PQ-265-son Qaror · 18.07.2024

Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-265
  • Qabul qilingan sana:18.07.2024
  • Kuchga kirgan sana:19.07.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:ҚММБ 07/24/265/0530

Oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlash tizimining uygʻunligini taʼminlash, oliy taʼlim muassasalarining mavjud resurslaridan samarali foydalanish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash orqali Surxondaryo viloyati iqtisodiyot tarmoqlarining, jumladan ishlab chiqarish, muhandislik, qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar sohalari boʻyicha zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega oliy maʼlumotli mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojni qondirish maqsadida:

1. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining Termiz muhandislik-texnologiya instituti hamda Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutini qoʻshib yuborish orqali ularning negizida Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetini (keyingi oʻrinlarda — Universitet) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

Belgilansinki, Universitet davlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimida faoliyat yuritadi.

2. Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari etib belgilansin:

muhandislik, qishloq xoʻjaligi, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarida hamda hududning oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan ehtiyojiga muvofiq oliy maʼlumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash;

taʼlim jarayoniga ilgʻor pedagogik texnologiyalarni, ilm-fan va texnikaning soʻnggi yutuqlarini hamda yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari tajribasi asosida ishlab chiqilgan taʼlim dasturlarini joriy etish;

ixtisoslik sohalari boʻyicha taʼlim, ilm-fan, ishlab chiqarish oʻrtasida integratsiyani kuchaytirish hamda taʼlim dasturlarining ishlab chiqarish jarayonlari bilan uzviy bogʻliqligini taʼminlash,

soha tashkilotlarida talabalarning malakaviy amaliyotini va professor-oʻqituvchilarning stajirovkasini tashkil etish, shuningdek, mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

amaliy va fundamental ilmiy-tadqiqot ishlari hamda innovatsion loyihalarni amalga oshirish hamda tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish;

talabalarda yuksak maʼnaviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, Vatanga muhabbat, uning taqdiriga daxldorlik, kasbga sadoqat hissini mustahkamlash, taʼlim-tarbiya jarayoni hamda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish.

3. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:

a) 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab Universitetda Ilgʻor muhandislik maktabi faoliyatini tashkil etsin.

Bunda:

Ilgʻor muhandislik maktabi yuridik shaxs maqomisiz tashkil etiladi hamda unda taʼlim olish uchun akademik koʻrsatkichlari yuqori boʻlgan talabalar tanlov asosida saralanadi va amaliyotga yoʻnaltirilgan maxsus taʼlim dasturlari asosida oʻqitiladi;

Ilgʻor muhandislik maktabi yoʻnalishiga mos sanoat hamkorlari belgilanib, ularning texnik va texnologik taraqqiyotini taʼminlash uchun zamonaviy laboratoriyalar tashkil etiladi;

Ilgʻor muhandislik maktabida sanoat hamkorlari tomonidan taqdim etilgan muammolar portfeli asosida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini olib borish yoʻlga qoʻyiladi;

Ilgʻor muhandislik maktabida amalga oshiriladigan amaliy va innovatsion loyihalarni sanoat hamkorlari va Innovatsion rivojlanish agentligi mablagʻlari hisobidan birgalikda moliyalashtirish tizimi joriy etiladi;

Ilgʻor muhandislik maktabi faoliyati Universitetning budjetdan tashqari mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

b) Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Surxondaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda:

yirik ishlab chiqarish korxonalarini Universitetning Ilgʻor muhandislik maktabiga sanoat hamkori sifatida biriktirish hamda samarali faoliyatni tizimli davom ettirish;

yetakchi xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarida faoliyat yurituvchi chet ellik va (yoki) xorijda yashovchi vatandosh mutaxassislarni shartnoma asosida Ilgʻor muhandislik maktabi faoliyatiga jalb etish choralarini koʻrsin.

4. Quyidagilar:

2024 — 2027-yillarda Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti faoliyatini tashkil etish hamda uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;

Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti hamda Termiz davlat pedagogika institutiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul beriladigan obyektlar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlasin.

5. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:

a) 2024/2025 oʻquv yiliga qadar:

Universitet boshqaruv kadrlari lavozimlariga yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarida ish tajribasiga ega boʻlgan mutaxassislarning jalb etilishini;

Universitetning tanlov asosida ishlab chiqarish tashkilotlari, oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida katta ilmiy va (yoki) amaliy tajriba orttirgan mutaxassislar, ustuvor ravishda, ilmiy darajaga ega boʻlgan yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirilishini;

Universitet talabalarining fanlarni oʻzlashtirish koʻrsatkichini va professor-oʻqituvchilarning ish samarasini xalqaro standartlar asosida baholash tizimining joriy etilishini;

Universitetda Taʼlim xizmatlari markazi tashkil etilishini hamda talabalarga oʻqish davomida vujudga keladigan tashkiliy va huquqiy masalalar yuzasidan barcha zarur xizmatlarning “yagona darcha” tamoyili asosida koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyilishini taʼminlasin;

b) Universitet huzurida texnika va qishloq xoʻjaligi ixtisosliklari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini beruvchi ixtisoslashgan ilmiy kengashlar faoliyatini belgilangan tartibda tashkil etish chorasini koʻrsin;

v) 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab:

Universitet professor-oʻqituvchilari va doktorantlarini xorijiy davlatlarning yetakchi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlariga ilmiy stajirovka va malaka oshirishga yuborish;

Universitetning bakalavriat va magistratura bosqichlariga oʻqishga qabul qilingan iqtidorli talabalar uchun xorijiy tillarda oʻqitiladigan alohida guruhlar tashkil etish choralarini koʻrsin.

6. Universitetga quyidagi huquqlar berilsin:

xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlarning amaldagi reytingida oliy taʼlim muassasalari orasida birinchi 300 talik roʻyxatga kirgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotining dasturi asosida oʻz taʼlim dasturlarini shakllantirish;

Universitet faoliyati yoʻnalishlari boʻyicha shartnoma asosida maslahat va ekspert-tahliliy xizmatlar koʻrsatish hamda ilmiy-tadqiqot va innovatsion xizmat koʻrsatuvchi korxonalarni tashkil etish;

taʼlim va ilmiy-tadqiqot jarayoniga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish hamda ularga mehnat bozorining amaldagi konyunkturasini hisobga olgan holda, Universitetning budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan oylik maosh hamda boshqa toʻlovlarni belgilash va toʻlash;

professor-oʻqituvchilarni oʻquv-metodik, ilmiy-tadqiqot ishlari va “ustoz-shogird” tizimi boʻyicha bajargan ishlarining natijasi hamda talabalarning erishgan yutuqlari boʻyicha ragʻbatlantirib borish.

7. Belgilab qoʻyilsinki:

a) Termiz muhandislik-texnologiya instituti hamda Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutida tahsil olayotgan barcha talabalar oʻqishini Universitetda davom ettiradi hamda 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda Universitet diplomi beriladi;

b) Universitet Termiz muhandislik-texnologiya instituti hamda Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish institutining huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

v) Universitet faoliyatini moliyalashtirish:

Davlat budjeti mablagʻlari, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar, xoʻjalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar, homiylik xayriyalari va grantlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

2024-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligiga ajratilgan mablagʻlar doirasida tasdiqlangan budjet parametrlariga tegishli oʻzgartirish kiritgan holda amalga oshiriladi, 2025-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.

8. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov hamda Surxondaryo viloyati hokimi U.B. Qosimov belgilansin.

Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 18-iyul,

PQ-265-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-iyuldagi PQ-265-son qaroriga 1-ILOVA

2024 — 2027-yillarda Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti faoliyatini tashkil etish hamda uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-iyuldagi PQ-265-son qaroriga 2-ILOVA

Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti hamda Termiz davlat pedagogika institutiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul beriladigan obyektlar

T/r Obyektning nomi Manzili Egallagan maydoni, (m-2) Kadastr raqami Balansda saqlovchi I. Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetiga oʻtkaziladigan bino va inshootlar 1. 1-sonli oʻquv binosi Termiz shahri, “Guliston” MFY, I. Karimov koʻchasi, 288 a-uy 45 868 19:15:01:03:10:0625 Termiz muhandislik-texnologiya instituti 2. 2-sonli oʻquv binosi Termiz shahri, “Guliston” MFY, I. Karimov koʻchasi, 284-uy 28 364 19:15:01:03:10:1128 Termiz muhandislik-texnologiya instituti 3. Tajriba sinov uchastkasi Termiz tumani, “Yangiobod” MFY 101 140 19:11:000239522 Termiz muhandislik-texnologiya instituti 4. Oʻquv poligoni (Ustaxona binosi 4 000 m-2 yer maydoni bilan birga tuman tibbiyot birlashmasiga oʻtkazilgan) Qumqoʻrgʻon tumani, “Nurli diyor” MFY 26 962 19:07:02:01:03:0859 Termiz muhandislik-texnologiya instituti 5. Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti huzuridagi “Axborot-maslahat markazi (Extension center)” DUK Termiz tumani, “Yangiobod” MFY 192 472 74 396 83 822 19:11:000002458 19:11:000239529 19:11:000002459 Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti 6. Maʼmuriy oʻquv binosi va talabalar turar joyi Termiz shahri, “Guliston” MFY, I. Karimov koʻchasi, 288 b-uy 31 533 19:15:41:02:01:0107 Termiz davlat pedagogika instituti II. Termiz davlat pedagogika institutiga oʻtkaziladigan bino va inshootlar 7. Institut hududi, 1 va 2-sonli oʻquv binolari, 1 va 2-sonli talabalar turar joylari binolari Termiz tumani, “Yangiobod” MFY, At-Termiziy koʻchasi, 1 a-uy 42 000 19:11:01:01:06:0298 Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti 8. Talabalar turar joyi barpo etish uchun ajratilgan yer maydoni Termiz tumani, “Yangiobod” MFY 3 000 Surxondaryo viloyati hokimining 21.11.2023-yildagi 587-8-0-Q/23-son qarori Termiz agrotexnologiyalar va innovatsion rivojlanish instituti

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.