PF-185-son Farmon · 20.10.2025

Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan ishonchli muhofaza qilish sohasini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-185
  • Qabul qilingan sana:20.10.2025
  • Kuchga kirgan sana:21.10.2025
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/25/185/0956

Respublikamiz aholisi va hududlarini favqulodda vaziyatlardan ishonchli muhofaza qilishda ilgʻor xorijiy tajribalarni inobatga olgan holda ilmiy-texnik yondashuvlar asosida samarali profilaktika va davlat nazoratining yangi mexanizmlarini yoʻlga qoʻyish hamda sohaga zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etish boʻyicha milliy tajribani yaratish maqsadida qaror qilaman:

I. Ustuvor yoʻnalishlar

1. Quyidagilar aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan ishonchli muhofaza qilish sohasini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish borasidagi islohotlarning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:

(a) hududlarda favqulodda vaziyatlarning barvaqt oldini olish va oqibatlarini kamaytirish faoliyatini ustuvor vazifa sifatida qabul qilish orqali mahallalar darajasida keng qamrovli profilaktika mexanizmlarini yaratish va samarali tatbiq qilish;

(b) energetika, yirik ishlab chiqarish, qurilish va xizmat koʻrsatish obyektlarida favqulodda vaziyatlarning oldini olish, xavfni boshqarish, texnogen avariyalarni oʻz vaqtida bartaraf etishning yangi standart hamda metodikalarini ishlab chiqish va favqulodda vaziyatlar sharoitlarida harakatlanish amaliyotida yoʻlga qoʻyish;

(v) favqulodda vaziyatlar yoʻnalishida davlat nazorati shakllarining talablari hamda meʼyorlarini zamon talablariga mos ravishda qayta koʻrib chiqish hamda ularni amalga oshirish mexanizmlarini transformatsiya qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar tizimini belgilash;

(g) favqulodda vaziyatlar xavfini bartaraf etish sohasiga sunʼiy intellekt, robototexnika va zamonaviy raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, mazkur holatlarning oldini olishga masʼul idora va tashkilotlarning axborot tizimlarini yagona texnologik platformaga birlashtirish;

(d) barcha boʻgʻindagi favqulodda vaziyatlar organlari uchun kadrlar va rahbarlarni maqsadli tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha dual taʼlimga asoslangan yaxlit, uzluksiz oʻquv tizimini yoʻlga qoʻyish, mazkur jarayonga oʻqitishning ilgʻor pedagogik usullarini tatbiq etish;

(j) favqulodda vaziyatlarning monitoringi va ularni prognozlash, shuningdek, aholi va hududlarni tabiiy ofatlar, texnogen avariyalar va yongʻinlar xavfidan muhofaza qilish sohasida manzilli ilmiy-innovatsion va sinov-tadqiqot ishlarini yoʻlga qoʻyish.

II. Sohani isloh qilishning tashkiliy asoslari

2. Quyidagilar:

(a) Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish tizimini rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;

(b) 2025 — 2027-yillarga moʻljallangan favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda — Kompleks dastur) 2-ilovaga muvofiq;

(v) 2025 — 2027-yillarga moʻljallangan favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish boʻyicha ishchi komissiya tarkibi (keyingi oʻrinlarda — Ishchi komissiya) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Favqulodda vaziyatlar vazirligi Ishchi komissiyaning faoliyatini tashkil etish va qarorlari ijrosini nazorat qilish boʻyicha ishchi organi etib belgilansin.

Ishchi komissiya (A.J. Ramatov):

(a) Kompleks dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlar oʻz vaqtida amalga oshirilishini doimiy nazorat qilsin hamda natijalarni har chorakda tanqidiy muhokama qilib borsin;

(b) aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va yongʻin xavfsizligini taʼminlash jarayonida tashkiliy choralarni koʻrishda malakali xorijiy ekspertlar belgilangan tartibda jalb etilishini taʼminlasin.

4. 2026-yil 1-yanvardan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

(a) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari Toshkent shahri va viloyatlar kengashlari tomonidan yiliga ikki marotaba tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining oʻz hududlarida favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish holati haqidagi hisobotlari eshitiladi;

(b) xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari tomonidan har chorakda tuman (shahar) hokimlarining oʻz hududlarida favqulodda vaziyatlarning oldini olish borasida amalga oshirgan ishlar haqidagi hisobotlari eshitiladi;

(v) hisobotlar jarayonida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha hududiy komissiyalar yuklangan vazifalar ijrosini tanqidiy muhokama qiladi hamda masʼuliyatsizlik bilan yondashayotgan rahbarlarga nisbatan tegishli choralarni koʻrish haqida takliflar kiritadi.

III. Soha boshqaruvida takrorlanuvchi funksiyalarni maqbullashtirish

5. Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimidagi Gidrometeorologik jarayonlarga taʼsir koʻrsatishni boshqarish xizmati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligiga barcha shtat birliklari, moliyaviy va moddiy-texnik bazasi, hududlardagi bino va inshootlari bilan birga amaldagi moliyalashtirish manbalari va tartiblari saqlangan holda oʻtkazilsin.

6. Favqulodda vaziyatlar vazirligining kichik hajmli kemalarni roʻyxatga olish (roʻyxatdan chiqarish), qayta roʻyxatdan oʻtkazish, kema bileti, bort raqami, kema haydovchisi guvohnomasini (dublikatini) berish, dastlabki va yillik (qayta) texnik koʻrikdan oʻtkazish vakolatlari (6 ta xizmatchi shtat birliklari bilan) Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasiga oʻtkazilsin.

IV. Kadrlarni ijtimoiy himoya qilish

7. 2025-yil 1-noyabrdan boshlab Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida mehnat shartnomasi asosida xizmat qilayotgan shaxsiy tarkibga imtiyozli shartlarda yoshga doir pensiya tayinlashda:

(a) 2014 — 2024-yillar davomida Favqulodda vaziyatlar vazirligining qutqaruv boʻlinmalarida, shuningdek, Ichki ishlar vazirligi tizimida boʻlgan professional yongʻin xavfsizligi boʻlinmalarida xizmatchilarning qutqaruv ishlari hamda yongʻinlarni oʻchirish bilan bogʻliq faoliyati mehnat sharoitlari yuzasidan attestatsiyadan oʻtkazilgan deb hisoblansin;

(b) 2020-yil 1-yanvarga qadar Ichki ishlar vazirligi tizimidagi professional yongʻin xavfsizligi boʻlinmalarida mehnat faoliyati qutqaruv ishlari va yongʻinlarni oʻchirish bilan bogʻliq boʻlgan ishlarni amalga oshirgan xizmatchilarning ish staji qutqaruvchi maqomidagi ish stajiga tenglashtirilsin.

V. Moliyaviy resurslar

8. Belgilab qoʻyilsinki, 2025-yil 1-noyabrdan boshlab Favqulodda vaziyatlar vazirligining xarajatlarini moliyalashtirish va budjetdan tashqari jamgʻarmasini shakllantirishda yongʻin xavfsizligi talablarini buzganlik uchun qoʻllanadigan jarimalar summasining 100 foizi Favqulodda vaziyatlar vazirligining budjetdan tashqari jamgʻarmasiga yoʻnaltiriladi.

VI. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat qilish

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.

10. Favqulodda vaziyatlar vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib favqulodda vaziyatlar vaziri B.B. Kudratxodjayev belgilansin.

12. Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departament boshligʻi D.B. Kadirov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2025-yil 20-oktabr,

PF-185-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi PF-185-son Farmoniga1-ILOVA

Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish tizimini rivojlantirish

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish tizimini rivojlantirish konsepsiyasi (keyingi oʻrinlarda — Konsepsiya) favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish sohasini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarishdagi davlat siyosatining asosiy vazifalari, ustuvor yoʻnalishlari, shuningdek, amalga oshirish mexanizmlarini belgilovchi muhim hujjat hisoblanadi.

2. Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish tizimi quyidagi asosiy tamoyillarga tayangan holda rivojlantiriladi:

inson qadrini taʼminlash (inson hayoti va sogʻligʻining ustuvorligi);

profilaktik tadbirlarning ustuvorligi;

oshkoralik va shaffoflik;

hamjihatlikda samarali harakatlanish;

sansalorlik va ziddiyatlarga yoʻl qoʻymaslik.

3. Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi manfaatlar:

favqulodda vaziyatlardan aholi hayoti, sogʻligʻi va moddiy boyliklarining ishonchli muhofaza qilinishi, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda zararni qoplash tartibi mavjudligi;

favqulodda vaziyatlar xavfi yuzaga kelganligi yoki roʻy berganligi haqida aholining xabardor boʻlishi, favqulodda vaziyatlarda toʻgʻri harakat qilish boʻyicha bilim va koʻnikmalarga ega boʻlish imkoniyatlarining mavjudligi;

favqulodda vaziyatlar xavfi monitoringi va prognozlash tizimida zamonaviy texnologiyalar imkoniyatidan va ilm-fan yutuqlaridan keng foydalanish;

favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish va bu borada xalqaro hamkorlikni kuchaytirish;

sohaga oid qonunchilik hujjatlari va standartlar buzilishining oldini olish, xavf-xatarlarni ilmiy-amaliy yondashuvlar asosida tahlil qilish, taʼsirchan davlat nazoratini oʻrnatish;

“oltin daqiqalar”da qutqaruv va kechiktirib boʻlmaydigan ishlar tezkorligini oshirish orqali qutqaruv tuzilmalarining moddiy-texnik taʼminotini yaxshilash;

favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishda davlat va jamiyat oʻrtasida uzviy hamkorlikni mustahkamlash, nodavlat va notijorat tashkilotlar hamda koʻngillilarning ishtirokini kuchaytirish, ommaviy axborot vositalarining rolini oshirish.

4. Quyidagilar favqulodda vaziyatlardan muhofazalanganlikni taʼminlovchi asosiy omillar hisoblanadi:

favqulodda vaziyatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan xavf manbalarining real holatidan kelib chiqib, zarur chora-tadbirlar belgilangani;

favqulodda vaziyatlar monitoringi va prognozlari asosida xavf tahliliga koʻra obyektlar va hududlar toifasining tasniflangani;

favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishda manzilli profilaktika tadbirlarining tashkil etilgani va ularning natijadorligi;

favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida vazifaga ega boʻlgan organlarning oʻz majburiyatlarini bajarishi holati;

favqulodda vaziyatlar xavfi yuzaga kelganda yoki roʻy berganda aholini va qutqaruv tuzilmalarini xabardor qilish tizimining tashkil etilgani;

favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish sohasida aholini hamda favqulodda vaziyatlar davlat tizimi subyektlari masʼul rahbar xodimlarining bilim va koʻnikmalari darajasi;

favqulodda vaziyatlarda korxona va tashkilotlarning barqaror faoliyat koʻrsatishi uchun tegishli choralar koʻrilgani;

favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasining ilmiy-texnik va innovatsion taʼminlangani hamda raqamlashtirish darajasi;

favqulodda vaziyatlar davlat tizimi subyektlarining malakali mutaxassislar bilan jamlangani;

zamonaviy maxsus texnika va asbob-anjomlar bilan jihozlangani, shuningdek, moddiy-texnik taʼminoti va moddiy resurslar zaxirasi shakllantirilgani.

2-bob. Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy maqsad va vazifalari

5. Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi davlat siyosatining maqsadi favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish subyektlari tomonidan shaxs, jamiyat va davlatning favqulodda vaziyatlardan zarur darajada ishonchli muhofaza qilinishini taʼminlashdan iborat.

6. Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishda profilaktik tadbirlarini “mahallabay” va “xonadonbay” amalga oshirish;

aholi, koʻngilli qutqaruvchilar va volontyorlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish ishlariga keng jalb etish;

sohaga zamonaviy axborot texnologiyalari, innovatsion yechimlar, shu jumladan, robototexnika, aviatsiya, uchuvchisiz uchish apparatlari, raqamlashtirish va sunʼiy intellekt imkoniyatlarini tatbiq etish;

sohaga oid normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, texnik jihatdan tartibga solish meʼyorlari va qoidalarini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish;

profilaktika tadbirlari ustuvorligi hamda xavf indikatorlari asosida xavfga yoʻnaltirilgan yondashuv bilan davlat nazoratini hamda bu sohada taʼsirchan jamoatchilik nazoratini taʼminlash;

transchegaraviy favqulodda vaziyatlar xavf manbalarini barvaqt aniqlash, xavf darajasi va ehtimoliy oqibatlarini baholash orqali kompleks chora-tadbirlarni belgilash va amalga oshirish;

monitoring va prognoz koʻrsatkichlarini baholash hamda yuzaga kelgan favqulodda vaziyatlar oqibatlari, talafoti va koʻlamini aniqlash metodikasi va metodologiyasini zamon talablariga muvofiqlashtirish;

energetika, radiatsiyaviy, kimyoviy, yonish-portlash va boshqa xavf manbai yuqori iqtisodiyot obyektlarining barqaror faoliyat koʻrsatishini taʼminlash;

aholini, mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar tashkilotlar rahbarlari tarkibini, xodimlarini va qutqaruv xizmatlari (tuzilmalari)ni favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish boʻyicha harakat qilishga tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirib borish tizimini takomillashtirish;

barcha darajadagi boshqaruv organlari va favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish uchun moʻljallangan kuch va vositalarning yetarli darajada ekanligi hamda doimiy shayligini taʼminlash;

maqsadli va ilmiy-texnik dasturlarni (tadbirlarni) rejalashtirish, amalga oshirish hamda sohada ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish.

3-bob. Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari va amalga oshirish mexanizmlari

7. Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:

“Favqulodda vaziyatdan muhofazalangan mahalla” tamoyili asosida favqulodda vaziyatlarning barvaqt oldini olish, ularni bartaraf etish va oqibatlarini kamaytirish chora-tadbirlari natijadorligini oshirish boʻyicha “mahallabay” kompleks profilaktika tadbirlarini amalga oshirish;

kun sayin rivojlanayotgan ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish industriyasini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha yangicha yondashuvlarning, shuningdek, ularda roʻy berishi mumkin boʻlgan xavflarni bartaraf etishning zamonaviy texnika va texnologiyalarini joriy etish;

favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida dual taʼlimga asoslangan oʻrta boʻgʻin va yuqori malakali professional kadrlarni uzluksiz tayyorlash, qayta tayyorlash, ularning malakasini hamda taʼlim muassasalarining ilmiy salohiyatini oshirish boʻyicha yaxlit tizimni yoʻlga qoʻyish;

aholini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlash samaradorligini oshirish;

favqulodda vaziyatlar tahdidining oldini olish, bartaraf etish, aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida ilm-fan, ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlikka asoslangan innovatsion ishlab chiqarish zanjirini yoʻlga qoʻyish;

favqulodda vaziyatlar monitoringi va prognozi, shuningdek, favqulodda vaziyatlar xavfini bartaraf etishda kuch va vositalarni boshqarish, muvofiqlashtirish hamda ularning faoliyatini raqamlashtirish sohasiga sunʼiy intellekt, robototexnika va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish;

favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bilan bogʻliq kechiktirib boʻlmaydigan tezkor chora-tadbirlarni amalga oshirish;

energetika, transport, hayot maromini taʼminlovchi va boshqa muhim iqtisodiyot obyektlarida favqulodda vaziyatlarning oldini olish, xavfni boshqarish hamda texnogen avariyalarni bartaraf etish;

favqulodda vaziyatlar boʻlinmalarining takrorlanuvchi funksiyalarini maqbullashtirish, kuch va vositalar boshqaruvini muvofiqlashtirish.

8. “Favqulodda vaziyatdan muhofazalangan mahalla” tamoyili asosida favqulodda vaziyatlarning barvaqt oldini olish, ularni bartaraf etish va oqibatlarini kamaytirish chora-tadbirlari natijadorligini oshirish boʻyicha “mahallabay” kompleks profilaktika tadbirlarini amalga oshirish quyidagi mexanizmlarni koʻzda tutadi:

har bir hududning oʻziga xosligidan kelib chiqib, favqulodda vaziyatlar xavf manbalari, ularning monitoringi va prognozlari asosida joylarda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan real tahdidlarni aniqlash;

favqulodda vaziyatlar xavf manbalarining prognozlari asosida hududlar va obyektlarni tasniflab, belgilangan mezonlarga muvofiq mahallalarni “qizil”, “sariq”, “yashil” toifalarga ajratish va favqulodda vaziyatlarning oldini olishning texnik-profilaktik hamda boshqa chora-tadbirlarini ularning tasnifiga koʻra belgilash;

“mahalla yettiligi”, mahalla faollari, koʻchaboshi, uyboshilar bilan birgalikda aholini keng jalb qilgan holda favqulodda vaziyatlarning texnik-profilaktik tadbirlarini xavf manbai yuqori boʻlgan xonadonlarda tashkil etib, bajarilgan ishlar natijadorligini tanqidiy tahlil qilib borish;

texnik-profilaktik tadbirlarni oʻtkazishda, birinchi navbatda, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga (Ijtimoiy reyestrga kiritilgan va koʻp bolali oilalar, yolgʻiz keksalar) asosiy eʼtiborni qaratib, masʼul xizmatlarni jalb qilish orqali mavjud kamchiliklarni bartaraf etish;

(8-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PF-258-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.12.2025-y., 06/25/258/1223-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 1-fevral)

ish rejalariga koʻra, mahallalardagi nazorat obyektlarida (potensial xavfli, ijtimoiy soha va aholi koʻp toʻplanadigan maskanlar) profilaktika koʻrik va tekshiruvlarini tizimli ravishda oʻtkazib borish;

mahallalarda sohaviy tashkilotlar bilan birgalikda idoraviy hujjat ishlab chiqqan holda aholi turarjoylari hamda gaz, elektr, ichimlik suvi, issiqlik taʼminoti jihozlarini koʻrikdan oʻtkazish, nosozliklarni aniqlash, bartaraf etish va muddatli texnik xizmat koʻrsatish tizimini tashkil etish;

aholining uy-joy fondidan xavfsiz foydalanishini hamda kommunal xizmatlar, fuqarolar yigʻini va boshqaruv servis kompaniyalari, navbatchi-dispetcherlik xizmatlari faoliyatini (xususan, kuz-qish mavsumida) muvofiqlashtirib borish;

favqulodda vaziyatlar roʻy berishi xavfi yoki favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgani haqida xodimlarga oʻz vaqtida xabar berish, odamlarning hayoti va sogʻligʻini saqlash, moddiy va madaniy boyliklarni asrashga qaratilgan tadbirlarni belgilash hamda ijrosi nazoratini yuritib borish;

ijtimoiy soha obyektlari xodimlari bilan mahallalarda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlarda harakat qilish boʻyicha tizimli ravishda oʻquv-amaliy mashqlarni oʻtkazib borish;

aholini favqulodda vaziyatlarda muhofazalanish usullari va harakatlariga oʻrgatish boʻyicha “mahalla yettiligi” va mahalla faollari bilan birgalikda mahallalarda oʻtkaziladigan mashgʻulotlar, yoʻriqnomalar, amaliy mashqlar hamda boshqa targʻibot tadbirlari jadalligi va sifatini kuchaytirish;

aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishga oid qonunchilikka rioya etilishini taʼminlash;

amalga oshirilayotgan ishlarning tahlillari asosida tashkilotlarda favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish tadbirlari samaradorligini oshirish yuzasidan jamoalarda tanqidiy muhokamalar oʻtkazib borish.

9. Kun sayin rivojlanayotgan ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish industriyasini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha yangicha yondashuvlarni, shuningdek, ularda roʻy berishi mumkin boʻlgan xavflarni bartaraf etishning zamonaviy texnika va texnologiyalarini joriy etishda quyidagi mexanizmlar koʻzda tutiladi:

favqulodda vaziyatlar tahlilidan kelib chiqib, innovatsion yondashuv asosida manzilli profilaktika, xavf oqibatlari va zararini kamaytirish usullarini qoʻllash;

har bir muqobil usulning miqdor va sifat tahlili (shu jumladan, foyda va xarajatlar tahlili), tegishli sohalarga (iqtisodiy, ijtimoiy va atrof-muhit) taʼsirlari va ularni qoʻllashda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlar xavfi hamda qiyosiy tahlili asosida tanlangan maqbul usullarni joriy etish;

ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish asosida aholi koʻp toʻplanadigan va yongʻin-portlash xavfi yuqori obyektlar, koʻp qavatli binolarda favqulodda vaziyatlar tahdidi va xavfini kamaytirish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish;

kimyoviy moddalar (mahsulotlar) tegishli manzilga xavfsiz yetkazilishi (tashilishi), saqlanishi va ulardan foydalanilishi uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda kuzatuvni amalga oshirish;

zamonaviy asbob-anjomlar, maxsus texnika va texnologiyalarni qoʻllash, shuningdek, favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish kuch va vositalarni samarali joylashtirish (kuch va vositalar mutanosibligi) orqali aholi hayotini saqlash va mol-mulkini asrash choralarini koʻrish.

10. Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida dual taʼlimga asoslangan oʻrta boʻgʻin va yuqori malakali professional kadrlarni uzluksiz tayyorlash, qayta tayyorlash, ularning malakasini hamda taʼlim muassasalarining ilmiy salohiyatini oshirish boʻyicha yaxlit tizimni yoʻlga qoʻyishda quyidagi mexanizmlar koʻzda tutiladi:

sohada kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishning yaxlit tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida sohaviy oʻquv muassasalari moddiy-texnika bazasini rivojlantirish;

oʻquv jarayonini dual taʼlim tizimida tashkil etish, simulyatsiya, imitatsiya va virtual laboratoriyalar (poligon)ni tashkil etish orqali nazariya va amaliyotning uygʻunligini taʼminlash;

taʼlim jarayoniga zamonaviy pedagogik va innovatsion oʻqitish texnologiyalarini keng tatbiq etish, shu jumladan, masofaviy oʻqitish platformasini joriy etish;

taʼlim muassasalariga yuqori malakali professor-oʻqituvchilar, shuningdek, taʼlim jarayoniga xorijiy taʼlim, ilmiy-amaliy va ilmiy-tadqiqot muassasalari mutaxassislari va ekspertlarini jalb qilish;

ilgʻor xorijiy tendensiyalarni hisobga olgan holda bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha malaka talablari va oʻquv dasturlarini ishlab chiqish, koʻrgazmali va interfaol oʻquv-uslubiy bazani shakllantirish;

favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish amaliyotini yoʻlga qoʻyish;

taʼlim muassasalari va yetakchi xorijiy turdosh ilmiy-tadqiqot muassasalari oʻrtasida keng qamrovli hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, kursant va tinglovchilarni oʻqishga hamda professor-oʻqituvchilarni tajriba almashish va malaka oshirish kurslariga yuborish;

isteʼdodli, yuqori koʻrsatkichlarga erishgan, oʻquv dasturlarini aʼlo baholarga oʻzlashtirayotgan kursantlar uchun stipendiyalar taʼsis etish, professor-oʻqituvchilarga qonunchilik hujjatlariga muvofiq ustamalar belgilash;

favqulodda vaziyatlar idoralarida uzluksiz oʻquv-karyera hamda ustoz-shogird anʼanalariga koʻra murabbiy-kurator tizimlarini joriy etish.

11. Aholini favqulodda vaziyatlarda toʻgʻri harakat qilishga tayyorlash samaradorligini oshirishda quyidagi mexanizmlar koʻzda tutiladi:

fuqarolar yigʻini raislari, “mahalla yettiligi”, mahalla faollari, koʻchaboshilar va uyboshilarni (koʻp qavatli uylarda) favqulodda vaziyatlardan muhofazalanish usullariga oʻrgatib, ularning sohaga oid bilim va koʻnikmalarini oshirib borish;

mahallalarda favqulodda vaziyatlardan muhofazalanish uchun eng zarur boʻladigan moddiy-texnik resurslar zaxiralarini yaratish boʻyicha aniq tartibni belgilash;

mahallalarda aholi tarkibidan koʻngillilar va volontyorlar jamoasini shakllantirib, ularni qutqaruv va kechiktirib boʻlmaydigan boshqa ishlarni amalga oshirishga tayyorlash, zarur anjomlar bilan taʼminlash va favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga jalb etish choralarini koʻrish;

ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarida band boʻlmagan aholi, shu jumladan, inklyuziv tamoyil asosida jismoniy imkoniyati cheklangan hamda eshitish va koʻrishida nuqsoni boʻlgan shaxslar bilan favqulodda vaziyatlarda toʻgʻri harakatlanishga oid masofaviy oʻquv kurslari, davra suhbatlari, trening va mashgʻulotlarni oʻtkazish;

ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasida band boʻlgan aholi bilan oʻquv-amaliy tadbirlarni (oʻquv kurslari, mashqlar, yigʻinlar va seminar-trening) oʻtkazish;

taʼlim jarayoni dasturlariga tegishli soatlarni kiritgan holda maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, umumiy oʻrta taʼlim maktablari va oʻrta maxsus (kasbiy) taʼlim muassasalari oʻquvchilari hamda oliy taʼlim tashkilotlari talabalarini favqulodda vaziyatlarda toʻgʻri harakatlanish va xavfsizlik qoidalariga oʻrgatish, maxsus dasturlar asosida oʻquv mashqlari, sport oʻyinlari va musobaqalar oʻtkazish;

favqulodda vaziyatlar sharoitida hamda ularni bartaraf etish ishlarini oʻtkazishda rahbarlar tarkibi, mansabdor shaxslar va qutqaruv tuzilmalari tarkibining professional tayyorgarlik darajasini oshirish;

favqulodda vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi xizmatlari boshqaruv organlari, qutqaruv xizmatlari (tuzilmalari) shaxsiy tarkibining bilim va koʻnikmalari, ularning zamonaviy texnika va asbob-anjomlar bilan jihozlangani hamda qutqaruv va kechiktirib boʻlmaydigan boshqa ishlarni bajarishga tayyorligini real xavf manbalaridan kelib chiqqan holda takomillashtirib borish;

aholiga favqulodda vaziyatlarda toʻgʻri harakatlanish boʻyicha qoʻllanmalar va eslatmalar tayyorlash, ularning eʼtiboriga yetkazish, tarqatish, shu mazmundagi maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalari va internet ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoatchilikka yetkazish;

aholini keng jalb qilgan holda favqulodda vaziyatlarda birinchi tibbiy yordam koʻrsatish, kundalik turmushda xavfsizlik qoidalariga oʻrgatish boʻyicha amaliy tadbirlarni hamda favqulodda vaziyatlarda toʻgʻri harakatlanishga oʻrgatuvchi kontentlar, onlayn taʼlim platformasini tashkil etish va keng koʻlamli targʻibot-tushuntirish ishlarini amalga oshirish.

12. Favqulodda vaziyatlar tahdidining oldini olish, ularni bartaraf etish, aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida ilm-fan, ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlikka asoslangan innovatsion ishlab chiqarish zanjirini yoʻlga qoʻyishda quyidagi mexanizmlar koʻzda tutiladi:

Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida ilm-fan, ilmiy-tadqiqot va innovatsion ishlab chiqarishni 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish;

tabiiy va texnogen xavflar boʻyicha monitoring, prognoz va ularning taʼsirini kamaytirishga qaratilgan tadqiqotlar olib boruvchi respublika ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan aloqalarni yangi bosqichga koʻtarish va ularning faoliyatini muvofiqlashtirib borish;

ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirishda tizimdagi barcha oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish;

sohaga oid davlat ilmiy-texnik dasturlarini shakllantirib borish, ularning ijrosini nazorat qilib borish;

ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini rivojlantirish natijasida monitoring qurilmalari, qutqaruv jihozlarining yangi, import oʻrnini bosuvchi namunalarini yaratish hamda tijoratlashtirishga qaratilgan ishlarni amalga oshirish;

qutqaruv texnikasi va vositalarini mahalliylashtirish, sohada import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar sonini oshirish va bu borada ilmiy tadqiqotlarni, tajriba-konstruktorlik ishlarini bajarish, mahsulotlarni ishlab chiqarish boʻyicha ilmiy-ishlab chiqarish bazasini yaratish;

ilm-fanni qoʻllab-quvvatlash, ilmiy xodimlarni sohadagi dolzarb muammolarni hal etish jarayoniga keng jalb qilish.

13. Favqulodda vaziyatlar monitoringi va prognozi, shuningdek, favqulodda vaziyatlar xavfini bartaraf etishda kuch va vositalarni boshqarish, muvofiqlashtirish hamda ularning faoliyatini raqamlashtirish sohasiga sunʼiy intellekt, robototexnika va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishda quyidagi mexanizmlar koʻzda tutiladi:

favqulodda vaziyatlar tahdidi, jarayonlar va hodisalarning prognozini yuritish uchun favqulodda vaziyatlar monitoringi, axborot almashinuvi va prognozlash yagona tizimiga kiruvchi davlat organlari hamda tashkilotlar faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish;

favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish davlat tizimi subyektlarining tarqoq holatdagi idoraviy axborot tizimlarini yagona platformaga toʻliq integratsiya qilib, himoyalangan axborot almashinuvini tashkil etish;

favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishga jalb qilinayotgan qutqaruv tuzilmalari tezkorligini oshirish uchun xavfli hududlar, xavf manbalari, ularni bartaraf etishga jalb qilinadigan kuch va vositalar, moddiy-texnik resurslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bankini toʻldirib borish hamda tezkor boshqaruv jarayonini avtomatlashtirish;

favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish davlat tizimiga kiruvchi vazirlik va idoralarning boshqaruv organlari hamda kuch va vositalarining hamjihatligini taʼminlashda hamkorlikdagi harakatlar rejalari asosidagi harakatlarga ustuvorlik berish;

tabiiy va texnogen jarayonlar hamda hodisalar monitoringi va prognozini yuritish uchun zamonaviy texnologiyalar, axborot dasturlari va sunʼiy intellekt yutuqlaridan toʻliq foydalanish;

sohaga oid startap loyihalarni har tomonlama rivojlantirish, ularni inkubatsiya va akseleratsiya dasturlariga jalb etish;

favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish davlat tizimi subyektlari va boshqa tashkilotlarni ixtisoslashgan, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik muassasalari hamda laboratoriya nazorati va kuzatuvi tarmogʻidagi boʻlinmalarda seysmologik, geologik, gidrometeorologik xavfli hodisalar, quruqlik (tuproq, yerosti) va gidrosfera holatining oʻzgarishi, atmosfera tarkibi va xossalari, sanoat va transportdagi avariyalar, epidemiyalar, epizootiyalar, epifitotiyalar, radioaktiv, kimyoviy, biologik va boshqa tabiiy-texnogen xavf manbalari holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash, sunʼiy intellekt yordamida qayta ishlash va monitoring yuritish;

tahlillar asosida tayyorlangan prognozlarga muvofiq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va ularning oqibatlarini kamaytirish boʻyicha tizimli ravishda tavsiyalar ishlab chiqish hamda samarali profilaktika tadbirlarini oʻtkazish uchun masʼul tashkilot va idoralarga asoslangan takliflarni kiritib borish;

tabiiy ofatlar va texnogen halokatlar roʻy berish xavfi yuqori hududlarda va bunday obyektlar atrofida yashovchi fuqarolarni, binolar va inshootlarni, qishloq xoʻjaligi maydonlarini, shuningdek, boshqa mol-mulkni sugʻurtalashni qoʻllab-quvvatlash.

14. Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bilan bogʻliq kechiktirib boʻlmaydigan tezkor chora-tadbirlarni amalga oshirishda quyidagi mexanizmlar koʻzda tutiladi:

favqulodda vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi faoliyati doirasida Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruv boʻlinmalarining yirik favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish, shuningdek, avariya-qutqaruv ishlarini amalga oshirish imkoniyatlarini kuchaytirish;

mobil, koʻp tarmoqli va texnik jihozlangan qutqaruv boʻlinmalarini tashkil etib, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda tezkor javob berish boʻyicha ularning tayyorgarligini oshirish;

koʻp qavatli bino va inshootlar, oʻrmonlar va olis hududlardagi favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladigan qutqaruv ishlari samaradorligini oshirish maqsadida mobil qutqaruv vositalari, shu jumladan, aviatsiya texnologiyalarining (xususan, uchuvchisiz uchish apparatlari) yutuqlaridan keng foydalanish;

yongʻin-qutqaruv vositalari zaxiralarini favqulodda vaziyatlar roʻy bergan hududlarga tezkor yetkazib berish uchun sharoitlarni yaratish;

tezkor qarorlar qabul qilishni qoʻllab-quvvatlash va qutqaruv boʻlinmalarini samarali boshqarish boʻyicha avtomatlashtirilgan tizimlarni joriy etish.

15. Energetika, transport, hayot maromini taʼminlovchi va boshqa muhim iqtisodiyot obyektlarida favqulodda vaziyatlarning oldini olish, xavfni boshqarish hamda texnogen avariyalarni bartaraf etish tadbirlarini amalga oshirishda quyidagi mexanizmlar koʻzda tutiladi:

hayot maromini taʼminlovchi obyektlarda texnogen avariyalarning oldini olish uchun samarali xavfsizlik standartlarini, favqulodda vaziyatlarning oldini olish qoidalarini ishlab chiqish va nazoratini olib borishning zamonaviy usullarini qoʻllash;

energetika, kimyoviy, yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan muhim iqtisodiyot obyektlarining barqaror ishlashini taʼminlovchi Hukumat, hududiy va obyekt komissiyalari faoliyatini tashkil etish;

energetika, kimyoviy, yongʻin va portlash xavfi yuqori boʻlgan, shuningdek, gidrotexnika inshootlari hamda hayotiy muhim iqtisodiyot obyektlari barqaror ishlashini taʼminlash va nazorat qilishga qaratilgan davriy (yillik, choraklik) tadbirlardan iborat dastur va rejalarni qabul qilish;

energetika, transport infratuzilmasi obyektlarining barqaror faoliyatini taʼminlash boʻyicha davlat boshqaruvi organlari va xususiy sektor oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni tizimli yoʻlga qoʻyish;

obyektlarda avariyalar va favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yetkazilishi mumkin boʻlgan zarar va ziyonni qisqartirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish;

yirik avariyalar va favqulodda vaziyatlar sharoitida energetika, transport va boshqa hayot maromini taʼminlovchi obyektlarning barqaror faoliyat koʻrsatishini ilmiy-texnik yondashuv asosida taʼminlash;

energetika, transport hamda iqtisodiyotning muhim ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohasidagi obyektlarda davlat nazoratini yuzaga kelishi mumkin boʻlgan favqulodda vaziyatlar profilaktikasiga oid kuchaytirish.

16. Favqulodda vaziyatlar boʻlinmalarining takrorlanuvchi funksiyalarini maqbullashtirish, kuch va vositalar boshqaruvini muvofiqlashtirishda quyidagi mexanizmlar koʻzda tutiladi:

tizimda boshqaruv, profilaktika, davlat nazorati, bartaraf etish, moddiy-texnik va taʼminotning boshqa yoʻnalishlaridagi bir-birini takrorlovchi yoki samarasiz funksiyalarni maqbullashtirish;

tarkibiy boʻlinmalarga yuklangan vazifalarning xususiyati va ish hajmidan kelib chiqib, ularning maqomi, tarkibi, moʻljallanishi va funksiyalarini qayta koʻrib chiqish;

funksiyalarni raqamlashtirish orqali samaradorlikni oshirish hamda sohaviy yoʻnalishlardagi asosiy faoliyatni mahalla, tuman, shahar, viloyat, respublika miqyosidagi amaliy natijadorlikka qaratish;

maʼmuriy-hududiy birliklarni tabiiy va texnogen xavf manbalari, ularning koʻlami, hududlardagi potensial xavfli obyektlar, aholiga oid va boshqa muhim koʻrsatkichlar (mezonlar) asosida tasniflab, favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish davlat tizimiga kiruvchi vazirlik va idoralarning boshqaruv organlari hamda kuch va vositalar mutanosibligini taʼminlash, samarali boshqaruvni taʼminlovchi tashkiliy tuzilmani takomillashtirib borish.

4-bob. Konsepsiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar

17. Konsepsiyani amalga oshirish orqali quyidagilarga erishiladi:

2026-yil yakuniga qadar favqulodda vaziyatlar tahdidi, xavf manbalari, indikatorlari, ehtimoliy koʻlami va oqibatlaridan kelib chiqib, mahallalar “qizil”, “sariq”, “yashil” toifalarga ajratiladi;

har bir mahallada xavf indikatorlari asosida “mahalla yettiligi” hamda sohaviy xizmatlarni jalb qilgan holda manzilli va mavsumiy profilaktika tadbirlari amalga oshirilib, mahalla favqulodda vaziyatlardan muhofazalangan hududga aylantiriladi;

favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida yangi standart, qoidalar va ilmiy tadqiqotlarni joriy etish orqali favqulodda vaziyatlar tahdidi hamda xavfini kamaytirishga erishiladi;

potensial xavfli va aholi koʻp toʻplanadigan obyektlarda favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish boʻyicha qonunchilik talablariga qatʼiy rioya qilinishi boʻyicha vakolatli organlarning masʼuliyati hamda javobgarlik darajasi oshiriladi;

favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha sohaviy taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasi mustahkamlanadi;

zamonaviy pedagogik va innovatsion oʻqitish texnologiyalarini amaliyotga keng tatbiq etish hamda dual va masofaviy taʼlimga ustuvorlik berish orqali 2030-yilgacha Favqulodda vaziyatlar vazirligidagi shaxsiy tarkibning professionallik darajasi 40 foizga yetkaziladi;

sohaga yuqori malakali professor-oʻqituvchilar va ekspertlarni jalb etish, fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish boʻyicha mahalliy va xorijiy turdosh ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni kuchaytirish choralari koʻrilib, 2029-yilgacha ilmiy salohiyat koʻrsatkichi 60 foizga, 2030-yilgacha ilmiy izlanishlar natijalarini amaliyotga tatbiq etish darajasi 30 foizga yetkaziladi;

“mahalla yettiligi”, mahalla faollari va aholining favqulodda vaziyatlarda harakat qilish boʻyicha sohaviy koʻnikmalari 2030-yilga qadar yetarli darajada shakllantiriladi;

xavf manbai yuqori hududlardagi mahallalarda favqulodda vaziyatlar holati uchun kerakli moddiy-texnik resurslar zaxirasini yaratish, aholi tarkibidan koʻngillilar (volontyor) guruhlarini shakllantirish hamda zarur asbob-anjomlar bilan jihozlab, qutqaruv va boshqa kechiktirib boʻlmaydigan ishlarga jalb etish choralari koʻriladi;

favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish davlat tizimi xizmatlarining rahbarlar tarkibi va qutqaruvchilarining kasbiy mahorati oshiriladi;

ish bilan band aholini (jumladan, inklyuziv tamoyil asosida jismoniy imkoniyati cheklangan, eshitish va koʻrishida nuqsoni boʻlgan shaxslar) oʻquv-amaliy mashqlarni tashkil etish orqali maqsadli tayyorlashga erishiladi;

barcha taʼlim tashkilotlaridagi oʻquvchi-talabalar maxsus oʻquv dasturlari asosida favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga oʻrgatiladi;

sohada ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini rivojlantirish natijasida qutqaruv texnikasi va vositalarini mahalliylashtirish, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar sonini oshirishga erishiladi;

favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish davlat tizimidagi idoraviy axborot tizimlari yagona platformaga integratsiya qilinib, raqamlashtirish koʻrsatkichini 2028-yil yakuniga qadar 80 foizga yetkazish hisobiga favqulodda vaziyatlarning oldini olish tadbirlari samaradorligi oshiriladi;

2027-yil yakuniga qadar tabiiy va texnogen xavfli jarayonlar monitoringini yuritishda, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan vaziyatlarni modellashtirishda, samarali boshqaruv qarorlarini qabul qilishda va xavfni tezkor bartaraf etishda sunʼiy intellekt texnologiyalarini tatbiq etish uchun zaruriy shart-sharoitlar yaratiladi;

hayot maromini taʼminlovchi va boshqa muhim iqtisodiyot obyektlarining barqaror faoliyat koʻrsatishini oshirish boʻyicha mavjud uslubiyot va xavfsizlik standartlari takomillashtiriladi;

barqaror faoliyat koʻrsatishi talab etiladigan muhim iqtisodiyot obyektlarini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishda Hukumat va hududiy komissiyalar oldidagi hisobdorlik darajasi oshiriladi;

xavf manbai yuqori energetika va transport obyektlarining barqaror ishlashini taʼminlash boʻyicha favqulodda vaziyatlarning oldini olish va zararini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar ilmiy-texnik yondashuvlar asosida belgilanadi hamda ularning toʻliq va sifatli ijro etilishini taʼminlash maqsadida davlat nazorati kuchaytiriladi;

2030-yilgacha zamonaviy xavf manbalari va ularning ehtimoliy koʻlamidan kelib chiqib, barvaqt profilaktik tadbirlarni amalga oshiradigan, tezkor qutqaruv va boshqa kechiktirib boʻlmaydigan ishlarni bajarish qobiliyatiga ega boʻlinmalarni oʻz ichiga olgan tashkiliy tuzilma shakllantiriladi.

5-bob. Yakunlovchi qoida

18. Davlat organlarining mansabdor shaxslari oʻz xizmat majburiyatlari yuzasidan favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida zarur chora-tadbirlar belgilanishi hamda ularning oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlamaganliklari uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi PF-185-son Farmoniga2-ILOVA

2025 — 2027-yillarga moʻljallangan favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar

Izoh: normativ-huquqiy va idoraviy hujjatlar loyihalari huquqiy munosabatlarni tartibga solish predmeti va sohasiga qarab qayta koʻrib chiqilishi yoki yagona hujjatga birlashtirilishi mumkin.

Ikki va undan ortiq bandlar birlashtirilganda, ularni ijro etish uchun belgilangan eng kech muddat ijro muddati etib belgilanadi.

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-fevraldagi PF-20-sonli Farmoni tahririda)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi PF-185-son Farmoniga3-ILOVA

2025 — 2027-yillarga moʻljallangan favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish boʻyicha ishchi komissiya

Izoh: Ishchi komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi PF-185-son Farmoniga4-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1996-yil 4-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasida Favqulodda vaziyatlar vazirligini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PF-1378-son Farmonining 5 va 6-bandlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish hamda yongʻin xavfsizligini taʼminlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi PF-5706-son Farmonining 6-bandi ikkinchi xatboshisi “ega boʻladilar” soʻzlaridan keyin “hamda ularning ish staji qutqaruvchi maqomidagi ish stajiga tenglashtiriladi” soʻzlari bilan toʻldirilsin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 21-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2915-son qarorining 6-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 25-sentabrdagi “Suv obyektlarini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3286-son qarorining 1-bandida:

(a) ikkinchi xatboshidagi “ixtisoslashtirilgan muhandislik-texnik otryadlari (keyingi oʻrinlarda FVV ixtisoslashtirilgan otryadlari deb yuritiladi)” soʻzlari “Maxsus muhandislik-qurilish boshqarmasi (keyingi oʻrinlarda FVV Maxsus muhandislik-qurilish boshqarmasi deb yuritiladi)” soʻzlari bilan almashtirilsin;

(b) toʻqqizinchi xatboshidagi “FVV ixtisoslashtirilgan otryadlari” soʻzlari “FVV Maxsus muhandislik-qurilish boshqarmasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 9-iyuldagi “Ichki bozorni qum-shagʻal materiallari bilan barqaror taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-3841-son qarorida:

(a) muqaddimaning toʻrtinchi xatboshisidagi “ixtisoslashtirilgan muhandislik-texnik otryadlariga” soʻzlari “Maxsus muhandislik-qurilish boshqarmasiga” soʻzlari bilan almashtirilsin;

(b) 1-bandning ikkinchi xatboshisidagi “ixtisoslashtirilgan muhandislik-texnik otryadlari” soʻzlari “Maxsus muhandislik-qurilish boshqarmasi” soʻzlari bilan almashtirilsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-apreldagi “Favqulodda vaziyatlar tuzilmalarining faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4276-son qarorida:

(a) 1-bandda:

ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;

uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar tegishincha ikkinchi va uchinchi xatboshilar deb hisoblansin;

(b) 1-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 6-noyabrdagi “Yonish va portlash xavfi yuqori boʻlgan kimyoviy moddalar bilan bogʻliq favqulodda vaziyatlarning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi PQ-357-son qarorida:

(a) 2-banddagi “Favqulodda vaziyatlar vazirligi Radiatsion, kimyoviy va tibbiy-biologik muhofaza boshqarmasi” soʻzlari “Favqulodda vaziyatlar vazirligining Favqulodda vaziyatlar profilaktikasi boshqarmasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

(b) 7-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:

“2025-yil 1-noyabrdan boshlab tadbirkorlik subyektlari tomonidan kimyoviy moddalarni “erkin muomalaga chiqarish (import)” bojxona rejimiga rasmiylashtirish uchun taqdim etilgan bojxona yuk deklaratsiyasiga kimyoviy moddalar erkin muomalaga chiqarilganidan soʻng yetkaziladigan manzil toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritiladi”.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 12-sentabrdagi PQ-4447-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining harbiy xizmatni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:

(a) 118-banddagi “yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi” soʻzlari “yoxud tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibiyati hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

(b) 239-bandning “g” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“g) “polkovnik” harbiy unvoni — tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibiyati va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda vazirliklar rahbarlarining buyruqlari bilan beriladi”.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-avgustdagi PQ-288-son qarori bilan tasdiqlangan Harbiy xizmatchilar, xodimlar, ishchi va xizmatchilar nomzodini davlat mukofotlari bilan taqdirlash uchun taqdim etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 10-bandidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi boʻlinmasi” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi boʻyicha departamenti” soʻzlari bilan almashtirilsin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.