PQ-264-son Qaror · 14.07.2026

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-avgustdagi “Harbiy-maʼmuriy sektorlarni rivojlantirish jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-3897-son qaroriga oʻzgartirishlar kiritish haqida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-264
  • Qabul qilingan sana:14.07.2026
  • Kuchga kirgan sana:15.07.2026
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:QMMB 07/26/264/0733

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi “Yangi Oʻzbekiston maʼmuriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-269-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, Harbiy-maʼmuriy sektorlarni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlaridan samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida qaror qilaman:

I. Qonunchilikni takomillashtirish

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-avgustdagi “Harbiy-maʼmuriy sektorlarni rivojlantirish jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-3897-son qaroriga ilovaga muvofiq quyidagilarni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritilsin:

(a) Moliya vazirligi negizida Iqtisodiyot va moliya vazirligi tashkil etilganligi munosabati bilan qonunchilik hujjatlarini oʻzaro muvofiqlashtirish;

(b) Harbiy-maʼmuriy sektorlarni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlaridan asosiy vazifalar ketma-ketligiga muvofiq ravishda foydalanish.

II. Qaror ijrosini tashkil qilish, taʼminlash va nazorat

2. Mudofaa vazirligi uch oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

3. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2026-yil 14-iyul,

PQ-264-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 14-iyuldagi PQ-264-son qarorigaILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-avgustdagi “Harbiy-maʼmuriy sektorlarni rivojlantirish jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PQ-3897-son qaroriga kiritilayotgan oʻzgartirishlar

1. 3-bandning ikkinchi xatboshisidagi “Moliya” soʻzi “Iqtisodiyot va moliya” soʻzlari bilan almashtirilsin.

2. 4-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“4. Quyidagilar Jamgʻarma mablagʻlarini sarflashning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

a) uch yillik strategik rejalar (“yoʻl xaritalari”) boʻyicha:

zamonaviy talab va standartlarni inobatga olgan xolda, harbiy shaharcha va poligonlar infratuzilmasi obyektlarini takomillashtirish, kapital qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash;

harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari uchun yangi uy-joylar, bolalar bogʻchalari va oʻyin maydonchalarini qurish, mavjud uy-joy fondini taʼmirlash ishlarini moliyalashtirish;

b) bir yillik tadbirlar rejalari (“yoʻl xaritalari”) boʻyicha:

harbiy qismlar, boʻlinmalar va muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;

zamonamiz milliy qahramonlari xotirasini abadiylashtirish, ularning oilalariga maʼnaviy va moddiy yordam koʻrsatish;

seminarlar, davra suhbatlari, konferensiyalar, amaliy mashgʻulotlar, sport musobaqalari, estafetalar, turnirlar, treninglar, yoshlarni tarbiyalash boʻyicha tadbirlar (shu jumladan, amaliy va texnik turlar boʻyicha toʻgaraklar faoliyatini yoʻlga qoʻyish, qonunchilikda belgilangan hollarda qoʻshimcha oziq-ovqat, kiyim-kechak va oyoq kiyim bilan taʼminlash), shuningdek, madaniy-ommaviy hamda boshqa tantanali tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish;

uy-joy-kommunal xoʻjaligi, energiya, suv va issiqlik taʼminoti, transport qatnovi sohasidagi masalalarni hal etish;

v) Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasida yuzaga kelgan operativ vaziyatdan kelib chiqib, Davlat chegarasining ayrim hududlarini muhandislik jihatdan jihozlash, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etish, chegara xizmatini oʻtash uchun zarur infratuzilma yaratish va harbiy mol-mulk bilan taʼminlash tadbirlarini amalga oshirish.

Ushbu bandda koʻrsatilgan tadbirlarni moliyalashtirishda Jamgʻarma mablagʻlarida taqchillik yuzaga kelgan hollarda birinchi navbatda ushbu bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan uch yillik strategik rejalar (“yoʻl xaritalar”) boʻyicha tadbirlarni moliyalashtirish uchun mablagʻlar ajratiladi (bundan ushbu bandning “v” kichik bandida koʻrsatilgan hollar mustasno).

Belgilansinki, ushbu qarorning 4-bandi “a” kichik bandida koʻrsatilgan uch yillik strategik rejalar (“yoʻl xaritalari”) hamda “b” kichik bandida koʻrsatilgan bir yillik tadbirlar rejalari (“yoʻl xaritalari”) tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining qarorlari bilan tasdiqlanadi”.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.