PQ-21-son Qaror · 12.01.2024

Oʻzbekiston Respublikasida ekologik turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-21
  • Qabul qilingan sana:12.01.2024
  • Kuchga kirgan sana:18.01.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/24/21/0044

Turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish, mamlakatimizning mavjud resurslaridan oqilona foydalanish hisobiga ekologik turizmni rivojlantirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratish va unga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hamda tadbirkorlik subyektlari uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish orqali togʻli va chekka hududlar hamda choʻl mintaqalaridagi aholini ish bilan taʼminlash, ularning daromad manbaini kengaytirish maqsadida:

1. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi (keyingi oʻrinlarda — Ekologiya vazirligi), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining davlat qoʻriqxonalari bufer zonalari, milliy tabiat bogʻlari, pitomniklar (qoʻriqxonaga aylantirilgan zonalar bundan mustasno), oʻrmon va oʻrmon-ov xoʻjaliklari, togʻli va choʻl hududlari hamda suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarida (keyingi oʻrinlarda — ekohududlar) joylashgan yer uchastkalarini kompleks turizm xizmatlarini yoʻlga qoʻygan holda turistik klasterlar tashkil etish uchun tadbirkorlik subyektlariga ajratish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:

ekohududlarda joylashgan yer uchastkalari ularning toifasi oʻzgartirilmagan holda turistik klasterlar tashkil etish uchun tadbirkorlik subyektlariga “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali faoliyat koʻrsatish muddatini keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 10 yil muddatga ijaraga beriladi;

Ekologiya vazirligiga ekohududlarda tashkil etiladigan turistik klasterlarning batafsil rejalashtirish loyihalari va master rejalarini ishlab chiqish uchun xorijiy loyiha institutlarini, shuningdek, maslahatchilarni jalb qilish huquqi beriladi;

ekohududlarda tashkil etiladigan turistik klasterlarning batafsil rejalashtirish loyihalari va master rejalarini ishlab chiqish uchun loyihalashtirish va konsalting kompaniyalari, mahalliy va xorijiy ekspertlar hamda boshqaruvchi kompaniyalar xizmatlariga haq toʻlash Ekologiya jamgʻarmasi mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

turistik klasterlar hududidagi turistik obyektlar Ekologiya vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi tomonidan belgilanadigan yengil va tez quriladigan konstruksiya hamda ekologik toza qurilish materiallaridan barpo etiladi;

ekohududlarda tashkil etiladigan turistik klasterlarda turizm xizmatlari inson faoliyatining atrof-muhitga salbiy taʼsirining oldini olishni nazarda tutuvchi ekohududlarni rivojlantirish dasturlariga muvofiq koʻrsatiladi. Bunda, ekohududlarni rivojlantirish dasturlari Ekologiya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

3. Quyidagilar:

“Tabiatga sayohat” ekoturizmni rivojlantirish milliy dasturini 1-ilovaga muvofiq;

Davlat qoʻriqxonalari bufer zonalari, milliy tabiat bogʻlari, pitomniklar (qoʻriqxonaga aylantirilgan zonalar bundan mustasno), oʻrmon va oʻrmon-ov xoʻjaliklari, togʻli va choʻl hududlari hamda suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarida tashkil qilinishi mumkin boʻlgan faoliyat (xizmat) turlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;

Davlat qoʻriqxonalari, pitomniklar, milliy tabiat bogʻlari va oʻrmon xoʻjaliklarida ekoturizm xizmatlari yoʻlga qoʻyiladigan hududlarning roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;

Plyaj va suvda dam olish turizm xizmatlari tashkil etiladigan respublikadagi yirik suv havzalari roʻyxati 4-ilovaga muvofiq;

Zamonaviy talablar asosida dor yoʻllari qurilishi rejalashtirilgan tuman va shaharlar roʻyxati 5-ilovaga muvofiq;

Ekologik turizm yoʻnalishida faoliyati yoʻlga qoʻyiladigan istiqbolli turistik klaster loyihalarining manzilli roʻyxati 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Vazirlar Mahkamasi (A. Ramatov) ikki oy muddatda ekologik turizm yoʻnalishida faoliyati yoʻlga qoʻyiladigan istiqbolli turistik klaster loyihalarini amalga oshirish dasturini tasdiqlasin.

5. Ekologiya vazirligi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda ushbu qarorga 3-ilovada koʻrsatilgan davlat qoʻriqxonalari bufer zonalari, pitomniklar, milliy tabiat bogʻlari va oʻrmon xoʻjaliklarining batafsil rejalashtirish loyihalari va master rejalarini quyidagilarni nazarda tutgan holda belgilangan muddatlarda ishlab chiqilishini taʼminlasin:

hududning mavjud tabiiy resurslaridan kelib chiqqan holda turistik soʻqmoqlar, selfi zona va piknik zonalar, manzarali tomosha qilish maydonchalari va hayvonlarni masofadan kuzatish imkonini beruvchi fototurlarni tashkil qilish hududlarini belgilash;

chiqindilarni tashlash va ekohududda oʻrnatiladigan yoʻl koʻrsatkichlari nuqtalarini belgilash hamda ekologik talablarga javob beradigan sanitariya-gigiyena shoxobchalarini joylashtirish;

kemping, glemping, oʻtov, ekouylar va boshqa turdagi joylashtirish vositalari joylashuvini belgilash;

ekohududlarga kirish qismida elektromobillar uchun quvvatlantirish stansiyalari, koʻchma restoranlari mavjud boʻlgan avtoturargohlar joylashuvini belgilash;

ekohududlarda mavjud turizm xizmatlari va turistik salohiyat toʻgʻrisida maʼlumot olish, ekohududning elektron turistik xaritasi, suvenir mahsulotlari savdosi va boshqa xizmatlar koʻrsatadigan tashrif markazlari (visitor center) joylashuvini belgilash.

6. Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi Ekologiya vazirligi bilan birgalikda ekohududlarda turistik klasterlarni tashkil qilish uchun salohiyatli xorijiy va mahalliy investorlar hamda xorijiy va xalqaro tashkilotlarni, shu jumladan ularning grant mablagʻlarini jalb qilish choralarini koʻrsin. Bunda:

ekohududlarda yoʻl-transport, kommunal va turizm infratuzilmalarini qurish xarajatlarini xorijiy investorlar mablagʻlari hisobidan qoplash boʻyicha muzokaralar oʻtkazilishini taʼminlasin;

salohiyatli xorijiy investorlarga loyiha takliflari (obyektlari) toʻgʻrisida “Road-show” taqdimotlar oʻtkazsin;

har chorakda xorijiy investorlar bilan oʻtkazilgan muzokaralar yakuni boʻyicha tashabbuskorlar, amalga oshirish muddatlari va moliyalashtirish manbalarini aniq belgilagan holda turizm infratuzilmasini tezkor rivojlantirishga qaratilgan investitsiya loyihalari roʻyxatini shakllantirib borsin.

7. Ekohududlarda tashkil etiladigan turistik klasterlarda faoliyat koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlariga yer uchastkasini ijaraga berishda quyidagilar nazarda tutilsin:

ekohududlarni rivojlantirish dasturida belgilangan vazifalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish;

ekohududning ekologik holati va turizmni rivojlantirishning barqarorligini taʼminlash;

ekohududda noyob tabiiy obyektlar va majmualarni, oʻsimliklar va hayvonlarning genetik fondini saqlash boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;

ekologik talablar asosida turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish va xizmatlar sifatini jahon standartlari darajasiga yetkazish;

energiyaning muqobil va qayta tiklanuvchi manbalaridan foydalangan holda yangi zamonaviy energiya tejovchi tizimlar va texnologiyalarni joriy qilish asosida oʻziga xos ekologik tizimni yaratish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish;

ekohududga mahalliy va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish;

yangi ish oʻrinlarini yaratish orqali aholi daromadlarini oshirish;

innovatsion va zamonaviy turizm infratuzilmasini yaratish;

turizm xizmatlarini koʻrsatuvchilar va isteʼmolchilar oʻrtasida avtomatlashtirilgan maxsus elektron dastur yordamida axborot almashinuvini tizimli yoʻlga qoʻyish orqali tashrif buyuruvchilar oqimini koʻpaytirish;

ekohududdagi turistik soʻqmoqlar va yoʻl koʻrsatkichlarining belgilangan talablarga muvofiqligini taʼminlab borish;

yangi turizm xizmatlarini (shu jumladan, Planting Tour, Plogging Tour va boshqalar) va ekoaksiyalarni tashkil qilib borish;

ekohududning ishlab chiqilgan brendi asosida targʻibot dasturlarini amalga oshirish;

ekohududning rekreatsion salohiyatini oshirish;

turistik klasterlarning tashrif markazlarida turistlar hisobini yuritib borishni taʼminlash.

8. Belgilansinki:

a) davlat qoʻriqxonalari bufer zonalari, milliy tabiat bogʻlari, pitomniklar yer uchastkalarini va davlat mulki obyektlarini ijaraga berishdan tushgan mablagʻlar quyidagicha taqsimlanadi:

50 foizi — davlat qoʻriqxonalari bufer zonalari, milliy tabiat bogʻlari, pitomniklar yerlaridan doimiy foydalanuvchilarga;

10 foizi — Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markaziga;

40 foizi — Ekologiya jamgʻarmasiga;

b) davlat qoʻriqxonalari bufer zonalari, milliy tabiat bogʻlari, pitomniklar, oʻrmon va oʻrmon-ov xoʻjaliklari hududiga kirish uchun toʻlovlardan tushgan mablagʻlar quyidagicha taqsimlanadi:

30 foizi — Ekologiya jamgʻarmasiga;

30 foizi — mahalliy budjetga;

40 foizi — davlat qoʻriqxonalari bufer zonalari, milliy tabiat bogʻlari, pitomniklar, oʻrmon va oʻrmon-ov xoʻjaliklari yerlaridan doimiy foydalanuvchilarga;

v) 2028-yil 1-yanvargacha turistik klasterlarda yoʻriqchi-yoʻl boshlovchilar tayyorlash va ularning malakasini oshirish xarajatlari Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi;

g) davlat buyurtmachilariga xarid jarayoni ochiqligini taʼminlagan holda oʻz xodimlari uchun sayohatlarni ekohududlarga tashkil qilish maqsadida turoperatorlar oʻrtasida eng yaxshi takliflarni tanlash natijalariga koʻra turistik mahsulotlarni xarid qilishga ruxsat beriladi.

9. Ekologiya vazirligi:

a) “Oʻzbekistonda barqaror oʻrmon landshaftlarini tiklash” loyihasi doirasida davlat qoʻriqxonalari bufer zonalari, milliy tabiat bogʻlari, pitomniklar (qoʻriqxonaga aylantirilgan zonalar bundan mustasno), oʻrmon va oʻrmon-ov xoʻjaliklari, togʻli va choʻl hududlari hamda suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalaridagi turistik klasterlarda tashrif markazlarini barpo qilish va tadbirkorlik subyektlarini jalb qilgan holda ushbu hududlarda turistik soʻqmoqlarni qurish loyihalarini amalga oshirsin;

b) 2024-yil 1-sentabrga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi “Tabiatga sayohat” elektron platformasi va uning mobil ilovasini ishga tushirsin:

ekohududlardagi turistik klasterlar elektron xaritasi;

turistik klasterlarning tashrif markazlarida taqdim etiladigan xizmatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

ushbu hududlarga sayohatni rejalashtirish va joylashtirish vositalarini oldindan band qilish;

mavjud togʻ va gʻorlar, turistik soʻqmoqlar hamda ularning imkoniyatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.

Bunda, eng yaxshi taklifni bildirgan tadbirkorlik subyektlari ularni tanlash asosida Ekologiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan jalb qilinishi mumkin.

10. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziriga:

ekohududlarda turizm salohiyati yuqori boʻlgan turistik soʻqmoqlarni aniqlash, ular boʻylab yaratiladigan infratuzilmaning (yoʻl koʻrsatkichlari, kemping, dam olish joylari va boshqa) joylashuvini belgilash, shuningdek, ularning elektron xaritasini ishlab chiqish uchun maʼlumotlar shakllantirishga mutaxassis va mahalliy aholini jalb qilish;

ushbu qarorga 5-ilovada belgilangan tuman va shaharlarda avtokemping lagerlari tashkil qilinadigan hududlarni belgilash vakolati berilsin.

11. Belgilansinki, turizm infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida 2027-yil 1-yanvarga qadar:

choʻl hududlarida rekreatsion turistik xizmatlarni koʻrsatuvchi kurort zonalarini (toifali mehmonxonalar, SPA-mehmonxonalar, sanatoriy va pansionatlar) tashkil qilgan tadbirkorlik subyektlari uch yil davomida foyda soligʻini va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini ushbu soliqlar boʻyicha belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foizga kamaytirilgan soliq stavkalari boʻyicha toʻlaydi;

choʻl hududlarida tematik xiyobonlarni tashkil qilgan yuridik shaxslar tematik xiyobonlar foydalanishga topshirilgan kundan eʼtiboran uch yil davomida yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni va yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻini ushbu soliqlar boʻyicha belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foizga kamaytirilgan soliq stavkalari boʻyicha toʻlaydi.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-iyuldagi “Turizm yoʻnalishidagi islohotlarni yanada jadallashtirish va sohada davlat boshqaruvi tizimini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-238-son qarorining 5-bandi “yer soligʻi” soʻzlaridan keyin “hamda foyda soligʻi” soʻzlari bilan toʻldirilsin.

13. Ekologiya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni nazarda tutuvchi tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.A. Abduxakimov hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 12-yanvar,

PQ-21-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi PQ-21-son qaroriga 1-ILOVA

“Tabiatga sayohat” ekoturizmni rivojlantirish

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-iyuldagi PF-106-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.08.2024-y., 06/24/106/0571-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi PQ-21-son qaroriga 2-ILOVA

Davlat qoʻriqxonalari bufer zonalari, milliy tabiat bogʻlari, pitomniklar (qoʻriqxonaga aylantirilgan zonalar bundan mustasno), oʻrmon va oʻrmon-ov xoʻjaliklari, togʻli va choʻl hududlari hamda suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarida tashkil qilinishi mumkin boʻlgan faoliyat (xizmat) turlari

Izoh: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi davlat qoʻriqxonalari bufer zonalari, milliy tabiat bogʻlari, pitomniklar (qoʻriqxonaga aylantirilgan zonalar bundan mustasno), oʻrmon va oʻrmon-ov xoʻjaliklari, togʻli va choʻl hududlari hamda suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalarida tashkil qilinishi mumkin boʻlgan faoliyat (xizmat) turlari roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqiga ega.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi PQ-21-son qaroriga 3-ILOVA

Davlat qoʻriqxonalari, pitomniklar, milliy tabiat bogʻlari va oʻrmon xoʻjaliklarida ekoturizm xizmatlari yoʻlga qoʻyiladigan hududlarning

Izoh: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi davlat qoʻriqxonalari, pitomniklar, milliy tabiat bogʻlari va oʻrmon hoʻjaliklarida ekoturizm xizmatlari yoʻlga qoʻyiladigan hududlarning roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqiga ega.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi PQ-21-son qaroriga 4-ILOVA

Plyaj va suvda dam olish turizm xizmatlari tashkil etiladigan respublikadagi yirik suv havzalari

Izoh: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi plyaj va suvda dam olish turizm xizmatlari tashkil etiladigan respublikadagi yirik suv havzalari roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqiga ega.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi PQ-21-son qaroriga 5-ILOVA

Zamonaviy talablar asosida dor yoʻllari qurilishi rejalashtirilgan tuman va shaharlar

Izoh: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zamonaviy talablar asosida dor yoʻllari qurilishi rejalashtirilgan tuman va shaharlar roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqiga ega.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi PQ-21-son qaroriga 6-ILOVA

Ekologik turizm yoʻnalishida faoliyati yoʻlga qoʻyiladigan istiqbolli turistik klaster loyihalarining

Izoh:

* Osma-dor yoʻllarini tashkil etayotgan tadbirkorlik subyektlariga yer uchastkalari istisno tariqasida 30 yilgacha ijaraga berilishi mumkin.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan ekologik turizm yoʻnalishida faoliyati yoʻlga qoʻyiladigan istiqbolli turistik klasterlar loyihalarini amalga oshirish uchun dasturlar tasdiqlanadi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.