Bundan oʻttiz uch yil oldin oʻta ogʻir va murakkab tarixiy vaziyatda qoʻlga kiritilgan milliy istiqlolimiz bugungi kunda koʻp millatli butun xalqimizni Yangi Oʻzbekistonni barpo etishdek buyuk maqsad yoʻlida birlashtirib, yangi yutuq va marralar sari ilhomlantirmoqda.
Aynan mustaqillik tufayli mamlakatimiz suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatga, xalqaro huquqning toʻlaqonli subyektiga aylandi. Dunyo bizni yangitdan tanidi va tan oldi. Yer yuzidagi turli davlatlar va xalqlar bilan doʻstlik hamda hamkorlik aloqalarimiz tobora kengayib, yurtimizning xalqaro maydondagi mavqeyi va nufuzi ortib bormoqda.
Ayniqsa, keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli demokratik islohotlar jarayonida mustaqil davlat boʻlib, dunyoga ochilib yashash, erkin va ozod xalqlar oilasida munosib oʻrin egallab, zamonaviy taraqqiyotga erishish naqadar ulugʻ baxt va sharaf, shu bilan birga, ulkan masʼuliyat ekanini yanada chuqur his etmoqdamiz.
Xalqimizning milliy manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan ichki va tashqi siyosat borasidagi tub oʻzgarishlar, erishilayotgan amaliy natijalar xalqaro hamjamiyat tomonidan eʼtirof etilmoqda va qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Barchamiz inson qadri oliy mezon boʻlgan yangi hayot, yangi jamiyat qurish yoʻlida qoʻlga kiritgan zafarlarimizni mustaqil taraqqiyot gʻoyasiga hamisha sodiq, mard va matonatli xalqimizning fidokorona mehnati, aql-zakovati va bunyodkorlik salohiyati mahsuli deb bilamiz va ana shunday olijanob elning farzandlari ekanimizdan cheksiz faxrlanamiz.
Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz uch yillik shonli sanasini chinakam umumxalq bayrami, ozodlik va saodat ayyomi sifatida koʻtarinki kayfiyatda kutib olish hamda mamlakatimizning bugungi taraqqiyot darajasi, yuksalish surʼatlariga munosib tarzda nishonlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz uch yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha respublika komissiyasining (keyingi oʻrinlarda — Respublika komissiyasi) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Respublika komissiyasi (A. Aripov):
bir hafta muddatda “Bir boʻlsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar hamda targʻibot-tashviqot ishlari dasturini tasdiqlasin. Mazkur dastur “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi, shuningdek, “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili” boʻyicha qabul qilingan davlat dasturi bilan uygʻun holda tayyorlansin;
Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz uch yillik bayrami (keyingi oʻrinlarda — Mustaqillik bayrami) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, shuningdek, barcha shahar hamda tumanlar, qishloq va ovullarda munosib nishonlanishini taʼminlasin;
hududlarda keng aholi qatlamlari oʻrtasida Mustaqillik bayramiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy anjumanlar, uch avlod uchrashuvlarini, ochiq muloqot va suhbatlar, adabiy-badiiy kechalar, milliy kino kunlari, sayillar, madaniyat va sport tadbirlari, gastronomik festivallarni samarali oʻtkazish maqsadida atoqli ilm-fan namoyandalari, madaniyat va sanʼat arboblari, taniqli sportchilar, keng jamoatchilik vakillaridan iborat targʻibot guruhlarini tashkil etsin hamda ularning aniq reja asosida faoliyat yuritishini taʼminlasin;
Mustaqillik bayramiga bagʻishlangan barcha tadbirlarning yuqori saviyada tashkil etilishi yuzasidan har bir hudud, vazirlik va idora rahbarlarining hisobotlarini oʻz yigʻilishlarida muntazam ravishda eshitib borsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida oʻtkaziladigan asosiy bayram tadbirlarining dasturlarini tayyorlashga yuqori professional mahorat hamda tajribaga ega boʻlgan ssenariychi va rejissorlar, shoir va adiblar, bastakor hamda baletmeysterlar, sahna rassomlari, isteʼdodli yosh ijrochilar, maqom va baxshichilik sanʼati vakillaridan iborat ijodiy guruhlar keng jalb etilsin.
4. Joylarda Mustaqillik bayramini yuqori saviyada nishonlash maqsadida quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratilsin:
yurtimizda inson qadri, uning huquq va manfaatlari yetakchi oʻrinda turadigan ijtimoiy davlat va xalqparvar jamiyat qurish yoʻlida amalga oshirilayotgan tarixiy ishlar, mehnatkash va bagʻrikeng xalqimizning bunyodkorlik salohiyati bilan erishilayotgan ulkan natijalarning mazmun-mohiyati haqida mahallalar, taʼlim muassasalari, mehnat jamoalarida maʼrifiy uchrashuv va suhbatlar oʻtkazish;
keyingi yillarda mamlakatimizda investitsiya va biznes muhitini tubdan yaxshilash, tadbirkorlar uchun imkoniyatlarni har tomonlama kengaytirish, “yashil” va raqamli iqtisodiyotga oʻtish boʻyicha hayotga tatbiq etilayotgan yirik dastur va loyihalar hamda bu borada qoʻlga kiritilayotgan yutuqlarni aniq hayotiy misollar orqali keng yoritish;
sud-huquq tizimini isloh etish, shahar va qishloqlarimizni obod qilish, mahalla tizimini xalqimizga yanada yaqinlashtirish yoʻlidagi doimiy saʼy-harakatlar va ularning samarasi haqidagi targʻibot ishlarini yanada kuchaytirish;
yurtimizda doʻstlik va hamjihatlik muhiti tobora mustahkamlanib, mintaqamizdagi yaxshi qoʻshnichilik, tinchliksevar tashqi siyosat tufayli Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatidagi obroʻ-eʼtibori yuksalayotgani, ishonchli hamkorlarimiz safi kengayib borayotganini chuqur tahlillar asosida koʻrsatib berish;
navqiron avlodga Yangi Oʻzbekistonning kelajagi sifatida alohida eʼtibor qaratilayotgani, yoshlar bilan ishlash boʻyicha noyob vertikal boshqaruv tizimining yaratilishi natijasida ularni zamonaviy kasb-hunarlarga oʻqitish, bandligini taʼminlash, boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yurtimizda shakllangan samarali va taʼsirchan tizim mohiyatini ochib berish;
sogʻliqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va sanʼat, sport sohalarini rivojlantirish, nuroniylar va xotin-qizlarga doimiy gʻamxoʻrlik koʻrsatish, oila, onalik va bolalikni himoya qilish, gender tenglik boʻyicha amalga oshirilayotgan ijtimoiy dasturlar mazmuniga alohida eʼtibor qaratish;
davlatimiz mustaqilligi, uning xavfsizligi va hududiy yaxlitligining ishonchli kafolati boʻlgan Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarining harbiy va jangovar qudratini oshirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlarni keng targʻib etish;
Mustaqillik bayrami munosabati bilan keksa avlod vakillarini, xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama eʼzozlash, “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan shaxslar, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan hamda koʻmakka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ularga moddiy va maʼnaviy yordam berish bilan bogʻliq xayriya tadbirlarini oʻtkazish;
Vatanimizning milliy istiqloli, xalqimiz ozodligi uchun kurashib, shu yoʻlda jon fido etgan, mustabid tuzum davrida siyosiy qatagʻon qurboni boʻlgan ota-bobolarimizning xotirasini yod etish boʻyicha belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish.
5. Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov):
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda bir hafta muddatda Toshkent shahrida Mustaqillik bayramiga bagʻishlab oʻtkaziladigan teatrlashtirilgan konsert tomoshasining dasturi va ssenariysini ishlab chiqsin hamda uni yuksak gʻoyaviy-badiiy saviyada tayyorlash choralarini koʻrsin;
Badiiy akademiya, Yozuvchilar uyushmasi, Jurnalistlar uyushmasi bilan birgalikda “Ona diyor — ranglar jilosida”, “Vatan uchun yashaylik!”, “Eng ulugʻ, eng aziz” kabi anʼanaviy koʻrik-tanlovlarni yuqori darajada oʻtkazishni taʼminlasin;
Kompozitorlar va bastakorlar uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda yurtimiz istiqlolini tarannum etuvchi eng yaxshi qoʻshiq va musiqa asarlari tanlovlarining yakuniy bosqichini oʻtkazsin;
mazkur tanlovlarning gʻolib va sovrindorlarini Mustaqillik bayrami arafasida eʼlon qilish va ularni tantanali ravishda taqdirlash choralarini koʻrsin.
6. Belgilab qoʻyilsinki, oʻtkaziladigan bayram tadbirlari:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda — tegishli mahalliy budjetlarning qoʻshimcha manbalari hamda jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari hisobidan;
Toshkent shahrida — Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti va Toshkent shahar mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda moliyalashtiriladi.
7. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Mustaqillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni keng yoritib borish tavsiya etilsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.Q. Abdurahmonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 18-iyul,
PQ-264-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-iyuldagi PQ-264-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz uch yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha respublika komissiyasining
1. A. Aripov — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Respublika komissiyasi raisi 2. X. Sultonov — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi 3. O. Abdurahmonov — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari 4. Z. Mahkamova — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari 5. O. Nazarbekov — madaniyat vaziri, Respublika komissiyasi raisining oʻrinbosari 6. Sh. Umurzakov — Toshkent shahar hokimi, Respublika komissiyasi raisining oʻrinbosari 7. B. Saidov — tashqi ishlar vaziri 8. B. Qurbonov — mudofaa vaziri 9. P. Bobojonov — ichki ishlar vaziri 10. A. Qoʻldoshev — favqulodda vaziyatlar vaziri 11. R. Joʻrayev — Milliy gvardiya qoʻmondoni 12. Q. Sharipov — oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri 13. H. Umarova — maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri 14. B. Musayev — kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri 15. Sh. Shermatov — raqamli texnologiyalar vaziri 16. A. Ikramov — sport vaziri 17. A. Xudoyorov — sogʻliqni saqlash vaziri v.b. 18. I. Norqulov — iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi oʻrinbosari 19. Q. Quronboyev — Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi raisi 20. Q. Rafiqov — Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi raisi 21. S. Turdiyev — Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi respublika boshqaruvi raisi 22. B. Yuldashev — Fanlar akademiyasi prezidenti 23. A. Xodjayev — Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori 24. R. Qurbonov — Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi 25. Sh. Rizayev — Kinematografiya agentligi direktori v.b. 26. A. Saʼdullayev — Yoshlar ishlari agentligi direktori 27. A. Joʻraboyev — Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi 28. A. Koʻchimov — Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori 29. A. Nuridinov — Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi 30. O. Hasanov — Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari 31. S. Saidov — Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi 32. R. Abdullayev — Oʻzbekiston Kompozitorlari va �astakorlari uyushmasi raisi 33. Sh. Qudratxoʻja — Oʻzbekiston Milliy media assotsiatsiyasi raisi 34. X. Salimov — Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. 35. B. Hasanov — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatagʻon qurbonlari muzeyi direktori 36. Lavozimiga koʻra — Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari 37. F. Qosimov — Vazirlar Mahkamasining departamenti mudiri, Respublika komissiyasi kotibi
Izoh. Respublika komissiyasi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.