PQ-48-son Qaror · 10.02.2025

Tahliliy va tadqiqotchilik faoliyatini tashkil qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-48
  • Qabul qilingan sana:10.02.2025
  • Kuchga kirgan sana:12.02.2025
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/25/48/0128

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 31-dekabrdagi “Mamlakatning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy rivojlanish sohalaridagi strategik tahlil va tadqiqot qilish faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-467-son qarori ijrosini samarali tashkil etish hamda mamlakatda tahlil va tadqiqot faoliyatini amalga oshirish uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rejalashtirish va rivojlanish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengash (keyingi oʻrinlarda — Muvofiqlashtiruvchi kengash) huzurida alohida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Tadqiqotlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etilsin.

(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-oktabrdagi PF-201-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.11.2025-y., 06/25/201/1000-son)

2. Belgilansinki, Jamgʻarma mablagʻlari Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasida alohida ochilgan hisobraqamlarda jamlanadi va Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan belgilangan tartibda sarflanadi.

3. Belgilansinki:

a) quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbalari hisoblanadi:

Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining 25 million AQSH dollari miqdoridagi bir martalik begʻaraz toʻlovi;

xalqaro, xorijiy va mahalliy tashkilotlarning grantlari va homiylik mablagʻlari;

Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan tushadigan daromadlar;

qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;

b) Jamgʻarma mablagʻlari quyidagilarga yoʻnaltiriladi:

Muvofiqlashtiruvchi kengashning faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha tadqiqotlarni amalga oshirish;

tahliliy materiallarni tayyorlash va tadqiqotlarni oʻtkazish uchun grantlar ajratish;

ekspertlik, tadqiqotga oid va boshqa xizmatlarni koʻrsatuvchi mahalliy va xorijiy jismoniy va yuridik shaxslar xizmat haqi uchun toʻlovlarni amalga oshirish;

tahlil va tadqiqot yoʻnalishida tuzilgan vaqtinchalik loyiha guruhlari faoliyatini moliyalashtirish;

ijtimoiy soʻrovlar va jamoatchilik fikrini oʻrganish boʻyicha tadqiqotlarni amalga oshirish;

tahlilchilar va mutaxassislarni oʻqitish va ularning malakasini oshirish;

nashrlar, adabiyotlar, maʼlumotlar bazalari va tadqiqotlar natijalarini tayyorlash va xarid qilish hamda ularga obuna boʻlish;

ilmiy-tadqiqot sohasidagi konferensiyalar va boshqa tadbirlarni tashkil qilish hamda ularning ishida ishtirok etish xarajatlarini toʻlash;

Muvofiqlashtiruvchi kengashning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha boshqa xarajatlarni qoplash.

Jamgʻarma mablagʻlari maqsadli va samarali sarflanishi ustidan nazorat Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan amalga oshiriladi.

4. Jamgʻarmaning moliyaviy barqarorligini taʼminlash maqsadida Muvofiqlashtiruvchi kengashga quyidagilarga ruxsat berilsin:

Jamgʻarma mablagʻlarini milliy va xorijiy valyutalarda bank depozitlariga joylashtirish;

grantlar va begʻaraz texnik koʻmak vositalarini jalb qilish;

jismoniy va yuridik shaxslarga toʻlov asosida tadqiqotlar natijalari va maʼlumotlar bazalaridan foydalanish hamda tadbirlarda ishtirok etish imkoniyatlarini berish.

5. Muvofiqlashtiruvchi kengash (S. Umurzakov) bir oy muddatda Jamgʻarma mablagʻlarini boshqarish va ulardan foydalanish tartibini tasdiqlasin.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2025-yil 10-fevral,

PQ-48-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.