Buxoro viloyatida tadbirkorlik subyektlari uchun infratuzilmani yaxshilash, turizm xizmatlarini yanada kengaytirish, aholi daromadlarini oshirish va bandligini taʼminlash uchun tadbirkorlik faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida:
1. Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi 2028-yil 1-iyulga qadar Buxoro viloyatida amalga oshiriladigan loyihalar uchun ikki yillik imtiyozli davr bilan 5 yil muddatga 100 million AQSH dollari miqdorida kredit mablagʻlarini ajratsin.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 3-sentabrdagi PQ-313-sonli qarori tahririda)
2. Belgilansinki, mazkur qarorning 1-bandida nazarda tutilgan mablagʻlarning:
a) 51,7 mln AQSH dollari Iqtisodiyot va moliya vazirligiga foizsiz kredit sifatida ajratiladi. Bunda mazkur mablagʻlar Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Buxoro viloyatida mazkur qarorga 1-ilovaga muvofiq yoʻnalishlardagi loyihalarni moliyalashtirish uchun quyidagi maqsadlarga yoʻnaltiriladi:
11,7 million AQSH dollari miqdorida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-son Farmoni va 2023-yil 14-sentabrdagi PQ-306-son qarorida belgilangan tartib va mexanizmlar asosida kichik va oʻrta biznes, xizmat koʻrsatish va turizm loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJga ikki yillik imtiyozli davr bilan 5 yil muddatga foizsiz kredit sifatida keyinchalik tijorat banklariga joylashtirish sharti bilan;
40 million AQSH dollari Buxoro viloyati hokimligining asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq, infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun ikki yillik imtiyozli davr bilan 5 yil muddatga budjet ssudasi sifatida;
b) 48,3 million AQSH dollari Buxoro viloyatida turizm, xizmat koʻrsatish, sanoat, oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi investitsiya loyihalarini hamda Belarus Respublikasida amalga oshiriladigan loyihalarni moliyalashtirish va oʻz vaqtida ishga tushirish uchun yillik 4 foiz stavkada tijorat banklari tomonidan jalb qilinadi.
Bunda:
a) Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorovga haqiqiy talabdan kelib chiqqan holda mazkur bandning “a” kichik bandida belgilangan mablagʻlarni yoʻnalishlar kesimida qayta taqsimlash vakolati beriladi;
b) mazkur bandning “b” kichik bandida belgilangan mablagʻlarning:
tijorat banklari kesimidagi taqsimoti hamda investitsiya loyihalarining manzilli roʻyxati Investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi;
tijorat banklari tomonidan kreditlar tadbirkorlik subyektlariga ikki yillik imtiyozli davr bilan 5 yilgacha muddatga yillik 7 foiz stavkada ajratiladi;
tijorat banklar tomonidan maqsadli va manzilli foydalanilishi ustidan nazorat Markaziy bank tomonidan amalga oshiriladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-sentabrdagi PQ-313-sonli qarori tahririda)
3. Buxoro viloyatida tadbirkorlik infratuzilmasini yaxshilash va loyihalarni moliyalashtirishni muvofiqlashtirish boʻyicha 2-ilovaga muvofiq tarkibda ishchi guruh tuzilsin va unga quyidagi vazifalar yuklansin:
master-rejalar asosida infratuzilma loyihalarining manzilli roʻyxatini shakllantirish;
infratuzilma loyihalarini amalga oshirish va master-rejalarni ishlab chiqish boʻyicha buyurtmachilarni belgilash;
loyihalarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish ishlarini tashkil etish, mablagʻlardan samarali foydalanish ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish.
4. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda ajratilgan mablagʻlardan samarali foydalanish va loyihalarni tezlashtirilgan tartibda amalga oshirish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibni tasdiqlasin:
har bir loyiha boʻyicha zarur mablagʻlarni ishchi guruh xulosasiga koʻra Buxoro viloyati hokimligi buyurtmasi asosida ajratish;
qiymati 1 million AQSH dollarigacha boʻlgan loyihalarni amalga oshirish va moliyalashtirish bilan bogʻliq jarayonlarni qisqa muddatlarda amalga oshirish uchun Vazirlar Mahkamasi (Qoʻchqorov) bilan kelishilgan holda tezkor qarorlar qabul qilish.
5. Quyidagilar:
Buxoro viloyati tuman (shahar)larining arxitektura qiyofasini yaxshilash, aholi, tadbirkorlar va turistlarga qulay sharoitlar yaratish uchun ishlab chiqiladigan master-rejalar roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;
Buxoro viloyatining tuman (shahar)larida turizm, koʻngilochar, gastronomik, savdo va servis faoliyatini rivojlantirish maqsadida tashkil qilinadigan tunu kun faoliyat koʻrsatadigan koʻchalar roʻyxati 4-ilovaga muvofiq;
Buxoro viloyatining tuman (shahar)larini ixtisoslashtirish hamda unga asosan ularning “oʻsish nuqta”lari (drayverlari)ni rivojlantirish yoʻnalishlari 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Buxoro viloyati hokimligi (Zaripov):
ikki hafta muddatda tadbirkorlik uchun Buxoro viloyatining tuman (shahar)lari infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasida taqdimot qilsin;
mazkur qarorning 2-bandiga muvofiq moliyalashtiriladigan infratuzilma loyihalarining manzilli roʻyxatini master-rejalarni hisobga olgan holda tasdiqlasin.
7. Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov ikki hafta muddatda mazkur qarorga muvofiq kichik va oʻrta biznes subyektlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun ajratiladigan mablagʻlarning tijorat banklari va “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ oʻrtasidagi taqsimotini tasdiqlasin.
8. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov hamda Buxoro viloyati hokimi B.K. Zaripov belgilansin.
Qaror ijrosi uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 12-avgust,
PQ-287-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-avgustdagi PQ-287-son qaroriga 1-ILOVA
Buxoro viloyatida kichik va oʻrta biznes, xizmat koʻrsatish va turizmni rivojlantirish, infratuzilma loyihalarini amalga oshirish
I. Buxoro shahrining turistik jozibadorligini oshirish — “Imom al-Buxoriy” memorial obidasi, “Abbos Aliyev” va “Muxtor Ashrafiy” koʻchalari, “Alisher Navoiy”, “Jalol Ikromiy” va “Koʻkaldosh” mahallalari, Buxoro markaziy dehqon bozori, “Buxoroning Talipoch darvozasi”, “Ismoil Somoniy” maqbarasi, istirohat bogʻi va sunʼiy koʻlni hamda “Guliston” mahallasidagi “Baydarka va kanoe eshkak eshish” sport majmuasi hududlarini rivojlantirish boʻyicha master-rejalar ishlab chiqish, shuningdek, mazkur qarorning 3-ilovasida nazarda tutilgan istiqbolli loyihalarning master-rejalarini ishlab chiqish.
II. Gʻijduvon tumanini kompleks rivojlantirish:
tuman markazini aholi, sayyohlar va tadbirkorlar uchun qulay hududga aylantirish, jumladan, energotejamkor koʻp qavatli uy joylar qurish, renovatsiya dasturini amalga oshirish, tunu kun ishlaydigan maxsus savdo va koʻngilochar koʻchalar tashkil qilish, istirohat bogʻlarini rekonstruksiya qilish;
yoshlar koʻp jamlanadigan va aholi gavjum boʻlgan hududda davlat-xususiy sheriklik asosida yoki xususiy IT markazi, kutubxona, “vork-aut” zonalari, oʻquv markazlarini oʻz ichiga olgan yoshlar sayilgohini tashkil etish;
“Qoʻrgʻon” va unga tutash boʻlgan mahallalarni turizm hududi sifatida rivojlantirish boʻyicha master-reja ishlab chiqish;
sanoat va xizmat koʻrsatish loyihalarini zarur infratuzilma bilan taʼminlash.
III. Kichik va oʻrta biznesni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, xizmat koʻrsatish va turizm sohasini rivojlantirish, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmani yaxshilash:
elektr energiya, ichimlik suvi, oqova suv tarmoqlari va boshqa infratuzilmalarni yaxshilash;
sohilboʻyi xizmatlarni rivojlantirish, shu jumladan, “Toʻdakoʻl” suv havzasi boʻyida akvapark, “Plyaj zona”lari hamda sayilgoh tashkil etish master-rejasini ishlab chiqish va loyihalarni amalga oshirish;
etnoturizmni rivojlantirish, oilaviy mehmon uylari faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
xalqaro avtomagistral yoʻllari boʻyida infratuzilma obyektlarini barpo etish;
istirohat bogʻlarini rekonstruksiya qilish yoki yangidan barpo etish;
aholi gavjum tunu kun ishlaydigan maxsus savdo va koʻngilochar koʻchalar infratuzilmasini yaxshilash, gastronomik koʻchalarni tashkil etish;
akvapark va koʻngilochar majmualarini oʻzida mujassam etgan jozibador va zamonaviy mavze barpo etish, renovatsiya dasturini amalga oshirish.
IV. Buxoro shahri hududidagi madaniy meros obyektlarini 2024 — 2026-yillar davomida restavratsiya, tiklash va taʼmirlash ishlarini amalga oshirish:
“Shahriston qoʻrgʻoni” devori (2-bosqich);
Ulugʻbek madrasasi (2-bosqich);
Gavkushon madrasasi (Gavkushon majmuasi);
Xoja Kalon hovuzi (Gavkushon majmuasi);
Magʻoki Attori masjidi;
Olimjon karvon saroyi;
Mirzo Ulugʻbek tamokifurushon karvon saroyi (qoldiqlari);
Ahmadjon karvon saroyi (qoldiqlari);
Ayozjon karvon saroyi;
Fothullajon karvon saroyi;
Sadriddin Ayniy teatri;
Tasviriy sanʼat muzeyi, shu jumladan, ushbu muzeyning yangi ekspozitsiyasini yaratish.
(oʻn uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgustdagi PQ-260-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.08.2025-y., 07/25/260/0774-son)
Sitorai Mohi Xosa saroyi muzeyi, shu jumladan, ushbu muzeyning yangi ekspozitsiyasini yaratish.
(IV boʻlim Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgustdagi PQ-230-sonli qaroriga asosan oʻn toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.08.2025-y., 07/25/260/0774-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-avgustdagi PQ-287-son qaroriga 2-ILOVA
Buxoro viloyatida tadbirkorlik infratuzilmasini yaxshilash va loyihalarni moliyalashtirishni muvofiqlashtirish boʻyicha
Izoh: Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalar yuklangan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-avgustdagi PQ-287-son qaroriga 3-ILOVA
Buxoro viloyati tuman (shahar)larining arxitektura qiyofasini yaxshilash, aholi, tadbirkorlar va turistlarga qulay sharoitlar yaratish uchun ishlab chiqiladigan master-rejalar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-avgustdagi PQ-287-son qaroriga 4-ILOVA
Buxoro viloyatining tuman (shahar)larida turizm, koʻngilochar, gastronomik, savdo va servis faoliyatini rivojlantirish maqsadida tashkil qilinadigan tunu kun faoliyat koʻrsatadigan koʻchalar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-avgustdagi PQ-287-son qaroriga 5-ILOVA
Buxoro viloyatining tuman (shahar)larini ixtisoslashtirish hamda unga asosan ularning “oʻsish nuqta”lari (drayverlari)ni rivojlantirish