PQ-293-son Qaror · 15.08.2024

Oʻzbekiston Respublikasida kriptologiya sohasida taʼlim va ilm-fanni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-293
  • Qabul qilingan sana:15.08.2024
  • Kuchga kirgan sana:16.08.2024
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/24/293/0617

Bugungi kunda respublikada axborotni kriptografik himoyalashni taʼminlash maqsadida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Oʻtgan davr mobaynida respublikaning qator oliy taʼlim muassasalarida axborot tizimlari va texnologiyalari, axborot xavfsizligi, kiberxavfsizlik injiniringi hamda kriptografiya va kriptotahlil yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha yuqori malakali kadrlarni tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Shu bilan birga, axborot va kiberxavfsizlik sohasidagi zamonaviy tahdidlarning oshib borishi, kvant texnologiyasiga asoslangan tezkor kompyuterlarning yaratilishi va kelgusida ulardan noqonuniy maqsadlarda foydalanish imkoniyatining mavjudligi, axborotni himoyalashda qoʻllanadigan kriptografik algoritmlarni doimiy ravishda takomillashtirib borishni taqozo etadi.

Ushbu sohada ilgʻor xorijiy davlatlar erishgan yutuqlar milliy kriptologiya maktabini yanada rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish zaruratini koʻrsatmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat sirlari toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 3-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida axborotni kriptografik himoyalashni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-614-son qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida kriptologiya sohasida taʼlim va ilm-fanni hamda axborotni kriptografik himoyalash milliy tizimini yanada rivojlantirish maqsadida:

(muqaddimaning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 11-sentabrdagi PF-171-sonli Farmoni tahririda)

1. Quyidagilar:

2024-2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida kriptologiya sohasida taʼlim va ilm-fanni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 1-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasida milliy kriptologiya sohasini rivojlantirishning dolzarb yoʻnalishlari boʻyicha 2024 — 2028-yillarga moʻljallangan ilmiy-tadqiqot ishlari dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Dasturga kiritilgan mavzularning ijrosi Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan oʻtkaziladigan tanlovlar asosida respublikaning sohaviy tashkilotlarini jalb qilgan holda amalga oshiriladi.

Davlat xavfsizlik xizmati buyurtmasiga muvofiq Dasturga kiritilgan mavzularni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tanlovlari doirasida bajarilishiga ruxsat beriladi.

Dastur doirasida erishilgan ilmiy natijalar va ishlab chiqilgan innovatsion mahsulotlar Davlat xavfsizlik xizmati tasarrufidagi Oʻzbekiston Respublikasining intellektual mulki hisoblanadi.

3. Vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga ushbu qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlar hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

4. Davlat xavfsizlik xizmati huzurida respublikaning oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning tajribali mutaxassislaridan iborat Kriptologiya sohasida idoralararo ekspert guruhi (keyingi oʻrinlarda — Ekspert guruhi) tashkil etilsin.

5. Quyidagilar Ekspert guruhining asosiy vazifalari etib belgilansin:

davlat va jamiyat hayotidagi real ehtiyojlarni inobatga olgan holda, respublikada kriptologiya sohasida dolzarb muammolarni oʻrganishga bagʻishlangan ilmiy-tadqiqot mavzularini shakllantirish;

ilgʻor xorijiy davlatlar tajribalari asosida kriptologiya sohasiga oid fan dasturlari, darsliklar va boshqa oʻquv materiallariga qoʻyiladigan talablarni ishlab chiqish hamda ular boʻyicha ekspert xulosalarini berish;

kriptologiya sohasida milliy standartlar loyihalarini koʻrib chiqish hamda ularning axborot xavfsizligi va zamonaviy kiberxavfsizlik talablariga mosligi yuzasidan xulosalar berish, shuningdek, ularni takomillashtirish boʻyicha tavsiya va takliflar ishlab chiqish.

6. Belgilansinki:

Ekspert guruhi Davlat xavfsizlik xizmati huzurida doimiy faoliyat yuritadigan idoralararo kollegial organ hisoblanadi;

Ekspert guruhining faoliyati moddiy-texnik jihatdan qonunchilikda belgilangan tartibda Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan respublika budjeti mablagʻlari hisobidan taʼminlanadi.

7. Davlat xavfsizlik xizmati ikki oy muddatda Ekspert guruhining tarkibini va nizomini tasdiqlasin.

8. Mazkur qaror ijrosini taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlar 2024-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida idoraviy mansubligiga koʻra tegishli vazirlik va idoralarga ajratiladigan mablagʻlar doirasida amalga oshirilsin, 2025-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilsin.

9. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2024-yil 15-avgust,

PQ-293-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-avgustdagi PQ-293-son qaroriga 1-ILOVA

2024-2025-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida kriptologiya sohasida taʼlim va ilm-fanni rivojlantirish boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-avgustdagi PQ-293-son qaroriga 2-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasida milliy kriptologiya sohasini rivojlantirishning dolzarb yoʻnalishlari boʻyicha 2024 — 2028-yillarga moʻljallangan ilmiy-tadqiqot ishlari

* Ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyalashtirish hajmi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 18-avgustdagi 233-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat budjeti mablagʻlari hisobiga davlat ilmiy dasturlarini amalga oshirishda qatnashuvchi ilmiy va rahbar xodimlarning bazaviy lavozim maoshlari miqdorlariga muvofiq ishlab chiqilgan.

Ushbu dasturdagi ilmiy-tadqiqot ishlari Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga hamda Davlat xavfsizlik xizmatiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida moliyalashtiriladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.