Sud tizimi uchun yuqori malakali huquqshunos kadrlar tayyorlash tizimini xalqaro standartlar asosida yanada takomillashtirish, taʼlim, ilm-fan va amaliyot uzviyligini taʼminlash orqali professional sudyalar korpusini shakllantirish, shuningdek, “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi ijrosini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar sud-huquq sohasida malakali kadrlar tayyorlashning yangi tizimini joriy etishdagi ustuvor maqsadlar etib belgilansin:
(a) sud tizimi uchun har tomonlama yetuk, zamonaviy bilim va zarur kasbiy koʻnikmalarga ega yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tashkil etish;
(b) sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudya va sud apparati xodimlarining malakasini oshirish, rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada boʻlgan sudyalarni qayta tayyorlash, taʼlim oluvchilarda sudyalik kasbiy madaniyatini shakllantirishga qaratilgan dasturlarni joriy etish;
(v) boʻlajak sudyalarda mustaqil, xolis, begʻaraz, faqat qonunga tayangan holda va adolat bilan ish yuritishning kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan interfaol oʻqitish uslublarini taʼlim jarayoniga tatbiq etish;
(g) tinglovchi va talabalarda yuksak maʼnaviy va axloqiy fazilatlarni shakllantirish, taʼlim jarayonida korrupsiyaga qarshi kurashish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlashning taʼsirchan mexanizmlarini joriy qilish;
(d) sudyalik lavozimlariga nomzodlar, sudya va sud apparati xodimlarida zamonaviy axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan amaliyotda foydalanish koʻnikmalarini shakllantirish;
(j) sud faoliyatini ilmiy-uslubiy jihatdan taʼminlash, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar oʻtkazish, shuningdek, sud-huquq sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish;
(z) oʻquv jarayoni sifatini oshirishga qaratilgan idoralararo tajriba almashish, shuningdek, sud tizimi uchun huquqshunos kadrlar tayyorlovchi, shu jumladan, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash va sudyalar malakasini oshirishga ixtisoslashgan xorijiy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish.
II. Sudyalar oliy maktabi faoliyatini tubdan isloh qilish
2. Sudyalar oliy kengashi, Oliy sud, Adliya vazirligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasini (keyingi oʻrinlarda — Akademiya) tashkil etish haqidagi taklifi maʼqullansin.
3. Belgilansinki:
(a) Akademiyada taʼlim jarayoni ustoz-shogird anʼanasi asosida “boʻlajak sudyani sudya oʻqitadi” tamoyiliga muvofiq tashkil etiladi;
(b) Akademiya Sudyalar oliy kengashi huzurida faoliyat yurituvchi, yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan ixtisoslashtirilgan davlat taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi;
(v) Akademiya Sudyalar oliy maktabining barcha huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
(g) Akademiyaga Sudyalar oliy kengashi raisining taqdimnomasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan rektor rahbarlik qiladi;
(d) Akademiya rektori mehnatga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish, tibbiy va transport taʼminoti shartlariga koʻra Oliy sud raisining oʻrinbosariga tenglashtiriladi;
(j) Akademiya prorektorlari Sudyalar oliy kengashi raisi bilan kelishilgan holda Akademiya rektori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi;
(z) Akademiya prorektorlari va professor-oʻqituvchilariga Oliy sud sudyalari uchun, Akademiyaning boshqa xodimlariga esa Oliy sud apparati xodimlari uchun belgilangan mehnatga haq toʻlash, moddiy ragʻbatlantirish, tibbiy va transport taʼminoti shartlari va boshqa imtiyozlar tatbiq etiladi;
(i) Akademiyaning oldingi ish joyi boʻyicha harbiy, maxsus va darajali unvonlar hamda malaka (mansab) darajasiga ega xodimlariga Oliy sud uchun nazarda tutilgan mansab darajalari tegishliligicha beriladi, koʻp yillik xizmatlari uchun ustama va qoʻshimcha toʻlovlar toʻlanadi, ularning Akademiyada ishlagan davri harbiy, maxsus va darajali unvonlar hamda malaka (mansab) darajalarini olish uchun zarur boʻlgan ish stajiga qoʻshiladi;
(k) Akademiyaga ishga jalb etilgan va malaka darajasiga ega boʻlgan sudyalar va ularga tenglashtirilgan shaxslarda sudya uchun belgilangan ustama va qoʻshimcha toʻlovlar, imtiyozlar, tibbiy va pensiya taʼminoti sharoitlari saqlab qolinadi. Ushbu shaxslarning Akademiyada ishlagan vaqti sudyalik stajiga qoʻshiladi.
4. Sudyalar oliy kengashi raisi Akademiya faoliyatini samarali tashkil etishga, natijadorlikni taʼminlashga hamda uning boshqa davlat organlari va tashkilotlar bilan idoralararo hamkorligini muvofiqlashtirib borishga shaxsan masʼul etib belgilansin.
5. Akademiya xodimlariga maxsus unvonlar va mansab darajalari berish Sudyalar oliy kengashi raisi tomonidan amalga oshiriladi.
III. Sudyalarni qayta tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish
6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2025-yil 1-oktabrdan boshlab:
(a) sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash Akademiyaning olti oylik kasbiy qayta tayyorlash kurslarida (keyingi oʻrinlarda — kasbiy qayta tayyorlash kurslari) davlat granti asosida sud ixtisosliklari boʻyicha tashkil etiladi;
(b) kasbiy qayta tayyorlash kurslariga qabul qilingan shaxslar ularning egallagan lavozimi butun oʻqish davri mobaynida saqlangan holda asosiy ish joyi boʻyicha lavozimidan ozod qilinadi;
(v) kasbiy qayta tayyorlash kurslari tinglovchilariga sudya yordamchisining bir oylik mehnatiga haq toʻlash fondi miqdorida har oyda stipendiya toʻlanadi;
(g) kasbiy qayta tayyorlash kurslariga kirish uchun Sudyalar oliy kengashi tomonidan nomzodlarning benuqson obroʻ-eʼtibori, halolligi va layoqatliligi boʻyicha kasbiga munosibligi oʻrganiladi;
(d) kasbiy qayta tayyorlash kurslariga qabul qilish psixologiya, chet tillari va sud ixtisosligi boʻyicha test sinovlarini oʻtkazish hamda Sudyalar oliy kengashi tomonidan tashkil etiladigan idoralararo komissiya tomonidan oʻtkaziladigan yozma imtihon va yakka tartibdagi suhbatdan iborat tanlov orqali amalga oshiriladi. Bunda test sinovlari Akademiya buyurtmasiga binoan Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan amalga oshiriladi;
(j) kasbiy qayta tayyorlash kurslari qonunchilikni qoʻllash koʻnikmasining amaliyot bilan uzviy bogʻliqligini taʼminlagan holda “nazariya — amaliyot-imitatsiya” tamoyili asosida dual taʼlim shaklida tashkil etiladi;
(z) kasbiy qayta tayyorlash kurslari tinglovchilarining amaliy koʻnikmasini shakllantirish maqsadida amaliy mashgʻulotlar deontologik uslubda oʻtkaziladi. Bunda tinglovchilarning tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar, advokatura, sud-ekspertiza va boshqa davlat organlari va muassasalari faoliyatida bevosita ishtirok etishi taʼminlanadi;
(i) kasbiy qayta tayyorlash kurslarida sud majlislarini real vaqt rejimida kuzatish va sudyaning protsessual harakatlarini tahlil qilish imkonini beruvchi “virtual sud” mashgʻulotlari joriy etiladi, shuningdek, sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish boʻyicha oʻquv darslari tashkil etiladi;
(k) kasbiy qayta tayyorlash kurslarini tamomlaganda Sudyalar oliy kengashi rahbarligida tashkil etiladigan idoralararo komissiya tomonidan yakuniy attestatsiya imtihoni oʻtkaziladi hamda undan muvaffaqiyatli oʻtgan bitiruvchilarga belgilangan namunadagi sertifikat beriladi;
(l) kasbiy qayta tayyorlash kurslarini muvaffaqiyatli tugatganligi toʻgʻrisidagi sertifikatga ega boʻlgan shaxslar arizasiga asosan boʻsh sudyalik lavozimlariga oʻtkaziladigan tanlovlarda ishtirok etadilar;
(m) kasbiy qayta tayyorlash kurslarida oʻqish dasturini oʻzlashtirmagan va yakuniy attestatsiya imtihonidan muvaffaqiyatli oʻtmagan tinglovchilar, boʻsh sudyalik lavozimiga uch yilgacha muddatda ariza topshirmagan yoki taklif etilgan sudyalik lavozimini egallashni rad etgan bitiruvchilar oʻqish davrida olingan stipendiya summasini Davlat budjetiga toʻliq miqdorda qoplab beradilar.
IV. Akademiyada malaka oshirishning yangicha uslublarini tatbiq etish
7. Akademiyada sudya va sud apparati xodimlarining majburiy malakasini oshirishning quyidagi tartibi joriy etilsin:
(a) besh yil muddatga tayinlangan sudyalar — har ikki yilda ikki haftadan kam boʻlmagan;
(b) oʻn yil muddatga tayinlangan sudyalar — har uch yilda ikki haftadan kam boʻlmagan;
(v) Oliy sud sudyalari, sud raislari va rais oʻrinbosarlari, shuningdek, muddatsiz davrga tayinlangan sudyalar — har uch yilda bir haftadan kam boʻlmagan;
(g) faoliyat samaradorligi reytingining past koʻrsatkichlariga ega sudyalar — navbatdan tashqari ikki haftadan kam boʻlmagan;
(d) sud apparati xodimlari (sudya yordamchisi, devonxona va arxiv mudirlari) — har ikki yilda bir haftadan kam boʻlmagan malaka oshirish kurslarida oʻqitiladi.
8. Belgilansinki:
(a) amaldagi sudyalar uchun Oliy sud tomonidan belgilanadigan murakkab toifadagi ishlar boʻyicha malaka oshirish kurslari tashkil etiladi;
(b) sud apparati xodimlarining malakasini oshirish Oliy sud buyurtmasi asosida rejali, shuningdek, ularning xohishiga koʻra ixtiyoriy amalga oshiriladi.
9. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) tuman (shahar) va viloyat sudlarining tegishli rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zaxirada boʻlgan sudyalar davomiyligi ikki oygacha boʻlgan rahbar kadrlarni qayta tayyorlash kurslarida oʻqitiladi;
(b) rahbar kadrlarni qayta tayyorlash hamda malaka oshirish kurslari tinglovchilarining oʻqish davomida asosiy ish joyi boʻyicha lavozimi va oʻrtacha oylik ish haqi saqlanadi;
(v) tuman (shahar) va viloyat sudlarida tegishli rahbarlik lavozimlariga, qoida tariqasida, faqat rahbar kadrlarni qayta tayyorlash kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan sudyalar tayinlanadi;
(g) rahbar kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslari ishdan ajralgan holda tashkil etiladi hamda kurslarni tamomlagan sudya va sud apparati xodimlariga belgilangan namunadagi sertifikat beriladi.
V. Akademiyada oʻqitishni tashkil etish
10. Akademiyada 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab “Sud faoliyati” mutaxassisligi boʻyicha amaliy magistratura dasturi asosida oʻqitish tashkil etilsin.
11. Belgilansinki:
(a) magistratura bosqichida oʻquv jarayoni taʼlimning kunduzgi va kechki shakllarida tashkil etiladi;
(b) Akademiyaga qabul qilishda nomzodlarning muayyan toifalariga respublikaning boshqa oliy taʼlim tashkilotlariga kirish uchun qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etilmaydi;
(v) Akademiyada taʼlim olish muddati magistratura dasturi boʻyicha bir yilni tashkil etib, bitiruvchilarga oliy yuridik taʼlimning tegishli bosqichini yakunlaganligini tasdiqlovchi davlat namunasidagi diplom beriladi;
(g) Akademiya magistratura dasturlari boʻyicha qabul parametrlari har yili Akademiya Kengashi taklifi asosida Sudyalar oliy kengashi tomonidan tasdiqlanadi;
(d) Akademiya magistraturasida oʻqitish toʻlov-kontrakt asosida tashkil etilib, uning qiymati Akademiya Kengashi va Sudyalar oliy kengashi tomonidan belgilanadi.
VI. Akademiya faoliyatini samarali tashkil etish va Farmon ijrosini nazorat qilish
12. Quyidagilar:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasining tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
(b) Oʻzbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi xodimlari mehnatiga haq toʻlash razryadlari 2-ilovaga muvofiq;
(v) Oʻzbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasining shtat jadvali 3-ilovaga muvofiq;
(g) Oʻzbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasining faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
13. Quyidagi huquqlar berilsin:
(a) Sudyalar oliy kengashiga — hududlarning ixtisoslik boʻyicha sudya kadrlarga boʻlgan ehtiyojini inobatga olgan holda kasbiy qayta tayyorlash kurslariga qabul qilishda hududlar kesimida kvotalarni belgilash;
(b) Sudyalar oliy kengashi va Oliy sudga — Akademiyaga nomzodlarni oʻqishga qabul qilish tartibini belgilash;
(v) Akademiya Kengashiga:
(i) Akademiyada kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha oʻquv rejalari, dasturlari va malakaviy talablarni Sudyalar oliy kengashi va Oliy sud bilan kelishilgan holda tasdiqlash;
(ii) professor-oʻqituvchilar tarkibining mehnatini meʼyorlashtirish, ish vaqtini faqat oʻquv tadbirlariga asoslangan holda mustaqil tashkil etish, shuningdek, pedagogik xodimlar tomonidan ilmiy-uslubiy, ilmiy-tadqiqot, tashkiliy-uslubiy, maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlarni bajarishni ragʻbatlantirish;
(iii) boshqaruv, professor-oʻqituvchilar, ilmiy, oʻquv-yordamchi, texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish maxsus jamgʻarmasini shakllantirish va uning mablagʻlaridan foydalanish tartibini, shuningdek, ushbu mablagʻlar hisobidan Akademiya xodimlariga oylik ustamalar belgilash mezonlarini tasdiqlash;
(g) Akademiyaga:
(i) yetakchi taʼlim tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot institutlari, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning, shu jumladan, xorijiy mamlakatlarning yuqori malakali mutaxassis va ekspertlarini mehnatga soatbay haq toʻlash shartlarida oʻquv jarayonlariga jalb etish. Bunda jalb etiladigan mutaxassislarning mehnatiga haq toʻlash miqdorlari Akademiya Kengashi tomonidan belgilanadi;
(ii) toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish va pulli xizmatlardan tushgan mablagʻlarni Akademiya tasarrufida qoldirish va ushbu mablagʻlarni Akademiya tinglovchilarining xorijiy mamlakatlarda stajirovka oʻtashiga, xorijiy ekspertlarni oʻquv jarayoniga jalb etishga, pulli oʻquv kurslari maʼruzachilarining ish haqini toʻlashga, shuningdek, xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilishga yoʻnaltirish;
(iii) ilmiy faoliyat, taʼlim, noshirlik, matbaa va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha pulli xizmatlar koʻrsatish;
(iv) Akademiyada ilmiy-pedagogik faoliyatni amalga oshirishda Oliy sudning “Adolat” axborot tizimlari kompleksidan foydalanish;
(v) korxona, muassasa va tashkilotlarning buyurtmasiga asosan sudga murojaat qilish va nizolarni koʻrishda ularning protsessual huquqlarini amalga oshirish masalalari boʻyicha xodimlarning bilimlarini oshirish maqsadida toʻlov asosida maxsus malaka oshirish kurslarini tashkil etish;
(d) Akademiya rektoriga:
(i) Akademiya tuzilmasiga xodimlarning umumiy cheklangan soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish;
(ii) yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek, qoʻshma taʼlim dasturlarini amalga oshirish borasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida memorandum va bitimlar tuzish.
14. Quyidagilar Akademiya faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari;
(b) Akademiyada toʻlov-kontrakt shaklida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;
(v) shartnoma asosida bajariladigan ilmiy-tadqiqot, axborot-tahliliy ishlar, taʼlim va boshqa xizmatlardan tushadigan tushumlar;
(g) Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan grant tanlovlari natijalari asosida ajratiladigan mablagʻlar;
(d) xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlarning grant va maqsadli mablagʻlari;
(j) qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Bunda 2025-yilda Akademiyani saqlash bilan bogʻliq xarajatlar respublika budjetidan Sudyalar oliy maktabini saqlash uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida moliyalashtiriladi, 2026-yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutib boriladi.
15. Akademiyada budjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarini ragʻbatlantirish maxsus jamgʻarmasi bilan birga Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan boshqaruv, professor-oʻqituvchilar, ilmiy, oʻquv-yordamchi, texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish maxsus jamgʻarmasi ularning mehnatiga haq toʻlash fondining 50 foizigacha miqdorida tashkil etilsin.
16. Tashqi ishlar vazirligi:
(a) Akademiyaning professor-oʻqituvchilari va tinglovchilarining yetakchi xorijiy taʼlim tashkilotlari va ilmiy-tadqiqot muassasalarida malaka oshirish kurslarida ishtirok etishi va stajirovka oʻtashida koʻmaklashsin;
(b) Akademiyaning buyurtmasiga binoan oʻquv va ilmiy jarayonida ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislar, professor-oʻqituvchilar tarkibi va ilmiy xodimlarga konsullik va boshqa yigʻimlarni undirmasdan kirish vizalari belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
17. Vazirlar Mahkamasi:
(a) 2025-yil yakuniga qadar Akademiyani joylashtirish hamda bino va xonalarni rekonstruksiya qilish, zamonaviy uskunalar, aloqa va telekommunikatsiya vositalari bilan jihozlash, shuningdek, Akademiyani zarur oʻquv-uslubiy baza bilan taʼminlashni nazarda tutadigan Hukumat qarorini qabul qilsin;
(b) 2025-yil 1-oktabrdan boshlab Sudyalar oliy maktabining amaldagi oʻquv muddatlarini qisqartirishdan iqtisod qilinayotgan mablagʻlar hisobidan Akademiya tuzilmasiga 20 tagacha professor-oʻqituvchilar shtat birligini kiritish choralarini koʻrsin.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 5-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
19. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-yanvardagi “Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4096-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
20. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Sudyalar oliy kengashi raisi X.B. Yodgorov belgilansin.
21. Farmon ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining sud tizimini isloh qilish boʻyicha oʻrinbosari N.J. Xakimova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 21-avgust,
PF-141-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgustdagi PF-141-son Farmoniga1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasining
Izoh:
Shtat birliklarining umumiy cheklangan soni (texnik, xizmat koʻrsatuvchi va oʻquv-yordamchi xodimlarni hisobga olmagan holda) — 37 birlik, shu jumladan, professor-oʻqituvchilar tarkibi — 18 birlik, boshqaruv xodimlari — 19 birlik.
Texnik, xizmat koʻrsatuvchi va oʻquv-yordamchi xodimlarning soni oliy taʼlim muassasalari uchun oʻrnatilgan normativlarga muvofiq aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgustdagi PF-141-son Farmoniga2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi xodimlari mehnatiga haq toʻlash
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgustdagi PF-141-son Farmoniga3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasining
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgustdagi PF-141-son Farmoniga4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasining faoliyatini samarali tashkil etish boʻyicha
Izoh: mazkur “Yoʻl xaritasi”dagi tadbirlar tegishli chora-tadbirning sohasi va predmetiga qarab qayta koʻrib chiqilishi, shuningdek, bir hujjatga birlashtirilishi mumkin. Bunda ikki yoki undan ortiq chora-tadbirlar birlashtirilgan hollarda, ushbu masalalarning oxirgi bajarish muddati qoʻshma chora-tadbirlarning bajarilishi uchun belgilangan oxirgi muddat hisoblanadi. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish jarayonida “Yoʻl xaritasi”da koʻrsatilgan tadbirlar mazmuniga mos keladigan boshqa masalalar ham hisobga olinishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-avgustdagi PF-141-son Farmoniga5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-iyuldagi “Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish va sud hokimiyati organlariga ishonchni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5482-son Farmoni 5-bandining toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bunda Oliy sud matbuot xizmati rahbari, Odil sudlov akademiyasi rektori va prorektorlariga alohida mehnat sharoitlari uchun ustama toʻlanmaydi”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-dekabrdagi PF-6127-son Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining tuzilmasidagi “Sudyalar oliy maktabi” bloki “Odil sudlov akademiyasi” bloki bilan almashtirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-yanvardagi “Sud organlari faoliyatini moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6134-son Farmonida:
1-bandning birinchi xatboshisidagi “Sudyalar oliy maktabi” soʻzlari “Odil sudlov akademiyasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
2-banddan “Sudyalar oliy maktabi,” soʻzlari chiqarib tashlansin;
4-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi faoliyatini moddiy-texnika va moliyaviy jihatdan taʼminlash toʻgʻrisida”gi PQ-2951-son qarorining 1-bandi uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining raisi Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamgʻarmasi kuzatuv kengashining tarkibiga kiradi”.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 23-avgustdagi “Sudlar va adliya organlari faoliyatini moddiy-texnik va moliyaviy taʼminlash tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-3240-son qarorida:
4-bandning ikkinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi (keyingi oʻrinlarda — Oliy maktab) direktori” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi (keyingi oʻrinlarda — Akademiya) rektori” soʻzlari bilan almashtirilsin;
5-banddagi “Oliy maktab” va “Oliy maktabning” soʻzlari tegishincha “Akademiya” va “Akademiyaning” soʻzlari bilan almashtirilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-iyuldagi “Odil sudlov saroyi” kompleksini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi F-4997-son farmoyishining 1-bandi ikkinchi xatboshisidan “Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Odil sudlov muammolarini oʻrganish tadqiqot markazi,” soʻzlari chiqarib tashlansin.