PQ-274-son Qaror · 19.07.2024

Voleybol sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-274
  • Qabul qilingan sana:19.07.2024
  • Kuchga kirgan sana:23.07.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/24/274/0540

Voleybol sport turlarini yanada ommalashtirish, yoshlar orasidan voleybol sport turlari bilan shugʻullanuvchi sportchilarni saralab olish tizimini yaxshilash, ushbu sport turi boʻyicha zamonaviy sport infratuzilmasini yaratish hamda milliy terma jamoalarimizning nufuzli sport musobaqalarida yuqori natijalarga erishishini taʼminlash maqsadida:

1. Quyidagilar voleybol, sohil voleyboli va para voleybol sport turlarini (keyingi oʻrinlarda — voleybol sport turlari) rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

voleybol sport turlarini aholi oʻrtasida keng targʻib qilish hamda eng ommaviy sport turlaridan biriga aylantirish;

iqtidorli sportchilar, shu jumladan, sportchi-ayollarni aniqlash, seleksiya qilish hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning barcha bosqichlarini raqamlashtirish;

zarur sharoitlarga ega professional va oliy taʼlim tashkilotlarida voleybol sport turlari boʻyicha toʻgaraklarni tashkil etish;

voleybol sport turlari boʻyicha professional trenerlar va hakamlarni tayyorlash tizimini rivojlantirish;

voleybol sport turlari boʻyicha zamonaviy sport majmualarini barpo etish, mavjud moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy sport anjomlari va jihozlari bilan taʼminlash.

2. Quyidagilar:

2024 — 2026-yillarda voleybol sport turlarini rivojlantirish dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) 1-ilovaga muvofiq;

2024 — 2026-yillarda voleybol sport turlarini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston voleybol federatsiyasining 2025-yildan boshlab har yili anʼanaviy tarzda:

oliy taʼlim muassasalari talabalari, professional taʼlim va umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari oʻrtasida “Volleyball stars” Oʻzbekiston kubogini;

vazirlik va idoralar xodimlari oʻrtasida uch bosqichli (tuman (shahar) — viloyat — respublika) voleybol sport turlari boʻyicha “Yangi Oʻzbekiston” respublika musobaqasini;

umumiy oʻrta taʼlim muassasalari yuqori sinf oʻquvchilari oʻrtasida uch bosqichli Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi kubogini;

nogironligi boʻlgan shaxslar oʻrtasida para voleybol sport musobaqalarini oʻtkazib borish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

Oʻzbekiston voleybol federatsiyasi (P. Bobojonov) Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X. Umarova), Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (K. Sharipov) hamda Sport vazirligi (A. Ikramov) bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur bandda koʻrsatilgan sport musobaqalarini oʻtkazish tartibini tasdiqlasin.

4. Sport vazirligi (A. Ikramov), Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (K. Sharipov), Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (X. Umarova), Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov), Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi (O. Qosimov), Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi (M. Tashxodjayev) va Oʻzbekiston voleybol federatsiyasi bilan birgalikda:

uch oy muddatda mazkur qarorning 3-bandida koʻrsatilgan musobaqalarga puxta tayyorgarlik koʻrish, ularni yuqori saviyada tashkil etish va oʻtkazish hamda musobaqa gʻolib va sovrindorlarini munosib ragʻbatlantirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin;

ushbu qarorning 3-bandida koʻrsatilgan sport musobaqalarini 2025-yil 1-yanvardan boshlab budjetdan ajratilgan mablagʻlar doirasida Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasiga kiritish choralarini koʻrsin.

5. Belgilab qoʻyilsinki:

umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oʻquvchilari oʻrtasida voleybol sport turi boʻyicha Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi kubogi musobaqalarining final bosqichida gʻolib boʻlgan taʼlim muassasalariga ularning haqiqiy ehtiyojidan kelib chiqib, zarur sport jihoz va anjomlari yetkazib beriladi;

gʻolib boʻlgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini ularning haqiqiy ehtiyojidan kelib chiqib, zarur sport jihoz va anjomlari bilan taʼminlash Oʻzbekiston voleybol federatsiyasining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;

vazirlik va idoralar xodimlari oʻrtasida har yili oʻtkaziladigan “Yangi Oʻzbekiston” respublika musobaqasining tuman (shahar) va hududiy bosqichlarini tashkil etish hamda oʻtkazish ushbu vazirlik va idoralar tomonidan Oʻzbekiston voleybol federatsiyasi bilan kelishgan holda amalga oshiriladi.

6. Oʻzbekiston voleybol federatsiyasining 2025-yildan boshlab har ikki yilda bir marta federatsiyaga yoʻnaltiriladigan homiylik xayriyalari hisobidan voleybol boʻyicha Markaziy Osiyo voleybol assotsiatsiyasi (CAVA)ga aʼzo davlatlar oʻrtasida “Buyuk Ipak yoʻli” xalqaro turnirini oʻtkazib borish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

7. Sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston voleybol federatsiyasi va Namangan viloyati hokimligining Namangan viloyati Uchqoʻrgʻon tumani olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatini amaldagi moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda Voleybol sport turlariga ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internati (keyingi oʻrinlarda — maktab-internat) sifatida qayta tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

8. Quyidagilar maktab-internatning qoʻshimcha vazifalari etib belgilansin:

voleybol sport turlari boʻyicha ilgʻor xorijiy davlatlar tajribalarini oʻrganish va mamlakatimizda joriy etish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish;

voleybol sport turlari boʻyicha oʻquv dasturlarini yangilash, yoshlarning tayyorgarlik jarayoniga ilgʻor innovatsion texnologiyalarni joriy etish;

voleybol sport turlari boʻyicha milliy terma jamoalar uchun professional sportchilar zaxirasini yaratish hamda bu borada Rossiya, Belarus, Italiya, Polsha, Yaponiya va Turkiya davlatlarining voleybol klublari bilan hamkorlikni rivojlantirish.

9. Belgilansinki:

maktab-internat faoliyati voleybol sport turlari boʻyicha iqtidorli yosh sportchilarni saralab olish va ularni terma jamoalarga asosiy nomzod sifatida tayyorlashga yoʻnaltiriladi;

maktab-internat 2024/2025 oʻquv yilidan faoliyatini boshlaydi hamda oʻz faoliyatini Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-iyundagi “Sport turlari boʻyicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 410-son qarorida belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiradi;

maktab-internatning voleybol sport turlari boʻyicha oʻquvchi-sportchilari soni maktab-internatning umumiy kontingenti doirasida Sport vazirligi tomonidan belgilanadi hamda mavjud sport inshootlari imkoniyatlaridan kelib chiqib qoʻshimcha ravishda chim ustida xokkey, gandbol, erkin kurash kabi sport turlari ham rivojlantiriladi;

2024/2025 oʻquv yiliga qadar maktab-internatda mazkur bandda koʻzda tutilmagan boshqa sport turlari boʻyicha tahsil olayotgan oʻquvchilar ushbu maktab-internatni toʻliq tamomlagunga qadar oʻqishini davom ettiradi.

10. 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab voleybol sport turi boʻyicha yuqori natijalarga erishgan 16 nafardan (8 nafar oʻgʻil, 8 nafar qiz) iqtidorli sportchi-oʻquvchi Sport vazirligining tavsiyasiga asosan Ichki ishlar vazirligi akademik litseylariga tanlovning dastlabki va maxsus-professional bosqichidan muvaffaqiyatli oʻtgandan soʻng test sinovlarisiz umumiy kvota doirasida ichki ishlar vaziri tomonidan belgilangan tartibda oʻqishga qabul qilinsin.

11. 2025-2026-yillarda Ichki ishlar vazirligi (P. Bobojonov) vazirlik tasarrufida boʻlgan Toshkent viloyati, Boʻstonlik tumanidagi “Oqtosh” bolalar sogʻlomlashtirish oromgohi bazasida voleybol sport turlari boʻyicha respublika va xalqaro oʻquv-yigʻin mashgʻulotlarini oʻtkazishga moʻljallangan yopiq turdagi sport inshootlari barpo etilishini taʼminlasin.

Mazkur yopiq turdagi sport inshootlarini qurish bilan bogʻliq xarajatlar Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

12. Sport vazirligi (A. Ikramov):

a) bir oy muddatda maktab-internatning ustavini tasdiqlasin va belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;

b) Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston voleybol federatsiyasi bilan birgalikda:

maktab-internatda sportchilarni tayyorlash sifati yuzasidan doimiy davlat nazoratini amalga oshirish;

maktab-internat oʻquv-mashgʻulot jarayonida voleybol rivojlangan xorijiy mamlakatlarning yuqori malakali kadrlari hamda ilmiy-metodik salohiyatidan unumli foydalanishni yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrsin.

13. Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya va Bojxona qoʻmitasi Oʻzbekiston voleybol federatsiyasi bilan birgalikda 2024-yil 1-sentabrdan boshlab:

voleybol sport turlari boʻyicha oʻz tizimida budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan sport klublari faoliyatini;

oʻz xodimlari oʻrtasida “Mustahkam oila — armiya tayanchi” shiori ostida har yili voleybol musobaqalarini oʻtkazib borish amaliyotini yoʻlga qoʻysin.

14. Oʻzbekiston voleybol federatsiyasiga sport zallari begʻaraz biriktiriladigan davlat taʼlim muassasalarining manzilli roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Bunda, davlat taʼlim muassasalarining sport zallari darsdan boʻsh vaqtlarda, shuningdek, yozgi taʼtil davrida voleybol sport turlari boʻyicha hududiy terma jamoalar shugʻullanishi uchun ajratiladi.

15. Oʻzbekiston voleybol federatsiyasi hamda Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasining Oʻzbekiston voleybol federatsiyasi tizimida yuridik shaxs shaklidagi hududiy professional voleybol klublarini tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

Belgilansinki:

hududiy professional voleybol klublari uchun bino va inshootlarni barpo etish Sport vazirligi bilan kelishilgan namunaviy loyiha asosida mahalliy budjetning qoʻshimcha manbalari va homiylik xayriyalari hisobidan amalga oshiriladi hamda ularga hududiy professional voleybol klublari tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi;

hududiy professional voleybol klublari iqtidorli yosh sportchilarni saralab (seleksiya) olishni hamda kelgusida ularni milliy terma jamoalarning asosiy va zaxira tarkibiga tayyorlab berishni amalga oshiradi, shuningdek, hududiy saralash musobaqalarini oʻtkazib boradi;

hududiy professional voleybol klublari mahalliy budjet va homiylik xayriyalari hisobidan Xalqaro voleybol federatsiyasining talablari asosida ishlab chiqarilgan sport jihozlari va inventarlari bilan taʼminlanadi.

16. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:

bir oy muddatda hududiy professional voleybol klublari uchun bino va inshootlarni barpo etish hamda sport jihozlari va inventarlari bilan taʼminlash ishlarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan mablagʻlarni ajratish boʻyicha tegishli xalq deputatlari Kengashlariga taklif kiritsin;

har yili hududiy professional voleybol klublari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, sportchilarning hududiy, respublika va xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etishi uchun hududiy sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlari kalendar rejasiga zarur mablagʻlarni yoʻnaltirib borsin;

hududiy professional voleybol klublarini sport anjomlari va jihozlari bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.

17. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Sport vazirligi hamda Oʻzbekiston voleybol federatsiyasi birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid maqola, brifing, tematik telekoʻrsatuvlar tashkil etsin.

18. Sport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi sport vaziri A.I. Ikramov, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi bosh kotibi O.O. Qosimov hamda Oʻzbekiston voleybol federatsiyasi raisi P.R. Bobojonov belgilansin.

Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departamenti rahbari O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 19-iyul,

PQ-274-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-iyuldagi PQ-274-son qaroriga 1-ILOVA

2024 — 2026-yillarda voleybol sport turlarini rivojlantirish

(16-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 21-yanvardagi PQ-22-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.01.2026-y., 07/26/22/0069-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-iyuldagi PQ-274-son qaroriga 2-ILOVA

2024 — 2026-yillarda voleybol sport turlarini rivojlantirishning

T/r Koʻrsatkichlar Oʻlchov birligi Yillar kesimida Masʼul ijrochilar 2024 2025 2026 1. Oʻzbekistonda voleybol sport turi bilan doimiy shugʻullanuvchilar nafar 44 000 45 000 46 000 Sport vazirligi, Oʻzbekiston voleybol federatsiyasi 2. Sport-taʼlim muassasalarida voleybol sport turi bilan doimiy shugʻullanuvchilar nafar 34 000 35 000 36 000 Sport vazirligi, Oʻzbekiston voleybol federatsiyasi 3. Sport-taʼlim muassasalaridagi voleybol boʻyicha trenerlar nafar 990 1 020 1 050 Sport vazirligi, Oʻzbekiston voleybol federatsiyasi 4. Sport-taʼlim muassasalari oʻquvchilari oʻrtasida oʻtkaziladigan voleybol musobaqalari son 10 14 18 Sport vazirligi, Oʻzbekiston voleybol federatsiyasi 5. Voleybol sport turi boʻyicha terma jamoalarning xalqaro sport musobaqalarida ishtiroki son 8 10 12 Sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston voleybol federatsiyasi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-iyuldagi PQ-274-son qaroriga 3-ILOVA

Oʻzbekiston voleybol federatsiyasiga sport zallari begʻaraz biriktiriladigan davlat taʼlim muassasalarining

T/r Davlat taʼlim muassasasi nomi Yuqori turuvchi vazirlik va idora Qoraqalpogʻiston Respublikasi 1. Beruniy tuman 2-son kasb-hunar maktabi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 2. Kegeyli tuman 2-son kasb-hunar maktabi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 3. Taxtakoʻpir tuman kasb-hunar maktabi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 4. Ellikqalʼa tuman kasb-hunar maktabi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Andijon viloyati 5. Marhamat agrotexnologiyalar texnikumi Qishloq xoʻjaligi vazirligi 6. Paxtaobod tuman 1-son kasb-hunar maktabi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 7. Paxtaobod tuman 2-son kasb-hunar maktabi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Buxoro viloyati 8. Buxoro tuman kasb-hunar maktabi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 9. Buxoro Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi Sogʻliqni saqlash vazirligi 10. Qorakoʻl pedagogika kolleji Maktab va maktabgacha taʼlim vazirligi 11. Romitan tuman 2-son kasb-hunar maktabi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 12. Shofirkon tuman kasb-hunar maktabi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Jizzax viloyati 13. Jizzax Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi Sogʻliqni saqlash vazirligi 14. Zarbdor tuman kasb-hunar maktabi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 15. Sharof Rashidov tuman politexnika texnikumi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Qashqadaryo viloyati 16. Qarshi bank kolleji Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 17. Gʻuzor energetika sanoati texnikumi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Navoiy viloyati 18. Karmana tuman kasb-hunar maktabi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 19. Konimex tuman kasb-hunar maktabi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 20. Nurota tuman 1-son kasb-hunar maktabi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 21. Nurota tuman 2-son kasb-hunar maktabi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Namangan viloyati 22. Yangiqoʻrgʻon iqtisodiyot va servis kasb-hunar kolleji Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Samarqand viloyati 23. Jomboy tuman 1-son kasb-hunar maktabi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 24. Ishtixon tuman 2-son kasb-hunar maktabi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 25. Narpay tuman 2-son kasb-hunar maktabi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 26. Samarqand Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi Sogʻliqni saqlash vazirligi Sirdaryo viloyati 27. Guliston tuman kasb-hunar maktabi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 28. Sayxunobod tuman 1-son kasb-hunar maktabi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 29. Sayxunobod tuman 2-son kasb-hunar maktabi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Surxondaryo viloyati 30. Boysun tuman 1-son kasb-hunar maktabi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 31. Oltinsoy tuman 1-son kasb-hunar maktabi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 32. Sherobod tuman 2-son kasb-hunar maktabi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Toshkent viloyati 33. Bekobod shahar kasb-hunar maktabi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 34. Boʻka tuman 2-son kasb-hunar kolleji Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 35. Olmaliq arxitektura-qurilish texnikumi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Fargʻona viloyati 36. Rishton Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumi Sogʻliqni saqlash vazirligi 37. Uchkoʻprik tuman 2-son kasb-hunar maktabi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 38. Oʻzbekiston tuman 2-son kasb-hunar maktabi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Xorazm viloyati 39. Urganch tuman 1-son kasb-hunar maktabi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 40. Hazorasp tuman 1-son kasb-hunar maktabi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi 41. Hazorasp tuman 3-son kasb-hunar maktabi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Toshkent shahri 42. Respublika televideniye va radio kolleji MTRK 43. Toshkent geodeziya va kartografiya texnikumi Kadastr agentligi 44. Toshkent iqtisodiyot va sanoat texnikumi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.