Temir yoʻl transportida yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash, hududlarning turizm salohiyatini rivojlantirish, shaharlararo temir yoʻl transporti qatnovlarini kengaytirish uchun yuqori tezlikda harakatlanuvchi zamonaviy elektropoyezdlar harakatini yoʻlga qoʻyish maqsadida:
1. Quyidagilar:
2024-yil yakuniga qadar 465 km boʻlgan Buxoro-Urganch-Xiva va 2026-yil yakuniga qadar 196 km boʻlgan Miskin-Nukus temir yoʻl uchastkalarida elektrlashtirish ishlarining yakunlanishi natijasida elektropoyezdlar harakati tezligi 250 km/soatgacha yetkazilishi rejalashtirilganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl transporti sohasini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-329-son qaroriga asosan, 2024-yil 14-iyunda 6 ta yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarni xarid qilish va ularga texnik xizmat koʻrsatish boʻyicha “Nyundai Rotem” (Koreya Respublikasi) kompaniyasi bilan shartnomalar imzolanganligi;
“6 ta yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarni xarid qilish” loyihasining (keyingi oʻrinlarda — loyiha) umumiy qiymati 220,03 mln yevroga teng ekanligi, shundan Oʻzbekiston Respublikasining ulushi — 21,3 mln yevro hamda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning ulushi — 13,5 mln yevroni tashkil etishi;
loyiha boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Eksimbanki oʻrtasida 40 yil muddatga, shu jumladan 10 yillik imtiyozli davr bilan yillik 0,05 foiz stavkada 185,18 mln yevro ekvivalentida koreya vonida qarz mablagʻlarini ajratish boʻyicha 2024-yil 14-iyunda qarz bitimi imzolanganligi;
loyihani amalga oshirish davri 6 yilni (2024 — 2030-yillar) tashkil qilishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasiga muvofiq, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorida va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan infratuzilma loyihalari uchun xalqaro moliya institutlaridan va xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan jalb qilinadigan davlat tashqi qarzi hisobidan toʻliq yoki qisman amalga oshiriladigan loyihalar doirasida sotib olinadigan tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish boʻyicha aylanma, shuningdek ularni olib kirish 2028-yil 1-yanvarga qadar qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 297-moddasiga asosan, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari boʻyicha toʻliq yoki qisman xalqaro moliya institutlarining va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablagʻlari (qarzlari, kreditlari) hisobidan Oʻzbekiston Respublikasida amalga oshiriladigan loyihalar doirasida yuridik shaxslar tomonidan olinadigan tovarlarga bojxona bojidan ozod etish tarzidagi tarif imtiyozlari qoʻllanilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va uning tarkibidagi “Temiryoʻlekspress” AJ loyihani oʻz vaqtida, sifatli amalga oshirish hamda Koreya Eksimbankining qarzlaridan maqsadli va samarali foydalanish boʻyicha masʼul ijro etuvchi organlar hisoblanadi;
“Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJ (keyingi oʻrinlarda — “Oʻzmilliybank” AJ) Koreya Eksimbanki tomonidan taqdim etiladigan qarzlar boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish borasida moliyaviy agent hisoblanadi. Bunda moliyaviy agent xizmatlari uchun toʻlovlar “Oʻzmilliybank” AJning amaldagi tariflariga asosan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan amalga oshiriladi;
Koreya Eksimbanki tomonidan ajratilgan qarzlarni qaytarish, shu jumladan ustamalar, foiz va boshqa toʻlovlar boʻyicha xarajatlar “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tarkibidagi “Temiryoʻlekspress” AJ mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Bunda, “Temiryoʻlekspress” AJning qarzlarni oʻz vaqtida qaytarish boʻyicha qobiliyati pasaygan taqdirda, ushbu toʻlovlar “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan amalga oshiriladi.
3. Quyidagilar:
“6 ta yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarni xarid qilish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
“6 ta yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarni xarid qilish” loyihasi doirasida Koreya Eksimbanki tomonidan ajratiladigan qarz mablagʻlarini qaytarish va foiz toʻlovlarini amalga oshirishning prognoz jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Iqtisodiyot va moliya vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ va uning tarkibidagi “Temiryoʻlekspress” AJ hamda “Oʻzmilliybank” AJ bilan Koreya Eksimbanki oʻrtasidagi qarzlarni qayta kreditlash toʻgʻrisidagi bitimni imzolash vakolati berilsin.
5. “Oʻzmilliybank” AJga Koreya Eksimbanki qarzi boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun Koreya Respublikasining vakolatli banki bilan banklararo shartnomani imzolash vakolati berilsin.
6. Adliya vazirligi bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Koreya Eksimbanki oʻrtasida imzolangan qarz bitimi, shuningdek, zarur hollarda, ushbu bitimga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha bitimlarga belgilangan tartibda yuridik xulosa bersin.
7. Transport vazirligi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ bilan birgalikda bir oy muddatda loyihani amalga oshirish uchun zarur boʻladigan infratuzilmani yaratish, loyihaning asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlariga erishilishi hamda yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlar orqali koʻrsatiladigan xizmatlar boʻyicha daromadlar hajmini oshirish yuzasidan “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlasin va ijrosini tashkil etsin.
8. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning buyurtmanomalariga binoan loyihani amalga oshirish doirasida respublikaga jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tasdiqnomalar berilishini (muddati uzaytirilishini) belgilangan tartibda taʼminlasin.
9. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari A.J. Ramatov va transport vaziri I.R. Maxkamov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 12-avgust,
PQ-289-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-avgustdagi PQ-289-son qaroriga 1-ILOVA
“6 ta yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarni xarid qilish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-avgustdagi PQ-289-son qaroriga 2-ILOVA
“6 ta yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarni xarid qilish” loyihasi doirasida Koreya Eksimbanki tomonidan ajratiladigan qarz mablagʻlarini qaytarish va foiz toʻlovlarini amalga oshirishning