PF-233-son Farmon · 26.11.2025

Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-233
  • Qabul qilingan sana:26.11.2025
  • Kuchga kirgan sana:27.11.2025
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 06/25/233/1094

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktabrdagi “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6079-son Farmonida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, shuningdek, dasturiy mahsulotlar va IT xizmatlar eksportini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish hamda investorlar huquqlarini himoya qilishning xalqaro tan olingan ilgʻor amaliyot va institutlarini joriy qilish maqsadida qaror qilaman:

I. Maqsadlar

1. Quyidagilar uchun shart-sharoitlar yaratish ushbu Farmonning asosiy maqsadi etib belgilansin:

(a) IT sohasiga investitsiyalarni keng jalb qilish, biznes yuritish uchun qulay muhit yaratish hamda xalqaro darajada raqobatbardosh va jozibador ekotizimni shakllantirish;

(b) IT kompaniyalar tomonidan venchur kapitalni jalb qilish hamda xalqaro sheriklar bilan shartnomalar tuzishda ularning huquqiy kafolatlarini yanada mustahkamlash;

(v) axborot texnologiyalari va biznes jarayonlari sohasida xizmatlar eksportini rivojlantirish hamda jahon iqtisodiyotiga samarali integratsiyani taʼminlash;

(g) raqamli yechimlar va innovatsiyalar boʻyicha ilgʻor mahalliy kompaniyalar faoliyatini ragʻbatlantirish va malakali kadrlar tayyorlash;

(d) mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun qulay huquqiy muhitni shakllantirish va ularning huquqlarini ishonchli himoya qilishning samarali mexanizmlarini joriy etish.

II. Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi faoliyatini tashkil etish va uni boshqarish

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-fevraldagi “Raqamli texnologiyalar xalqaro markazini tashkil etish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-25-son Farmoniga muvofiq “Enterprise Uzbekistan” raqamli texnologiyalar xalqaro markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tashkil etilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.

3. Quyidagilar:

(a) “Enterprise Uzbekistan” raqamli texnologiyalar xalqaro markazi boshqaruv kengashi (keyingi oʻrinlarda — Boshqaruv kengashi) tarkibi 1-ilovaga muvofiq;

(b) “Enterprise Uzbekistan” raqamli texnologiyalar xalqaro markazi hududi chegaralarining tavsifi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Raqamli texnologiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

(a) Markaz direksiyasini aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etish, uning yagona aksiyadori sifatida “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MCHJni belgilash;

(b) Markaz organlarining faoliyatini Raqamli texnologiyalarni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari, Markaz organlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlardan tushumlar, Markaz rezidentlarining oylik ajratmalari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirish;

(v) Markaz rezidentlari uchun soliq va bojxona maʼmuriyatchiligi, mehnat munosabatlarini tartibga solish, shaxsga doir maʼlumotlar va intellektual mulkni himoya qilish, davlat xizmatlarini koʻrsatish, nizolarni hal qilish hamda qonun hujjatlari va Boshqaruv kengashi qarorlari bilan belgilanadigan boshqa sohalarda maxsus huquqiy rejim oʻrnatish.

III. Markaz hududidagi maxsus huquqiy rejim

5. Markaz hududida quyidagi faoliyat turlariga ruxsat etiladi:

(a) dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish, raqamli texnologiyalar sohasida konsalting va autstaffing xizmatlarini koʻrsatish;

(b) raqamli texnologiyalardan foydalangan holda autsorsing asosida masofaviy xizmatlar koʻrsatish, shu jumladan, biznes jarayonlar autsorsingi (BPO);

(v) raqamli texnologiyalar sohasida ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarni (R&D) amalga oshirish;

(g) video oʻyinlar (GameDev) yaratish, ular uchun raqamli kontent ishlab chiqish, jumladan, grafik dizayn, video va audiokontent yaratish va tahrirlash (shu jumladan, vizualizatsiya va raqamli media);

(d) raqamli kontentni (shu jumladan, elektron kitoblar, oʻquv kurslari, mediakontent) yoki dasturiy yechimlarni onlayn platformalar orqali yaratish, joylashtirish va targʻib qilish;

(j) sunʼiy intellekt texnologiyalarini yaratish va rivojlantirish;

(z) maʼlumotlarni qayta ishlash va saqlash markazlarini, bulutli hisoblash tizimlarini yaratish, ularni boshqarish va tegishli xizmatlarni koʻrsatish;

(i) raqamli texnologiyalar sohasida taʼlim faoliyatini va Boshqaruv kengashi tomonidan belgilanadigan boshqa faoliyat turlarini amalga oshirish.

6. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra Markaz rezidentlariga moliyaviy xizmatlar koʻrsatishning maxsus qoidalari Markaziy bank (bank xizmatlari va valyutani tartibga solish boʻyicha) va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (sugʻurta va qimmatli qogʻozlar sohasidagi xizmatlar boʻyicha) tomonidan belgilanadi.

7. Belgilansinki:

(a) Markaz rezidentlarining maxsus huquqiy rejim doirasidagi faoliyati mazkur Farmonning 2-ilovasiga muvofiq tasdiqlangan Markaz hududi va (yoki) uning yurisdiksiyasi doirasida amalga oshiriladi;

(b) Markaz rezidentlariga xizmat koʻrsatish maqsadida Markaz hududida “yagona darcha” tamoyili asosida faoliyat yurituvchi, shu jumladan, ingliz tilida xizmat koʻrsatuvchi ixtisoslashtirilgan soliq inspeksiyasi tashkil etiladi.

8. Raqamli texnologiyalar vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Adliya vazirligi hamda xalqaro ekspertlarning quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflariga rozilik berilsin:

(a) Markazni Angliya va Uels umumiy huquq normalari va prinsiplariga yoki yetakchi xalqaro moliya markazlari standartlariga asoslangan maxsus huquqiy rejimga ega alohida hudud (yurisdiksiya) sifatida eʼtirof etish;

(b) Markazning maxsus huquqiy rejimi doirasida uning rezidentlari va tomonlarning oʻzaro kelishuviga muvofiq boshqa tadbirkorlik subyektlarining nizolarini Oʻzbekiston Respublikasi sud tizimiga kirmaydigan mustaqil ixtisoslashtirilgan sud tomonidan koʻrib chiqish imkoniyatlarini yaratish;

(v) Markaz rezidentlari uchun oʻrnatilgan soliq, bojxona va boshqa imtiyozlarni tatbiq etmagan holda Markaz hududida rezident boʻlmagan kompaniyalar tomonidan moliyaviy, konsalting, investitsiya va yuridik xizmatlar koʻrsatilishiga ruxsat etish.

9. Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda “Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasini oʻrnatilgan tartibda kiritsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-fevraldagi “Raqamli texnologiyalar xalqaro markazini tashkil etish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-25-son Farmonining 2-bandi uchinchi xatboshisi, 3, 5, 6-bandlari va ilovasi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

IV. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat

11. Ushbu Farmon ijrosini samarali tashkil etish uchun masʼul etib Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov va raqamli texnologiyalar vaziri Sh.X. Shermatov belgilansin.

12. Ushbu Farmon ijrosini taʼminlash boʻyicha masʼul organlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2025-yil 26-noyabr,

PF-233-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-noyabrdagi PF-233-son Farmoniga1-ILOVA

“Enterprise Uzbekistan” raqamli texnologiyalar xalqaro markazi boshqaruv kengashi

1.Sh.M. Mirziyoyev—Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Boshqaruv kengashi raisi 2.A.N. Aripov—Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri3.J.A. Qoʻchqorov—Bosh vazir oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri4.Sh.X. Shermatov—raqamli texnologiyalar vaziri5.A.D. Tashkulov—adliya vaziri6.T.A. Ishmetov—Markaziy bank raisi7.D.R. Li—Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori8.B.B. Xodjayev—Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sunʼiy intellekt boʻyicha departamenti boshligʻi, Boshqaruv kengashi kotibi

Izoh: Boshqaruv kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga mazkur lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklatilgan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-noyabrdagi PF-233-son Farmoniga2-ILOVA

“Enterprise Uzbekistan” raqamli texnologiyalar xalqaro markazi hududi

Burilish nuqtalariBurilish nuqtalari koordinatalariBurilish nuqtalari tavsiflariToshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumani1-nuqta41°20'39.23'' SHK69°20'12.49'' SHUTepamasjid va Olimlar koʻchalari kesishmasi2-nuqta41°20'35.11'' SHK69°20'19.24'' SHUOlimlar va Moʻminov koʻchalari kesishmasi3-nuqta41°20'26.16'' SHK69°20'9.83'' SHUMoʻminov va Doʻrmon yoʻli koʻchalari kesishmasi4-nuqta41°20'28.88'' SHK69°20'5.22'' SHU3-nuqtadan Doʻrmon yoʻli va Tepamasjid koʻchalari kesishmasiga qadar 135 metr masofadagi nuqta 5-nuqta41°20'34.59'' SHK69°20'10.95'' SHU4-nuqtadan “Tepa” jome masjidi hududi tugagan nuqta6-nuqta41°20'35.74'' SHK69°20'9.24'' SHU5-nuqtadan Tepamasjid koʻchasiga chiqish nuqtasi

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.