Buyuk vatandoshimiz, islomiy ilmlar rivojiga ulkan hissa qoʻshgan benazir alloma, kalom ilmining sultoni Imom Abu Mansur Moturidiyning (keyingi oʻrinlarda — Imom Moturidiy) ibratli hayot yoʻli va boy ilmiy-maʼnaviy merosini har tomonlama chuqur oʻrganishni ragʻbatlantirish, moturidiylik taʼlimotiga xos bagʻrikenglik va moʻtadillik tamoyillarini xalqimiz va jahon jamoatchiligi oʻrtasida keng targʻib etish, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida qaror qilaman:
1. Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi, Samarqand viloyati hokimligi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2025-yilda Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligiga bagʻishlangan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tashkiliy qoʻmita (A. Aripov) ikki hafta muddatda Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligini allomaning islom olamidagi obroʻ-eʼtibori va nufuziga munosib tarzda yuqori saviyada nishonlash boʻyicha quyidagilarni nazarda tutadigan chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin:
(a) 2025-yil aprel oyida Samarqand shahrida “Moturidiylik — bagʻrikenglik, moʻtadillik va maʼrifat taʼlimoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazish;
(b) xorijlik tadqiqotchilar oʻrtasida moturidiylik taʼlimoti boʻyicha ilmiy tanlov oʻtkazish, gʻoliblar ishtirokida Oʻzbekistonda madaniy-maʼrifiy uchrashuv va seminar-treninglar tashkil etish;
(v) Imom Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” va “Kitob at-tavhid” asarlari va moturidiylik taʼlimotiga oid manbalarning oʻzbek va xorijiy tillardagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini nashr etish;
(g) Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligiga bagʻishlangan esdalik suvenirlarini muomalaga chiqarish hamda pochta markalari, taqvimlar, buyuk mutafakkirning hayoti va ilmiy merosini yoritib beradigan boshqa koʻrgazmali axborot vositalari turkumini yaratish;
(d) Imom Moturidiyning serqirra hayot yoʻli va ilmiy merosining bugungi kundagi ahamiyatini ochib beradigan badiiy-publitsistik film yaratish;
(e) Samarqand viloyatida Imom Moturidiy va moturidiylik taʼlimoti yoʻnalishida faoliyat olib borgan allomalarning hayoti, ilmiy va ijodiy merosiga bagʻishlangan asarlarning nodir qoʻlyozma va nashr nusxalari hamda kitoblari koʻrgazmasini tashkil etish;
(j) Samarqand shahridagi Abu Mansur Moturidiy majmuasini qayta taʼmirlash va obodonlashtirish.
4. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi:
(a) Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan birgalikda 2025-yil may va oktabr oylarida Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “Moturidiylik taʼlimoti va hozirgi zamon” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasini hamda ilmiy maqolalar tanlovini oʻtkazsin;
(b) moturidiylik taʼlimotiga mansub allomalarning ilmiy merosi va noyob qoʻlyozma asarlarni oʻrganish boʻyicha Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasini belgilangan tartibda shakllantirib borsin.
5. Oʻzbekiston musulmonlari idorasiga imom-xatiblar hamda diniy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida “Moturidiylik taʼlimoti bilimdoni” tanlovini oʻtkazish va gʻoliblarni munosib taqdirlash tavsiya etilsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda 2025-yil davomida joylarda Imom Moturidiyning ilmiy merosiga bagʻishlangan davra suhbatlarini tashkil etsin.
7. Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Madaniy meros agentligi bilan birgalikda:
(a) xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan Imom Moturidiy va moturidiylik taʼlimotiga mansub allomalarning hayoti va ilmiy merosiga oid noyob qoʻlyozma asarlar va boshqa madaniy boyliklarni aniqlash, ularning nusxalarini Oʻzbekistonga olib kelish va tadqiq qilishni tizimli ravishda tashkil etsin;
(b) Imom Moturidiyning hayoti va ilmiy faoliyatiga bagʻishlangan yuqori sifatli mediamahsulotlar hamda audiovizual asarlar yaratish, ularni mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish, internet tarmogʻi va ijtimoiy tarmoqlarda keng targʻib qilish choralarini koʻrsin.
8. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi va Oʻzbekiston milliy media assotsiatsiyasiga Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritib borish tavsiya etilsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.Q. Davletov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 14-mart,
PQ-102-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-martdagi PQ-102-sonli qarorigaILOVA
Imom Moturidiy tavalludining 1155-yilligiga bagʻishlangan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita
1.A. Aripov—Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Tashkiliy qoʻmita raisi2.R. Davletov —Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, Tashkiliy qoʻmita raisi oʻrinbosari3.X. Sultonov—Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi4.S. Toshboyev—Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi5.B. Saidov—tashqi ishlar vaziri6.I. Maxkamov—transport vaziri7.K. Sharipov —oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri8.O. Nazarbekov—madaniyat vaziri9.U. Shadiyev—Turizm qoʻmitasi raisi10.B. Abduhalimov—Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti11.B. Abdikarimov—Madaniy meros agentligi direktori12.N. Xoliqnazar—Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy13.A. Boboyev —Samarqand viloyati hokimi v.b.14.O. Xasanov—Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari15.S. Saidov—Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi16.Sh. Rizayev—Kinematografiya agentligi bosh direktori v.b.17.A. Djurabayev—Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi18.Sh. Xudaykulov—“Uzbekistan Airways” AJ boshqaruvi raisi19.M. Kamilov —Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori20.J. Karimov—Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori, Tashkiliy qoʻmita kotibi
Izoh: Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.