Aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar barcha tibbiyot tashkilotlari faoliyati ustidan yagona talablar va standartlar asosida samarali nazoratni taʼminlash, tibbiy faoliyatni litsenziyalash va akkreditatsiyalash tizimining shaffofligini oshirish hamda uni bosqichma-bosqich xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish maqsadida, qaror qilaman:
I. Maqsadlar
1. Quyidagilar aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirishning asosiy maqsadlari etib belgilansin:
(a) 2030-yilga qadar 3 000 dan ortiq davlat tibbiyot muassasalarini litsenziyalash talablariga moslashtirish;
(b) barcha davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda — tibbiyot tashkilotlari) uchun yagona talablar oʻrnatish;
(v) tibbiyot tashkilotlarining axborot tizimlarini yagona talablar asosida Raqamli sogʻliqni saqlash platformasiga integratsiya qilish;
(g) tibbiy xizmatlarni koʻrsatish jarayonlariga kamida 75 ta milliy akkreditatsiyalash standartlarini joriy qilish;
(d) koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar va ularning sifatini elektron tizim orqali nazorat qilish mexanizmlarini joriy etish;
(j) tibbiyot tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash va akkreditatsiyalash tartiblarini takomillashtirish orqali koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish.
II. Tibbiy xizmatlar sifatini oshirish boʻyicha choralar
2. Belgilansinki, 2026-yil 1-iyuldan boshlab:
(a) Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi “Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi” davlat muassasasi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tibbiy faoliyatni litsenziyalash boʻyicha ishchi organ sifatida Sogʻliqni saqlash vazirligi nomidan litsenziya berish hamda litsenziyalash bilan bogʻliq boshqa barcha funksiyalarni amalga oshiradi;
(b) tibbiyot tashkilotlarida tibbiy xizmat sifatini nazorat qilish boʻyicha alohida tuzilma faoliyatini yoʻlga qoʻyish litsenziya talab va shartlari etib belgilanadi;
(v) tibbiy faoliyatni litsenziyalash talab va shartlariga rioya qilinishi hamda tibbiy xizmat sifatini nazorat qilish boʻyicha:
(i) tekshiruv boshlangandan soʻng 24 soat ichida “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida roʻyxatga olish orqali Biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibi joriy qilinadi;
(ii) tekshiruv oʻtkazayotgan nazorat qiluvchi organga nisbatan ilgari tekshirilgan faoliyat davri, predmeti va obyekti boʻyicha qayta tekshiruv oʻtkazilmasligiga oid talablar tatbiq qilinmaydi;
(iii) oʻtkaziladigan profilaktika tadbirlari tadbirkorlik subyektlariga tegishli obyektlarni koʻzdan kechirish orqali amalga oshirilishi mumkin;
(g) tibbiyot tashkilotlarini milliy akkreditatsiyadan oʻtkazish vakolati belgilangan tartibda akkreditatsiyadan oʻtkazilgan tibbiyot sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlariga ham beriladi.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
(a) davlat tibbiyot muassasalariga litsenziya berish orqali ularda litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish tizimi joriy etiladi. Bunda quyidagi muddatlarda litsenziya olinishi majburiy etib belgilanadi:
(i) respublika darajasidagi davlat tibbiyot muassasalari — 2027-yil 1-aprelga qadar;
(ii) hududiy darajadagi davlat tibbiyot muassasalari — 2028-yil yakuniga qadar;
(iii) tuman (shahar) darajasidagi davlat tibbiyot muassasalari — 2030-yil yakuniga qadar;
(b) 2028-yil 1-apreldan boshlab Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasiga milliy yoki Sogʻliqni saqlashda sifat boʻyicha xalqaro jamiyati (ISQua) tomonidan akkreditatsiyadan oʻtkazilgan tashkilotlarning akkreditatsiyasi (keyingi oʻrinlarda — xalqaro akkreditatsiya)dan oʻtmagan respublika darajasidagi davlat tibbiyot muassasalari va nodavlat tibbiyot tashkilotlari bilan tibbiy xizmatlar xaridi boʻyicha shartnoma tuzish taqiqlanadi;
(v) xalqaro akkreditatsiyadan oʻtgan tibbiyot tashkilotlari akkreditatsiya jarayonlari (tashqi baholash va oʻtkazilgan inspeksiya natijalari) toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Markazga kiritib boradi;
(g) milliy yoki xalqaro akkreditatsiyadan oʻtgan tibbiyot tashkiloti litsenziyasining amal qilish muddati milliy yoki xalqaro akkreditatsiyaning amal qilish muddatiga mos ravishda litsenziyalovchi organ tomonidan avtomatik tarzda uzaytiriladi.
III. Yagona talablar asosida tibbiy axborot tizimini joriy qilish
4. Belgilab qoʻyilsinki, 2027-yil 1-apreldan boshlab:
(a) tibbiy faoliyatni litsenziyalashda tibbiyot tashkilotlarining axborot tizimlarini Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan yagona talablarga (standartlarga) moslashtirgan holda Raqamli sogʻliqni saqlash platformasiga majburiy tartibda bepul integratsiya qilish orqali maʼlumot almashinuvini taʼminlash shartlari kiritiladi;
(b) tibbiyot tashkilotlari tomonidan aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini, shuningdek, litsenziya talab va shartlariga amal qilinishini Markaz tomonidan axborot tizimida masofaviy baholab borish orqali nazorat qilish yoʻlga qoʻyiladi.
5. Sogʻliqni saqlash vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda:
(a) barcha tibbiyot tashkilotlari axborot tizimlariga qoʻyiladigan yagona talablarni (standartlarni) tasdiqlasin;
(b) tashxislash va davolash standartlari hamda klinik protokollarning elektron shaklidan foydalanish imkonini beruvchi maʼlumotlar bazasini yaratsin va uning doimiy yangilanib borilishini taʼminlasin.
IV. Markaz faoliyatini samarali tashkil etish
6. Sogʻliqni saqlash vazirligi 2028-yil yakuniga qadar Markaz Sogʻliqni saqlashda sifat boʻyicha xalqaro jamiyati (ISQua) xalqaro tashkiloti tomonidan akkreditatsiyadan oʻtkazilishini taʼminlasin.
7. Sogʻliqni saqlash vazirligi Markazning asoslantirilgan hisob-kitoblariga asosan Markaz faoliyatini samarali tashkil etish, tibbiyot tashkilotlari faoliyatini nazorat qilish boʻyicha axborot tizimini ishlab chiqish, kadrlar tayyorlash, xorijiy mutaxassislarni jalb etish uchun 2026-yilda vazirlikka ajratilgan Davlat budjeti mablagʻlar hisobidan Markazga 20 milliard soʻm ajratsin.
8. Sogʻliqni saqlash vazirligi akkreditatsiya va litsenziyalash boʻyicha xalqaro standartlar asosida kadrlarni tayyorlash maqsadida 2026-2027-yillarda Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan hamda “El-yurt umidi” jamgʻarmasining maqsadli stajirovka dasturlari orqali Markazning 20 nafar, tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish bilan shugʻullanish istagini bildirgan va oʻz dasturini taqdim qilgan tibbiyot sohasida faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlarning 5 nafar xodimining xalqaro akkreditatsiya tashkilotlarida malaka oshirishini tashkil etsin.
9. Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazining Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumani Parkent koʻchasi 51-uy manzilida joylashgan binosining umumiy foydalanish maydoni 2 000 kv.m dan iborat birinchi, ikkinchi va uchinchi qavatlari Markazga operativ boshqarish huquqi asosida bepul berilsin.
10. Markazga oʻz faoliyatini jahon standartlariga muvofiqlashtirish, belgilangan vazifalarni samarali bajarish uchun malakali ekspertlar, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni jalb etish, shuningdek, ekspertlik va tahliliy xizmatlarni “taklif soʻrovi” xarid qilish tartib-taomili orqali xarid qilish huquqi berilsin.
V. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va nazorat
11. Tibbiyot sohasida koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
12. Sogʻliqni saqlash vazirligi uch oy muddatda tibbiy faoliyatni litsenziyalashning yangilangan talab va shartlarini nazarda tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda bemor xavfsizligi hamda klinik protokollarga rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish hamda litsenziya talabgorlari uchun tizimlashtirilgan tartibni joriy etish nazarda tutilsin.
13. Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi:
(a) Tibbiyot va farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi, Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda xorijiy konsultantlarni jalb qilgan holda ishchi guruh tashkil etsin hamda tibbiyot tashkilotlarini loyihalashtirish, qurish va foydalanishga topshirishga oid shaharsozlik hamda sanitariya qoidalari va meʼyorlarini qayta koʻrib chiqib, ularni oʻzaro uygʻunlashtirish va xalqaro talablarga moslashtirish choralarini koʻrsin;
(b) Adliya vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda tibbiyot tashkilotlarini loyihalashtirish, qurish va foydalanishga topshirish boʻyicha shaharsozlik hamda sanitariya qoidalari va meʼyorlariga qatʼiy rioya etilishini taʼminlashga qaratilgan mexanizmlarni joriy etishni hamda loyiha hujjatlarini ekspertiza qilishda davlat tashkilotlari masʼuliyatini oshirishni nazarda tutuvchi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
14. Sogʻliqni saqlash vazirligi uch oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish hamda qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib sogʻliqni saqlash vaziri E.E. Adilov belgilansin.
16. Mazkur qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 5-may,
PQ-170-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-maydagi PQ-170-son qarorigaILOVA
Tibbiyot sohasida koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish boʻyicha