliyatga sunʼiy intellekt va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etib borish;
yuridik, sotsiologik, psixologik, pedagogik, tibbiy, atrof-muhit, raqamli kriminologiya kabi zamonaviy tarmoqlarni rivojlantirish, taʼlim muassasalarida kriminologiya fanini tizimli oʻqitish orqali yoshlarda jinoyatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish;
zarur tashkiliy-huquqiy va tuzilmaviy asoslarni shakllantirgan holda jinoyatchilik omillari va uning salbiy tendensiyalari bartaraf etilganligini ilmiy baholash amaliyotini yoʻlga qoʻyish;
rivojlangan xorijiy davlatlarning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan manzilli hamkorlikni faollashtirish, qoʻshma kriminologik tadqiqotlarni amalga oshirishni yoʻlga qoʻyish hamda Oʻzbekiston kriminologiyasi jahon reytinglarida munosib oʻrin egallashini taʼminlash.
2. Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi kriminologiya sohasida ilmiy-amaliy tadqiqotlarni oʻtkazish, jinoyatchilik omillarini ilmiy diagnoz qilish metodikalarini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
kompleks ilmiy diagnoz asosida sud hukmi (ajrimi) chiqqan (jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisida qaror chiqqan) jinoyatlarning omillarini aniqlash mexanizmlari;
hududlar kesimida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish choralarining samaradorligini ilmiy jihatdan baholash, shuningdek, ilmiy tahlil, prognoz va diagnoz xulosalariga asoslangan holda, jinoyatchilik omillarini bartaraf etish choralarini belgilash tartibi;
ilmiy-amaliy tadqiqot loyihalarini bajarish tartibi, ilmiy ishlanmalarni kriminologik faoliyat amaliyotiga joriy etish tizimi, ilmiy tahlil, prognoz va diagnoz xulosalariga asoslangan holda, qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalarni tayyorlash mexanizmlari.
3. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti (keyingi oʻrinlarda — Institut) faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;
2024 — 2030-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot institutini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari (keyingi oʻrinlarda — Maqsadli koʻrsatkichlar) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov) Maqsadli koʻrsatkichlarga erishish uchun har yili Institutning Harakatlar dasturini tasdiqlash, yil davomida ijrosini taʼminlash hamda uning natijalari boʻyicha Institut faoliyatiga baho berib borish choralarini koʻrsin.
4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
Institut tomonidan kriminologiya sohasida buyurtma asosidagi ilmiy-amaliy tadqiqot loyihalari 3-ilovaga muvofiq, tashabbus asosidagi ilmiy-amaliy tadqiqot loyihalari 4-ilovaga muvofiq amalga oshiriladi;
Institut kriminologik tadqiqotlar natijalari boʻyicha 5-ilovaga muvofiq ilmiy nashrlarni davriy ravishda chop etadi;
Institut kriminologiya sohasi boʻyicha tayanch ilmiy tashkilot hisoblanadi hamda kriminologik faoliyatni ekspertlik va ilmiy taʼminlash ishlarini vakolati doirasida muvofiqlashtiradi;
davlat organlari va muassasalari, davlat ilmiy va oliy taʼlim muassasalari tomonidan kriminologiya va kriminologik faoliyatga doir tayyorlangan ilmiy, uslubiy va oʻquv adabiyotlari nusxalari Institutga Kriminologik tadqiqotlar davlat hisobotini tayyorlashda foydalanish uchun taqdim etiladi.
5. Belgilansinki:
Institutning ilmiy tarkib lavozimlari yuridik, psixologiya, sotsiologiya, pedagogika, texnika, iqtisodiyot, tibbiyot va geografiya sohalari boʻyicha ilmiy darajaga ega boʻlgan kadrlar bilan jamlanadi;
ilmiy darajaga ega boʻlmagan nomzodlar Institutning boʻsh turgan ilmiy tarkib lavozimi hisobidan ilmiy xodim-tadqiqotchi lavozimiga qabul qilinishi mumkin;
Institutning ilmiy tarkib lavozimlaridagi xizmatchilariga Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 18-avgustdagi “Ilmiy xodimlar mehnatini yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 233-son qarori bilan belgilangan mehnatga haq toʻlashning tegishli bazaviy lavozim maoshlari miqdorlari qoʻllaniladi hamda ularga avvalgi ish joyi boʻyicha berilgan martaba darajalari uchun belgilangan ustama haqlari (mavjud boʻlsa) saqlanib qoladi.
Ichki ishlar vaziri P. Bobojonov zimmasiga Institutda ilmiy-amaliy tadqiqotlar jarayonini eng zamonaviy ilmiy metodikalar, ilm-fanning ilgʻor yutuqlari va axborot texnologiyalari asosida tashkil qilish, uning shaxsiy tarkibining ilmiy salohiyatini, shu jumladan yetakchi xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalarida oʻqitish orqali oshirish boʻyicha shaxsiy masʼuliyat yuklansin.
6. Institutga quyidagi huquqlar berilsin:
ilmiy-amaliy tadqiqotlar jarayoniga shartnoma asosida, shu jumladan yetakchi xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalaridan yuqori ilmiy-tahliliy mahoratga ega boʻlgan malakali mutaxassislarni bir yilgacha muddatga jalb etish va mehnat bozori konyunkturasini inobatga olgan holda ularning mehnatiga haq toʻlash miqdorini belgilash;
jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida shartnoma asosida ekspertlik, ilmiy-tadqiqot, noshirlik, matbaa va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish boʻyicha pullik xizmatlar koʻrsatish;
yetakchi xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan qoʻshma ilmiy-amaliy tadqiqotlar loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, ilmiy kadrlarni oʻqitish sohasida oʻzaro hamkorlik boʻyicha memorandum va bitimlarni tuzish;
ilmiy-ishlab chiqarish laboratoriyasida ilmiy tadqiqot natijalari asosida texnika vositalarini va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotish.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-avgustdagi PQ-253-sonli qaroriga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.08.2025-y., 07/25/253/0752-son)
7. Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari;
Ichki ishlar vazirligi va uning boʻlinmalarining budjetdan tashqari mablagʻlari;
buyurtma asosida amalga oshirilgan tadqiqotlar uchun davlat organlari (buyurtmachilar) tomonidan budjetdan tashqari jamgʻarmalar hisobidan ajratiladigan mablagʻlar;
pullik xizmatlar koʻrsatish, shuningdek, vaqtincha boʻsh turgan budjetdan tashqari mablagʻlarni tijorat banklari depozitlariga joylashtirish orqali daromad olishdan tushadigan mablagʻlar;
ilmiy tadqiqot natijalari asosida texnika vositalarini va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mahsulotlarni ishlab chiqarib sotishdan tushgan mablagʻlar;
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 18-avgustdagi PQ-253-sonli qaroriga asosan oltinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.08.2025-y., 07/25/253/0752-son)
milliy va xalqaro grantlar, shuningdek, qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
8. Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov):
ikki oy muddatda Ichki ishlar organlarida ilmiy faoliyatni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin, bunda dissertatsiya va ilmiy ishlanmalar mavzulari ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan boʻlishi, ularni amaliyotga joriy etish boʻyicha yagona tartib belgilanishini nazarda tutsin;
uch oy muddatda Institut xodim va xizmatchilarining ilmiy faoliyatini baholash indikatorlarini belgilovchi hamda ular natijalari boʻyicha bir yil davomida har oylik qoʻshimcha yakka tartibdagi ustamalarni toʻlashni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
uch oy muddatda Institut faoliyatini yuqori darajada tashkil etish maqsadida uning ehtiyoji uchun barcha zarur ilmiy-texnik uskuna va vositalarni xarid qilish choralarini koʻrsin;
Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh. Shermatov) bilan birgalikda 2024-yil 1-iyulga qadar ilmiy diagnoz asosida jinoyatchilik omillarini aniqlash mexanizmlarini nazarda tutgan holda “E-jamoat havfsizligi” yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimining “Jinoyat omillari” modulini yaratsin va ushbu tizimni ishga tushirish bilan bogʻliq barcha tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul etib ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov belgilansin.
Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 15-yanvar,
PQ-22-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-yanvardagi PQ-22-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha
Izoh:
1. Normativ-huquqiy va idoraviy hujjatlar huquqiy munosabatlarni tartibga solish predmeti va sohasiga qarab qayta koʻrib chiqilishi yoki yagona hujjatga birlashtirilishi mumkin.
2. Ikki va undan ortiq bandlar birlashtirilganda ularni ijro etish uchun belgilangan eng kech muddat ijro muddati etib belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-yanvardagi PQ-22-son qaroriga 2-ILOVA
2024 — 2030-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot institutini rivojlantirishning
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-yanvardagi PQ-22-son qaroriga 3-ILOVA
Kriminologiya sohasida buyurtma asosidagi ilmiy-amaliy tadqiqot loyihalarini amalga oshirish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-yanvardagi PQ-22-son qaroriga 4-ILOVA
Kriminologiya sohasida tashabbus asosidagi ilmiy-amaliy tadqiqot loyihalarini amalga oshirish
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-yanvardagi PQ-22-son qaroriga 5-ILOVA
Kriminologiya tadqiqot institutida bajarilgan tadqiqotlar natijalari boʻyicha ilmiy nashrlarni davriy ravishda chop etish
(5-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-apreldagi PQ-155-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 06.05.2025-y., 07/25/155/0412-son)