Oʻzbekiston Respublikasiga sanoat sohasidagi nufuzli xalqaro brendlarni jalb qilish boʻyicha yangicha yondashuvlarni joriy qilish, xalqaro brendlar ostida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini kengaytirish, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh milliy brendlarni yaratishni yanada ragʻbatlantirish hamda bu borada tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida:
1. Savdo-sanoat palatasi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining tadbirkorlik subyektlarining “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan” (“Made in Uzbekistan”) yorligʻi ostida xalqaro brendlarning global qoʻshilgan qiymat zanjiriga kirishini ragʻbatlantirish hamda milliy sanoat brendlarini qoʻllab-quvvatlash dasturini amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2025-yildan boshlab har yili 1-aprelga qadar Savdo-sanoat palatasi maxsus elektron platformada:
a) nufuzli xalqaro brendlar roʻyxatini xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlarning soʻnggi reytingida birinchi 500 oʻrinni egallagan sanoat yoʻnalishidagi brend egalari ichidan saralab olgan holda shakllantiradi va eʼlon qiladi;
b) milliy brendlar roʻyxatini ikki bosqichda shakllantiradi va eʼlon qiladi:
birinchi bosqichda — Adliya vazirligi va Soliq qoʻmitasi bilan birgalikda 1-ilovaga muvofiq sanoat yoʻnalishlari boʻyicha yuqori va oʻrta barqarorlik reytingiga ega tadbirkorlik subyektlarining belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan tovar belgilari roʻyxatini shakllantiradi;
ikkinchi bosqichda — roʻyxatga kiritilgan tovar belgilari boʻyicha milliy konsalting kompaniyalarining tadqiqotlari, mazkur tovar belgilari ommaviy axborot vositalari, internet va ijtimoiy tarmoqlarda yoritilishi holati va ular toʻgʻrisida soʻrovlar soni, aholi oʻrtasida oʻtkazilgan ijtimoiy soʻrovlar tahlili natijalari asosida milliy brendlar roʻyxatini shakllantiradi va eʼlon qiladi.
Savdo-sanoat palatasi Adliya vazirligi, Soliq qoʻmitasi hamda manfaatdor idoralar bilan birgalikda 2024-yil 1-sentabrga qadar ushbu bandda belgilangan tartib asosida 2024-yil uchun nufuzli xalqaro va milliy brendlar roʻyxatlari shakllantirilishi va eʼlon qilinishini taʼminlasin.
3. 2024-yil 1-sentabrdan boshlab Savdoga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan quyidagi moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralari joriy qilinsin:
a) nufuzli xalqaro brendlar roʻyxatiga kiritilgan brend egalari bilan sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisida toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzgan yuqori va oʻrta barqarorlik reytingidagi tadbirkorlik subyektlari (keyingi oʻrinlarda — brend hamkorlari) uchun:
xalqaro standartlarni joriy qilish, ekologik va muvofiqlik boʻyicha sertifikatlash, shuningdek, mazkur qarorga 2-ilovada keltirilgan roʻyxatdagi mutaxassislarning brend egalari hisoblangan korxonalarda, jumladan, ularning ishlab chiqarish maydonlarida malakasini oshirish xarajatlarini qoplash;
nufuzli xalqaro brendlar ostida kamida 1 million AQSh dollari miqdorida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilganda — grantlar ajratish;
b) milliy brendlar roʻyxatiga kiritilgan brend egalariga (keyingi oʻrinlarda — milliy brend egalari) quyidagi xarajatlarning 50 foizigacha qismini qoplab berish:
standartlashtirish va sertifikatlashning xalqaro tizimlarini joriy etish, shuningdek, xorijiy vakolatli organlarda milliy mahsulotlar va brendlarni (tovar belgilarini) roʻyxatdan oʻtkazish;
xalqaro savdo maydonchalariga (marketpleyslarga) chiqish, xorijiy davlatlardagi “Made in Uzbekistan” shourumlarida mahsulotlarini joylashtirish, xorijiy savdo uylarini tashkil qilishda binolarni ijaraga olish;
xalqaro koʻrgazmalarda qatnashish uchun roʻyxatdan oʻtish, joyni ijaraga olish, koʻrgazma stendlarini tashkil etish va mahsulotlar reklamasini internet tarmogʻida joylashtirish;
ishlab chiqarish biznes jarayonlarini avtomatlashtirish boʻyicha (CRM, ERP, CERM) axborot tizimlarini joriy qilish;
mazkur qarorga 2-ilovaga muvofiq kamida bir yilga jalb qilingan malakali xorijiy mutaxassislarning ish haqini toʻlash;
v) Savdo-sanoat palatasi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan tarmoq uyushmalari bilan birgalikda ishlab chiqiladigan dastur asosida sanoat sohalari uchun talab yuqori boʻlgan, mazkur qarorning 2-ilovasida koʻrsatilgan yoʻnalishlar boʻyicha mahalliy mutaxassislarni oʻqitish va malakasini oshirish.
Mazkur bandda nazarda tutilgan xarajatlarni moliyalashtirish uchun Savdoga koʻmaklashish jamgʻarmasidan 25 million AQSh dollari miqdorida mablagʻ yoʻnaltirilsin.
4. Savdo-sanoat palatasi:
a) 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda Turkiya Iqtisodiyot va texnologiyalar universitetining Toshkent shahridagi filialida “Moda”, “Dizayn”, “Texnologiya”, “Standartlashtirish”, “Innovatsiyalar”, “Marketing” va “Menejment” taʼlim yoʻnalishlarida mahalliy mutaxassislarni tayyorlashni yoʻlga qoʻysin;
b) Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda har yili 1-sentabrga qadar nufuzli xalqaro brendlar roʻyxatidagi brend egalari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha muzokaralar oʻtkazib:
ishlab chiqarishni ularning talablariga moslashtirish boʻyicha tavsiyalar tadbirkorlik subyektlariga yetkazilishini taʼminlasin;
nufuzli brendlar ostida ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
v) har yili 1-yanvarga qadar tasdiqlanadigan reja-grafiklar boʻyicha namunaviy qoʻllanmalar asosida ishlab chiqarish faoliyatini nufuzli xalqaro brend talablariga moslashtirish, milliy brend yaratish (brending), brend menejment va marketing yoʻnalishlarida tadbirkorlik subyektlari va ularning mutaxassislari uchun oʻquv seminarlarini tashkil qilib borsin;
g) Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda Savdoga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan sanoat sohalari uchun talab yuqori boʻlgan, mazkur qarorning 2-ilovasida koʻrsatilgan yoʻnalishlar boʻyicha mahalliy mutaxassislarni nufuzli xalqaro brendlarning ishlab chiqarish maydonlarida oʻqitishni tashkil qilsin.
5. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda milliy brend egalarini hamda nufuzli xalqaro brendlar hamkorlarini Savdoga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoʻllab-quvvatlash tartibini tasdiqlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi PF-37-son Farmoni bilan 2024-yil 1-iyuldan boshlab:
nufuzli xalqaro brendlar bilan ishlab chiqarishni boshlayotgan korxonalar uch yil davomida nufuzli xalqaro brendlar ostida ishlab chiqariladigan mahsulotlar uchun zarur boʻlgan barcha xomashyolar mahalliylashtirish darajasini kamida 60 foizga yetkazish sharti bilan bojxona bojidan ozod etilganligi;
nufuzli xalqaro brendlardan jalb qilingan texnolog, dizayner, marketolog kabi mutaxassislardan Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnoma berilganligi uchun toʻlovlar undirilishi bekor qilinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
7. Belgilansinki:
a) mazkur qarorning 6-bandida belgilangan bojxona boji imtiyozlari “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK xulosasi asosida taqdim etiladi.
Bunda 2027-yil 1-yanvar holatiga nufuzli xalqaro brendlar ostida ishlab chiqariladigan mahsulotlarning mahalliylashtirish darajasi 60 foizdan kam boʻlganda imtiyoz qoʻllanishi natijasida tadbirkorlik subyektlari ixtiyorida qolgan summalar qaytarib olinadi;
b) 2024-yil 1-sentabrdan 2027-yil 1-yanvarga qadar mahsulotining kamida 30 foizini nufuzli xalqaro brend ostida ishlab chiqaradigan brend hamkorlari uchun yer soligʻi, mol-mulk soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari hisobot davrida 50 foizga kamaytiriladi;
v) 2024-yil 1-sentabrdan boshlab brend hamkorlari va milliy brend egalari tomonidan mazkur qarorga 2-ilovadagi roʻyxat boʻyicha mutaxassis sifatida jalb qilingan chet el fuqarolari uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomaning amal qilish muddati 3 yilgacha etib belgilanadi.
8. Savdo-sanoat palatasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2025-yil 1-yanvarga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi elektron platformani ishga tushirsin:
nufuzli xalqaro brendlar roʻyxatini shakllantirish, ularning talablari, ushbu talablarga mahalliy tadbirkorlik subyektlarini moslashtirish boʻyicha tavsiyalar, shuningdek, brendlarni jalb qilish uchun nazarda tutilgan qoʻllab-quvvatlash choralarini aks ettirish;
milliy brendlar roʻyxatini shakllantirish va unga kiritilgan brend egalari uchun nazarda tutilgan qoʻllab-quvvatlash choralarini aks ettirish.
9. Xalqaro brendlarni jalb qilish va milliy brendlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha “yoʻl xaritasi” 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
10. Savdo-sanoat palatasi quyidagilar boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin:
uch oy muddatda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2025-yildan boshlab Savdoga koʻmaklashish jamgʻarmasiga mazkur qarorda nazarda tutilgan xarajatlarni moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlarni Davlat budjeti hisobidan ajratish toʻgʻrisida;
ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida.
11. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Xodjayev va Savdo-sanoat palatasi raisi D.A. Vahobov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 7-avgust,
PQ-286-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-avgustdagi PQ-286-son qaroriga 1-ILOVA
Milliy brendlar roʻyxatiga kiritiladigan sanoat yoʻnalishlari
T/r Sanoat yoʻnalishlari Sanoat mahsulotlari 1. Toʻqimachilik sanoati Toʻqimachilik, trikotaj va boshqa tayyor kiyimlar, gilamlar 2. Charm-poyabzal sanoati Poyabzal va charm-attorlik mahsulotlari 3. Ipakchilik sanoati Ipakdan tayyor matolar, kiyimlar, gilamlar va boshqa buyumlar 4. Oziq-ovqat sanoati Quritilgan, qadoqlangan va konservalangan oziq-ovqat mahsulotlari, spirtsiz ichimliklar (energetik ichimliklardan tashqari), qadoqlangan goʻsht va kolbasa mahsulotlari, qandolat mahsulotlari 5. Qurilish materiallari sanoati Boʻyoqlar, kafel, santexnika mahsulotlari 6. Elektrotexnika sanoati Elektrotexnika mahsulotlari 7. Farmatsevtika sanoati Dori-darmonlar, tibbiy buyumlar, tibbiy texnika, biologik faol qoʻshimchalar 8. Zargarlik sanoati Tayyor zargarlik buyumlari 9. Mebelchilik sanoati Tayyor mebellar 10. Kimyo, parfyumeriya va kosmetika sanoati Kimyo vositalari, shu jumladan kosmetika, parfyumeriya, shampun, sovun 11. Avtomobil sanoati Avtotransport vositalari va butlovchi qismlar 12. Metallurgiya sanoati Metall mahsulotlar va buyumlar
* Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasiga Savdo-sanoat palatasining takliflariga asosan ushbu roʻyxatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish vakolati beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-avgustdagi PQ-286-son qaroriga 2-ILOVA
Sanoat yoʻnalishlari boʻyicha jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislarning
T/r Sanoat yoʻnalishlari Talab yuqori boʻlgan mutaxassislar 1. Toʻqimachilik sanoati Modelyer-dizayner, muhandis (texnolog), marketolog 2. Charm-poyabzal sanoati Modelyer-dizayner, muhandis (texnolog), marketolog 3. Ipakchilik sanoati Pillachilik mutaxassisi, grenaj mutaxassisi, texnolog 4. Oziq-ovqat sanoati Muhandis (texnolog), marketolog 5. Qurilish materiallari sanoati Geodezist, texnolog 6. Elektrotexnika sanoati Modelyer-dizayner, muhandis (texnolog), marketolog 7. Farmatsevtika sanoati Kimyo-texnologi, marketolog, biofarmakolog 8. Zargarlik sanoati Modelyer-dizayner, muhandis (texnolog), marketolog 9. Mebelchilik sanoati Modelyer-dizayner, muhandis (texnolog), marketolog 10. Kimyo, parfyumeriya va kosmetika sanoati Kimyo-texnologi, marketolog 11. Avtomobil sanoati Muhandis (texnolog), marketolog 12. Metallurgiya sanoati Muhandis (texnolog), marketolog
* Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasiga Savdo-sanoat palatasining takliflariga asosan ushbu roʻyxatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish vakolati beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 7-avgustdagi PQ-286-son qaroriga 3-ILOVA
Xalqaro brendlarni jalb qilish va milliy brendlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha
(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-229-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 06/24/229/1090-son)