Andijon viloyati iqtisodiyot tarmoqlari uchun zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega oliy maʼlumotli mutaxassis kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, oliy taʼlim tashkilotlarining mavjud resurslaridan samarali foydalanish hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida:
1. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Andijon viloyati hokimligining Andijon mashinasozlik instituti, Andijon iqtisodiyot va qurilish instituti hamda Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutining Andijon fakulteti negizida Andijon davlat texnika institutini (keyingi oʻrinlarda — Institut) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari etib belgilansin:
avtomobilsozlik, elektrotexnika, energetika, toʻqimachilik, muhandislik, qurilish va boshqa sanoat sohalari boʻyicha, shuningdek, hududning oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan ehtiyojiga muvofiq zamonaviy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega kadrlar tayyorlash;
taʼlim jarayoniga ilm-fan va texnikaning soʻnggi yutuqlarini qoʻllash, xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar reytingida yuqori 300 talik roʻyxatga kirgan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari tajribasi asosida taʼlim dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish;
amaliy va fundamental ilmiy-tadqiqot ishlari va innovatsion loyihalarning samaradorligini oshirish choralarini koʻrish;
ixtisoslik sohalari boʻyicha taʼlim, ilm-fan, ishlab chiqarish oʻrtasida integratsiyani taʼminlash;
yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda talabalarning akademik almashinuvini taʼminlash, ularning taʼlim olishi va soha tashkilotlarida malakaviy amaliyotini tashkil etish;
professor-oʻqituvchilarning sanoat korxonalarida stajirovka oʻtashini yoʻlga qoʻyish hamda mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini rivojlantirish;
talabalarni har tomonlama yetuk kadrlar boʻlib yetishishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek, ularda yuksak maʼnaviy va axloqiy fazilatlarni rivojlantirish, taʼlim-tarbiya va amaliyot uygʻunligini samarali tashkil etish.
3. Quyidagilar:
Andijon davlat texnika instituti faoliyatini tashkil etish hamda uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha “yoʻl xaritasi” 1-ilovaga muvofiq;
Andijon davlat texnika institutiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berilayotgan obyektlar roʻyxati 2-ilovaga muvofiq;
Andijon davlat texnika institutiga biriktirilayotgan oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Andijon viloyati hokimligi bilan birgalikda:
2024/2025 oʻquv yilidan boshlab yirik ishlab chiqarish korxonalarini Institutga sanoat hamkori sifatida biriktirish hamda ushbu tizimning samarali faoliyatini taʼminlash;
Institutga yetakchi xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarida faoliyat yurituvchi chet ellik va (yoki) yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchisi boʻlgan mahalliy mutaxassislarni shartnoma asosida jalb etish choralarini koʻrsin.
5. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
a) 2024/2025 oʻquv yili davomida:
malaka talablari va fanning oʻquv dasturlari ish beruvchilarning takliflari hamda yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari dasturlari asosida xalqaro taʼlim standartlariga moslashtirilgan holda taʼlim jarayoniga joriy etilishini taʼminlasin;
Institut boshqaruv kadrlari lavozimlariga oliy taʼlim tashkilotlarida yuqori natijalar koʻrsatgan, uzoq yillik ish tajribasiga ega, xorijiy tillarni biladigan, nufuzli xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarida tahsil olgan yoki malaka oshirgan istiqbolli mutaxassislarni jalb etsin;
Institutni tanlov asosida ishlab chiqarish, oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarida katta ilmiy va (yoki) amaliy tajriba orttirgan mutaxassislar, ustuvor ravishda, ilmiy darajaga ega boʻlgan yuqori malakali kadrlar bilan toʻldirish choralarini koʻrsin;
b) 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab:
Institutda energetika muhandisligi, sunʼiy intellekt, mexatronika va robototexnika kabi yoʻnalishlarda kadrlar tayyorlash hajmi oshirilishini taʼminlasin;
Institut talabalarining fanlarni oʻzlashtirish koʻrsatkichini va professor-oʻqituvchilarning faoliyat samaradorligini xalqaro standartlar asosida baholash tizimini joriy etsin;
Institutda Taʼlim xizmatlari markazini tashkil etib, talabalarga oʻqish davomida yuzaga keladigan tashkiliy va huquqiy masalalar boʻyicha barcha zarur xizmatlarning “yagona darcha” tamoyili asosida koʻrsatilishini yoʻlga qoʻysin;
Institutning bakalavriat va magistratura bosqichlariga oʻqishga qabul qilingan iqtidorli talabalar uchun alohida guruhlarda darslarni xorijiy tillarda oʻtkazishni tashkil etsin.
6. Belgilansinki:
a) Andijon mashinasozlik instituti, Andijon iqtisodiyot va qurilish instituti hamda Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutining Andijon fakultetida tahsil olayotgan barcha talabalar oʻqishini Institutda davom ettiradi va 2024/2025 oʻquv yilidan boshlab bitiruvchi kurs talabalariga belgilangan tartibda Institut diplomi beriladi;
b) Institut davlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimida faoliyat yuritadi;
v) Institut faoliyatini moliyalashtirish:
Davlat budjeti mablagʻlari, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar, xoʻjalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan tushumlar, homiylik xayriyalari va grantlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
2024-yilda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchi sifatida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga ajratiladigan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi, 2025-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
7. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov hamda Andijon viloyati hokimi Sh.K. Abduraxmanov belgilansin.
Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari O.Q. Abduraxmanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 18-noyabr,
PQ-396-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-noyabrdagi PQ-396-son qaroriga 1-ILOVA
Andijon davlat texnika instituti faoliyatini tashkil etish hamda uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-noyabrdagi PQ-396-son qaroriga 2-ILOVA
Andijon davlat texnika institutiga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berilayotgan obyektlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 18-noyabrdagi PQ-396-son qaroriga 3-ILOVA
Andijon davlat texnika institutiga biriktirilayotgan oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlari