Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish, energiya resurslarini tejash va ulardan oqilona foydalanishni taʼminlash, sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda katta hajmdagi maʼlumotlarni tahlil qilish, shuningdek, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Ushbu Farmonni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsad etib iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha obyektlarining energiya samaradorligini yanada oshirish, energiya tejamkor texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilishni kengaytirish orqali 2026-yilda 4,3 milliard kVt soat elektr energiyasini hamda 2,8 milliard metr kub tabiiy gazni tejash, shu jumladan:
(a) respublika hududlarida:
(i) yakka tartibdagi va koʻp kvartirali uylar, ijtimoiy soha obyektlarining energiya samaradorligini oshirish hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlarda zamonaviy energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish hisobidan 2,6 milliard kVt soat elektr energiyasi va 932,4 million metr kub tabiiy gaz;
(ii) yirik quyosh va shamol elektr stansiyalarida qoʻshimcha 4,3 milliard kVt soat yashil elektr energiyasini ishlab chiqarish hisobidan 1,3 milliard metr kub tabiiy gaz;
(iii) ogʻir toifadagi mahallalarda 270 MVtlik kichik quvvatdagi quyosh fotoelektr stansiyalarini oʻrnatish hisobidan 35 million metr kub tabiiy gaz;
(b) 25 ta yirik tarmoq korxonalarida elektr energiyasi va tabiiy gazdan oqilona foydalanish hisobidan 1,6 milliard kVt soat elektr energiyasi va 553 million metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishish belgilansin.
II. Tartib va qoidalar
2. Belgilansinki:
(a) 2026-yil 1-iyuldan boshlab vazirlik va idoralar, davlat tashkilotlari va ijtimoiy soha muassasalari hamda davlat ishtirokidagi korxonalarning yangi quriladigan, rekonstruksiya (modernizatsiya) qilinadigan va mukammal taʼmirlanadigan bino va inshootlarida energiya samaradorligining “S” va undan yuqori toifasiga ega boʻlish talabi kiritiladi;
(b) elektr energiyasi va tabiiy gazni isteʼmolchilarni tarmoqdan ajratish va cheklov kiritish hisobidan tejashga yoʻl qoʻyilmaydi.
3. Energiya samaradorligi milliy agentligiga (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) Energiya samaradorligini ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi orqali energiya servis kompaniyalari (keyingi oʻrinlarda — ESKO) tomonidan davlat buyurtmalari asosida koʻrsatiladigan energiya servis xizmatlari uchun kafolatlangan toʻlovlarni amalga oshirish huquqi berilsin.
III. Tashkiliy chora-tadbirlar
4. Quyidagilar:
(a) 2026-yilda elektr energiyasi va tabiiy gazni tejashning maqsadli koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
(b) 2026-yilda energiya samaradorligini yanada oshirish, energiya resurslarini tejash va ulardan oqilona foydalanish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Vazirlar Mahkamasi:
(a) ikki hafta muddatda quyidagi yoʻnalishlarda maqsadli koʻrsatkichlarni hududlar va tarmoq korxonalari kesimida tasdiqlash toʻgʻrisidagi qarorlarni qabul qilsin:
(i) 2026-yilda energiya samaradorligi boʻyicha amalga oshiriladigan dasturlar hamda aniq chora-tadbirlar asosida elektr energiyasi va tabiiy gazni respublika hududlari kesimida tejash;
(ii) 25 ta yirik tarmoq korxonalarida bir birlik mahsulot ishlab chiqarish (xizmat koʻrsatish) uchun sarflanadigan energiya resurslari miqdorini belgilash hamda ularda elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash;
(b) bir oy muddatda energiya auditi xulosalari asosida respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat ishtirokidagi korxonalar, shu jumladan, tijorat banklari hamda sugʻurta kompaniyalari binolarining energiya samaradorligini oshirish hamda ularni qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari bilan jihozlash boʻyicha manzilli dastur va tarmoq jadvallarini tasdiqlasin. Bunda binolarning energiya samaradorligini oshirish loyihalarini quyidagi manbalar hisobidan moliyalashtirish nazarda tutilsin:
(i) respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida — ularning xarajatlar smetasidagi toʻrtinchi guruh xarajatlarining kamida 5 foizi hamda budjetdan tashqari mablagʻlarining kamida 15 foizi hisobidan;
(ii) davlat ishtirokidagi korxonalar, shu jumladan, tijorat banklari va sugʻurta kompaniyalarida — oʻz mablagʻlari hisobidan.
6. Agentlik:
(a) Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Energetika vazirligi bilan birgalikda 2026-yildan boshlab har yili energiya sarfi belgilangan normativlardan keskin oshib ketgan davlat obyektlarida xalqaro standartlar va energiya servis mexanizmlari asosida energiya samaradorligini tubdan yaxshilash dasturlarini amalga oshirsin;
(b) Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-oktabrga qadar obyektlar kesimida katta hajmdagi maʼlumotlar (Big Data), biznes-tahlil (Business Intellegence) va sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida energiya isteʼmolini va samaradorlik koʻrsatkichlarini tahlil qilib borish amaliyotini yoʻlga qoʻysin;
(v) 2026-yil 1-avgustga qadar yakka tartibdagi va koʻp kvartirali uylar, noturar binolar hamda ijtimoiy soha obyektlari uchun energiya samaradorligi boʻyicha etalon koʻrsatkichlarni (Benchmark) joriy qilish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
7. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi Agentlik, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2026-yil yakuniga qadar qurilish sohasidagi normativ hujjatlarni strategik hamkor — “ILF Consulting Engineers” kompaniyasining energiya samaradorligini oshirish boʻyicha xalqaro standartlar asosida ishlab chiqilgan tavsiyalaridan kelib chiqqan holda takomillashtirsin.
Bunda bino va inshootlarning loyiha hujjatlarida tabiiy yorugʻliklardan samarali foydalanish yechimlari hamda dispetcherlik boshqaruviga ega “aqlli” (smart) isitish, sovitish va shamollatish tizimlarini joriy qilish koʻzda tutilsin.
8. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
(a) 2027-yildan boshlab har yili:
(i) ushbu Farmonning 6-bandi “a” kichik bandida koʻzda tutilgan dasturlar uchun talab qilinadigan mablagʻlarni ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari doirasida rejalashtirsin;
(ii) energiya samaradorligini taʼminlash loyihalari amalga oshiriladigan davlat tashkilotlari va ijtimoiy soha muassasalarida ESKOlarga ushbu loyihalar natijasida tejaladigan energiya resurslari qiymatiga teng miqdordagi toʻlovlar uchun Agentlikning Energiya samaradorligini ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga zarur mablagʻlarni ajratib borsin.
Bunda tejaladigan energiya resurslari qiymati ushbu obyektlarda sanitariya normalari va qoidalari talablari asosida haqiqatda sarflanishi lozim boʻlgan energiya resurslari hajmidan kelib chiqib hisoblanadi;
(b) Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Agentlik, Energetika vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda tabiiy gaz va markazlashgan issiqlik taʼminoti bilan taʼminlanmagan davlat ijtimoiy soha muassasalari binolarini qurish, rekonstruksiya (modernizatsiya) qilish va mukammal taʼmirlash boʻyicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda ularning energiya samaradorligini oshirish tadbirlari bilan bir vaqtda issiqlik nasoslari hamda boshqa muqobil qurilma va uskunalar yordamida isitish, sovitish va shamollatish tizimlarini joriy etishni kengaytirish haqida taklif kiritsin.
9. Agentlik Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-sentabrga qadar iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish loyihalari uchun xalqaro moliya institutlari hamda xorijiy hukumat moliya tashkilotlaridan 200 million AQSH dollarini jalb qilish choralarini koʻrsin.
10. Agentlik Raqamli texnologiyalar vazirligi, masʼul vazirlik va idoralar bilan birgalikda axborot xavfsizligi talablari va belgilangan tartibga rioya qilgan holda ushbu Farmonga 3-ilovada keltirilgan roʻyxatga muvofiq davlat organlari hamda tashkilotlarining maʼlumotlar bazalari va axborot tizimlari “Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasi hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Energiya samaradorligini oshirish raqamli platformasiga integratsiya qilinishini taʼminlasin.
11. Milliy statistika qoʻmitasi Agentlik, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Energetika vazirligi bilan birgalikda har yarim yilda iqtisodiyotning energiya sigʻimini hisoblash va tegishli maʼlumotlarni eʼlon qilib borish amaliyotini joriy qilsin.
12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Agentlik bilan birgalikda 2026-yil 1-iyulga qadar oʻz hududida joylashgan 4 qavat va undan yuqori boʻlgan kamida 20 tadan koʻp kvartirali uylarni Chinoz va Oltiariq tumanlaridagi tajriba asosida modernizatsiya qilish dasturini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda qurilish-taʼmirlash ishlari 2026-yil 1-sentabrga qadar boshlanishi nazarda tutilsin.
IV. Institutsional salohiyatni kuchaytirish, isteʼmolchilarda energiya tejamkorlik madaniyatini oshirish
13. Hududlarda energiya samaradorligi loyihalari amalga oshirilishini jadallashtirish maqsadida Agentlikka quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklansin:
(a) joylarda energiya samaradorligini oshirish ishlari koʻlamini kengaytirish hamda yagona yondashuvni taʼminlash;
(b) hududlarda energiya samaradorligi loyihalarini amalga oshirish hamda energiya samarador qurilma va uskunalar joriy etilishini jadallashtirish borasida hududiy tashkilotlarning oʻzaro hamkorligini taʼminlash;
(v) qurilish, rekonstruksiya (modernizatsiya) qilish va mukammal taʼmirlash loyihalari yashil tamoyillar va energiya samaradorligi talablari asosida amalga oshirilishini tashkil qilishga koʻmaklashish;
(g) energiya samarador qurilma va uskunalar hamda qurilish materiallari ishlab chiqarishni kengaytirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
(d) hududlarda energiya samarador qurilma va uskunalarga servis xizmatlarini koʻrsatuvchi obyektlar (“service point”lar) faoliyatini yoʻlga qoʻyish va kengaytirish choralarini koʻrish;
(j) energiya samaradorligi boʻyicha hududiy loyihalarning loyihaviy boshqaruv tamoyili asosida amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish;
(z) hududlarda amalga oshirilgan energiya samaradorligi loyihalari natijasida iqtisod qilingan energiya resurslarining hisobini yuritish hamda ularning natijadorligini tahlil qilish;
(i) ushbu Farmon bilan tasdiqlangan maqsadli koʻrsatkichlar ijrosini doimiy monitoring qilib borish hamda koʻrilayotgan choralar natijadorligi yuzasidan muntazam ravishda tahliliy maʼlumotlarni kiritib borish.
14. Yuklangan vazifalar bajarilishini sifatli tashkil qilish maqsadida Agentlikning hududlarda 3 ta shtat birligidan iborat Energiya samaradorligini oshirish boʻyicha loyiha ofislari tashkil qilinsin.
Qoʻshimcha kiritilayotgan 42 ta shtat birligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-iyundagi PF-105-son Farmoniga muvofiq 2026-yil 1-yanvardan qisqartirilgan boshqaruv shtat birliklari hisobidan ajratilsin.
15. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Agentlik bilan birgalikda:
(a) 2026-yil 1-sentabrga qadar oliy taʼlim tashkilotlari uchun energiya samaradorligi hamda energiya tejamkorligiga oid amaliy bilim va koʻnikmalarni shakllantirishga qaratilgan mavzularni tegishli fanlarning oʻquv dasturlariga kiritsin va amaliyotga joriy etsin;
(b) 2026/2027 oʻquv yildan boshlab maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasbiy va oliy taʼlim tashkilotlarida tegishlicha tarbiyalanuvchi, oʻquvchi va talabalarda energiya tejamkorligi boʻyicha bilim va koʻnikmalarni shakllantirishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etib borsin.
16. Energetika vazirligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Agentlik, Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi bilan birgalikda:
(a) 2026-yil 1-iyulga qadar barcha hududlardagi muhandislik-texnika yoʻnalishidagi oliy taʼlim tashkilotlarining professor-oʻqituvchilari tomonidan joylarga chiqqan holda yoqilgʻi-energetika tarmogʻi korxonalarining rahbar va texnik xodimlarini qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish tizimini yoʻlga qoʻysin;
(b) iqtisodiyot tarmoqlari korxonalari va tegishli vazirlik, idoralar ehtiyojini hisobga olgan holda texnika yoʻnalishidagi oliy taʼlim tashkilotlarining “70710410 — Energiya tejamkorligi va energoaudit” magistratura mutaxassisligi boʻyicha oʻqishga qabul qilish parametrlarini 2026/2027 oʻquv yili uchun 25 foizga oshirsin.
17. Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi Agentlik, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Soliq qoʻmitasi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi hamda Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda “mahalla yettiligi” koʻmagida aholiga kundalik hayotda energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish koʻnikmalarini singdirishga qaratilgan “Energiya samaradorligi — farovon hayot garovi” umummilliy harakatini yoʻlga qoʻysin hamda aholi oʻrtasida targʻibot va tashviqot ishlarini amalga oshirsin.
18. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi Adliya vazirligi, Energetika vazirligi va Agentlik bilan birgalikda energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda energiya tejamkor uskunalarning afzalliklarini ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritib borsin.
V. Farmon ijrosini tashkil qilish, taʼminlash va nazorat
19. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
(a) ushbu Farmon bilan tasdiqlangan maqsadli koʻrsatkichlar va ularga erishish tadbirlari bajarilishining nazorati “Energiya tejamkorlik” platformasi (keyingi oʻrinlarda — Platforma) orqali yuritiladi.
Bunda Agentlik barcha masʼul ijrochilarga maqsadli koʻrsatkichlar, tadbirlar hamda ularning bajarilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Platformaga onlayn kiritib borish hamda tegishli tashkilotlarga nazorat qilib borish imkoniyatini yaratadi;
(b) respublikaning har bir tumani (shahri) kesimida yoqilgʻi-energiya resurslarini tejash dasturlari ijrosini taʼminlash, energiya samaradorligini oshirish boʻyicha tuman (shahar) idoralararo ishchi guruhlari tegishli hudud boʻyicha tasdiqlangan maqsadli koʻrsatkichlar va tadbirlar bajarilishini har hafta muhokama qilgan holda maʼlumotlarni Platformaga kiritib boradi;
(v) 25 ta yirik tarmoq korxonalari rahbarlari tasdiqlangan maqsadli koʻrsatkichlar bajarilishi yuzasidan hisobotlarni har oyda Platformaga kiritib boradi;
(g) Yoqilgʻi-energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish boʻyicha respublika shtabi har oyda maqsadli koʻrsatkichlarning bajarilishini muhokama qilib, kamchilikka yoʻl qoʻygan rahbarlarga nisbatan taʼsir choralarini koʻrib boradi.
20. Bosh prokuratura Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi bilan birgalikda ushbu Farmon ijrosi yuzasidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin hamda muntazam ravishda joyiga chiqqan holda tasdiqlangan maqsadli koʻrsatkichlarning bajarilishi haqqoniyligini oʻrganib borsin.
21. Energiya samaradorligini oshirish, energiya resurslarini tejash va undan oqilona foydalanish masalalari boʻyicha respublika komissiyasi har chorakda energiya samaradorligini oshirish va energiya resurslaridan oqilona foydalanish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlarning holati va natijadorligini barcha masʼul idora va muassasalar ishtirokida tanqidiy muhokama qilib borsin hamda ushbu masalaga masʼuliyatsizlik bilan yondashgan rahbarlarga nisbatan lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan choralarni koʻrsin.
22. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
23. Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosarlari A.J. Ramatov va J.A. Qoʻchqorov belgilansin.
24. Ushbu Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departament boshligʻi D.B. Kadirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 29-aprel,
PF-70-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 29-apreldagi PF-70-son Farmoniga1-ILOVA
2026-yilda elektr energiyasi va tabiiy gazni tejashning
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 29-apreldagi PF-70-son Farmoniga2-ILOVA
2026-yilda energiya samaradorligini yanada oshirish, energiya resurslarini tejash va ulardan oqilona foydalanish boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 29-apreldagi PF-70-son Farmoniga3-ILOVA
Energiya samaradorligini oshirish raqamli platformasiga integratsiya qilinadigan davlat organlari va tashkilotlarining maʼlumotlar bazalari va axborot tizimlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 29-apreldagi PF-70-son Farmoniga4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 25-yanvardagi PF-14-son Farmoni bilan tasdiqlangan Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari — vazirliklar, qoʻmitalar, agentliklar va inspeksiyalar hamda ular hududiy va tuman (shahar) boʻlinmalarining jami boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan sonining “35. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Energiya samaradorligi milliy agentligi” boʻlimi “Jami boshqaruv shtat birliklari soni” va “Davlat budjeti hisobidan” ustunlaridagi “36” raqami “78” raqami bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-avgustdagi “Yoqilgʻi-energetika tarmogʻida davlat nazorati tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-118-son Farmonida:
(a) 5-bandda:
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Energiya samaradorligini oshirish, energiya resurslarini tejash va ulardan oqilona foydalanish masalalari boʻyicha respublika komissiyasi tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin”;
ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
(b) 2-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-avgustdagi PF-118-son Farmoniga2-ILOVA
Energiya samaradorligini oshirish, energiya resurslarini tejash va ulardan oqilona foydalanish masalalari boʻyicha respublika komissiyasi
Izoh: Respublika komissiyasi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-martdagi “Energiya samaradorligini oshirish sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish va energiya servis kompaniyalari xizmatlari bozorini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-63-son Farmonining 13-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“13. Agentlik boshqaruv xodimlarining cheklangan shtatlari soni 78 ta etib belgilansin.
Bunda Agentlikning hududlarga masʼul boʻlgan xodimlari oʻz faoliyatini tizimli ravishda hududlarda amalga oshiradi hamda ularning faoliyatini samarali tashkil qilish va zarur sharoitlar (alohida xona, ofis jihozlari, kompyuter, printer va aloqa jamlamalari, mebel va boshqa zarur jihoz va uskunalar) bilan taʼminlash Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining birinchi oʻrinbosarlari zimmasiga yuklanadi”.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4422-son qarorida:
(a) 12-bandda:
birinchi — uchinchi xatboshilar chiqarib tashlansin;
toʻrtinchi — oʻninchi xatboshilar tegishincha birinchi — yettinchi xatboshilar deb hisoblansin;
(b) 5 va 6-ilovalar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 1-apreldagi “Yoqilgʻi-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish va behuda sarflanishining oldini olish hamda energiya samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PQ-133-son qarorida:
(a) 2-banddagi “energiya balansini ishlab chiqish, ularning koʻrsatkichlarini bajarish, energiyani” soʻzlari “yoqilgʻi-energiya resurslarini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(b) 3-bandning “d” kichik bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
(v) 5-bandda:
rus tilidagi matnning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“5. Vozlojit personalnuyu otvetstvennost i predupredit o prinyatii strogix mer v dannom napravlenii”;
“j” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“(j) energetika vaziriga — iqtisodiyot tarmoqlari va aholi xonadonlarini yoqilgʻi-energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash boʻyicha”;
quyidagi mazmundagi “z” va “i” kichik bandlar bilan toʻldirilsin:
“(z) oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziriga — energiya samaradorligini oshirish yoʻnalishida oliy taʼlim tashkilotlarini jalb qilgan holda, ilmiy-texnik oʻrganishlarni tashkil etish va natijalarini amaliyotga joriy etish yuzasidan ilmiy asoslangan takliflar kiritish boʻyicha;
(i) Energiya samaradorligi milliy agentligi direktoriga — energiya samaradorligini oshirish boʻyicha har yili tasdiqlanadigan maqsadli koʻrsatkichlar bajarilishi yuzasidan monitoring oʻrnatish va amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga tahliliy maʼlumotlar kiritib borish boʻyicha shaxsiy javobgarlik yuklatilsin hamda bu borada qatʼiy choralar koʻrilishi toʻgʻrisida ogohlantirilsin”;
(g) 12-bandda:
“a” kichik bandda “Sh.A. Aminov” soʻzlari “S.I. Samadov” soʻzlari bilan almashtirilsin;
“b”, “v” va “g” kichik bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
(d) 1-ilovaning nomlanishidagi “energiya balansini ishlab chiqish, ularning koʻrsatkichlarini bajarish, energiyani” soʻzlari “yoqilgʻi-energiya resurslarini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
(j) 4-ilovada:
nomlanishidagi “energiya balansini ishlab chiqish, ularning koʻrsatkichlarini bajarish, energiyani” soʻzlari “yoqilgʻi-energiya resurslarini” soʻzlari bilan almashtirilsin;
1 va 2-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
(z) 6-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.