Yoshlarning sifatli taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi, zamonaviy mehnat bozorida munosib oʻrin topishiga koʻmaklashish hamda ularning ijtimoiy faolligini qoʻllab-quvvatlash, ularda vatanparvarlik, tashabbuskorlik va masʼuliyat tuygʻularini mustahkamlash strategik ahamiyat kasb etadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib hamda joriy yilning 24-fevral kuni oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilangan asosiy vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
I. “Yangi Oʻzbekiston yoshlari — 2030” strategiyasi
1. 2026 — 2030-yillarga moʻljallangan “Yangi Oʻzbekiston yoshlari — 2030” strategiyasi (keyingi oʻrinlarda — Strategiya) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin hamda quyidagilar Strategiyaning ustuvor yoʻnalishlari etib belgilansin:
(a) yoshlar bandligini taʼminlash va tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash;
(b) taʼlimning barcha bosqichlarida yoshlarning sifatli taʼlim olishini taʼminlash va inklyuziv taʼlimni rivojlantirish;
(v) xorijiy tillarni oʻrganishni yanada ommalashtirish hamda kasbiy taʼlimni rivojlantirish;
(g) yoshlarning mehnat bozoriga kirib kelishini ragʻbatlantirish hamda yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash;
(d) yoshlarni madaniy, jismoniy va maʼrifiy jihatdan rivojlantirish, volontyorlik madaniyatini yuksaltirish uchun zarur shart-sharoit yaratish va imkoniyatlarni kengaytirish;
(j) yoshlar sogʻligʻini saqlash tizimini takomillashtirish;
(z) yoshlar siyosatida ochiqlik va ishtirok etish mexanizmlarini kuchaytirish hamda yoshlar bilan muloqotni kengaytirish;
(i) yoshlar siyosati sohasida xalqaro hamkorlik hamda xalqaro integratsiyani kuchaytirish.
II. Maqsadlar
2. Quyidagilar Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) har yili mehnat bozoriga kirib kelayotgan 600 ming nafar yoshlarning bandligini taʼminlash;
(b) xorijiy tillarni oʻrganib, kamida B2 darajasiga erishgan yoshlar sonini 2030-yilga qadar 450 ming nafarga yetkazish;
(v) Yoshlar volontyorlik umummilliy harakati orqali 2030-yilga qadar 900 ming nafar yoshlarni volontyorlik loyihalariga jalb etish;
(g) nodavlat qoʻshimcha taʼlim xizmatlari koʻrsatuvchi subyektlar sonini 2030-yilga qadar 2 baravarga oshirish;
(d) har yili kamida 10 mingta yosh oilalarning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga koʻmaklashish;
(j) yoshlar jinoyatchiligini 2030-yilga qadar 40 foizga kamaytirish.
III. Yoshlar orasida xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar
3. Yoshlarning xorijiy tillarni oʻrganishini qoʻllab-quvvatlash va yanada ommalashtirish maqsadida Yoshlar ishlari agentligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga quyidagilarni nazarda tutuvchi tartibni joriy etish yuzasidan tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishga oid qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
(a) xorijiy tillar boʻyicha kamida S1 darajadagi sertifikatni olgan yoshlar uchun tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish bilan bogʻliq davlat xizmatlari toʻlovlari miqdorini 50 foizga kamaytirish;
(b) xorijiy tillar boʻyicha kamida B2 darajadagi sertifikatni olgan yoshlar uchun xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish boji miqdorini 50 foizga kamaytirish.
4. Belgilansinki:
(a) qoʻshimcha taʼlim xizmatlarini koʻrsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun:
(i) xonalar maydoni hamda uni jihozlashga oid talablar yengillashtiriladi;
(ii) mustaqil ishlab chiqilgan va xabarnomada koʻrsatilgan taʼlim dasturlari asosida taʼlim faoliyatini amalga oshirishga ruxsat etiladi;
(b) Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Yoshlar ishlar agentligi ikki oy muddatda qoʻshimcha taʼlim xizmatlarini koʻrsatuvchi nodavlat taʼlim tashkilotlari uchun maxsus sanitariya norma va qoidalarini hamda yongʻin xavfsizligi talablarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga tegishli takliflar kiritsin.
5. 2026-yil 1-sentabrdan boshlab nodavlat taʼlim xizmatlarini koʻrsatishda oʻzini oʻzi tartibga solish tizimi joriy etilsin. Bunda tizim faoliyatining asosiy yoʻnalishlari 2-ilovaga muvofiq belgilansin.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Yoshlar ishlari agentligi hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan birgalikda nodavlat qoʻshimcha taʼlim xizmatlarini koʻrsatishda oʻzini oʻzi tartibga solish tizimini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini 2026-yil 1-iyulga qadar Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Belgilab qoʻyilsinki:
(a) Yoshlar ishlari agentligi tomonidan:
(i) 2026-yil 1-iyulga qadar nodavlat qoʻshimcha taʼlim xizmatlari koʻrsatuvchi subyektlarning yuqori natijalarga erishgan oʻqituvchilarini xorijiy ilgʻor taʼlim markazlariga stajirovkaga yuborish;
(ii) har yili dekabr oyida oʻquv markazlari uyushmalari bilan hamkorlikda ular oʻrtasida oʻzaro tajriba almashishga bagʻishlangan forum oʻtkazib borish yoʻlga qoʻyiladi;
(b) olis va chekka hududlarda xorijiy tillarga oʻqitish boʻyicha nodavlat qoʻshimcha taʼlim xizmatlari koʻrsatishni tashkil etish uchun foizsiz qarz (ssuda) ajratilgan va faoliyatini kengaytirmoqchi boʻlgan subyektlarga Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari doirasida bazaviy hisoblash miqdorining 730 baravarigacha miqdorda foizsiz qarz (ssuda) ajratib boriladi.
7. Yoshlar ishlari agentligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining olis va chekka hududlarda roʻyxatdan oʻtgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan nodavlat qoʻshimcha taʼlim xizmatlari koʻrsatuvchi subyektlar jami daromadi umumiy hajmining kamida 80 foizini qoʻshimcha taʼlim xizmatlari tashkil etganda va har oyda har bir xodimga ish haqi miqdori mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining ikki baravaridan kam boʻlmagan miqdorda hisoblanganda ularga 2026-yil 1-maydan boshlab 2031-yil 1-yanvarga qadar quyidagi imtiyozlarni taqdim etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin:
(a) ijtimoiy soliq stavkasini 1 foiz etib belgilash;
(b) tuzilgan mehnat shartnomalari va fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar boʻyicha oʻqituvchilar tomonidan olingan mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi stavkasini 1 foiz etib belgilash;
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda Soliq kodeksiga ushbu banddan kelib chiqib, tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini, shuningdek, mazkur imtiyoz qoʻllanadigan olis va chekka hududlar roʻyxatini belgilashni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Yoshlar ishlari agentligi uch oy muddatda ijtimoiy majburiyatlar yuklangan holda nodavlat qoʻshimcha taʼlim xizmatlari koʻrsatuvchi subyektlarga yer, mol-mulk va ijtimoiy soliqdan qoʻshimcha imtiyozlar berish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
IV. Yosh oilalarni yanada qoʻllab-quvvatlash va qoʻshimcha sharoitlar yaratish
9. 2027-yil 1-yanvardan boshlab uy-joyga muhtoj yosh oilalarga birlamchi bozordan kvartira sotib olish uchun quyidagi tartibda ipoteka kreditlarini ajratish yoʻlga qoʻyiladi:
(a) Ipoteka dasturi doirasida ipoteka kreditlari boʻyicha hisoblangan foiz toʻlovlarining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan qismi Davlat budjetidan qoplab beriladi;
(b) quyidagi asosiy ijtimoiy mezonlarga muvofiq keladigan yosh oilalarga ipoteka krediti ajratiladi:
(i) ariza beruvchi hamda uning turmush oʻrtogʻi 30 yoshdan oshmagan boʻlishi;
(ii) ariza beruvchi hamda uning turmush oʻrtogʻi nomida soʻnggi 3 yilda mulk huquqi asosida koʻchmas mulk mavjud emasligi;
Markaziy bank, Iqtisodiyot va moliya vazirligi Yoshlar ishlari agentligi, Adliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2026-yil 1-avgustga qadar ipoteka kreditlarini ajratish tartibini (shu jumladan, ipoteka kreditlari boʻyicha foiz toʻlovlari bir qismini qoplab berish uchun arizalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali topshirilishini nazarda tutgan holda) ishlab chiqib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
V. Yoshlarning ijtimoiy faolligini qoʻllab-quvvatlash, ularni madaniy, jismoniy va maʼrifiy jihatdan rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish chora-tadbirlari
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida ilgari surilgan “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati” tashabbusini amalga oshirish maqsadida 2027-yildan boshlab har ikki yilda bir marta 12-avgust — Xalqaro yoshlar kuni arafasida “Avlodlar muloqoti” xalqaro yoshlar kongressini oʻtkazish yoʻlga qoʻyiladi. Bunda xalqaro yoshlar kongressi doirasida:
(a) yoshlarning zamonaviy ehtiyojlari va hayotdagi kutilmalarini aniqlash, ularning maqsad va gʻoyalarini roʻyobga chiqarish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar, global yoshlar muammo va chaqiriqlari muhokama qilinadi;
(b) yoshlar siyosatini amalga oshirishga qaratilgan strategiyalarni ishlab chiqish boʻyicha hukumat va yoshlar oʻrtasidagi xalqaro muloqot maydoni yaratiladi;
(v) xorijiy malakali ekspert va mutaxassislar ishtirokida yoshlar siyosati boʻyicha muvaffaqiyatli tajribalarni oʻzaro almashish, yoshlarga oid tadqiqotlar hamda ular asosida ishlab chiqilgan tavsiyalar bilan boʻlishishga qaratilgan muloqotlar tashkil qilinadi;
(g) Oʻzbekistonda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi hamda ijobiy tajribalari jahon hamjamiyatiga yetkaziladi.
11. 2026-yildan boshlab har yili sentabr oyida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida milliy urf-odatlarga tayanib, yuksak madaniy-estetik meʼyorlar hamda xavfsizlikni taʼminlagan holda “Yoshlik — hayotning baxtli va oltin davri” shiori asosida umummilliy yoshlar festivalini oʻtkazib borish yoʻlga qoʻyilsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari festivalni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan moliyalashtirilishini taʼminlasin.
12. Yoshlar ishlari agentligining Yoshlar volontyorlik harakati doirasida volontyorlik madaniyatini shakllantirish boʻyicha quyidagi tizimlarni joriy etish yuzasidan taklifiga rozilik berilsin:
(a) kasb va sohaviy (tibbiy, ekologik, taʼlim, yuridik, inklyuziv, sport, madaniyat va boshqalar) volontyorlik ixtisosliklarini joriy etish;
(b) yoshlarning volontyorlik faoliyatini yurituvchi Oʻzbekiston volontyorlar assotsiatsiyasi platformasida ijtimoiy faollik kartasini joriy etish, bunda mazkur kartada:
(i) yoshlar tomonidan amalga oshirilgan volontyorlik faoliyati tarixi yuritiladi;
(ii) volontyorlik ixtisoslashuvi darajasi qayd qilinadi;
(iii) volontyorlik tashabbuskorligi yuzasidan berilgan “ijtimoiy token” (raqamli ball) miqdori yuritiladi hamda ushbu ballar monetizatsiya qilinadi;
(iv) “ijtimoiy token”ni moddiy va boshqa ehtiyojlar uchun sarflash imkoniyati (madaniy va sport tadbirlariga imtiyozli ishtirok etish) yaratiladi.
Yoshlar ishlari agentligi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda yoshlarning volontyorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
13. Yoshlar ishlari agentligi huzurida yuridik shaxs maqomisiz Volontyorlikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil qilinsin hamda quyidagilar belgilansin:
(a) Volontyorlikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:
(i) har yili Davlat budjetidan Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga qoʻshimcha ajratiladigan 20 milliard soʻm mablagʻlar;
(ii) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari tomonidan har yili tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan hisob-kitoblarga asosan ajratiladigan 3 milliard soʻmgacha miqdordagi mablagʻlar;
(iii) xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, xorijiy banklar va boshqa xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;
(iv) Jamgʻarma mablagʻlarini tijorat banklari depozitlariga belgilangan tartibda joylashtirishdan tushadigan daromadlar;
(v) jismoniy va yuridik shaxslarning, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;
(vi) qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar;
(b) Volontyorlikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan yoshlarning volontyorlik loyihalariga 100 million soʻmgacha grant ajratiladi.
14. Yoshlar ishlari agentligi ikki oy muddatda ijtimoiy faol yoshlar davlat tashkilotlarida haq toʻlanadigan stajirovkalardan oʻtishi tartibini 2026-yildan boshlab joriy etish hamda stajirovkani davlat fuqarolik xizmatida mansab pillapoyalarida koʻtarishda inobatga olish tizimini yoʻlga qoʻyishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
15. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda 2026-2027-yillarda har bir hududda 1 tadan turizm, gastronomik, yoshlar sayilgohi va savdo-servisga ixtisoslashgan maxsus xizmat koʻrsatuvchi koʻchalarda kutubxona, “book cafe”, kitob doʻkonlarini joylashtirish choralarini koʻrsin.
Yoshlar ishlari agentligi kitob sotuvini oyiga 10 mingdan oshirgan tadbirkorlik subyektlariga Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari doirasida 1 milliard soʻmgacha miqdorda Markaziy bank asosiy stavkasining 50 foizi miqdoridagi foiz stavkasida 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga ssuda ajratish choralarini koʻrsin.
16. 2026-yildan boshlab kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish yoʻlida fidokorona mehnat qilayotgan yosh ijodkorlarni ragʻbatlantirish maqsadida “Ilgʻor ijodkor” Prezident mukofoti joriy etilsin. Unga koʻra:
(a) sheʼriyat, dramaturgiya hamda bolalar adabiyoti yoʻnalishlari boʻyicha eng yaxshi yozuvchi va shoirlar mukofotlanadi;
(b) har bir yoʻnalish boʻyicha gʻoliblar Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi;
(v) nomzodlar hamda ularning asarlari Yoshlar ishlari agentligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, manfaatdor vazirlik va idoralar xodimlari, soha mutaxassislari va ekspertlar, keng jamoatchilik vakillaridan iborat komissiya tomonidan koʻrib chiqiladi hamda saralanadi.
Yoshlar ishlari agentligi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ilgʻor ijodkor” mukofoti boʻyicha tanlovni oʻtkazish tartibini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
17. Belgilansinki, 2026-yildan boshlab hududlarda taʼlim muassasasi, sport obyektlari, yoshlar va madaniyat markazi, kutubxona, kinoteatr, konsert-tomosha zali, koʻngilochar saylgoh va bogʻlardan iborat yoshlarga moʻljallangan infratuzilma obyektlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha minimal standartlar joriy etiladi, bunda:
(a) minimal standartlar mahalla va tuman (shahar) darajasida belgilanadi;
(b) 2027-yil 1-yanvardan boshlab tegishli hokimlar va ularning yoshlar masalalari boʻyicha masʼul oʻrinbosarlari faoliyatini eng muhim samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) asosida baholashda Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan minimal standartlar bajarilganligi hamda ularning yuklamasi inobatga olinadi.
Yoshlar ishlari agentligi, Madaniyat vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi ikki oy muddatda yoshlarga moʻljallangan infratuzilma obyektlarining minimal standartlarini tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
VI. Yoshlarga oid davlat siyosati yoʻnalishlari boʻyicha ishlarni tizimli yoʻlga qoʻyish va tahlil qilib borish
18. 2026-yil 1-martdan boshlab davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyati organlarida har haftaning payshanba kuni “Yoshlar kuni” deb belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin. Mazkur kun doirasida:
(a) davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari:
(i) sohaviy va hududiy yondashuv asosida mahallalarda, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, kasbiy va oliy taʼlim tashkilotlarida yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil qilib, ochiq muloqot oʻtkazadi;
(ii) uchrashuvlarda yoshlarni qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash va ularni hal qilish ishlarini tashkil qiladi, yoshlarga tadbirkorlik bilan shugʻullanish, kasb egallash, til oʻrganish va boshqa yoʻnalishlarda yoʻl-yoʻriq koʻrsatib boradi, shuningdek, yoshlar uchun qiziqarli sohalarda tanlov va yarmarkalar, shu jumladan, mehnat yarmarkalarini oʻtkazish choralarini koʻradi;
(iii) uchrashuvlarda koʻtarilgan tizimli muammolar yuzasidan qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
(iv) har oyda muammolarni bartaraf etishga qaratilgan ishlar toʻgʻrisida hisobotni, shuningdek, zaruratga koʻra qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflarni Yoshlar ishlari agentligiga taqdim etib boradi;
(b) davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
(i) ikki hafta muddatda 2026-yilning ikkinchi yarim yilligi davomida “Yoshlar kuni” doirasida oʻtkaziladigan uchrashuv va tadbirlar rejasini ishlab chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin;
(ii) kelgusi yillar uchun har yarim yillikka moʻljallangan rejalarni har yili yanvar va iyun oylarining 15-sanasiga qadar kiritib borsin;
(v) Yoshlar ishlari agentligi:
(i) “Yoshlar kuni” doirasidagi tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazilishi hamda yoshlar murojaatlarining hal etilishi ustidan monitoringni oʻzaro aloqador masalalar, sohalar va hududlar kesimidagi klassifikatorlarga boʻlingan hamda umumlashtirilgan holda Yoshlar yagona elektron platformasi orqali amalga oshiradi;
(ii) davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan taqdim etilgan hisobot va takliflarni tahlil qilib, umumlashtirilgan axborotni har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib boradi.
19. Yoshlarga oid davlat siyosati yoʻnalishlari boʻyicha ishlarni manzilli yoʻlga qoʻyish va tahlil qilib borish maqsadida:
(a) 3-ilovaga muvofiq tuman (shahar)larga “Yoshlar tumani (shahri)” maqomi berilsin, ular yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish hamda madaniy, jismoniy va maʼrifiy jihatdan rivojlantirishga qaratilgan zamonaviy taʼlim, sport va madaniy infratuzilmaga ega namunaviy hududga aylantirilsin;
(b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi boshligʻi va Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi oʻrinbosariga yoshlardan Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti nomiga kelib tushayotgan murojaatlar bilan alohida ishlash, ularning har tomonlama, toʻliq, xolis va oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini taʼminlab borish vazifasi yuklatilsin;
(v) Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti:
(i) zimmasiga 4-ilovaga muvofiq qoʻshimcha vazifalar yuklansin;
(ii) xodimlariga 2026-yil 1-maydan boshlab A. Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti xodimlari uchun belgilangan moddiy ragʻbatlantirish va mehnatga haq toʻlash shartlari tatbiq etilsin.
VII. Farmon ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
20. Belgilansinki, ushbu Farmonda nazarda tutilgan tadbirlar 2026-yilda Yoshlar ishlari agentligiga ajratilgan mablagʻlar doirasida amalga oshiriladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2027-yildan boshlab ushbu Farmonda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish uchun Yoshlar ishlari agentligining hisob-kitoblariga asosan Yoshlarga oid davlat siyosatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
21. Yoshlar ishlari agentligi uch oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
22. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga ushbu Farmon doirasida amalga oshiriladigan ishlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish tavsiya qilinsin.
23. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 20-aprel,
PF-66-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-apreldagi PF-66-son Farmoniga1-ILOVA
“Yangi Oʻzbekiston yoshlari — 2030”
1-bob. Umumiy qoidalar
Mazkur “Yangi Oʻzbekiston yoshlari — 2030” strategiyasi (keyingi oʻrinlarda — Strategiya) mamlakat taraqqiyotida yoshlarning oʻrni va imkoniyatlarini eʼtirof etgan holda quyidagi maqsadlarga erishishni nazarda tutadi:
yoshlarni davlat va jamiyat boshqaruvi, strategik qaror qabul qilish hamda mamlakat taraqqiyoti jarayonlariga tizimli asosda jalb etish, yoshlar siyosatida ochiqlik va ishtirok etish mexanizmlarini kuchaytirish;
yoshlarni ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash tizimini doimiy takomillashtirib borish — bazaviy turmush sharoitlarini yaxshilash, bandligini taʼminlash va tadbirkorligini ragʻbatlantirish orqali yoshlarning jamiyat farovonligiga qoʻshayotgan hissasini va barqaror qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirish;
innovatsion va raqobatbardosh avlodni shakllantirish — ilm-fan, taʼlim, zamonaviy texnologiyalar va raqamli iqtisodiyot sohalarida yoshlarning intilishlarini ragʻbatlantirish, ularning xalqaro maydondagi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash;
yoshlarni madaniy, jismoniy va maʼrifiy jihatdan rivojlantirish, yoshlar sogʻligʻini saqlash tizimini takomillashtirish.
Strategiyaning siyosiy-huquqiy asosini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi Qonun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari, “Oʻzbekiston — 2030” taraqqiyot strategiyasi hamda sohaga oid boshqa normativ-huquqiy hujjatlar tashkil etadi. Hujjatni tayyorlash jarayonida BMTning “Yoshlar — 2030” strategiyasi, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (OECD) yoshlar siyosati boʻyicha tavsiyalari, shuningdek, tadqiqot materiallari hamda tahliliy va statistik maʼlumotlar inobatga olingan.
“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan yoshlarga oid maqsadlarni izchil amalga oshirish ushbu Strategiyada nazarda tutilgan. Xususan, 30-maqsad (yoshlarni zamonaviy kasblar va chet tillariga oʻqitish tizimini yaratish), 31-maqsad (yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularning ilmiy faoliyatini ragʻbatlantirish), 32-maqsad (yoshlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va ishsizlik darajasini kamaytirish) hamda 39-maqsadlarda (davlat tilining nufuzini oshirish, oʻzbek va jahon adabiyoti durdonalarini keng ommalashtirish, jamiyatda kitobxonlikni hamda aholiga axborot-kutubxona xizmatini koʻrsatishni rivojlantirish) belgilangan koʻrsatkichlarga erishish maqsad qilingan.
2-bob. Joriy holat tavsifi
Yangi Oʻzbekistonning strategik taraqqiyot bosqichida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini modernizatsiya qilish jarayoni yoshlarning intellektual salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarishni taqozo etmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 42-moddasida har kimning mehnat qilish, erkin kasb tanlash huquqi kafolatlanganligi hamda “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonunda yoshlarning mehnat bozorida alohida himoyaga muhtoj toifa sifatida eʼtirof etilishi sohadagi islohotlarning huquqiy poydevori boʻlib xizmat qilmoqda.
Soʻnggi yillarda yoshlar siyosati doirasida institutsional oʻzgarishlar amalga oshirildi: 200 dan ortiq imtiyozlar paketi va 14 ta tizimli qonun hujjatlari qabul qilindi. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 18-yanvardagi 23-son qarori bilan “Oʻzbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” tasdiqlanib, amalga oshirildi. Biroq amalga oshirilgan keng koʻlamli chora-tadbirlarga qaramay demografik bosim va iqtisodiy transformatsiya sharoitida sohada bir qator tizimli muammolar va nomutanosibliklar saqlanib qolmoqda.
2.1. Demografik dinamika va taʼlim tizimi imkoniyatlarining tahlili
2026-yil holatiga koʻra, respublika aholisi 38 million nafarni tashkil etib, uning 9,5 millioni (25 foizi) 14 — 30 yosh toifasidagi yoshlar hissasiga toʻgʻri keladi. Ushbu ulkan yoshlar resursi bir vaqtning oʻzida mehnat bozori, taʼlim va ijtimoiy infratuzilmaga doimiy yuqori yuklamani yuzaga keltirmoqda.
Bugungi kunda taʼlim tizimi yoshlar oqimini katta hajmda qamrab olmoqda: 207 ta oliy taʼlim muassasasida tahsil olayotgan 1,6 million nafardan ortiq talabaning qariyb 84 foizini (1,3 million nafar) 30 yoshgacha boʻlganlar tashkil etadi. Shuningdek, texnikumlardagi 448 mingdan ortiq oʻquvchining 331,8 ming nafari 20 yoshdan kichik ekanligi yaqin yillarda mehnat bozoriga nafaqat oliy taʼlim, balki oʻrta maxsus boʻgʻin hisobidan ham juda katta oqim kirib kelishini anglatadi. Har yili mehnat bozoriga 600 ming nafardan ortiq yoshlar kirib kelmoqda.
Oʻtkazilgan tahlillar shuni koʻrsatadiki, taʼlim tizimidagi mavjud qamrov koʻrsatkichining oʻzi yetarli emas, mehnat bozoriga tayyorgarlik va barqaror bandlik natijasi asosiy strategik mezonga aylanishi lozim.
2.2. Mehnat bozorining joriy holati va bandlik mexanizmlari tahlili
Respublikada 85 ming nafar yoshlar rasman ish izlovchi sifatida qayd etilgan boʻlib, ularning aksariyatini taʼlim muassasalari bitiruvchilari, migratsiyadan qaytgan hamda vaqtincha band boʻlmagan yoshlar tashkil etadi. Mamlakatimizdagi demografik oʻsish surʼatlari bandlik tizimini doimiy ravishda takomillashtirib borishni hamda mehnat bozori infratuzilmasini ushbu oʻsishga mutanosib ravishda rivojlantirishni taqozo etmoqda.
Talab va taklif mutanosibligidan kelib chiqib, mehnat bozoriga ilk bor kirib kelayotgan yoshlarning 69 foizida nazariy bilimlarni amaliy tajriba bilan uygʻunlashtirish dolzarbligi, boshlangʻich ish tajribasini ragʻbatlantirish mexanizmlarini takomillashtirishga zaruriyat mavjud.
Yoshlar bandligini taʼminlash boʻyicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, taqdim etilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar chekka hududlarga yetib borishini taʼminlash uchun mazkur sohadagi yangiliklarni raqamlashtirish orqali har bir yosh bilan individual ishlash mexanizmlarini takomillashtirish Strategiya doirasidagi muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
2.3. Zamonaviy texnologik jarayonlarning uygʻunlashuvi tahlili
Mamlakatimizda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasidagi islohotlar bugungi kunda yoshlarning 52,2 foizi bevosita axborot texnologiyalari va zamonaviy kasblarga qiziqishiga sabab boʻlmoqda. Bu esa taʼlim tizimini mehnat bozorining real ehtiyojlariga moslashtirish, yoshlarni zamonaviy kasblarga oʻqitish tizimini takomillashtirishni talab etmoqda.
Shuningdek, taʼlim muassasalari va ish beruvchilar oʻrtasidagi dual taʼlim hamda stajirovka tizimini takomillashtirish, talabalarni amaliyotga jalb qilgan ish beruvchilarni iqtisodiy ragʻbatlantirish mexanizmlarini kengaytirish hamda taʼlim dasturlarini zamonaviy bozor konyunkturasiga muvofiqlashtirish lozim.
2.4. Amaldagi chora-tadbirlar samaradorligi
Soʻnggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan 200 dan ortiq imtiyoz va moliyaviy dastaklar joriy etildi.
Mazkur yoʻnalishdagi ishlarni “zanjirli yondashuv” tamoyili asosida takomillashtirish uchun yoshlarning barqaror daromad manbaiga ega boʻlishi hamda ajratilgan resurslarning iqtisodiy samaradorligi bilan baholashga oʻtish zarur.
Har yili jamiyatimizga 270 mingdan ortiq yosh oilalar kirib keladi. Ularning aksariyatida bazaviy turmush sharoitlarini yaxshilash hamda imtiyozli uy-joyga ega boʻlish ehtiyoji mavjud. Oʻtgan yillarda yoshlarga imtiyoz asosida uy-joy ajratish bilan bogʻliq kamchiliklarni inobatga olgan holda bozor tamoyillariga asoslangan yangicha uy-joy ipoteka dasturini joriy etish lozim.
Shuningdek, oʻtgan yillar davomida 155 mingdan ortiq yoshlarga yer ajratish orqali ularning bandligini taʼminlashga qaratilgan ishlar dehqonchilik qilish istagidagi yoshlarning real daromad manbalariga ega boʻlishiga sabab boʻldi. Mazkur yoʻnalishdagi keyingi strategik qadam yer olgan yoshlarni zamonaviy kichik mexanizatsiya vositalari bilan ishlash hamda yuqori hosilli urugʻlik va agrotexnik bilim olishiga kompleks yondashish orqali mahsulot yetishtirishdan daromadgacha boʻlgan zanjir mexanizmini takomillashtirish lozim.
2.5. Yoshlarni qoʻllab-quvvatlovchi institutlar va ularning faoliyati
Mamlakatda yoshlarga oid davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Yoshlar ishlari agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik), vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va nodavlat notijorat tashkilotlar, shuningdek, mahallalardagi yoshlar yetakchilaridan tashkil topgan yaxlit vertikal boshqaruv tizimi yaratilgan.
Agentlik yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanib, yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, ularning bandligini taʼminlashga koʻmaklashish, ogʻir toifadagi yoshlar bilan ishlash, shuningdek, iqtidorlarini roʻyobga chiqarishga qaratilgan manzilli ishlarni tashkil etish hamda ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni qoʻllab-quvvatlash ishlarini muvofiqlashtirib bormoqda.
2.6. Strategik rivojlanish istiqbollari
Strategiyada belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirish ishlarini tizimli yondashuv asosida tashkil etish davlat va yoshlar oʻrtasida oʻzaro masʼuliyatga asoslangan ijtimoiy shartnoma modelini qaror toptirishni nazarda tutadi.
Bunda yoshlarni qoʻllab-quvvatlash samaradorligi davlat tomonidan koʻmak berish bilan chegaralanib qolmasdan, yoshlarning doimiy daromad manbaiga ega boʻlishga intilishini “zanjirli monitoring” tizimi asosida baholashga oʻtiladi.
Davlat tomonidan taʼlim va bandlik sohasini uygʻunlashtirishga qaratilgan islohotlar inson kapitalini rivojlantirish, yoshlarning nafaqat mamlakat ichida, balki xalqaro miqyosda yuqori texnologik sohalarda raqobatbardosh boʻlishini taʼminlashga yoʻnaltirilgan.
3-bob. Strategiyaning maqsadlari va yoʻnalishlari
Strategiyaning asosiy maqsadi 2030-yilga qadar ijtimoiy faol, iqtisodiy mustaqil, innovatsion fikrlaydigan, maʼnan va jismonan sogʻlom hamda mamlakat taraqqiyotida faol ishtirok etuvchi raqobatbardosh yosh avlodni shakllantirish.
Taʼsir koʻrsatkichlari (Impact):
Global yoshlar rivojlanish indeksida (GYDI) Oʻzbekistonning oʻrnini dunyoning top — 70 ta mamlakatlari qatoriga kiritish;
2030-yilga qadar yoshlarning ishsizlik darajasini 8 foizgacha tushirish;
davlat boshqaruvi organlari va davlat ulushi mavjud tashkilotlarda 40 yoshgacha boʻlgan rahbar xodimlar ulushini joriy holatga nisbatan 30 foizga oshirish;
yoshlar jinoyatchiligini 2030-yilga qadar 2025-yilgi bazaviy koʻrsatkichga nisbatan 40 foizga kamaytirish.
Birinchi ustuvor yoʻnalish — yoshlarni boshqaruv va strategik qarorlar jarayoniga tizimli jalb etish hamda yoshlar siyosatida ochiqlik va ishtirok etish mexanizmlarini kuchaytirish.
1.1-vazifa: Yoshlarning mansab pillapoyalariga koʻtarilish jarayonlarini qoʻllab-quvvatlash hamda ular bilan muloqot mexanizmlarini kengaytirish.
Natija koʻrsatkichlari:
davlat organlari va davlat ulushi mavjud tashkilotlarda kamida 3 yil ish tajribasiga ega boʻlgan yosh mutaxassislarning lavozim boʻyicha koʻtarilish ulushini jami faoliyat olib borayotgan yosh mutaxassislarga nisbatan 30 foizga yetkazish.
“Yoshlarni eshitamiz” ochiq muloqot platformasi doirasida yoshlar bilan professional muloqotlar sonini 500 taga yetkazish.
1.2-vazifa: Yoshlar va davlat oʻrtasida ijtimoiy shartnoma asosida oʻzaro masʼuliyat va faol ishtirok mexanizmlarini joriy etish.
Natija koʻrsatkichlari:
Volontyorlik faoliyatida ishtirok etayotgan yoshlar ulushini umumiy volontyorlar soniga nisbatan 70 foizga yetkazish;
2030-yilga qadar mahallalarda yoshlar tashabbusi asosida amalga oshiriladigan ijtimoiy loyihalar sonini 2 000 taga yetkazish.
Ikkinchi ustuvor yoʻnalish — Yoshlarni ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish — munosib turmush sharoitlarini yaxshilash, bandligini taʼminlash va tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirish.
2.1-vazifa: Yoshlarning biznes tashabbuslarini moliyaviy, infratuzilmaviy va konsalting qoʻllab-quvvatlash orqali tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish hamda ularning iqtisodiy faolligini oshirish.
Natija koʻrsatkichlari:
2030-yilga qadar tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan yoshlar sonini 2026-yilga nisbatan 30 foizga oshirish;
davlat koʻmagi asosida faoliyat boshlagan va 3 yil ichida barqaror daromad manbaiga ega boʻlgan yosh tadbirkorlarning ulushini 70 foizga yetkazish.
2.2-vazifa: Yoshlarni doimiy va munosib ish oʻrinlari bilan taʼminlash, ularning kasbiy malakasini oshirish va qayta tayyorlash dasturlarini kengaytirish orqali barqaror bandlikni taʼminlash.
Natija koʻrsatkichlari:
2030-yilga qadar 18 — 30 yoshli aholi oʻrtasida rasmiy bandlik darajasini 2025-yilga nisbatan 20 foizga oshirish;
2030-yilga qadar 18 — 30 yoshli aholining oʻrtacha oylik rasmiy daromadini 2025-yilga nisbatan 3 barobarga oshirish.
2.3-vazifa: Yoshlar uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, uy-joy bilan taʼminlash va ijtimoiy himoya mexanizmlarini takomillashtirish.
Natija koʻrsatkichlari:
2030-yilga qadar ipoteka kreditlari va subsidiyalar asosida 40 mingta yosh oilalarni uy-joy bilan taʼminlash;
2030-yilga qadar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va Yoshlar yagona elektron platformasi orqali ijtimoiy xizmatlardan onlayn foydalanayotgan yoshlar ulushini 80 foizga yetkazish.
Uchinchi ustuvor yoʻnalish — Innovatsion va raqobatbardosh avlodni shakllantirish — yoshlarni madaniy, jismoniy va maʼrifiy jihatdan rivojlantirish, yoshlarning ilm-fan, texnologiya, raqamli iqtisodiyot kabi sohalardagi intilishlarini ragʻbatlantirish, ularning xalqaro maydondagi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash.
3.1-vazifa: Yoshlarda kelajak kasblari, raqamli texnologiyalar va amaliy koʻnikmalarni shakllantirish orqali ularning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish.
Natija koʻrsatkichlari:
Oʻzbekistonda akkreditatsiyadan oʻtgan hamda milliy yoki xalqaro miqyosda tan olinadigan zamonaviy kasblar boʻyicha sertifikatlarga ega yoshlar ulushini 200 ming nafarga yetkazish;
sunʼiy intellekt orqali zamonaviy kasblar va fanlarni bepul (onlayn) oʻrganuvchi yoshlar sonini 3 mln nafarga yetkazish.
3.2-vazifa: Yoshlarning innovatsion gʻoyalarini moliyaviy va institutsional qoʻllab-quvvatlash, startaplarini tijoratlashtirish va texnologik tadbirkorligini rivojlantirish.
Natija koʻrsatkichlari:
2030-yilga qadar xalqaro bozorga chiqqan startaplar sonini 400 taga yetkazish;
startap va innovatsion loyihalarni ishga tushirish natijasida yoshlar uchun 20 mingdan ortiq yangi ish oʻrinlarini yaratish.
3.3-vazifa: Yoshlarning kitobxonlik, ijodkorlik va maʼnaviy rivojlanishini ragʻbatlantirish orqali intellektual salohiyat va madaniy kapitalni oshirish.
Natija koʻrsatkichi:
yoshlarning kitobxonlik darajasini yiliga oʻrtacha 12 ta kitobga yetkazish;
elektron kitob platformalaridan (“Mutolaa” platformasi) foydalanish koʻrsatkichini 2025-yilga nisbatan 2 barobarga oshirish.
3.4-vazifa: Yoshlar oʻrtasida ommaviy sportni kengaytirish, professional sportni qoʻllab-quvvatlash va sogʻlom turmush madaniyatini shakllantirish orqali jismoniy va psixologik barqaror avlodni tarbiyalash.
Natija koʻrsatkichlari:
sport toʻgaraklari va klublarda muntazam ishtirok etuvchi yoshlar sonini 2026-yilga nisbatan 25 foizga oshirish;
stress va ruhiy xavf omillari yuqori boʻlgan yoshlar ulushini 2026-yilga nisbatan 40 foizga qisqartirish.
3.5-vazifa: Taʼlim jarayonlarida yoshlar uchun teng imkoniyatlar yaratish va inklyuziv taʼlimni rivojlantirish.
Natija koʻrsatkichlari:
umumiy oʻrta taʼlim muassasalari 9-sinf bitiruvchilarining kasbiy taʼlim bilan qamrab olinishini 50 foizga yetkazish;
alohida taʼlimga ehtiyoji boʻlgan bolalarning umumiy taʼlim maktablarida inklyuziv taʼlim bilan qamrovni 1 000 nafarga yetkazish.
3.6-vazifa: Yoshlar siyosatida ikki va koʻp tomonlama hamkorlikni kengaytirish hamda yoshlarning xalqaro maydondagi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash.
Natija koʻrsatkichlari:
“Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ga aʼzo davlatlar sonini 150 taga yetkazish;
xalqaro forumlar va turli global tashabbuslar doirasida oʻtkaziladigan tanlov va loyihalarda ishtirok etuvchi yoshlarning umumiy sonini 100 ming nafarga yetkazish.
4-bob. Strategiyani amalga oshirishning asosiy tamoyillari
Yoshlar va davlat oʻrtasidagi muloqotni yangi bosqichga olib chiqish, ochiqlik va oʻzaro ishonchni mustahkamlash maqsadida Strategiya quyidagi tamoyillarga asoslanadi:
Yoshlar manfaatlarini taʼminlash va farovonligini oshirish tamoyili — har bir chora-tadbir yoshlarning turmush darajasini yaxshilash, ularning iqtidorini roʻyobga chiqarish va sifatli taʼlim olishiga qaratiladi. Bunda yoshlar nafaqat islohotlar obyekti, balki Strategiyani shakllantirish, amalga oshirish va natijalarini baholashda faol ishtirok etuvchi asosiy subyekt sifatida ishtirok etadi.
Muvofiqlik va uygʻunlik tamoyili — Strategiyaning maqsad va vazifalari yuqori turuvchi hujjatlar (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari) bilan toʻliq mos kelishini, tarmoq va hududiy yoshlar dasturlari bilan ziddiyatga yoʻl qoʻymasligini hamda boshqa sohaviy strategiyalarni mazmunan toʻldirishini taʼminlaydi.
Iqtisodiy samaradorlik tamoyili — yoshlar siyosati doirasida amalga oshiriladigan har bir loyiha va taqdim etiladigan subsidiya (masalan, startaplarni moliyalashtirish) jamiyat va iqtisodiyot uchun aniq foyda keltirishi, qilingan xarajatlar yoshlarning bandligi va daromadi koʻrinishida oʻzini oqlashi lozimligini nazarda tutadi.
Moliyaviy barqarorlik tamoyili — Strategiyadagi barcha maqsadlar va samaradorlik koʻrsatkichlari budjetlashtirish jarayoni bilan uygʻun holda yetarli moliyaviy, moddiy va inson resurslari (mahalla yoshlar yetakchilari, ekspertlar) bilan bogʻlangan holda ishlab chiqilishini kafolatlaydi.
Hisobdorlik tamoyili — har bir yoʻnalish va vazifa boʻyicha aniq masʼul ijrochilar (vazirlik, idora yoki masʼul shaxs) belgilanganligini, ularning faoliyati erishilgan natijalar asosida muntazam baholab borilishini anglatadi.
Shaffoflik tamoyili — Strategiyani amalga oshirish va monitoring qilish jarayoniga keng jamoatchilikni, yoshlar tashkilotlari va mustaqil ekspertlarni jalb etgan holda ochiqlikni taʼminlashni nazarda tutadi. Yoshlar oʻzlariga oid dasturlar ijrosini real vaqt rejimida kuzatish imkoniyatiga ega boʻladi.
Uzluksiz rejalashtirish tamoyili — rejalashtirish, monitoring va baholash jarayonlari bir-birini uzviy davom ettirishini, har bir yangi bosqich oldingi yillardagi tajriba va yoshlarning oʻzgarib borayotgan ehtiyojlari tahliliga asoslanishini belgilaydi.
Imkoniyatlar tengligi tamoyili — ijtimoiy holati va yashash hududidan qatʼi nazar, har bir yosh yigit-qiz uchun davlat tomonidan yaratilgan imtiyoz va resurslardan foydalanishda teng sharoitlar yaratilishini taʼminlaydi;
Innovatsionlik va proaktivlik tamoyili — yoshlarning ehtiyojlarini raqamli texnologiyalar va sotsiologik tahlillar yordamida oldindan aniqlash hamda ularga zamonaviy yechimlar taklif etish imkonini beradi;
Milliy-maʼnaviy uygʻunlik tamoyili — zamonaviy bilim va koʻnikmalarni egallash jarayonini milliy qadriyatlar, oilaviy anʼanalar va vatanparvarlik ruhi bilan uzviy bogʻliq holda amalga oshirishni ifodalaydi.
5-bob. Maqsadli auditoriya va uning segmentlariga yondashuv
Maqsadli auditoriya va uning segmentlariga yondashuv Strategiyaning maqsad va vazifalarini amalga oshirishda 30 yoshgacha boʻlgan yoshlarning oʻziga xos ehtiyojlari, ijtimoiy holati va hayotiy bosqichlaridan kelib chiqib, quyidagi segmentlar bilan manzilli ishlashni koʻzda tutadi:
maktabning boshlangʻich taʼlim yoshidagi oʻquvchilari (7 — 10 yosh) — dastlabki bilim va qadriyatlarni shakllantirish, kitobxonlikka qiziqtirish hamda iqtidorlarini erta aniqlash maqsad qilingan;
maktab oʻquvchilari (11 — 18 yosh) — zamonaviy fanlar va xorijiy tillarni oʻrganish, kasb-hunarga yoʻnaltirish hamda ijtimoiy faollik va vatanparvarlik tuygʻularini rivojlantirish maqsad qilingan;
kasbiy taʼlim (texnikum) oʻquvchilari — mehnat bozori talablariga mos amaliy koʻnikmalarni egallash, xalqaro “Work and Travel” dasturlari orqali tajriba oshirish va mutaxassis sifatida shakllantirish maqsad qilingan;
oliy taʼlim muassasalari talabalari — talabalar kengashlari orqali boshqaruv koʻnikmalarini rivojlantirish va yuqori malakali kadrlar sifatida yetishib chiqish qatlamini shakllantirish maqsad qilingan;
mehnat va taʼlim bilan band boʻlmagan yoshlar — ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlashga ehtiyoji bor yoshlarni kasb-hunarga oʻqitish va tadbirkorlikka yoʻnaltirish maqsad qilingan;
yosh tadbirkorlar va fermerlar — barqaror daromad manbalarini kengaytirish va yangi ish oʻrinlarini yaratish maqsad qilingan;
yosh oilalar — uy-joy sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy imtiyozlar va psixologik qoʻllab-quvvatlash orqali ularning barqarorligini taʼminlash maqsad qilingan;
davlat fuqarolik xizmatidagi yosh kadrlar — meritokratiya tamoyillari asosida boshqaruv tizimiga jalb etiladigan, staj va tajriba toʻsiqlarisiz martaba pillapoyalaridan koʻtariladigan istiqbolli mutaxassislar tayyorlash maqsad qilingan;
ijtimoiy himoyaga muhtoj va nogironligi boʻlgan yoshlar — inklyuziv taʼlim va ish muhiti bilan taʼminlash, davlatning alohida gʻamxoʻrligi asosida qoʻllab-quvvatlash maqsad qilingan;
xorijdagi yosh vatandoshlar (talabalar va mehnat migrantlari) — huquqlarini himoya qilish, vatani bilan doimiy aloqada boʻlishini taʼminlash va mamlakat taraqqiyotiga mentor yoki investor sifatida jalb etish maqsad qilingan.
6-bob. Strategiyani amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi
Strategiyani amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) ilovaga muvofiq amalga oshiriladi.
6.1. Strategiyani tatbiq etish jarayoni yuqori turuvchi strategik hujjatlar va davlat budjeti bilan muvofiqlashtirilgan rejalashtirish hamda ijrochi va sherik tashkilotlar oʻrtasidagi tizimli idoralararo hamkorlik mexanizmlari orqali amalga oshiriladi.
6.2. Strategiyaning samaradorlik koʻrsatkichlari (taʼsir va natija) va Dasturdagi tadbirlar va ularning bevosita faoliyat natijasi koʻrsatkichlari oʻzaro uzviy va mantiqiy bogʻliqlikda amalga oshiriladi.
6.3. Dastur dinamik xususiyatga ega boʻlib, uni amalga oshirish jarayonida quyidagi holatlarda qayta koʻrib chiqish boʻyicha tavsiyalar va koʻrsatmalar ishlab chiqiladi hamda oʻrnatilgan tartibda oʻzgartirish kiritiladi:
monitoring va tahlil natijalariga koʻra ayrim tadbirlarning samaradorligi past deb topilganda;
yoshlarning ehtiyojlari va tashqi muhitdagi (iqtisodiy, texnologik) oʻzgarishlar yangi yondashuvlarni talab etganda;
qoʻshimcha moliyaviy resurslar yoki xalqaro grantlar jalb qilinganda.
7-bob. Strategiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar
Strategiya doirasida belgilangan vazifalarni bajarish orqali 2030-yilgacha yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqishda quyidagi natijalarga erishish nazarda tutilmoqda:
har yili mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarning bandligini taʼminlash boʻyicha yagona tizim yoʻlga qoʻyiladi;
kichik tadbirkorlik subyektlari uchun qulay biznes muhiti yaratiladi hamda bu orqali yosh tadbirkorlar safi kengaytiriladi;
taʼlim muassasalarida yoshlar bilan ishlash boʻyicha yagona yondashuv shakllantiriladi hamda taʼlim muassasalarining inklyuzivligi kuchaytiriladi;
xorijiy tillarni oʻrgatishga ixtisoslashgan nodavlat qoʻshimcha taʼlim xizmatlari sohasi yanada rivojlanadi;
yoshlar orasida davlat fuqarolik xizmatining nufuzi yanada ortadi, ilm-fanda yuqori natijalarga erishuvchi yoshlar ulushi oshadi;
hududlarda yagona yondashuv asosida yoshlarga oid infratuzilma obyektlari yaratiladi;
yoshlarda volontyorlik madaniyatini shakllantirish orqali ularda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, oʻzaro hamjihatlik kabi qadriyatlar tizimi yaratiladi;
yoshlarning ruhiy salomatliklarini asrashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy asoslar yaratiladi;
huquqiy ongi va huquqiy madaniyati yuksak boʻlgan yangi avlod yoshlari shakllanadi;
yoshlar siyosatining ochiqligi taʼminlanadi, yoshlarning davlat siyosatida hamda norma ijodkorligida ishtiroki kengaytiriladi, yoshlarda faol fuqarolik pozitsiyasi shakllanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi;
tashabbuskor hamda namunali mahalla yoshlar yetakchilari tarkibi shakllantiriladi;
yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini aniqlash boʻyicha yagona tizim yaratiladi;
yoshlar siyosati sohasida xalqaro hamkorlikdagi loyihalar hamda ularda Oʻzbekiston yoshlarining ishtiroki kengaytiriladi, yoshlar siyosati boʻyicha doimiy xalqaro muloqot platformasi yoʻlga qoʻyiladi.
8-bob. Yoshlar strategiyasini amalga oshirishdagi ehtimoliy xavf-xatarlar va ularni yumshatish
Strategiyani amalga oshirish jarayonida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ichki va tashqi tahdidlarni oldindan prognoz qilish hamda ularning salbiy taʼsirini minimallashtirish maqsadida quyidagi chora-tadbirlar belgilanadi:
Iqtisodiy xavflar: global bozordagi beqarorlik sababli yoshlar tadbirkorligi va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish hajmining qisqarishi.
Yumshatish choralari: mablagʻlarni boshqarishda diversifikatsiyani yoʻlga qoʻyish, xususiy sektor investitsiyalarini va xalqaro venchur fondlarni faol jalb qilish, mablagʻlarni faqat yuqori rentabelli va ijtimoiy samarador loyihalarga yoʻnaltirish.
Ijtimoiy-psixologik xavflar: yoshlar oʻrtasida davlat tomonidan berilayotgan imtiyoz va subsidiyalarga nisbatan boqimandalik kayfiyatining shakllanishi.
Yumshatish choralari: imtiyozlarni taqdim etishda “natijaga yoʻnaltirilganlik” tamoyilini joriy etish, masʼuliyat va shaxsiy tashabbuskorlikni ragʻbatlantiruvchi targʻibot kampaniyalarini oʻtkazish.
Institutsional xavflar: Joylardagi ijro organlari va mahallabay ishlash tizimida byurokratik toʻsiqlarning yuzaga kelishi yoki muvofiqlashtirishning pastligi.
Yumshatish choralari: ijro jarayonlarini toʻliq raqamlashtirish, inson omilini kamaytirish, mahalliy rahbarlarning KPI koʻrsatkichlarini Strategiya ijrosi bilan uzviy bogʻlash.
Texnologik va axborot xavflari: Yoshlarning shaxsiy maʼlumotlari xavfsizligiga tahdidlar va raqamli platformalarning texnik nosozliklari.
Yumshatish choralari: kiberxavfsizlik tizimini xalqaro standartlar asosida mustahkamlash, raqamli infratuzilmani muntazam auditdan oʻtkazish va maʼlumotlarni himoya qilishning ilgʻor algoritmlarini qoʻllash.
9-bob. Strategiyani amalga oshirishning resurs va moliyaviy taʼminoti
Strategiyada belgilangan maqsad va vazifalarni toʻliq, sifatli va oʻz vaqtida ijro etish uchun moliyaviy, moddiy-texnik va inson resurslaridan foydalanishning quyidagi tizimi joriy etiladi:
9.1. Moliyalashtirish manbalari. Strategiya doirasidagi islohotlar va loyihalar quyidagi manbalar hisobidan moliyalashtiriladi:
Davlat budjeti mablagʻlari:
“Yoshlar daftari” jamgʻarmasi va Agentlikning budjet va budjetdan tashqari mablagʻlari;
har yili qabul qilinadigan Davlat dasturlari doirasida sohaviy vazirlik va idoralarga, shuningdek, hududlarga ajratiladigan maqsadli mablagʻlar;
mahalliy budjet mablagʻlari va uning qoʻshimcha manbalari.
Xalqaro moliya institutlari grantlari:
Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va Islom taraqqiyot bankining imtiyozli kreditlari;
BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarning yoshlar siyosati, taʼlim va innovatsiyalarga yoʻnaltirilgan grant mablagʻlari.
Investitsiyalar va davlat-xususiy sheriklik (DXSH):
yoshlar infratuzilmasini (kovorkinglar, sport majmualari) rivojlantirishga yoʻnaltirilgan xususiy sektor sarmoyalari;
yoshlar startaplarini qoʻllab-quvvatlash uchun jalb qilinadigan mahalliy va xorijiy venchur kapitali.
Homiylik va ixtiyoriy xayriyalar:
“Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati” doirasidagi xalqaro homiylik mablagʻlari;
yirik tadbirkorlik subyektlarining ijtimoiy masʼuliyat (CSR) doirasidagi ajratmalari.
9.2. Shaffoflik va nazorat. Moliyaviy mablagʻlardan foydalanishning shaffofligini taʼminlash maqsadida:
barcha xarajatlar va moliyaviy koʻrsatkichlar raqamli platformadagi ochiq boshqaruv tizimida aks ettiriladi;
jamoatchilik nazoratini oʻrnatish maqsadida mablagʻlarning sarflanishi boʻyicha har yillik auditorlik va ekspertlik xulosalari eʼlon qilib boriladi.
10-bob. Strategiyani amalga oshirishni monitoring qilish va hisobot berish tartibi
Strategiya ijrosini monitoring qilish qonuniylik, xolislik, ochiqlik va ishonchlilik tamoyillari asosida Strategik rejalashtirish va rivojlanishning raqamli platformasi (keyingi oʻrinlarda — Raqamli platforma) hamda “Ijro.gov.uz” tizimi orqali amalga oshiriladi.
Monitoring va hisobot berish mexanizmi:
Agentlik Strategiya va uni amalga oshirish boʻyicha Dasturning bajarilishini muvofiqlashtiradi, umumiy monitoringni amalga oshiradi, umumlashtirilgan hisobotlarni tayyorlaydi, Strategiyaning samarali amalga oshirilishini baholaydi hamda tavsiya va koʻrsatmalarni oʻrnatilgan tartibda taqdim etadi.
Chora-tadbirlar ijrosiga masʼul tashkilot (idora) Dasturda belgilangan chora-tadbirlarni samarali amalga oshiradi va maʼlumotlarini tayyorlaydi hamda hisobotni umumlashtirish uchun muvofiqlashtiruvchi tashkilotga yoʻnaltiradi.
Hisobotni umumlashtirish uchun masʼul tashkilot chora-tadbirlar va bevosita faoliyat natijasi koʻrsatkichlari (output) yuzasidan umumlashgan hisobotni tayyorlab, Agentlikka yuboradi.
Agentlik hisobotni umumlashtirish uchun masʼul tashkilotlardan tegishli maʼlumotlarni qabul qiladi, umumlashtiradi, tahlil qiladi va oʻrganishlar asosida tavsiya va koʻrsatmalarni belgilangan tartibda Raqamli platforma hamda “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritadi.
Har chorak yakuni boʻyicha bevosita natijadorlik (output) va samaradorlik (outcome) koʻrsatkichlari ijrosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni hisobot davri soʻnggi oyining 25-sanasiga qadar Raqamli platforma hamda “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritadi.
Har yil yakuni boʻyicha taʼsir koʻrsatkichlari (impact) ijrosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni hisobot davri soʻnggi oyining 25-sanasiga qadar Raqamli platforma hamda “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritadi.
11-bob. Strategiyani amalga oshirish samaradorligini baholash mexanizmi
Strategiyaning maqsadlariga erishilganlik darajasi, rivojlanish dinamikasi va ularga erishish jarayonida resurslardan foydalanish natijadorligi qoʻyilgan maqsadlarning strategik ahamiyati hamda ular orqali erishilgan natijalarning samaradorligini tahlil qilish va barqarorligini aniqlash maqsadida oraliq va yakuniy baholash oʻtkaziladi.
Baholash tizimi va darajalari:
Agentlik Strategiya yakunlangunga qadar (zaruratga koʻra 2028-yilda) Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi bilan birgalikda oraliq baholashni oʻtkazadi. Bunda muayyan maqsadlarni oʻzgartirish yoki ularga erishish mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqiladi.
Oraliq baholash natijalariga asosan aniqlangan kamchiliklar boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish usul va vositalariga tegishli oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha takliflar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rejalashtirish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengashga kiritiladi.
Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan, zaruratga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi yoki Vazirlar Mahkamasiga Strategiyaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflar kiritiladi.
Agentlik Strategiya muddati yakunlangandan soʻng Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi bilan birgalikda yakuniy baholashni oʻtkazadi.
Yakuniy baholashda Strategiyada belgilangan maqsadlarga erishilganlik darajasi, rivojlanish samaradorligi, taʼsiri va barqarorligiga baho beriladi hamda kelgusidagi muayyan strategik rejalashtirish hujjatlari boʻyicha takliflar ishlab chiqiladi.
Yakuniy baholash natijalariga asosan ishlab chiqilgan takliflar Muvofiqlashtiruvchi kengash muhokamasiga kiritiladi.
Strategiyaning ijtimoiy samaradorligini xolis oʻrganish maqsadida Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tomonidan har yili mustaqil tadqiqotlar oʻtkazish orqali Strategiya mustaqil baholashdan oʻtkaziladi va natijalari jamoatchilik uchun eʼlon qilinadi.
Mustaqil baholashning moliyalashtirish manbalari (Davlat budjeti, budjetdan tashqari mablagʻlar, grantlar va boshqa qonunchilikda taqiqlanmagan manbalar) hamda moliyalashtirish miqdori Agentlik tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
12-bob. Yakunlovchi qoidalar
Strategiya Oʻzbekistonda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish hamda salohiyatini mamlakat taraqqiyotiga safarbar etishga qaratilgan davlat siyosatining asosiy tamoyillari, strategik maqsadlari, amalga oshirish mexanizmlari hamda institutsional asoslarini belgilaydi.
Strategiya qoidalarini izchil amalga oshirish:
yoshlarning davlat va jamiyat institutlariga boʻlgan ishonchini mustahkamlashga;
davlat organlarining yoshlar bilan ishlash faoliyatida tizimlilik va natijadorligini taʼminlashga;
yoshlar bandligi, sifatli taʼlim va tadbirkorlik sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga;
Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish va yoshlar siyosati boʻyicha global tashabbuslar markaziga aylanishini taʼminlashga xizmat qiladi.
“Yangi Oʻzbekiston yoshlari — 2030” strategiyasigaILOVA
“Yangi Oʻzbekiston yoshlari — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-apreldagi PF-66-son Farmoniga2-ILOVA
Nodavlat qoʻshimcha taʼlim xizmatlari sohasida oʻzini oʻzi tartibga solish tizimi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari
1. Nodavlat taʼlim xizmatlarini belgilangan tartibda koʻrsatuvchi yuridik va jismoniy shaxslarni aʼzolikka qabul qilish hamda ularning faoliyatiga har tomonlama koʻmaklashish.
2. Aʼzolarning qoʻshimcha taʼlim xizmatlarini amalga oshirish faoliyatini yoʻnaltirib borish, ularning manfaatlarini davlat organlari hamda sudda himoya qilish.
3. Qoʻshimcha taʼlim xizmatlarini koʻrsatishdagi mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish va ularni tegishli davlat organlarida ilgari surish.
4. Qoʻshimcha taʼlim sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish jarayonida ishtirok etish.
5. Aʼzolar tomonidan koʻrsatilayotgan taʼlim xizmatlari sifatini taʼminlash choralarini koʻrish.
6. Qoʻshimcha taʼlim xizmatlari sohasida ixtiyoriy sifat standartlarini ishlab chiqish va joriy etish.
7. Aʼzolarning qoʻshimcha taʼlim faoliyatiga jalb etilgan taʼlim beruvchilarning kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirish va malakasini oshirish tizimini yoʻlga qoʻyish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-apreldagi PF-66-son Farmoniga3-ILOVA
“Yoshlar tumani (shahri)” maqomi beriladigan tuman (shahar)lar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-apreldagi PF-66-son Farmoniga4-ILOVA
Yoshlar ishlari agentligi huzuridagi Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash institutiga yuklatilayotgan qoʻshimcha vazifalar
1. Yoshlarga oid davlat siyosati strategiyasi, yoʻnalishlari va mexanizmlarini ilmiy asoslash, yoshlar siyosati ijrosi borasida idoralararo nomuvofiqliklarni aniqlash, yoshlar tashkilotlari faoliyati, qabul qilinayotgan chora-tadbirlar, qarorlar, dasturlar va rejalarning samaradorligini metodologik oʻrganish hamda ularni rivojlantirishga qaratilgan ilmiy ishlanmalar ishlab chiqish.
2. Yoshlar maʼnaviyati, hayotiy ustuvorliklari va qadriyatlar tizimi, migratsiya jarayonlari bilan bogʻliq muammolarini tahlil etish, umuminsoniy qadriyatlarga zid boʻlgan radikalizm, ekstremizm, jinoyatchilik, giyohvandlik, zoʻravonlik kabi illatlarni bartaraf etishga qaratilgan tadqiqotlarni oʻtkazish.
3. Yoshlar bandligini taʼminlash, ularni madaniy, jismoniy va maʼrifiy jihatdan rivojlantirish bilan bogʻliq tizimli muammolarni hududlar va tarmoqlar kesimida oʻrganish, shuningdek, yoshlar muammolari boʻyicha hududlarning oʻziga xos xususiyatlarini aniqlash va ularni bartaraf etish yuzasidan samarali yechimlar ishlab chiqish.
4. Yangi avlod yoshlarining ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlari, ehtiyoj va umidlari, farovonlik darajasi hamda ijtimoiy kayfiyatini sotsiologik oʻrganish, yoshlar siyosati borasida xalqaro ilmiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, ilgʻor tajribalarni oʻrganish.
5. Yoshlar siyosati ijrosiga doir statistik maʼlumotlarni toʻplash va tahlil qilish, boshqaruv vertikalining barcha boʻgʻinlarida yoshlar siyosati ijrosini aks ettiruvchi “Milliy yoshlar indeksi”ni yuritish, statistik, demografik va sotsiologik tadqiqotlar metodologiyasini rivojlantirib borish, yoshlarga oid davlat siyosatining amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi milliy maʼruzani tayyorlash.