Oʻzbekiston Respublikasida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish boʻyicha 2024 — 2028-yillarga moʻljallangan milliy strategiyaning ustuvor maqsadlariga erishish, giyohvandlik va uyushgan narkojinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish orqali aholini, birinchi navbatda, yoshlar salomatligini hamda millat genofondini samarali himoya qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni belgilash maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar va ustuvor vazifalar
1. Quyidagilar ushbu Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) Oʻzbekiston aholisining salomatligi va millat genofondiga jiddiy tahdid solayotgan giyohvandlik illatiga qarshi kurashish hamda bunga sabab boʻlayotgan uyushgan narkojinoyatchilikka chek qoʻyishga qaratilgan normativ-huquqiy, tezkor-profilaktik va tashkiliy-tarbiyaviy choralar kompleksini belgilash;
(b) voyaga yetmaganlar va yoshlarimiz kelajagini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalardan har tomonlama asrash — barcha darajadagi davlat organlari, tashkilotlari va muassasalarining dolzarb vazifasi ekanini alohida qayd etish hamda ularning bu boradagi masʼuliyatini tubdan oshirish.
2. Quyidagilar giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi keskin kurashish faoliyatini amalga oshirishga masʼul davlat organlari va tashkilotlarining ustuvor vazifalari etib belgilansin:
(a) taʼlim muassasalarida, oʻquvchi va talabalar orasida psixofaol moddalarning tarqalishiga batamom chek qoʻyish, yoshlarda giyohvandlik illatiga murosasiz munosabatni shakllantirish boʻyicha taʼsirchan chora-tadbirlarni kompleks ravishda amalga oshirish;
(b) giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalar (keyingi oʻrinlarda — giyohvandlik vositalari) noqonuniy aylanmasiga qatʼiy jinoiy-huquqiy mexanizmlar orqali barham berish, bu boradagi jazo choralarini keskin kuchaytirish hamda yoshlarga nisbatan sodir etiladigan narkojinoyatlar uchun javobgarlikni ogʻirlashtirish;
(v) giyohvandlik vositalarini respublika chegarasidan olib kirish yoʻnalishlarini, internet tarmoqlari orqali tarqatish harakatlarini, noqonuniy narkolaboratoriyalarni va narkojinoiy uyushmalarni, shu jumladan, ularga homiylik (rahnamolik) qilayotgan mansabdor shaxslarni aniqlash, ular faoliyatiga chek qoʻyish hamda jazo muqarrarligini taʼminlashga qaratilgan keng qamrovli tezkor-qidiruv va tergov faoliyatini yoʻlga qoʻyish;
(g) giyohvandlik vositalarini tayyorlash uchun foydalanish mumkin boʻlgan kimyoviy moddalar (prekursorlar) aylanmasi ustidan qatʼiy davlat nazoratini oʻrnatish, giyohvandlik vositalaridan tibbiyotda foydalanuvchi tibbiyot muassasalari, farmatsevtika korxonalari va dorixonalarning faoliyatini nazorat qilish amaliyotiga raqamli yechimlarni joriy etish;
(d) aholi, ayniqsa, voyaga yetmaganlar va yoshlar orasida giyohvandlik hamda zaharvandlikni tashxislash, davolash va tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan manzilli chora-tadbirlarni belgilash.
II. Normativ-huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish
3. Ichki ishlar vazirligi (A. Tashpulatov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2025-yil yakuniga qadar bugungi kundagi amaliyot, zamon talablari va ilgʻor xorijiy tajribalarni kompleks oʻrgangan holda giyohvandlik vositalari aylanmasini tartibga solish mexanizmlari hamda narkojinoyatlarning oldini olish va fosh etishda davlat organlari va tashkilotlarining aniq masʼuliyatini belgilaydigan “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar toʻgʻrisida”gi Qonunning yangi tahrirdagi loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda kiritsin.
4. Bosh prokuratura, Oliy sud, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va Bojxona qoʻmitasining quyidagi takliflari maʼqullansin:
(a) uyushgan narkojinoyatchilikka jinoiy-huquqiy mexanizmlar orqali qarshi kurashish faoliyatini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Jinoyat kodeksiga “Aholi salomatligi va millat genofondiga qarshi jinoyatlar” nomli alohida yangi boʻlim kiritish;
(b) narkojinoyatlarning yangi shakllari, usullari va uyushganlik darajasidan kelib chiqib, quyidagi qilmishlar uchun yigirma yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilashni nazarda tutuvchi jinoiy javobgarlikni kiritish:
(i) narkojinoiy uyushma tashkil etish va uning faoliyat yuritishini taʼminlash, shuningdek, giyohvandlik vositalarini uyushgan guruh tomonidan transchegaraviy usullarda yoki internet tarmogʻidan foydalanib oʻtkazish;
(ii) giyohvandlik vositalarini noqonuniy muomalaga kiritishga hokimiyat (mansab) vakolatlarini suiisteʼmol qilish yoʻli bilan homiylik (rahnamolik) qilish yoki bunday jinoyatlar fosh boʻlishining oldini olish maqsadida xabar berish;
(iii) gʻayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish va uning faoliyat yuritishini taʼminlash;
(v) giyohvandlik vositalarini jamoat joylarida isteʼmol qilganlik uchun oʻn besh sutkagacha maʼmuriy qamoq jazosini qoʻllashni nazarda tutuvchi maʼmuriy javobgarlikni kiritish;
(g) narkojinoyatlar sodir etilishi va qayta sodir etilishining oldini olish maqsadida quyidagi qilmishlar uchun jinoiy javobgarlik choralarini ikki baravargacha ogʻirlashtirish:
(i) giyohvandlik vositalarini oʻtkazish maqsadini koʻzlab koʻp miqdorda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash, tashish yoki joʻnatish, shuningdek, ularni noqonuniy ravishda koʻp miqdorda har qanday usulda oʻtkazish;
(ii) kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni taʼlim tashkilotlarida, ozodlikdan mahrum qilish joylarida, internet tarmogʻidan foydalanib, xavfli yoki oʻta xavfli retsidivist tomonidan muomalaga kiritish, shuningdek, ularni koʻp miqdorda kontrabanda qilish;
(iii) alohida toifadagi kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasini (oʻtkazish maqsadisiz) koʻp miqdorda va takroran sodir etish;
(iv) giyohvandlik vositalarini har qanday shaklda isteʼmol qilishga jalb etish odam oʻlimiga yoki boshqa ogʻir oqibatlarga sabab boʻlganda;
(d) voyaga yetmagan va yoshlarni narkojinoyatlardan himoya qilish maqsadida:
(i) har qanday narkojinoyatni voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan yoki ularni jalb qilgan holda sodir etishni jinoiy javobgarlikni ogʻirlashtiruvchi holati sifatida qayd etish;
(ii) voyaga yetmagan shaxsni kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni isteʼmol qilishga jalb qilganlik uchun toʻgʻridan-toʻgʻri jinoiy javobgarlik belgilash;
(iii) taʼlim tashkilotlari, talabalar yotoqxonalari, bolalar oromgohlarida yoki taʼlim tashkilotlariga tutash hududlarda kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni oʻtkazganlik uchun jinoiy javobgarlik choralarini ikki baravargacha ogʻirlashtirish;
(iv) voyaga yetmagan shaxslarni kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni aynan taʼlim tashkilotlari, talabalar yotoqxonalari, bolalar oromgohlarida yoki ularga tutash hududlarda isteʼmol qilishga jalb qilganlik uchun oʻn yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutuvchi jinoiy javobgarlikni kiritish;
(j) ayrim narkojinoyatlarni sodir etgan shaxslarni jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilmaslik tartibini joriy etish.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi afv etish masalalari boʻyicha komissiya mahkumlarning afv etishga oid murojaatlarini oʻrganishda aholi genofondiga qarshi sodir etilgan har qanday jinoyat davlat, jamiyat va shaxs uchun jiddiy xavf ekaniga hamda oʻta ogʻir oqibatlarga olib kelishiga alohida eʼtibor qaratsin.
III. Kompleks chora-tadbirlarni belgilash va ularning ijrosini taʼminlash
6. Giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi kurashish boʻyicha 2025-2026-yillarga moʻljallangan kompleks amaliy harakatlar milliy dasturi (keyingi oʻrinlarda — Milliy dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Masʼul vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari oʻz sohaviy yoʻnalishi va hududi kesimida Milliy dastur ijrosini manzilli tashkil etish boʻyicha har choraklik “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqishni taʼminlasin.
8. Giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi keskin kurashish borasidagi ishlarni kompleks tashkil etish hamda Milliy dastur ijrosini tizimli ravishda nazorat qilib borish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzurida faoliyat koʻrsatuvchi Respublika idoralararo muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh (keyingi oʻrinlarda — Muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh) 2-ilovaga* muvofiq tarkibda tuzilsin.
* 2-ilova keltirilmaydi.
9. Muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh (S. Gordeyev, B. Tashmatov):
(a) Narkotiklar va oʻqotar qurollarni nazorat qilish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) qoshida masʼul vazirlik va idoralar mutaxassislaridan iborat Muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh shtabi tarkibini shakllantirsin hamda 2025-2026-yillarda mazkur Farmon bilan belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish borasidagi ishlarning natijadorligini, shu jumladan, joylarga chiqqan holda tizimli oʻrganish va monitoring qilib borishni tashkil qilsin;
(b) Milliy dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning izchil, sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishini doimiy ravishda va qatʼiy nazorat qilib borsin.
10. Milliy dastur, sohaviy va hududiy “yoʻl xaritalari”da belgilangan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishini taʼminlash hamda aniq natijalarga erishish yuzasidan masʼuliyat davlat organlari, idoralari va mahalliy hokimliklarning shaxsan birinchi rahbarlari zimmasiga yuklatilsin va mazkur yoʻnalishdagi faoliyat samaradorligi taʼminlanmagan taqdirda, ularga nisbatan qatʼiy choralar koʻrilishi toʻgʻrisida ogohlantirilsin.
11. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) masʼul davlat organlari, idoralari va mahalliy hokimliklar har oy yakunida mazkur Farmonda belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish borasida qilingan aniq ishlar hamda Milliy dasturning ijrosi yuzasidan hisobotlarni Agentlikka kiritib boradi;
(b) Muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh:
(i) har oyda masʼul davlat organlari, idoralari va ularning hududiy boʻlinmalari hamda mahalliy hokimliklar rahbarlarining mazkur Farmonda belgilangan ustuvor vazifalarning sohalar va hududlar kesimida ijrosi yuzasidan hisobotlarini eshitadi, natijadorligi boʻyicha tanqidiy muhokamalar oʻtkazadi hamda ushbu masalaga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan rahbarlarga nisbatan lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan taʼsir choralarini koʻrib boradi;
(ii) har chorakda respublikada giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi keskin kurashish borasida mazkur Farmonga asosan koʻrilgan manzilli choralar va erishilgan aniq natijalar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib boradi.
IV. Narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish va aniqlash mexanizmlari
12. Sanoat va tibbiyotda foydalaniladigan kimyoviy moddalarning sintetik narkotiklar, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni noqonuniy tayyorlash jarayoniga kirib borishining oldini olish maqsadida:
(a) Oʻzbekistonda muomalasi cheklangan prekursorlar roʻyxatini xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda kengaytirish choralari koʻrilsin hamda uni soddalashtirilgan tartibda tezkorlik bilan yangilab borish (toʻldirish) mexanizmlari joriy etilsin;
(b) prekursorlarning qonuniy muomalasini tartibga solish hamda ular ishlab chiqarilishidan (xorijdan keltirilishidan) boshlab realizatsiya qilinishigacha (tranzit oʻtishi, mahsulot ishlab chiqarishda foydalanish, sotish, saqlash, berish va boshqa) boʻlgan barcha jarayonlarni elektron nazorat qilish tizimini yoʻlga qoʻyishni nazarda tutuvchi qatʼiy davlat nazorati oʻrnatilsin;
(v) Agentlikka Oʻzbekistonda prekursorlar muomalasi ustidan tizimli nazoratni amalga oshirish hamda ularning noqonuniy aylanmasi yuzasidan vakolatli huquq-tartibot organlariga tergovga qadar tekshiruvni oʻtkazish yuzasidan taqdimnoma kiritish huquqi berilsin;
(g) Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti va Bojxona qoʻmitasi Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi tuzilmalarida, mavjud shtatlar doirasida, prekursorlarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish boʻlimlari faoliyati yoʻlga qoʻyilsin.
13. Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
(a) prekursorlarning qonuniy muomalasini tartibga solishga va bu borada uning barcha bosqichlarida qatʼiy davlat nazorati mexanizmlarini belgilashga, shuningdek, prekursorlarning noqonuniy muomalasi hamda ulardan foydalanish tartibini buzganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlikni kiritishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini belgilangan tartibda kiritsin;
(b) giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq jinoyatlar haqida xabar bergan yoki aniqlashga koʻmaklashgan fuqarolarni munosib ragʻbatlantirish tartibini joriy etishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
14. Raqamli texnologiyalar vazirligi (Sh. Shermatov), Ichki ishlar vazirligi (A. Tashpulatov) boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2026-yil 1-iyulga qadar Internet tarmogʻidagi narkodoʻkonlarni hamda giyohvandlik vositalarini tarqatish holatlarini sunʼiy intellekt texnologiyalari yordamida aniqlash va bloklashga moʻljallangan dasturlarni ishlab chiqish boʻyicha yoshlar oʻrtasida xakaton oʻtkazsin hamda eng maqbul takliflarni tanlab olib, amaliyotga joriy qilish choralarini koʻrsin.
15. Ichki ishlar vazirligi (A. Tashpulatov):
(a) 2025-yil yakuniga qadar ichki ishlar organlarining barcha profilaktika inspektorlarini xizmat olib borayotgan mahallalar hududida gʻayriqonuniy narkolaboratoriyalar va kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini qoʻlbola usulda qadoqlovchi sexlarni aniqlash boʻyicha oʻqitishni tashkil qilsin hamda ularning bu boradagi samarali faoliyatini budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan munosib ragʻbatlantirish yoki boshqa idoralar (sohaviy boʻlinmalar) tomonidan mahallada aniqlangan taqdirda intizomiy jazo choralarini qoʻllash amaliyotini yoʻlga qoʻysin;
(b) Mudofaa sanoati agentligi bilan birgalikda 2026-yil 1-martga qadar ichki ishlar organlari uchun tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishda giyohvandlik vositalari namunalarini ekspress tekshirish boʻyicha eng zamonaviy texnik vositalarni xarid qilish va amaliyotga joriy etish boʻyicha barcha zarur choralarni koʻrsin.
V. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
17. Farmon ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.Sh. Mirziyoyeva zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 3-noyabr,
PF-207-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PF-207-son Farmoniga1-ILOVA
Giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi kurashish boʻyicha 2025-2026-yillarga moʻljallangan kompleks
* Mazkur ustunda koʻrsatilgan vazirlik va idoralarning barchasi vazifalar ijrosi uchun bir xilda masʼul hisoblanadi.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-sentabrdagi PF-191-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.09.2026-y., 06/26/191/0937-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PF-207-son Farmoniga3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 14-noyabrdagi “Tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-184-son Farmoniga 1-ilovada:
(a) 7-pozitsiyada “Nazorat sohasi” ustunidagi “va psixotrop moddalarni ishlab chiqarish” soʻzlari chiqarib tashlansin;
(b) quyidagi mazmundagi 45-pozitsiya bilan toʻldirilsin:
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 6-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qoʻyish orqali ularning aholi salomatligi va mamlakatimiz genofondiga salbiy taʼsirini bartaraf etish strategik chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-73-son Farmonida:
(a) 3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va oʻqotar qurollarni nazorat qilish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tashkil etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin va faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
respublikada giyohvandlik vositalari va oʻqotar qurollar bilan bogʻliq vaziyatni hududlar kesimida ilmiy-amaliy va axborot-tahliliy jihatidan tizimli ravishda chuqur oʻrganib borish, asosiy omillar hamda tendensiyalarni aniqlash va prognoz qilish;
giyohvandlik vositalari va oʻqotar qurollarni nazorat qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlarini shakllantirish, bu borada qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish hamda ularni amaliyotga joriy etish choralarini koʻrish;
giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlar muomalasi sohasida nazorat funksiyasini amalga oshirish hamda ularning noqonuniy muomalasi yuzasidan qatʼiy choralar koʻrib borilishini taʼminlash;
giyohvandlik vositalari va oʻqotar qurollar bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlar tomonidan koʻrilayotgan choralarning samaradorligini ekspert jihatdan baholash, bu borada yagona axborot almashuvi va idoralararo hamkorlikni tashkil etish;
giyohvandlik vositalari va oʻqotar qurollarni nazorat qilish sohasida xorijiy davlat tuzilmalari hamda xalqaro tashkilotlar bilan manzilli hamkorlikni oʻrnatish, giyohvandlik vositalari boʻyicha xalqaro faoliyatni tartibga soluvchi konvensiyalar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan BMTga yillik maʼruzalar tayyorlash;
giyohvandlikning oldini olish, giyohvandlik vositalari va oʻqotar qurollarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish boʻyicha ilgʻor milliy va xorijiy tajribalarni doimiy oʻrganish hamda uning natijalarini joriy etish va ommalashtirish boʻyicha metodika, taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish;
giyohvandlik vositalari va oʻqotar qurollarni nazorat qilish samaradorligini oshirish yoʻnalishida milliy va xalqaro konferensiyalar hamda simpoziumlarni oʻtkazish choralarini koʻrish, masʼul davlat organlari va tashkilotlar xodimlarining malakasini oshirish boʻyicha oʻquv seminarlarni tashkil etish”;
(b) 4-bandning “a” kichik bandi uchinchi xatboshisidagi, “b” kichik bandi birinchi xatboshisidagi tegishli kelishikdagi “Milliy markaz” soʻzlari tegishli kelishikdagi “Agentlik” soʻzi bilan almashtirilsin;
(v) 5-bandda:
ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi xatboshilardagi “Milliy markaz” soʻzlari “Agentlik” soʻzi bilan almashtirilsin;
beshinchi va oltinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Agentlik direktori hamda uning oʻrinbosarlari maqomi, mehnatga haq toʻlash shartlari, ijtimoiy himoya va tibbiy xizmat koʻrsatish tartibi boʻyicha tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi oʻrinbosari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi shoʻba mudiriga tenglashtiriladi.
Agentlikning rahbarlari va xodimlariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi rahbarlari va xodimlari uchun nazarda tutilgan mehnatga haq toʻlash shartlari, ijtimoiy himoya va tibbiy xizmat koʻrsatish tartibi qoʻllaniladi.”;
(g) 6-bandda “Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazining” soʻzlari “Narkotiklar va oʻqotar qurollarni nazorat qilish agentligining” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(d) 7-bandning birinchi va beshinchi xatboshilaridagi “Milliy markazga” soʻzlari “Agentlikka” soʻzi bilan almashtirilsin;
(j) 8-bandning birinchi, sakkizinchi, toʻqqizinchi, oʻninchi va oʻn birinchi xatboshilaridagi tegishli kelishikdagi “Milliy markaz” soʻzlari tegishli kelishikdagi “Agentlik” soʻzi bilan almashtirilsin;
(z) 9 va 10-bandlardagi “Milliy markaz” soʻzlari “Agentlik” soʻzi bilan almashtirilsin;
(i) 2-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 6-maydagi PF-73-son Farmoniga2-ILOVA
Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ustidan nazorat qilish boʻyicha davlat komissiyasi
Izoh: Davlat komissiyasi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-sentabrdagi “Dori vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish choralarini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi PQ-4438-son qarorining birinchi bandida:
birinchi xatboshidagi “Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va oʻqotar qurollarni nazorat qilish agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
toʻrtinchi xatboshidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va oʻqotar qurollarni nazorat qilish agentligi” soʻzlari bilan almashtirilsin.