Ugom daryosining tabiiy gidrologik va ekologik muvozanatini tiklash, daryoda olib borilayotgan gidroenergetik faoliyatning ekologik xavfini kamaytirish, hududdagi bioxilma-xillikni yanada yaxshilash, shuningdek, daryo ekotizimining barqarorligini saqlab qolish, suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda oʻsimlik va hayvonot dunyosi turlarining tabiiy yashash sharoitlarini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar ushbu qarorni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsadlar etib belgilansin:
(a) Ugom daryosiga (keyingi oʻrinlarda — daryo) davlat gidrologik tabiat yodgorligi maqomini berish va unga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi xoʻjalik faoliyatini belgilangan tartibda cheklash;
(b) daryoning suvni muhofaza qilish zonasida joylashgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarni xatlovdan oʻtkazish va ularning faoliyatini ekologik talablarga muvofiqlashtirish;
(v) daryoning suvni muhofaza qilish zonasi va sohil boʻyi mintaqasidagi ekotizimning tabiiy holatini qayta tiklash, jumladan, oʻsimlik va hayvonot dunyosi obyektlarini koʻpaytirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish.
II. Daryo ekotizimlarining tabiiy holatini yaxshilash
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Ekologiya qoʻmitasi) va Toshkent viloyati hokimligining Ugom daryosini davlat gidrologik tabiat yodgorligi deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Toshkent viloyati hokimligi Ekologiya qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda Ugom daryosining Toshkent viloyati hududidan oqib oʻtuvchi 13,3 km qismi ushbu qarorga 1-ilovaga muvofiq chegaralarda belgilangan tartibda davlat gidrologik tabiat yodgorligi deb eʼlon qilinishini taʼminlasin.
4. 2026-yil 1-iyundan boshlab daryoning sohil boʻyi mintaqalari hamda suvni muhofaza qilish zonalarida tabiiy gidrologik tizim va ekologik muvozanatga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan har qanday qurilish, yer ishlari va sunʼiy inshootlarni barpo etish qatʼiyan man etiladi. Bunda:
(a) daryo havzasi va uning irmoqlari doirasida gidrotexnik, gidromeliorativ ishlar, bino va inshootlar, gidroenergetika, suvni tartibga solish va derivatsiya inshootlarini qurish toʻliq taqiqlanadi (faoliyat yuritayotgan gidroenergetika obyektlarini rekonstruksiya qilish bundan mustasno);
(b) daryoning davlat gidrologik tabiat yodgorligi hududida qurilish ishlari uchun yer uchastkalari ajratilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
5. Ugom daryosining sohil boʻyi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalarida joylashgan obyektlarning atrof-muhitga salbiy taʼsiri va ekologik talablarga muvofiqligini oʻrganish yuzasidan Hukumat komissiyasi (keyingi oʻrinlarda — Hukumat komissiyasi) tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Quyidagilar Hukumat komissiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
(a) daryo sohil boʻyi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalarida joylashgan barcha obyektlar, inshootlar va faoliyat turlarini aniqlash, ularning huquqiy maqomini va foydalanish turini belgilash;
(b) obyektlarning atrof-muhitga, ayniqsa suvning sifati, gidrologik rejimning oʻsimlik va hayvonot dunyosiga koʻrsatayotgan salbiy taʼsirini baholash, ekologik monitoring maʼlumotlari bilan solishtirish;
(v) har bir obyektning Suv kodeksi va “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Qonun hamda suvni muhofaza qilish zonalaridagi faoliyatga oid qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiqligini tahlil qilish;
(g) qonunchilik talablari buzilgan hollarda tegishli davlat organlariga obyektlarning faoliyatini toʻxtatish, rekonstruksiya qilish yoki koʻchirish boʻyicha takliflar kiritish;
(d) daryo sohil boʻyi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalarida joylashgan obyektlar koordinatalari, fotosuratlari va texnik maʼlumotlar bilan birgalikda “GIS” platformasi asosida raqamlashtirish va umumlashtirilgan maʼlumotlar bazasini yaratish;
(j) har oy yakunida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida hisobot tayyorlash, aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taqdim etish.
7. Belgilansinki:
(a) Hukumat komissiyasi 2026-yil 1-avgustga qadar daryo sohil boʻyi mintaqalari hamda suvni muhofaza qilish zonalarida joylashgan barcha turdagi obyektlar, inshootlar va faoliyat yurituvchi subyektlarning atrof-muhitga koʻrsatayotgan salbiy taʼsirini, tabiiy gidrologik tizimga taʼsir darajasini hamda amaldagi ekologik va sanitariya talablariga muvofiqligini aniqlash maqsadida toʻliq xatlovdan oʻtkazish ishlarini amalga oshiradi;
(b) Hukumat komissiyasi:
(i) xatlov natijalari boʻyicha aniqlangan kamchiliklarni uch oy muddatda bartaraf etish toʻgʻrisida yuridik va jismoniy shaxslarga majburiy koʻrsatmalar beradi;
(ii) majburiy koʻrsatmalarni bajarmagan yuridik va jismoniy shaxslarning faoliyatini vaqtincha yoki toʻliq toʻxtatish boʻyicha belgilangan tartibda choralar koʻrib boradi.
III. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat qilish
8. Toshkent viloyati hokimligi Ekologiya qoʻmitasi bilan birgalikda:
(a) bir oy muddatda “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga muvofiq daryoga “Davlat gidrologik tabiat yodgorligi” maqomini berish boʻyicha tegishli amaliy choralarni koʻrsin hamda unga belgilangan muhofaza rejimiga rioya etilishi yuzasidan qatʼi nazorat oʻrnatsin;
(b) 2026-yil 1-oktabrga qadar daryoning tabiiy gidrologik va ekologik holatini kompleks oʻrganish, suv resurslari va bioxilma-xillikni muhofaza qilish, gidrotexnik inshootlar faoliyatining ekologik xavfini kamaytirish hamda sohil boʻyi hududlarida ekologik muhitni barqaror rivojlantirishni nazarda tutuvchi Ugom daryosi ekotizimini yaxshilash boʻyicha master rejani tasdiqlasin.
9. Belgilansinki, Ugom daryosi ekotizimini yaxshilash boʻyicha master rejani ishlab chiqish va tasdiqlash Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
10. Fanlar akademiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda gidroenergetikaning ekotizimlarga taʼsirini kamaytirishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarni, jumladan, daryo havzasining suv rejimi va gidrologik oʻzgarishlarini, hayvonot va oʻsimlik dunyosining holatini, ixtiofaunaning migratsiya jarayonlarini hamda gidrotexnik inshootlarning ekologik taʼsirini kompleks oʻrganish ishlarini amalga oshirsin.
11. Energetika vazirligi Suv xoʻjaligi vazirligi va Ekologiya qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
(a) daryoni boshqarish boʻyicha kaskadli ekologik boshqaruv dasturini ishlab chiqsin. Bunda suv oqimining tabiiy funksiyasini saqlash hamda undan energetik maqsadlarda foydalanish oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlash nazarda tutilsin;
(b) ilmiy-tadqiqot natijalari asosida suv osti havzalarida va gidrotexnika inshootlari boʻgʻinini kaskad shaklida joylashtirsin hamda ixtiofaunaning migratsiyasi uchun baliqlar suzib oʻtuvchi inshootlarni (zinapoya tarzidagi baliqlar suzib oʻtish inshootlari) tashkil etsin;
(v) har bir stansiyada doimiy gidroekologik monitoring tizimini tashkil etsin, gidroinshootlarning iqtisodiy samaradorligi va ekologik taʼsirini tahlil qilsin hamda monitoring natijalari oshkoraligini taʼminlasin.
12. Oʻrmon va yashil hududlarni koʻpaytirish, choʻllanishga qarshi kurashish agentligi Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda 2026-yil 1-iyundan boshlab “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daryoning sohil boʻyi va muhofaza zonalaridagi yerlar degradatsiyasining oldini olish maqsadida daraxt va butalar ekish tadbirlarini olib borsin.
13. Ekologiya qoʻmitasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilish uchun masʼul va shaxsan javobgar etib Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari boʻyicha maslahatchisi — Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi raisi A.A. Abduxakimov, Bosh vazir oʻrinbosari A.J. Ramatov hamda energetika vaziri J.T. Mirzamahmudov belgilansin.
15. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 4-may,
PQ-164-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 4-maydagi PQ-164-son qaroriga1-ILOVA
Ugom daryosi davlat gidrologik tabiat yodgorligi chegaralari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 4-maydagi PQ-164-son qaroriga2-ILOVA
Ugom daryosining sohil boʻyi mintaqalari va suvni muhofaza qilish zonalarida joylashgan obyektlarning atrof-muhitga salbiy taʼsiri va ekologik talablarga muvofiqligini oʻrganish yuzasidan Hukumat komissiyasi
Izoh. Hukumat komissiyasi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangi tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.