PQ-19-son Qaror · 12.01.2024

Xorijiy davlatlarda Oʻzbekiston tarixi va madaniyati, oʻzbek tili va adabiyotini oʻrganishni keng targʻib qilish orqali turistlar oqimini koʻpaytirish hamda mamlakatimiz nufuzini yanada oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-19
  • Qabul qilingan sana:12.01.2024
  • Kuchga kirgan sana:18.01.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/24/19/0042

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda oʻzbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6084-son Farmoniga muvofiq hamda xorijiy davlatlardagi taʼlim va ilmiy tashkilotlarda talaba yoshlar, olimlar va tadqiqotchilarga Oʻzbekistonning boy tarixi va madaniyati, oʻzbek tili va adabiyotini oʻrgatish tizimini tashkil etish uchun zarur shart-sharoit yaratish orqali turistlar oqimini koʻpaytirish, mamlakatimiz nufuzini yanada oshirish hamda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va yutuqlarni xorijiy davlatlarda keng targʻib qilish maqsadida:

1. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Fanlar akademiyasining:

xorijiy davlatlarda Oʻzbekiston tarixi va madaniyati, oʻzbek tili va adabiyotini zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda oʻrgatishni nazarda tutuvchi “Oʻzbek akademiyasi” (“Uzacademy”) internet platformasini (keyingi oʻrinlarda — Platforma) tashkil etish;

yurtimizning boy ilmiy, tarixiy, madaniy va maʼnaviy merosini oʻrganishga qiziqish yuqori boʻlgan xorijiy taʼlim va ilmiy tashkilotlarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining markazlari (keyingi oʻrinlarda — markazlar) hamda “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining “Oʻzbekshunoslik” (“Uzbek Studies”) kafedralari (keyingi oʻrinlarda — kafedralar) faoliyatini yoʻlga qoʻyish;

2024-yil yakuniga qadar xorijdagi oʻzbek milliy madaniy markazlari va Oʻzbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari huzurida oʻzbek tili kurslarini tashkil etish hamda ularda mashgʻulotlar muntazam olib borilishini taʼminlash toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

2. Quyidagilar:

Xorijiy davlatlarda Oʻzbekiston tarixi va madaniyati, oʻzbek tili va adabiyotini oʻrganishni keng targʻib etish ishlarini tashkil qilish va muvofiqlashtirish boʻyicha idoralararo ishchi guruh (keyingi oʻrinlarda — Idoralararo ishchi guruh) tarkibi 1-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston tarixi va madaniyati, oʻzbek tili va adabiyotini oʻrganishni xorijiy davlatlarda keng targʻib qilish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Quyidagilar Idoralararo ishchi guruhning asosiy vazifalari etib belgilansin:

Platforma, markazlar va kafedralar faoliyatini tashkil qilish hamda rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan tizimli nazoratni amalga oshirish;

Platforma, markazlar va kafedralar faoliyatini tashkil qilish bilan bogʻliq masalalarni tezkor koʻrib chiqish va hal qilish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish;

xorijiy davlatlarda Oʻzbekiston tarixi va madaniyati, oʻzbek tili va adabiyotini oʻrganishni keng targʻib qilishga qaratilgan qoʻshma tadbirlarni oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlarni tasdiqlash va ularning bajarilishini taʼminlash;

Platforma, markazlar va kafedralar faoliyatini tashkil qilish va rivojlantirish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar smetasini hamda ular faoliyatini moliyalashtirish manbalarini tasdiqlash va taqsimlash;

xorijiy davlatlardagi taʼlim va ilmiy tashkilotlar bilan muzokaralar olib borish va ularda markazlar va kafedralar faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.

4. Belgilansinki:

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Platformani ishlab chiqish boʻyicha buyurtmachi hisoblanadi, uning uzluksiz ishlashini taʼminlaydi va takomillashtirib boradi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda doimiy ravishda texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlaydi;

Platformani ishlab chiqish bilan bogʻliq barcha xarajatlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;

Platformaning eng ilgʻor taʼlim internet platformalari bilan integratsiya qilinishi taʼminlanadi;

“Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Platforma orqali taʼlim berishni tashkil qilib boradi;

Turizm qoʻmitasi Platformaga zarur maʼlumotlar joylashtirilishi va yangilab borilishini muvofiqlashtiradi;

Platformada taʼlim oluvchilarga Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti, “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti professor-oʻqituvchilari hamda Fanlar akademiyasining Tarix instituti, Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti ilmiy xodimlari tomonidan masofaviy (onlayn) dars berish imkoniyati yaratiladi;

taʼlim oluvchilar uchun Platforma orqali masofaviy (onlayn) imtihon topshirish imkoniyati yaratiladi.

5. Quyidagilar Platforma, markazlar va kafedralar faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;

(5-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.05.2026-y., 07/26/161/0437-son)

xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar;

xalqaro moliya institutlarining grantlari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

6. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi va Turizm qoʻmitasi bilan birgalikda davlat organlari va tashkilotlariga Platformaga oʻz shaxsiy kabineti orqali tegishli maʼlumot va materiallarni kiritib borish imkoniyatini yaratsin.

7. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Fanlar akademiyasi, Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-martga qadar birinchi navbatda AQSH, Rossiya, Qozogʻiston, Fransiya, Turkiya, Misr, Koreya, Hindiston va Xitoyning manfaatdor vazirlik va idoralari bilan kelishgan holda ushbu davlatlardagi taʼlim va ilmiy tashkilotlarda markazlar va kafedralar faoliyatini yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrsin.

8. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi Platforma, markazlar va kafedralarni Oʻzbekiston tarixi va madaniyati, oʻzbek tili va adabiyoti, shuningdek, madaniy meros boʻyicha elektron, bosma kitob va adabiyotlar bilan boyitib borsin.

(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.05.2026-y., 07/26/161/0437-son)

9. Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi Oʻzbekiston kino sanʼatining shakllanish tarixi va rivojlanish jarayonlari haqida materiallar hamda atoqli kinoijodkorlar tomonidan yaratilgan eng sara filmlarni (ingliz va rus tillaridagi subtitrlari bilan) Platformaga joylashtirib borsin.

10. Madaniyat vazirligi milliy musiqa va raqs sanʼatini namoyish qiluvchi audio va video darsliklarni Platformaga joylashtirib borsin.

11. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Turizm qoʻmitasi Fanlar akademiyasi, Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda xorijiy davlatlar fuqarolari uchun Oʻzbekiston tarixi, madaniyati va sanʼati, oʻzbek tili va adabiyotiga oid oʻquv qoʻllanma va darsliklar, adabiyotlarni elektron shaklda ishlab chiqib, Platformaga joylashtirib borsin.

12. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq, Platforma, markazlar va kafedralar faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida 2024-yil 1-maydan boshlab Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining markazlari hamda “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetining “Oʻzbekshunoslik” (“Uzbek Studies”) kafedralarini Oʻzbekiston tarixi va madaniyati, oʻzbek tili va adabiyotiga oid oʻquv qoʻllanma va darsliklar, audio va videomateriallar bilan quyidagi miqdorlarda taʼminlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi:

200 ta — oʻzbek tilini oʻrganish uchun;

100 ta — oʻzbek adabiyotini oʻrganish uchun;

100 ta — Oʻzbekiston madaniyatini oʻrganish uchun;

100 ta — Oʻzbekiston tarixini oʻrganish uchun;

20 ta — madaniy meros va turizmni oʻrganish uchun.

13. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi oʻquv qoʻllanma va darsliklar, audio va videomateriallarning tayyorlanishini taʼminlasin.

14. Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari va konsullik muassasalari bilan birgalikda markazlar va kafedralar tashkil etilgan taʼlim va ilmiy tashkilotlarga oʻquv qoʻllanma va darsliklar, audio va videomateriallarning yetkazilishini taʼminlasin.

15. Turizm qoʻmitasi ushbu qarorning ijrosini taʼminlash doirasida mamlakatimizning turizm salohiyatini keng targʻib qilib borsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri A.A. Abduxakimov hamda oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari K.K. Karimov belgilansin.

Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 12-yanvar,

PQ-19-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi PQ-19-son qaroriga 1-ILOVA

Xorijiy davlatlarda Oʻzbekiston tarixi va madaniyati, oʻzbek tili va adabiyotini oʻrganishni keng targʻib etish ishlarini tashkil qilish va muvofiqlashtirish boʻyicha idoralararo ishchi guruh

Izoh: Idoralararo ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoxud zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 30-apreldagi PQ-161-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.05.2026-y., 07/26/161/0437-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-yanvardagi PQ-19-son qaroriga 2-ILOVA

Oʻzbekiston tarixi va madaniyati, oʻzbek tili va adabiyotini oʻrganishni xorijiy davlatlarda keng targʻib qilish boʻyicha chora-tadbirlar

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi PF-87-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.05.2025-y., 06/25/87/0451-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.