Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar tufayli inson qadri, uning huquq va manfaatlarini taʼminlash, xalqimiz farovonligini oshirish, jamiyatda tinchlik, doʻstlik va hamjihatlik muhitini, ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlash yoʻlida ulkan qadamlar tashlanmoqda. Bularning barchasi qadimiy tarix va anʼanalarga ega boʻlgan sharqona yangi yil bayrami — Navroʻzi olamning insonparvarlik mohiyati, uning bagʻrikenglik, saxovat va mehr-oqibat kabi azaliy qadriyatlari ahamiyatini yanada yuksaltirmoqda.
Soʻnggi yillarda Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan tom maʼnodagi tarixiy oʻzgarishlarga mos holda, maʼno-mazmuni tobora chuqurlashib borayotgan Navroʻz ayyomini barcha shahar va qishloqlarimizda, butun yurtimizda umumxalq sayli sifatida, yuksak tashkiliy saviyada va koʻtarinki ruhda nishonlash maqsadida qaror qilaman:
1. 2026-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Tashkiliy qoʻmita (A. Aripov) bir hafta muddatda:
(a) Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Madaniyat vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi va “Nuroniy” jamgʻarmasining taklifiga koʻra Navroʻz umumxalq bayramining gʻoyaviy mazmunini kuchaytirishga oid konseptni (keyingi oʻrinlarda — Konsept) tasdiqlasin;
(b) Toshkent shahri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar markazlari, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda Navroʻz umumxalq bayramini munosib nishonlash boʻyicha “Navroʻzni ulugʻlash — insonni ulugʻlashdir!” degan ezgu gʻoyani oʻzida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-maʼnaviy hamda targʻibot tadbirlari dasturini tasdiqlasin va uning amalga oshirilishini taʼminlasin.
3. Joylarda Navroʻz umumxalq bayramiga bagʻishlangan barcha tadbirlarni Konseptda bayon etiladigan asosiy yoʻnalish va tavsiyalarga mos holda yuksak darajada tashkil etish, ularda yurtdoshlarimizning faol ishtirokini taʼminlash maqsadida quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratilsin:
(a) bayram tadbirlarini borliqning uygʻonishi, inson va tabiat oʻrtasidagi uygʻunlik, ona zaminga mehr va eʼtiborni ifoda etadigan, yurtdoshlarimizni tinch va osuda hayotimizni qadrlab, suv va yer resurslaridan oqilona foydalanib, shukronalik tuygʻusi bilan yashashga chorlaydigan taʼsirchan mazmun va shaklda oʻtkazish;
(b) mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub demokratik islohotlar, xalqimizning kundalik hayoti, ongi va dunyoqarashida yuz berayotgan ijobiy oʻzgarishlar, oʻzaro birlik va hamjihatlik fazilatlari Navroʻz kunlarida ayniqsa yaqqol namoyon boʻlishini targʻib etish;
(v) bu yilgi Navroʻz muborak Ramazon hayiti bayrami bilan hamohang tarzda nishonlanishi uning insonparvarlik tamoyillarini yanada kuchaytirishini inobatga olib, keksa avlod vakillarini, xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama eʼzozlash, “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan shaxslar, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan va koʻmakka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ular uchun bayram dasturxonlarini tashkil etish hamda turli xayriya tadbirlarini mahalla faollari, yoshlar va xotin-qizlar vakillari ishtirokida uyushqoqlik bilan oʻtkazish;
(g) “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish, bayram arafasida barcha hududlarda, koʻcha va maydonlar, mahalla, tuman va shaharlarda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish tadbirlarini oʻtkazish, “Men ham koʻchat ekaman” aksiyalarini, umumxalq hasharlarini tashkil etish;
(d) jamiyatimizda hukm surayotgan millatlararo doʻstlik va totuvlik muhitini mustahkamlash maqsadida yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat va elatlar vakillarining milliy urf-odatlari, anʼana va qadriyatlarini keng namoyish qilish;
(j) bayram tadbirlari davomida hunarmandchilik koʻrgazmalari, milliy sport turlari boʻyicha musobaqalar oʻtkazish, kitob koʻrgazmalari, arzonlashtirilgan qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari, koʻchma savdo doʻkonlarini tashkil etish, koʻklam taomlarini tayyorlash hamda bu borada koʻrgazmali savdo va tanlovlarni uyushtirish;
(z) barcha shahar va qishloqlarda oʻtkaziladigan bayram tantanalarida, ommaviy axborot vositalarida Navroʻz bayramining tarixi, har bir hududda uni nishonlash bilan bogʻliq udum va anʼanalarni keng yoritish;
(i) Toshkent shahridagi “Yangi Oʻzbekiston” majmuasida alohida dastur asosida xalq sayillarini tashkil etish.
4. Madaniyat vazirligi (O. Nazarbekov) Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi (O. Xasanov), Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi (S. Saidov) bilan birgalikda bir hafta muddatda Konseptga muvofiq Toshkent shahrida Navroʻz bayramiga bagʻishlab oʻtkaziladigan teatrlashtirilgan asosiy konsert tomoshasining dasturini ishlab chiqsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
(a) bir hafta muddatda Navroʻz umumxalq sayillarini oʻtkazish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutadigan hududiy chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin:
(i) umumxalq sayillari uyushtiriladigan asosiy maydonlar, koʻcha va xiyobonlarni bayramona bezatish;
(ii) sayil va tomoshalarni mahalliy tajribali ssenaristlar va rejissorlar, kompozitor va bastakorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari, isteʼdodli yosh ijrochilar, folklor sanʼati vakillari bilan birgalikda yuqori badiiy saviyada tayyorlash choralarini koʻrish;
(iii) bayram tadbirlari doirasida har bir hududga xos boʻlgan xalq oʻyinlari, tomoshalar, koʻrgazmalar oʻtkazib, bahor taomlari sotiladigan ochiq oshxonalar tashkil qilish;
(b) bayram dasturlarini va ommaviy tomoshalarni tayyorlashda, koʻchalar, maydon va xiyobonlarni bezatishda malakali mutaxassislardan iborat ijodiy guruhlarni keng jalb etsin;
(v) barcha tadbirlar jamoat xavfsizligi talablariga qatʼiy rioya qilingan holda oʻtkazilishini taʼminlasin.
6. Belgilab qoʻyilsinki, oʻtkaziladigan bayram tadbirlarining xarajatlari:
(a) Toshkent shahrida — respublika budjeti va Toshkent shahar mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan teng ulushlarda;
(b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda — tegishli mahalliy budjetlar hamda homiylik xayriyalari hisobidan qoplanadi.
7. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.
8. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 6-mart,
PQ-82-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-martdagi PQ-82-son qarorigaILOVA
2026-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita
1.A. Aripov—Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri, Tashkiliy qoʻmita raisi2.X. Sultonov—Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi3.R. Davletov—Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi4.G. Umerova—Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kreativ iqtisodiyot va turizm boʻyicha departamenti boshligʻi5.Z. Maxkamova—Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari6.O. Nazarbekov—madaniyat vaziri, Tashkiliy qoʻmita raisi oʻrinbosari7.Sh. Umurzakov—Toshkent shahar hokimi, Tashkiliy qoʻmita raisi oʻrinbosari8.E. Karimova—maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri9.K. Sharipov—oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri10.A. Ikramov—sport vaziri 11.B. Zaxidov—kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri12.A. Xudayarov—sogʻliqni saqlash vaziri13.Sh. Shermatov—raqamli texnologiyalar vaziri14.B. Saidov—tashqi ishlar vaziri15.Sh. Xalmuxamedov—mudofaa vaziri16.A. Tashpulatov—ichki ishlar vaziri17.B. Tashmatov—Milliy gvardiya qoʻmondoni18.I. Norqulov—iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi oʻrinbosari19.K. Kuranbayev—Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi raisi20.Q. Rafikov—Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi21.Sh. Ayupov—Fanlar akademiyasi prezidenti22.Q. Sariyev—Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari boʻyicha qoʻmita raisi23.A. Saʼdullayev—Yoshlar ishlari agentligi direktori24.A. Djurabayev—Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi25.A. Koʻchimov—Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori26.A. Nuridinov—Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi27.O. Xasanov—Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari28.S. Saidov—Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi29.S. Turdiyev—Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi respublika boshqaruvi raisi30.Sh. Rizayev—Kinematografiya agentligi bosh direktori v.b.31.R. Abdullayev—Oʻzbekiston kompozitorlar va bastakorlar uyushmasi raisi32.O. Tojiyev—Oʻzbekiston milliy media birlashmasi boshqaruvi raisi33.Sh. Oripov—Oʻzbekiston jurnalistlari uyushmasi raisi v.b.34.Lavozimiga koʻra—Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari35.R. Azimov —Vazirlar Mahkamasi boʻlim boshligʻi, Tashkiliy qoʻmita kotibi
Izoh. Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.