[Koʻchirma]
Yoshlarda amaliy koʻnikmalar, zamonaviy kompetensiyalar va kasbiy madaniyatni shakllantirish, umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlari oʻquvchilarini kasbga yoʻnaltirish samaradorligini oshirish, shuningdek, kasbiy taʼlim tizimi boshqaruvini isloh qilish orqali mamlakatning inson kapitali borasidagi imkoniyatlarini toʻliq ishga solish maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsad
1. Belgilansinki, ushbu Farmonni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsad kasbiy taʼlim va kasbga oʻqitishda boshqaruv tizimini takomillashtirish orqali yagona yondashuv asosida kasbga oʻqitish, ilgʻor xorijiy tajribalarni samarali joriy etish va xalqaro standartlarga mos boʻlgan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash hisoblanadi.
II. Kasbiy taʼlim sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish
2. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzurida kasbiy taʼlim tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda — texnikumlar) faoliyatini muvofiqlashtirish va kasbiy taʼlim sohasini boshqarishga masʼul Kasbiy taʼlim agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tashkil etilsin.
3. Agentlik markaziy apparati boshqaruv xodimlarining cheklangan shtatlar soni 70 ta etib belgilansin hamda ushbu shtat birliklari quyidagilar hisobidan shakllantirilsin:
(a) Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidan 30 ta shtat birligi;
(b) Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidan 25 ta shtat birligi;
(v) Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Kasbiy koʻnikmalar markazining 15 ta shtat birligi.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) Agentlik tomonidan mulkchilik shaklidan qatʼi nazar barcha kasbiy taʼlim tashkilotlari uchun majburiy boʻlgan kasbiy taʼlim dasturlari mazmuni, ular boʻyicha beriladigan malaka darajalari, oʻqitishning minimal muddatlari, bitiruvchilar bilimini baholash mezonlari hamda oʻquv-metodik taʼminotga qoʻyiladigan talablar belgilanadi;
(b) kasbiy taʼlim faoliyatini davlat taʼlim standartlari asosida tashkil qilgan texnikumlar va oʻquv kurslari bitiruvchilariga davlat namunasidagi hujjat (diplom, sertifikat) Agentlik tomonidan beriladi;
(v) Agentlikka:
(i) Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan “vaucher” tizimi bilan qamrab olinmagan shaxslarni kasbga oʻqitish boʻyicha buyurtmalar beriladi. Bunda “vaucher” tizimi va buyurtma asosida fuqarolarni oʻqitish bilan bogʻliq xarajatlar Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hisobidan moliyalashtiriladi;
(ii) Migratsiya agentligi tomonidan xorijiy ish beruvchilarning ishchi kuchiga boʻlgan ehtiyojidan kelib chiqib kasb va mutaxassisliklar hamda xorijiy tillarga oʻqitish boʻyicha buyurtmalar beriladi. Bunda oʻqitish va texnikumlarning moddiy-texnika bazasini takomillashtirish uchun zarur mablagʻlar Migratsiya jamgʻarmasi hisobidan moliyalashtiriladi;
(iii) Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Migratsiya agentligi tomonidan berilgan buyurtmalar boʻyicha kasbga oʻqitish jarayoni texnikumlarning mavjud imkoniyatidan kelib chiqib bir oy muddatda tashkil etiladi;
(g) davlat organlari va tashkilotlariga kasbga oʻqitish boʻyicha buyurtmalarni davlat texnikumlariga toʻgʻridan-toʻgʻri joylashtirish va moliyalashtirishga ruxsat beriladi. Bunda:
(i) buyurtma boʻyicha toʻlangan mablagʻlar texnikumlarning budjetdan tashqari hisob raqamiga oʻtkaziladi;
(ii) davlat texnikumlari taʼlim xizmatlari narxini bozor konyunkturasidan kelib chiqib belgilaydi hamda mutaxassislarni toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma asosida jalb qiladi.
5. Belgilansinki, 2026-yildan boshlab har yili Kasbiy taʼlimni rivojlantirish jamgʻarmasiga texnikumlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda kasbiy taʼlimni rivojlantirish bilan bogʻliq boshqa tadbirlar uchun respublika budjetidan 600 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻlar ajratiladi. Bunda 100 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻlar Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasiga ajratilayotgan transfertlar hisobidan yoʻnaltiriladi.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari raisligida Kasbiy taʼlimni rivojlantirish hududiy tadbirkorlar kengashlari tashkil etilsin. Bunda:
(a) Kengash tarkibi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan tasdiqlanadi hamda uning tarkibiga hududdagi yirik tadbirkorlik subyektlari, ish beruvchi tashkilot va korxonalar, vazirlik va idoralarning hududiy boʻlinmalari rahbarlari kiritiladi;
(b) quyidagilar Kengashning asosiy vazifalari hisoblanadi:
(i) hududda oʻrta boʻgʻin kadrlariga boʻlgan ehtiyojni aniqlash, xalqaro taʼlim dasturlari, oʻquvchilar amaliyoti hamda dual taʼlimni tashkil etish;
(ii) bitiruvchilar bandligini taʼminlash, texnikumlar ixtisoslashuvini oʻzgartirish va taʼlim dasturlari mazmunini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.
7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra Mashgʻulotlarning milliy klassifikatoridagi kasb va lavozimlar uchun belgilangan malaka darajasiga mos diplom (malaka sertifikati)ga ega xodimlarni ishga qabul qilish tizimi quyidagi bosqichlarda yoʻlga qoʻyiladi:
(a) 2027-yil 1-yanvardan boshlab Namangan, Samarqand va Toshkent shaharlarida turizm, kosmetologiya va umumiy ovqatlanish sohalaridagi kasb va lavozimlar boʻyicha;
(b) 2027-yil 1-iyundan boshlab Namangan, Samarqand va Toshkent shaharlarida qurilish sohasidagi kasb va lavozimlar boʻyicha;
(v) 2028-yil 1-yanvardan boshlab butun respublika hududida barcha kasb va lavozimlar boʻyicha.
Bunda norasmiy va informal taʼlim hamda amaliy tajriba asosida egallangan koʻnikmalar malakani baholash markazlarida baholash orqali tan olinadi.
III. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
8. Quyidagilar:
(a) Kasbiy taʼlim agentligining asosiy vazifalari 1-ilovaga muvofiq;
(b) Kasbiy taʼlim agentligining tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
(v) Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidan Kasbiy taʼlim agentligi tizimiga oʻtkaziladigan tuzilmalar roʻyxati 3-ilovaga muvofiq;
(g) Kasbiy taʼlim agentligi tizimiga oʻtkazish orqali qayta tashkil etiladigan texnikumlar roʻyxati 4-ilovaga muvofiq;
(d) Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimida tashkil etiladigan malakani baholash markazlari roʻyxati 5-ilovaga muvofiq;
(j) Kasbiy taʼlim agentligi faoliyatini tashkil etish tartibi 6-ilovaga muvofiq;
(z) Kasbiy taʼlim tizimini rivojlantirish boʻyicha milliy kengash tarkibi va uning asosiy vazifalari 7-8-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
9. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
(a) bir oy muddatda Agentlik faoliyatini tashkil etish uchun talab qilinadigan mablagʻlarni 2025-yilda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi uchun belgilangan mablagʻlar doirasida ajratsin. Bunda Agentlikni xizmat avtomashinasi, mebel, kompyuter va boshqa zarur jihozlar bilan taʼminlash uchun mablagʻ ajratilishini nazarda tutsin;
(b) 2026-yildan boshlab har yili Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda Agentlik faoliyatini moliyalashtirish uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 9-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
11. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur Farmonning ijrosini taʼminlash uchun masʼul va shaxsiy javobgar etib oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K.A. Sharipov belgilansin.
13. Farmon ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining taʼlimni isloh qilish boʻyicha oʻrinbosari X.U. Umarova zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 23-oktabr,
PF-190-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-oktabrdagi PF-190-son Farmoniga1-ILOVA
Kasbiy taʼlim agentligining asosiy vazifalari
1. Kasbiy taʼlim tizimini muvofiqlashtirish yoʻnalishida:
(a) kasbiy taʼlim tizimini boshqarish hamda texnikumlar faoliyatini metodik jihatdan muvofiqlashtirish;
(b) davlat texnikumlarining direktor va direktor oʻrinbosarlarini tanlov asosida lavozimga tayinlash hamda lavozimidan ozod etish;
(v) mehnat bozori ehtiyojidan kelib chiqib texnikumlarga oʻquvchilarni qabul qilish parametrlarini tasdiqlash;
(g) mulkchilik shaklidan qatʼi nazar barcha kasbiy taʼlim tashkilotlari uchun majburiy boʻlgan kasbiy taʼlim dasturlari mazmunini, kasb va mutaxassisliklarning nomlanishini, ular boʻyicha beriladigan malaka darajalarini, oʻqitishning minimal muddatlarini, bitiruvchilar bilimini baholash tartibini va ushbu tashkilotlarning oʻquv-metodik bazasiga qoʻyiladigan yagona talablarni belgilash.
2. Kasbiy taʼlim mazmuni va dasturlarini takomillashtirish yoʻnalishida:
(a) kasbiy taʼlimning tabaqalashtirilgan taʼlim dasturlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish;
(b) texnikum va korxonalar oʻrtasida samarali hamkorlikni tashkil etish hamda dual taʼlim tizimini rivojlantirish;
(v) kasbiy taʼlimda hayot davomida oʻqish tamoyilini tatbiq etish, shuningdek, ishsiz, ish qidirayotgan va xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida boʻlgan fuqarolarni kasbga oʻqitishni tashkil etish;
(g) oʻquv jarayonida interaktiv, raqamli va innovatsion oʻqitish texnologiyalarini joriy etish;
(d) kasbiy taʼlim jarayoni uchun zarur boʻlgan zamonaviy resurslar, oʻquv-uslubiy materiallar va adabiyotlarni yaratish hamda ular bilan texnikumlarini taʼminlash.
3. Pedagog kadrlar salohiyatini oshirish yoʻnalishida:
(a) pedagog kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashni tashkil qilish;
(b) texnikumlarning pedagoglarini attestatsiyadan oʻtkazish va ularga malaka toifasini berishni tashkil qilish;
(v) pedagoglar faoliyatini baholashning samarali tizimini joriy etish hamda ragʻbatlantirish mexanizmlarini takomillashtirish.
4. Infratuzilmani rivojlantirish yoʻnalishida:
(a) texnikumlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, jumladan, laboratoriya va ustaxona bazalarini zamonaviy texnika, asbob-uskuna va sarflovchi materiallar bilan taʼminlash;
(b) kasbiy taʼlim va kasbga oʻqitish tizimida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish.
5. Xalqaro hamkorlikni mustahkamlash yoʻnalishida:
(a) xorijiy hamkorlar bilan qoʻshma va xalqaro taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish;
(b) taʼlim jarayoniga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish va mahalliy pedagoglarni chet elga malaka oshirish va stajirovka oʻtashga yuborish;
(v) kasbiy taʼlim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazishga koʻmaklashish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-oktabrdagi PF-190-son Farmoniga2-ILOVA
Kasbiy taʼlim agentligining
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiKasbiy taʼlim agentligiKasbiy taʼlimni rivojlantirish institutiTexnikumlarKasbiy taʼlim moddiy-texnika taʼminoti markaziKasbiy taʼlimni rivojlantirish jamgʻarmasiQoraqalpogʻiston Respublikasi Kasbiy taʼlim agentligi, viloyatlar va Toshkent shahri kasbiy taʼlim boshqarmalari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-oktabrdagi PF-190-son Farmoniga3-ILOVA
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tizimidan Kasbiy taʼlim agentligi tizimiga oʻtkaziladigan tuzilmalar
T/rAmaldagi nomiYangi nomi1.Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Professional taʼlimni rivojlantirish institutiKasbiy taʼlim agentligi huzuridagi Kasbiy taʼlimni rivojlantirish instituti2.Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy va professional taʼlim muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash markaziKasbiy taʼlim agentligi huzuridagi Kasbiy taʼlim moddiy-texnika taʼminoti markazi3.Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy taʼlimni rivojlantirish jamgʻarmasiKasbiy taʼlim agentligi huzuridagi Kasbiy taʼlimni rivojlantirish jamgʻarmasi4.Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar boshqarmalariQoraqalpogʻiston Respublikasi Kasbiy taʼlim agentligi, viloyatlar va Toshkent shahar kasbiy taʼlim boshqarmalari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-oktabrdagi PF-190-son Farmoniga4-ILOVA
Kasbiy taʼlim agentligi tizimiga oʻtkazish orqali qayta tashkil etiladigan texnikumlar
Izoh.
1. Texnikumlar va kasbiy koʻnikmalar markazlarini topshirish-qabul qilish ishlari yakunlanguniga qadar ularni moliyalashtirishning amaldagi tizimi saqlab qolinadi.
2. Obyektlarda boshlangan kapital va joriy taʼmirlash ishlari belgilangan moliyalashtirish manbalari hisobidan yakuniga qadar davom ettiriladi.
3. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligidan Kasbiy taʼlim agentligi tizimiga oʻtkazilayotgan kasbiy koʻnikmalar markazlari va ularning filiallariga tegishli hudud, bino va inshootlar hamda barcha mol-mulki (ustaxona jihozlari, laboratoriya uskunalari, transport vositalari, axborot-kommunikatsiya vositalari, mebellar va boshqalar) yangi tashkil etilayotgan texnikumlar balansida saqlab qolinadi.
4. Mazkur roʻyxatga Kasbiy taʼlim agentligi tomonidan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
5. Quyidagi texnikumlar Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimida qoldiriladi:
a) Samarqand imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus texnikum
b) Fargʻona shahar imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus texnikum
v) Respublika imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus texnikum
g) Toshkent imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan maxsus texnikum
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-iyundagi PF-103-son Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.06.2026-y., 06/26/103/0561-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-oktabrdagi PF-190-son Farmoniga5-ILOVA
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimida tashkil etiladigan malakani baholash markazlari
T/rHudud nomiNegizida malakani baholash markazi tashkil etiladigan tashkilot nomi1.Buxoro viloyatiBuxoro shahri kasbiy koʻnikmalar markazi2.Qashqadaryo viloyatiQarshi shahri kasbiy koʻnikmalar markazi3.Samarqand viloyatiSamarqand shahri kasbiy koʻnikmalar markazi4.Toshkent viloyatiQibray tumani kasbiy koʻnikmalar markazi5.Fargʻona viloyatiFargʻona shahri kasbiy koʻnikmalar markazi6.Xorazm viloyatiUrganch shahri kasbiy koʻnikmalar markazi7.Toshkent shahriOlmazor tumani kasbiy koʻnikmalar markazi8.Toshkent shahriShayxontohur tumani kasbiy koʻnikmalar markazi
Izoh.
1. Mazkur roʻyxatda belgilangan kasbiy koʻnikmalar markazlari 2026-yil yakuniga qadar malakani baholash markazlariga aylantiriladi va ularda kasbga oʻqitish faoliyati toʻxtatiladi.
2. Malakani baholash markazlari tashkil etilguniga qadar kasbiy koʻnikmalar markazlari faoliyati davom ettiriladi hamda ular faoliyatini moliyalashtirishning amaldagi tizimi saqlab qolinadi.
3. Malakani baholash faoliyati yoʻlga qoʻyilmagan kasbiy koʻnikmalar markazi negizida texnikum tashkil etilib, Kasbiy taʼlim agentligi tizimiga oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-oktabrdagi PF-190-son Farmoniga6-ILOVA
Kasbiy taʼlim agentligi faoliyatini tashkil etish tartibi
1. Agentlik faoliyatini moliyalashtirish manbalari:
(a) Davlat budjeti mablagʻlari;
(b) Kasbiy taʼlimni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari;
(v) homiylik xayriyalari va grantlar;
(g) budjetdan tashqari mablagʻlar, shu jumladan, vaqtincha boʻsh turgan budjetdan tashqari mablagʻlarni tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan tushgan mablagʻlar;
(d) qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
2. Agentlik xodimlarining mehnatiga haq toʻlash qonunchilikda belgilangan razryadlarga asosan boshqaruv xodimlarining lavozim maoshini aniqlashda tarif koeffitsiyentlari 1,8 baravarga oshirilgan holda qoʻllaniladi hamda bu bilan bogʻliq xarajatlar Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
3. Agentlik xodimlariga koʻp yillik xizmati uchun ragʻbatlantirish koeffitsiyentini hisobga olgan holda quyidagi hajmda Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan har oyda ustamalar toʻlanadi:
(a) 1 yildan 3 yilgacha — 0,3;
(b) 3 yildan 5 yilgacha — 0,6;
(v) 5 yildan 10 yilgacha — 0,8;
(g) 10 yildan 15 yilgacha — 1,0;
(d) 15 yildan 20 yilgacha — 1,2;
(j) 20 yildan yuqori — 1,5.
4. Agentlik va tegishli tizim tashkilotlari xodimlarining lavozim maoshlariga har oylik ustamalar, mukofotlar, ragʻbatlantirishlar, ularga moddiy yordam berish va ijtimoiy muhofaza qilish xarajatlari Davlat budjeti xarajatlar smetasida nazarda tutilgan mablagʻlar va Kasbiy taʼlimni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-oktabrdagi PF-158-son Farmoni bilan texnikumlarga kadrlar buyurtmachisi va sanoat hamkori sifatida biriktirilgan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xoʻjalik birlashmalari rahbarlari Agentlikka faoliyatini tashkil etishda har tomonlama koʻmaklashadi, shu jumladan, uning soʻroviga koʻra xodimlarning oylik ish haqi va unga tenglashtirilgan toʻlovlarni saqlab qolgan holda ekspert sifatida yuborilishini taʼminlaydi.
6. Agentlik bilan kelishgan holda texnikumlarda sanoat hamkorlari va ish beruvchilarning tashabbuslari asosida texnikum faoliyatini muvofiqlashtirish uchun Vasiylik kengashi tashkil etilishi mumkin. Bunda Vasiylik kengashi qarori asosida texnikumga:
(a) xalqaro hamkorlikni kengaytirish, sanoat hamkorlari va homiylarning mablagʻlarini jalb etish hamda ushbu mablagʻlar hisobidan texnikumni rivojlantirish dasturlarini amalga oshirishga;
(b) Vasiylik kengashi tomonidan ajratilgan mablagʻlar doirasida rahbar va pedagog kadrlarga qoʻshimcha oylik maoshlari miqdorlarining yuqori chegarasini erkin belgilashga, oʻquvchilarga stipendiyalar va boshqa moddiy ragʻbatlantirish tizimlarini joriy etishga;
(v) yuqori malakali mahalliy va xorijiy mutaxassislarni shartnoma asosida ishga jalb etishga hamda zarur hollarda qoʻshimcha shtat birliklarini joriy etishga ruxsat beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-oktabrdagi PF-190-son Farmoniga7-ILOVA
Kasbiy taʼlim tizimini rivojlantirish boʻyicha milliy kengash
X.U. Umarova—Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining taʼlimni isloh qilish boʻyicha oʻrinbosari, Milliy kengash raisiK.A. Sharipov—oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziriE.G. Karimova—maktabgacha va maktab taʼlimi vaziriB.E. Zaxidov—kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziriSh.X. Shermatov—raqamli texnologiyalar vaziriA.A. Xudayarov—sogʻliqni saqlash vaziriB.G. Yuldashev—Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi direktoriO.R. Fazilkarimov—iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosariD.A. Vaxabov—Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisiQ.S. Sanaqulov—“Navoiy KMK” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi — bosh direktoriA.X. Xursanov—“Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisiM.M. Yunusov—“Oʻzeltexsanoat” uyushmasi raisiB.B. Sidiqov—“Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruv raisiZ.Gʻ. Narzullayev—“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruv raisiA.A. Askarov—“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisiO.Sh. Temirov—“Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisiA.N. Xusanov—Kasbiy taʼlim agentligi direktori, masʼul kotib
Izoh:
1. Kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan shaxslar yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
2. Kengash qarori bilan uning tarkibiga oʻzgartirish kiritilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-oktabrdagi PF-190-son Farmoniga8-ILOVA
Kasbiy taʼlim tizimini rivojlantirish boʻyicha milliy kengashning asosiy vazifalari
1. Umumiy rahbarlik va strategik boshqaruv:
(a) kasbiy taʼlim tizimini rivojlantirish boʻyicha yagona milliy strategiyani ishlab chiqish va tasdiqlash, uning bajarilishi uchun vazirlik va idoralar oʻrtasida masʼuliyat taqsimotini belgilash;
(b) Kasbiy taʼlimni rivojlantirish hududiy tadbirkorlar kengashlari faoliyatini muvofiqlashtirish va baholash;
(v) erishilishi lozim boʻlgan koʻrsatkichlar va indikatorlarni belgilash, ularning samarali bajarilishi ustidan nazorat oʻrnatish;
(g) texnikumlarga oʻquv-uslubiy yordam koʻrsatish, taʼlim sifatini oshirish va ularning moddiy-texnik bazasini yaxshilashga koʻmaklashuvchi oliy taʼlim tashkilotlarini biriktirish;
(d) har bir hududdagi texnikumlarning ehtiyojlaridan kelib chiqib, mintaqaviy yoʻnaltirilgan dasturlarni amalga oshirish.
2. Moliyaviy va tashkiliy resurslarni jalb qilish:
(a) grantlar va homiylik mablagʻlarini jalb qilish hamda ulardan maqsadli va samarali foydalanilishini taʼminlash;
(b) texnikumlar va ish beruvchilar oʻrtasida samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish;
(v) kasbiy taʼlim tizimini rivojlantirish va tubdan isloh qilish uchun zarur infratuzilma va moddiy-texnik bazaga boʻlgan ehtiyojni taʼminlash boʻyicha zarur choralar koʻrish.
3. Monitoring va samaradorlikni taʼminlash:
(a) kasbiy taʼlim tizimi samaradorligini baholashda xalqaro standartlar asosida mustaqil monitoring tizimini joriy qilish;
(b) kasbiy taʼlim tizimini rivojlantirish maqsadlariga erishish samaradorligi hamda taʼsirini baholash, aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrish;
(v) texnikumlarda oʻquv jarayoni samaradorligini tahlil qilish va natijalarini baholash;
(g) kasbiy taʼlim tizimi sifatini doimiy ravishda yaxshilash, oʻsib boruvchi talablardan kelib chiqib yangi takliflar ishlab chiqish;
(d) Kasbiy taʼlim agentligi faoliyati samaradorligini oʻrganish, baholash hamda zarur koʻrsatma va tavsiyalar berish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-oktabrdagi PF-190-son Farmoniga9-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-14-son Farmonida:
(a) 1-ilovada:
(i) “Jami” pozitsiyasidagi “47 020”, “43 363” va “3 657” raqamlari tegishlicha “47 083”, “43 417” va “3 666” raqamlari bilan almashtirilsin;
(ii) “13. Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi” boʻlimi “Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi” pozitsiyasining “Jami boshqaruv shtat birliklari soni” va “Davlat budjeti hisobidan” ustunlaridagi “4 909” raqami “4 884” raqami bilan almashtirilsin;
(iii) “14. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi” boʻlimi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“14. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiOliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi20816840shu jumladan, vazir oʻrinbosarlari soni331.Innovatsion rivojlanish agentligi975047shu jumladan, direktor oʻrinbosarlari soni2.Bilim va malakalarni baholash agentligi108108shu jumladan, direktor oʻrinbosarlari soni113.Kasbiy taʼlim agentligi207207shu jumladan, direktor oʻrinbosarlari soni33”;
(b) 2-ilova quyidagi mazmundagi 14.3-band bilan toʻldirilsin:
“14.3. Kasbiy taʼlim agentligi”;
(v) 2a-ilova quyidagi mazmundagi 14.3-pozitsiya bilan toʻldirilsin:
“14.3Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy taʼlim agentligiKasbiy taʼlim agentligiAgentstvo professionalnogo obrazovaniya”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-oktabrdagi “Kasbiy taʼlimda malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish va xalqaro taʼlim dasturlarini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-158-son Farmonida:
(a) 6-band quyidagi mazmundagi “g” kichik band bilan toʻldirilsin:
“g) texnikumlarga oʻquvchilarning ishlab chiqarish amaliyotini xorijiy korxona va tashkilotlarda amaliyotni tashkil etish boʻyicha shartnoma imzolagan holda tashkil etishga ruxsat beriladi”;
(b) 9-bandning yettinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Kasbiy taʼlim agentligiga davlat texnikumlarida xalqaro taʼlim dasturlarini joriy qilish uchun xorijiy tashkilotlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzishga ruxsat beriladi”.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-maydagi PF-77-son Farmoni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Istiqbolli kadrlarni tayyorlash boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom quyidagi mazmundagi 4-1-band bilan toʻldirilsin:
“4-1. Jamgʻarma Toshkent shahri Yakkasaroy tumani Bobur koʻchasi 30-uy manzilidagi binoga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi”.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 4-oktabrdagi “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatiga raqamlashtirishni keng joriy etish hisobiga boshqaruv shtat birliklari sonini maqbullashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-178-son Farmoniga 1-ilovada:
(a) “Jami” pozitsiyasidagi “2 141”, “1 863” va “278” raqamlari tegishlicha “2 093”, “1 824” va “269” raqamlari bilan almashtirilsin;
(b) 13-pozitsiya chiqarib tashlansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-iyuldagi “Oliy va oʻrta maxsus taʼlim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4391-son qarorining 7-bandida:
(a) “d” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“d) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga idoraviy mansub tashkilotlar va muassasalar rahbarlari, qonunchilik hujjatlarida boshqacha qoida belgilangan boʻlmasa, oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
Kasbiy taʼlim agentligi tizimidagi tashkilotlar va hududiy boʻlinmalar birinchi rahbarlari Agentlik direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi”;
(b) “e” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“e) davlat texnikumlari:
direktorlari Kasbiy taʼlim agentligi direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;
direktorlarining oʻrinbosarlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kasbiy taʼlim agentligi direktori, viloyatlar va Toshkent shahar kasbiy taʼlim boshqarmalari boshliqlari tomonidan, shuningdek, akademik litsey direktori oʻrinbosarlari oliy taʼlim muassasasi rektori bilan kelishilgan holda akademik litsey direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi”.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 30-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi milliy malaka tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-345-son qarorining 4-bandi toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Toshkent shahri Olmazor tumani Talabalar shaharchasi 5/1-uy manzilida joylashgan bino va inshootlar tegishli hududi bilan birga operativ boshqaruv huquqi asosida Institutga oʻtkaziladi”.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 8-sentabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-275-son qarorining 8-bandidagi “Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutiga tegishli Toshkent shahri Yakkasaroy tumani Bobur koʻchasi 30-uy” soʻzlari “Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligiga tegishli Toshkent shahri Olmazor tumani Universitet koʻchasi 7-uy” soʻzlari bilan almashtirilsin.